Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Saudiyani mensimagan O‘FA vaqtni ham pisand qilmaydimi? Olimpiya termasida aslida kimlar o‘ynaydi?

Saudiyani mensimagan O‘FA vaqtni ham pisand qilmaydimi? Olimpiya termasida aslida kimlar o‘ynaydi?

Baho:
+ | -1

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi taxminan 4 oydan beri Ravshan Haydarov boshchilik qiladigan terma jamoani olimpiya terma jamoasi deb atab keladi. Rasmiy saytda bu jamoa doimiy ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi deb yuritiladi.

Bugun xuddi shu tashkilot rasmiy manbasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi vodiyda bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan uchrashuvlari bekor qilingani xabar qilindi:

«O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida Saudiya Arabistoniga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi haqida avvalroq ma’lum qilgan edik. Ammo O‘zbekiston OTJ mart oyida Saudiya Arabistoniga qarshi emas, Keniya U-23 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi», deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Qo‘shimcha sifatida O‘FA 1-vise prezidenti Umid Ahmadjonovning qisqacha izohi keltirilgan. Ahmadjonovning fikricha, Saudiya Arabistoni biz kuchli raqib emas ekan:

«Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa oldiga Tokioda bo‘ladigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ular Olimpiya o‘yinlari saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun kuchliroq raqib bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Saudiya Arabistoniga hurmat saqlagan holda shuni ta’kidlash kerakki, ushbu terma jamoa Osiyo vakili. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa Osiyoda tengsiz ekanini Xitoydagi musobaqada isbotlab bo‘ldi.

Afrika terma jamoalari jismoniy jihatdan ancha baquvvat va kuchli raqib hisoblanishadi, qolaversa, o‘z oldiga Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olish vazifasini qo‘ygan O‘zbekiston OTJ uchun ham bu terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazish ancha qiziqarli va foydali bo‘ladi».

Xo‘p, bunisi tushunarli. Demak Keniya terma jamoasi kuchli deb hisoblashgan. Bunga men ham osongina ishonib ketishim mumkin edi. Yo‘q. O‘zimdagi savollarga javob berish uchun internetni titkiladim va javob topdim. Bugun Keniya U-23 terma jamoasining o‘zagini tashkil qilishi lozim bo‘lgan, Tokio olimpiadasi saralashida qatnashadigan terma jamoa yoshlar o‘rtasidagi JCH-2017da ishtirok etmagan. Ishtirok etish tugul JCH yo‘llanmasi o‘ynaladigan 20 yoshgacha Afrika chempionatiga chiqa olmagan jamoa ekan. Taqqoslash uchun aytaman. Bugungi Saudiya Arabistoni U-23 terma jamoasi bir yil oldin o‘sha jahon chempionatida ishtirok etgan. Nafaqat ishtirok etgan, balki nimchorak finalga qadar yetib borgan va u yerda keyinchalik yarim finalgacha yetib borgan Urugvay terma jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Biz kuchli deb qarayotgan Keniya terma jamoasi esa mundialga chiqish tugul, saralash vazifasini o‘taydigan qit’a chempionatiga ham chiqa olmagan. Tasavvur qilib ko‘rdingizmi qanday kuchli terma jamoa bilan o‘ynayotganimizni?

Mayli, keling Keniyaning maqsadi olimpiadaga yo‘llanma olish emas deb hisoblab turamiz. Shu ma’noda U-23 terma jamoasi hozirgacha 1995 yilda tug‘ilgan futbolchilarni ham o‘ynatadi, deb hisobladim va 2015 yildagi musobaqalarni ham kuzatdim. O‘sha-o‘sha gap. Keniya terma jamoasi ikki yil oldingi musobaqada ham hattoki JCH saralashi bo‘lgan Afrika chempionatiga chiqa olmagan. Qani bizga va’da qilingan kuchli jamoa bu yerda? Bu birinchidan.

