Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Murodjon Aliyev: «Bunyodkor» akademiyasi jismonan, ruhan va albatta aqlan salohiyatli futbolchilarni tarbiyalashga tayyor!»

Murodjon Aliyev: «Bunyodkor» akademiyasi jismonan, ruhan va albatta aqlan salohiyatli futbolchilarni tarbiyalashga tayyor!»

Baho:
+ | -

“Bunyodkor” futbol klubi tashkil topganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Xalq tili bilan aytganda, biz endigina ilk muchal yoshimizni nishonladik. Ana shu qisqa vaqt orasida katta va buyuk ishlar amalga oshirildi: hukumatimiz tomonidan Markaziy Osiyoda tengi yo‘q “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirildi, kelajakka poydevor sifatida bolalar futbol akademiyasi ishga tushirildi. Jamoamiz oliy ligadagi ilk ishtirokidayoq Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va 10 yil davomida ushbu nufuzli musobaqaning muntazam qatnashchisiga aylandi, unda ikki bor yarim finalgacha yetib bordi. 5 marta O‘zbekiston chempioni, 4 bor mamlakat kubogi sohibi va bir marta O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi. Klub akademiyasining tarbiyalanuvchilari 5 bor Yoshlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Yorqin tarix va nursiz yaqin o‘tmish
Albatta, qisqa muddatda bunday yutuqlarga erishish sharafli va bu bilan har qancha faxrlansak arziydi. Biroq, bular bari dastlabki 6 yilga to‘g‘ri keladi, so‘nggi 4 yil davomida asosiy jamoamiz birorta ham sovringa ega chiqmagani esa achinarli va tashvishlidir. Buning o‘ziga xos ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Ob’ektiv sabablaridan biri – “Bunyodkor” tashkil topgan kundan o‘z faoliyatini boshlagan va jamoaning barcha yutuqlariga bevosita sababchi bo‘lgan mutaxassis – Mirjalol Qosimov klubni tark etishi bo‘ldi. O‘zbekiston futbol federasiyasi qaroriga ko‘ra, Qosimov barcha e’tiborini milliy terma jamoaga qaratishi maqsadga muvofiq deb topildi. Shu tariqa 2014 yilning 4 aprelidan Mirjalol Qo‘shoqovich “qaldirg‘ochlar”ni tark etdi. Shundan so‘ng, asosiy jamoamiz birorta sovringa ham egalik qila olmadi. Sub’ektiv sabablar esa klubning ichki ishi bo‘lib, hozirda ular bartaraf etildi, shu bois ularga batafsil to‘xtalishga hojat yo‘q deb hisoblaymiz...

O‘zgarishlar
Butun jahonga dovrug‘i taralgan klubning bu axvolga tushishi, albatta mutasaddilarni qanoatlantirmasdi. 2017 yilgi mavsum ham salbiy ko‘rsatkichlar bilan boshlangach, “Bunyodkor” futbol klubida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. May oyining ilk kunlarida klub Bosh direktori Baxtiyor Boboyev o‘z o‘rnini taniqli mutaxassis Murodjon Aliyevga bo‘shatib berdi. Murodjon Boqiyevichning birinchi buyrug‘i esa o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimovni bosh murabbiy etib tayinlashi bo‘ldi. O‘shanda vaziyat ancha og‘ir edi. OCHL baxslarida guruhni so‘nggi o‘rin bilan yakunlagan jamoamiz, O‘zbekiston chempionatida 13-pog‘onani egallab turgandi. O‘sha paytda jamoaga yangi o‘yinchilarni qabul qilishning imkoni bo‘lmagani sababli, asosiy vazifa tarkibda bo‘lgan yosh futbolchilarga ruhiy ishonchni qaytarib, ularda g‘oliblik ruhini shakllantirish edi. Sababi, Lushchan boshqaruvida «qaldirg‘ochlar» 8 ta bellashuvning bor-yo‘g‘i 2 tasida zafar quchgan, yana shuncha o‘yinda imkoniyat boy berilgan bo‘lsa, 4 tasida g‘olibni aniqlab bo‘lmagandi. Mazkur natijalar sabab «Bunyodkor» peshqadamlardan ortda qola boshlagandi. Mirjalol Qo‘shoqovich esa qadamba-qadam bu natijani yaxshilab bordi.

