"Qo‘qon-1912" jamoasi shanba kuni Superliga 4-tur doirasida o‘z maydonida Namanganning “Navbahor” jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv oldidan qo‘qonliklarning rasmiy sayti Vodiy derbisiga oid statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ochilish uchrashuvi
Shu kuni Qo‘qondagi “Markaziy” stadionda mavsumning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tadi. Bu marosimga o‘ziga xos tarzda tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shanba kuni o‘yingohimizga tashrif buyurgan muxlislarimiz olam-olam taassurot bilan qaytishlariga ishonchimiz komil.
O‘zaro o‘yinlar
“Qo‘qon-1912” hamda “Navbahor” klublari shu kungacha 24 bor kuch sinashishgan. 5 ta uchrashuvda “Qo‘qon-1912”ning qo‘li baland kelgan. “Navbahor” 15 ta o‘yinda g‘alaba qozongan. 4 ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbatida ustunlik “lochinlar” tomonida: 50-27. “Navbahor” o‘zaro o‘yinlarda 49 ochkoga ega bo‘lgan, “Qo‘qon-1912” esa 19 ochkoni qo‘lga kiritgan.
“Qo‘qon-1912” maydonida bo‘lib o‘tgan so‘nggi besh uchrashuv:
21.10.2017 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 2:0
01.10.2016 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 1:1
31.05.2015 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 0:1
23.08.2003 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 1:2
09.11.2002 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 1:0
22.06.2000 «Qo‘qon-1912» – «Navbahor» 1:4
O‘zaro o‘yinlar haqida fakt: “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida o‘tkazgan 11 ta o‘yinning beshtasida g‘olib chiqqan. Uchta bellashuvda tomonlar ochkolarni bo‘lib olishgan.
Qo‘qondagi so‘nggi uchrashuv
Ushbu jamoalarining oxirgi o‘yini 2017 yilgi chempionatning 25-turda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan o‘yin edi. Shiddatli va keskin kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan edi.
Eski tanishlarning yangi to‘qnashuvi
Shanba kungi bahsda eski tanishlar – “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov va “Navbahor” ustozi Ilhom Mo‘minjonovlarning navbatdagi to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz.
Mo‘minjonov “Navbahor”ni qabul qilib olganidan beri “Qo‘qon-1912”ni mag‘lubiyatga uchrata olgani yo‘q.
O‘tkazilgan ikkita uchrashuvda durang qayd etilgan bitta o‘yinda jamoamizning qo‘li baland kelgan.
Tarixiy o‘yin
Bu jamoalari shanba kuni Superligadagi o‘zaro birinchi uchrashuvlarini o‘tkazishadi. Demak, 31 mart kungi bahs o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tarixiy o‘yinlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu jamoalar 1992 yilgi O‘zbekiston Kubogi finalidagi maydonga tushishganini eslash joiz.
Kimning transfer narxi baland?
Germaniyaning Transfermarkt.de portali futbolchilarning taxminiy transfer narxini e’lon qilib borishidan xabaringiz bor. Ushbu saytning ma’lumotiga ko‘ra, “Qo‘qon-1912” jamoasining umumiy narxi 4,23 million yevroga baholgan. Tarkibimizdagi eng transferi yuqori bo‘lgan futbolchi Aleksandr Merzlyakov bo‘lib turibdi. Uning transfer narxi 450 ming yevroga teng.
Raqibimiz “Navbahor”ning umumiy narxi esa 4,4 million yevroga baholangan. Namanganliklar tarkibidagi eng qimmat futbolchi – Davron Hoshimov bo‘lib, uning trasfer narxi 400 ming yevroni tashkil etmoqda.
Hakamlar
31 mart kuni Qo‘qonda bo‘lib o‘tadigan “Qo‘qon-1912” – “Navbahor ” uchrashuvini Hasan Ro‘ziyev boshchiligidagi hakamlar boshqarib boradigan bo‘lishdi.
Ushbu hakam o‘tgan yili ham “Qo‘qon-1912” – “Navbahor” uchrashuvini boshqargan.
Umuman olganda, ushbu hakam shu kunga qadar jamoamiz ishtirokidagi yettita uchrashuvda ishlagan.
Superliga
4-tur
“Qo‘qon-1912” – “Navbahor”
Hakamlar: H. Ro‘ziyev (Toshkent), O. Abduvosilov (Toshkent), S. Shoyusupov (Toshkent), D. Akmalov (Toshkent)
Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent)
Komissar: M. Saidqosimov
Boshlanish vaqti
Mazkur uchrashuv shanba kuni soat 18:00da “Markaziy” stadionida start oladi. 30 mart kuni esa ushbu jamoalarning o‘rinbosarlari Uchko‘prikdagi “Markaziy” stadionda maydonga tushishadi. Uchrashuv soat 16:00da boshlanadi.
Barcha muxlislarimizni stadionimizga chorlab qolamiz.