Ikkinchidan, yuqoridagi mavzuga qaytamiz. Aytganimizdek anchadan beri Ravshan Haydarov boshqaruvidagi terma jamoani rasmiy manbamiz olimpiya terma jamoasi sifatida tanishtirib kelmoqda. Mening tushuncham bo‘yicha olimpiya terma jamoasi bu 4 yilda bir marta o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan, o‘sha musobaqa vaqtida 23 yoshdan oshmagan futbolchilardir. Lekin Ravshan Haydarovning olimpiya terma jamoasi sifatida tanishtirilayotgan jamoasining o‘zagi 1995-96 yillarda tug‘ilgan, ya’ni Tokio olimpiadasi vaqtida 23 yoshdan oshadigan, qoida bo‘yicha musobaqa yosh chegarasidan o‘tib ketadigan futbolchilarku? Xo‘sh... Osiyo chempionligi qo‘lga kiritilganidan keyin ko‘p joylarda intervyu bergan jamoa bosh murabbiyi ham, rasmiy vakillar ham kelgusidagi rejalari haqida aytganda Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, Tokio yo‘llanmasi haqida gapirishdi. Hech qayerda bu jamoaning 1995-96 yillarda tug‘ilgan futbolchilari boshqa o‘ynamasligi yoki shunga o‘xshash gaplar ishlatilmadi. Demak O‘FA rasmiy sayti yozgan va yozayotgan olimpiya terma jamoasi hamon o‘sha jamoa. O‘sha yigitlar. 23 yoshga kirib bo‘lgan O‘rinboyevdan tortib, asosiy terma jamoaga chaqirilmagan boshqa futbolchilargacha. Ha aytgancha, yaxshi ham bu o‘rtada milliy terma jamoa ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadigan bo‘ldi va Kapadze Osiyo chempionati qahramonlaridan 8 nafarini asosiy jamoaning kengaytirilgan tarkibiga jalb qildi. Katta ehtimol bilan so‘nggi 23talik ro‘yxatdan ularning 2-3 nafari tushib qolsa kerak. Shartli ravishda 5 nafari milliy terma jamoada qoldi deylik. Mart oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvida balki haqiqiy olimpiya terma jamoasi yoshidagi 5 futbolchini sinab olish imkoniyati yaratiladi, degani. Lekin hozircha bu ham shunchaki taxmin. O‘sha 5 futbolchi ham 95-96 yilda tug‘ilganlar bilan to‘ldirilishi mumkin-ku, masalan.

Endi Ahmadjonovning izohiga qaytamiz.

«Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa oldiga Tokioda bo‘ladigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ular Olimpiya o‘yinlari saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun kuchliroq raqib bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Saudiya Arabistoniga hurmat saqlagan holda shuni ta’kidlash kerakki, ushbu terma jamoa Osiyo vakili. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa Osiyoda tengsiz ekanini Xitoydagi musobaqada isbotlab bo‘ldi».

Keling endi aniqlashtirib olaylik. Ravshan Haydarov terma jamoasi oldiga olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilibdi. Endi savolga javob bering, olimpiada saralashida kimlar qatnashadi? Olimpiya terma jamoasi qatnashadi albatta. Lekin Ahmadjonov aytganidek, Osiyoda tengsiz ekanini isbotlab bo‘lgan jamoaning asosiy o‘yinchilaridan faqatgina Yaxshiboyev va G‘aniyev ikki yildan so‘ng bo‘ladigan saralashda ishtirok etadigan yoshda bo‘lishini O‘FAdagilar bilarmikan? Yoki olimpiya terma jamoasi deb yozishlariga qaraganda ular ham xuddi shu tarkib bilan ishtirok etadi deb hisoblab yurishibdimikan? O‘zi rostan ham hozirgi jamoa olimpiya terma jamoasimi, yoki U-23? Aniqlashtirib olaylik.

Tokioda bo‘lib o‘tadigan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini uddalashga urinadigan terma jamoada eng yoshi kattasi 1997 yilda tug‘ilgan futbolchilar bo‘lishadi. Yo‘llanma uchun kurashadigan haqiqiy olimpiya terma jamoasi bu 2 yil oldin yoshlar o‘rtasida JCH yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan Yaxshiboyev-u, G‘aniyevlar bo‘ladi. O‘sha biz pisand qilmayotgan Saudiya Arabistoni 1/8 finalga qadar yetib borgan musobaqada ishtirok etishni ham uddalay olmagan jamoa aslida kurashadi. Bu yerda tengsiz bo‘lishimizga katta hissa qo‘shgan Hamrobekov yoki Siddiqov, yoki Ashurmatovlar bizga yordam bera olishmaydi. Bugun «Metallurg» asosiy tarkibiga ham kira olmayotgan, yanvardagi musobaqada zaxira o‘rindig‘ini isitib o‘tirgan, uch yildan beri eng umidli futbolchimiz sifatida porlashini kutib yashayotganimiz, lekin umidlarimizni pisand qilmayotgan Suxrob Nurilloyevlar o‘ynaydi.