Mavsum avvalida Lushchan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ochkolarning 33 foiziga ega chiqqan bo‘lsa, Qosimovda bu ko‘rsatkich 64 foizni tashkil qildi. Biroq yo‘qotilgan qimmatli ochkolarning o‘rnini to‘ldirish imkonsiz edi va «Bunyodkor» chempionat yakunida 4-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmadi. Eng achinarlisi esa, “qaldirg‘ochlar” ilk bor OCHL yo‘llanmasidan quruq qolishdi.

Biz klubdagi o‘zgarishlar, qilinayotgan ishlar va kelajak rejalari haqida “Bunyodkor” FK Bosh direktori Murodjon Aliyev bilan suhbatlashdik.

Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga
- Zero asosiy jamoamiz 3 yil mobaynida bir emas, 3 qadam orqaga tashlagan bo‘lsa-da, biz kelajakka ishonch bilan qaraymiz va oldinga shaxdam qadamlar tashlay olishimizga ishonamiz. Sababi, muassislarimiz – “O‘zbekneftegaz” va “O‘ztrangaz” tashkilotlarining doimiy ko‘magi bizga shijoat va kuch bag‘ishlaydi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tgan 8 oy davomida klub infratuzilmasini yaxshilash, malakali kadrlarni jalb etish orqali poydevorni ancha mustahkamladi. Yangi taklif etilgan murabbiy Shuxrat Maqsudov qo‘l ostida yosh “qaldirg‘ochlar” Yoshlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Tajribali murabbiy Murod Otajonov boshqaruvida 2000 yil tarbiyalanuvchilari 2-liga Toshkent shahar birinchiligida zafar quchdilar. Denis Korostichenko murabbiylik qilgan 2001 yil tarbiyalanuvchilari Buxoroda bo‘lib o‘tgan oliy va birinchi liga tayyorlov guruhi musobaqasida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ya’ni, yaqin zahira o‘z salohiyatiga ega va to‘g‘ri ekilgan nihollar tez orada o‘z hosilini bera boshlaydi.

Akademiya (futbol maktabi)
- O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan hamda amaldagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida faoliyat yuritayotgan Bolalar-o‘smirlar futbol maktabi, ya’ni, akademiyamiz eng katta boyligimiz hisoblanadi. Bugungi kunda bu yerda mingga yaqin o‘smir-yoshlar malakali murabbiylardan futbol sir-asrorlarini o‘rganishmoqda. Klub rahbariyati akademiyada faqat futbol mashg‘ulotlari bilan chegaralanib qolmasdan, yosh futbolchilar bilimli va zehnli bo‘lib yetishishlari uchun maxsus o‘quv kurslari ham tashkil etgan. Buni amalga oshirish uchun esa malakali kadrlar tanlab olingan. Jumladan, hozirgi kunda akademiyaga mamlakatimizda ilmiy-metodik nazariya va amaliyotlar bo‘yicha eng kuchli mutaxassislardan biri, FIFA va OFKning “Pro” diplomi sohibi Vadim Shodimatov rahbarlik qilmoqda. O‘zbek futboli professori Rustam Akramov esa texnik direktor lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Akademiya tarbiyalanuvchilari milliy, olimpiya, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari safida Vatanimiz sharafini himoya qilishmoqda. 2015 yil Yangi Zelandiyadida bo‘lib o‘tgan U-20 Jahon chempionatida yurtdoshlarimiz chorak finalgacha yetib borishdi. Horijiy mutaxassislar boshqa futbolchilar qatorida akademiyamiz tarbiyalanuvchilari o‘yiniga ham yuksak baxo berishdi va yil yakunida OFKning “Eng yaxshi yosh futbolchisi” yo‘nalishida tanlab olingan uchala nomzod ham “Bunyodkor” tarbiyalanuvchilari bo‘lib chiqdi! (Dostonbek Hamdamov, Eldor Shomurodov, Zabihillo O‘rinboyev). Bunaqasi hali futbolimiz tarixida bo‘lmagandi. Yakunda bosh sovrin Dostonbek Hamdamovga nasib etdi. Bu e’tirof bevosita akademiyamizga ham taaluqli edi va tez orada bu o‘z isbotini topdi. 2017 yilning noyabr oyida Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida OFK qit’adagi Elit klublar murabbiylari 1-Forumini o‘tkazdi. Unda qit’aning futbol akademiyalari rivojlangan Avstraliya, Xitoy, Eron, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Forumda “Bunyodkor” futbol maktabi qit’adagi eng yaxshi 10 ta akademiya qatoriga kirishi rasman e’tirof etildi va ushbu maskan rahbari Vadim Shodimetovga maxsus sertifikat topshirildi.

