«Chelsi»ning afsonaviy futbolchisi hisoblanmish Frenk Lempard klubning hozirgi holati borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Transferlar haqida
- Manchester klublari so‘nggi ikki yilda transfer bozorini «portlatib» yuborishdi. Ular futbolchilarning xaridi uchun katta pullarni sarflashdi.
Ularga raqobat qila oladigan «Chelsi»ning haqiqiy xujayini bor. Ammo so‘nggi yillarda klub xarajatlari biroz pasaydi. Meni to‘g‘ri tushuning. Bu bilan Abramovich uchun klubning qizig‘i qolmadi demoqchi emasman. Jamoa ajoyib futbolchilarni xarid qilish uchun katta pullarni sarflamoqda.
Biroq baribir, manchesterliklardan ortda qolishmoqda. Hozirda ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki, hamma farqni biladi. Barcha Konte baxtli emasligini ko‘rib turibdi. Buning uchun unda sabablar bor. Chunki, jamoa tarkibi raqobatchilarnikidan kuchli emas. Shu bois ham «Chelsi» turli frontlarda kurashishda qiynalmoqda.
Konte haqida
- Kontening bu borada uyalmay gapirishi menga yoqadi. To‘g‘ri, bu klubga yoqmasligi mumkin. Lekin u haqiqatni aytyapti. U chindan ham to‘g‘ri gaplarni aytdi. Chunki Konte klubning transfer siyosatidan norozi. Yozda jamoa ikki nafar yetakchi futbolchini yo‘qotdi.
Kosta «Atletiko»ga qaytdi. Matichning esa «Manchester Yunayted»ga o‘tishiga yo‘l qo‘yib berildi. Albatta, Konte uchun kuchli futbolchilarni xarid qilishlari lozim edi.
Murabbiy o‘zi uchun yangi futbolchilar kerakligini klubdagilarga aytdi. Haqiqatan ham jamoaning transferlariga aralashmaydi. U kuchli futbolchilar kelishiga ishonadi va umid qiladi. Negaki, Konte «Chelsi» muxlislari singari jamoaning APL yetakchi klublariga raqobat qilishini istaydi.
Kontening shartnomasi haqida
- Klub Konteni xursand qila olishi yoki olmasligini bilmayman. Yana qanday transferlar bo‘ladi, bundan ham xabarim yo‘q.
Shuningdek, Antonio Kontening shartnomasidagi vaziyatdan ham xabarim yo‘q. Lekin uning uzoq muddatli bo‘lishini istayman. Yozda klubdagilar muzokaralar stoliga o‘tirib barchasiga oydinlik kiritib olishlari lozim.
Rahbariyat Antonio Kontening imkoniyatlarini ko‘ra olishi lozim. Ular iloji boricha murabbiyga yordam berishlari kerak. Ishonchim komil, Kontega ishonch bildirilsa, «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» kabi grandlarga yetarlicha qarshilik ko‘rsata oladi.
Eden Azar haqida
- Meni Eden Azarning taqdiri tashvishlantiryapti. Chunki shu ketishda klub uni sotib yuborishi hech gap emas. 27 yoshli futbolchining shartnomasi 18 oydan keyin nihoyasiga yetadi. Ammo yangi kelishuv hali amalga oshirilmadi. Bugun Eden Azar «Chelsi»ning yuzi va jamoaning haqiqiy yetakchisidir.
Klubni tark etadigan futbolchilar bor. Lekin bu Azar bo‘lmasligiga umid qilaman. «Real» borasidagi mish-mishlar haqiqat bo‘lsa, uni ushlab turish oson emasligini yaxshi bilaman. Lekin rahbariyat belgiyalik futbolchi Londonda qolishini ta’minlashlari lozim.
Abramovich haqida
- Bugungi kunda klubning muammolari borligi ko‘rinib turibdi. Klub xo‘jayini atrofidagi ayrim maslahatchilar barchasini izdan chiqarishmoqda. Bundan xalos bo‘lish kerak. Ishonchim komil, Roman Abramovich top-4 bilan qoniqadigan insonlardan emas.
Diyego Kostaning ketishi haqida
- Diyego Kostaning ketishi jamoa uchun og‘ir keldi. U maydonga tushganida biz ishtiyoq, kurash va istakni ko‘rardik. Diyego jamoani oldinga boshlashga qodir edi.
Shu bois ham jamoa bunday futbolchilar uchun o‘rinbosar topishi lozim. Misol uchun, Bakayoko Matichning o‘rnini bosa olmayapti. Bunday kamchiliklar klubning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
A.ISROILXONOV tayyorladi
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.