Osiyoda tengsiz bo‘ldik. Gap yo‘q. Hammadan ham ko‘p xursand bo‘lganlar ichida men ham bor edim. Lekin bilasizmi, xursandchilik ortida haliyam saqlanib qolayotgan xavotirim bor edi. 23 yoshgacha Osiyo chempionatlarining eng asosiysi bu olimpiadaga saralash musobaqasi sanaladi. Agar, xudo ko‘rsatmasin, ikki yildan keyingi musobaqada haqiqiy O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Tokio yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, bir-ikki oy oldin bayram qilgan g‘alabamizning qiymati nolga teng bo‘ladi. Ha, aynan nolga! Bu Osiyo chempionatidagi tengsiz bo‘lganimizni hech kim eslamaydi. O‘sha musobaqada muvaffaqiyatsiz qatnashsada, lekin haqiqiy olimpiya terma jamoasi bilan ishtirok etib, keyingi asosiy musobaqaga tayyorgarlik ko‘rgan jamoa, yo‘llanmani qo‘lga kiritsa, aynan o‘sha jamoa haqiqiy qahramon bo‘ladi.

Ha, yana bir masala. O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiada yo‘llanmasi uchun Osiyo terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Asosan arab terma jamoalariga qarshi. Odatda terma jamoalar musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishayotganda bo‘lajak raqiblariga o‘xshash sparring raqiblar topishga harakat qilishadi. Marokash JCHda Eron bilan duch kelishini hisobga olib, uslubi o‘xshashroq O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydi va hokazo. Lekin hattoki qit’a chempionatida ham ishtirok eta olmayotgan Keniya terma jamoasi bilan o‘yin bizga qaysi jamoaga qarshi tayyorgarlik ko‘rishimiz mumkin? Bunisini aqlimga sig‘dira olmadim.

O‘zbek muxlisi futbolning sobiq rahbariyatidagi kishilarning sharofati bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarining belgilanishi va ko‘p o‘tmasdan bekor bo‘lishiga o‘rganib qolgandi. Bekor qilinmagan uchrashuvdan ko‘ra, bekor qilingani ko‘proq bo‘lgan. Tarmoqlarga kirib izlasangiz, yuzlab latifalar ham to‘qilgan bu mavzuda. Lekin o‘sha bekor bo‘lgan uchrashuvlarning hech birida sabab sifatida raqibni kuchsiz deb hisoblab biz voz kechganimiz ko‘rsatilmagan. Aytmoqchimanki, bu muxlislarga o‘yinning bekor qilinishi sabablarini noodatiy yo‘l bilan tushuntirish shart emas. Sababda ham mantiq bo‘lishi kerak. Keniya terma jamoasini esa Saudiya Arabistoni terma jamoasidan kuchli deb baholash uchun esa shu paytgacha hech qayerda ko‘rsatilmagan asos bo‘lishi kerak. Biz topgan real asoslarda esa bu yo‘q edi...

Agar rostan ham O‘FA Keniyani Saudiyadan kuchli deb hisoblagani uchungina o‘zlari xohlab raqibga rad javobi berilib, Keniya varianti tanlangan bo‘lsa (oldinroq qayerda edi? Nega uchrashuv belgilanishidan oldin Saudiya kuchsiz ekani aytilmadi va bugun birdaniga Saudiya Osiyoda biz tengsiz bo‘lgan qit’aning munosib jamoasi bo‘lmay qoldi? Savollar bundan ham ko‘p) ochig‘i bilmadim...

P.S. Bu terma jamoaning asl maqsadi nima deb o‘zimga ko‘p savol beraman. Indoneziyada o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga qanday tarkib bilan boramiz, bu musobaqa bizga nima beradi, deb ko‘p o‘ylayman. Bundan bir oycha oldin Ravshan Haydarov bilan qisqacha intervyu qilganimda bu savolga qaysidir ma’noda javob olgandim. O‘shanda nega chempionatga to‘liq tarkib olib ketilmagani, «Nasaf»da asosiy tarkibda o‘ynayotgan Islom Kenjaboyevni misol qilib keltirganimda Haydarov Otabek Shukurovning xizmatidan oxirigacha umid qilgandik, deb javob bergandi. (USHBU HAVOLAda intervyu bilan to‘liq tanishib olishingiz mumkin) O‘shanda tushungandimki, bu terma jamoa uchun bugungi natijalar muhim. Bugun qo‘lga kiritiladigan natija asosiysi. Tokiogacha bir gap bo‘lar, degandek edi.

Azamat Murodov

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 19:24, 09.03.2018.
O'qildi: 11720 marta.
Fikrlar: 19 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.