Yaqinda 23 yoshli futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan terma jamoamiz millionlab yurtdoshlarimizga olam-olam quvonch ado etishdi. Quvonarlisi, bu tarkibdan 5 nafari — darvozabon Dilshod Hamroyev, himoyachilar Rustamjon Ashurmatov, Akramjon Komilov, Islomjon Qobilov, yarim himoyachi Dostonbek Hamdamov bizning tarbiyalanuvchilarimizdir. Musobaqa nihoyasiga yetganidan so‘ng, mamlakat Prezidentining “Agar adolat bo‘lsa, korrupsiya bo‘lmasa nima bo‘lishi mumkinligini kecha futbol ko‘rsatdi”, degan fikrlariga barcha yurtdoshlarimiz qatorida biz ham to‘laligicha qo‘shilamiz va shunday bo‘lishiga ishonamiz. Bu - akademiya tarbiyalanuvchilarini yetishtirish borasida olib borayotgan faoliyatimizningning eng ustivor yo‘nalishi hisoblanadi.

Akademiya tarbiyalanuvchilari hozirda nafaqat mamlakatimiz, balki horijda ham o‘z iqtidorlarini namoyish etmoqdalar. Sardor Rashidov Qatarning “Al-Jaish”, BAAning “Al-Jazira” klublarida o‘ynab qaytdi, Otabek Shukurov shu mamlakatning “Al-SHarja”, Eldor Shomurodov Rossiyaning “Rostov” klubida faoliyat yuritmoqda. Tarbiyalanuvchilarimizdan Rustamjon Ashurmatov, Akramjon Komilov, Islomjon Qobilov, Dostonbek Hamdamov, Mirjamol Qosimov, Xurshid G‘iyosov, Nurillo To‘xtasinovlar asosiy tarkib o‘yinchisiga aylangan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Dilshod Hamroyev va Sardor Azimov “Navbahor”, Javoxir Qaxramonov va Ergash Ismoilov “Buxoro”, Sanjar Qodirqulov va Javoxir Esonqulov “Metallurg” jamoalari tarkibida ijara asosida to‘p surishdi. Zabihilla O‘rinboyev esa “Paxtakor” jamoasiga transfer qilindi. Undan tashqari, yana bir qancha futbolchilar endilikda Pro-Liga deb yuritilayotgan birinchi liga klublariga ijaraga berildi va o‘z mahoratlarini oshirib qaytishdi. Har yili akdemiyamizni o‘nlab iqtidorlar bitiradi va ular mamlakatimizdagi boshqa jamoalar safini ham to‘ldirishadi.

Yangi ibora – ma’naviyatli futbolchi!
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, akademiya tarbiyalanuvchilari futbol bilan birgalikda o‘z bilimini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yosh futbolchilar ma’naviyat va ma’rifat, rus tili, ingliz tili, psixologiya fanlaridan saboq olish bilan birga, akrobatika va suzish bo‘yicha ham maxsus dasturlarni o‘zlashtirmoqdalar. Bizning qat’iy talabimiz shunday: faqat iqtidorli bo‘lishning o‘zi kam, tarbiyalanuvchilarimiz har tomonlama bilimli, zukko, tarbiyali, umumiy qilib aytganda ma’naviyatli va ma’rifatli bo‘lib yetishishi shart!

Biz nega ma’naviyat va ma’rifatga urg‘u bermoqdamiz? Sababi, ma’naviyat - o‘z-o‘zingni anglash. Ma’naviyat - bu sening yashashdan maqsading, dunyoqarashing, hayotga, atrofingdagi insonlarga vijdonan, boringcha munosabatda bo‘lishingdir. Zimmangdagi vazifangni, oiladagi, jamiyatdagi o‘rningni, avvalo o‘zing ko‘rsata olishing, kasbingga mehr, yaxshilik qila olmasang yomonlikni ham birovga ravo ko‘rmasligingdir. Inson yashagani sayin, o‘qib o‘rgangani sayin, odamlarni bilgani sayin ma’naviy olami kengayib boraveradi. Bizning millatimizga xos bir xususiyat bor, o‘zbek men deb gapirmaydi. O‘zbek biz deb gapiradi. Biz, deganda butun bir millat jamlangan. Demak, ma’naviyatli inson milliy g‘urur va iftixorni ham o‘zida mujassam etishi shart. Bu o‘z navbatida katta mas’uliyat hamdir. Esingizda bo‘lsa, horijda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda futbolchilarimizdan biri koreyalik raqibini kung-fu usulida tepdi. Hakam darhol unga qizil kartochka ko‘rsatib maydondan chetlatdi. Biroq uning bu qilig‘idan butun o‘zbek futboli aziyat chekdi. Koreya matbuoti “o‘zbeklar bilan endi hech qachon o‘ynamaslik kerak!” deyishgacha bordi. Biz ma’naviyat darslarida mana shunday salbiy voqealar haqida gapirib, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishni, tarbiyalanuvchilarimiz o‘zini tutishi va ijobiy xulq-atvori bilan ajralib turishini istaymiz.

Bu borada yetarlicha tashkiliy ishlar olib borildi. Malakali o‘qituvchilar jalb qilindi. Yana bir muhim jihat, avvallari har bir yil uchun 25 tadan ortiq futbolchi olinmagani sababli, akademiyaga kirish ancha mashaqqatli hisoblanardi. Hozir esa har bir yilda 75—80 nafardan bola shug‘ullanmoqda. Ya’ni, asosiy tarkib “A” guruhida jamlangan bo‘lsa, qolgan tengdoshlariga ham imkon berish maqsadida “B” va “S” tijorat guruhlari tashkil etilgan. Ularning har biriga alohida murabbiylar biriktirilgan. Ota-onalar ularga o‘z farzandini joylashtirishi mumkin. Eng muhimi, yuqoridagi kabi o‘quv darslari barchaga barobar o‘tkaziladi, bu borada hech qanday cheklov yo‘q.

Kuni kecha davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda yangiyo‘llik bolakay orzusi “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olish ekanini bildirgani, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lib ulgurdi. Bu bizga o‘ziga xos sharaf bilan birga, mas’uliyat ham yuklaydi. Yurtimizning qaysi go‘shasidan bo‘lmasin, futbol maktabimizda shug‘ullanishni istovchi har bir bolakay uchun eshiklarimiz ochiq. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas — “Bunyodkor” zamon bilan hamnafas bo‘lishda davom etadi!

Abror Imomxo‘jayev suhbatlashdi.

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 14:12, 09.02.2018.
O'qildi: 2703 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.