Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Bosh vazifam – o‘yinchilarni o‘ylashga o‘rgatish» yoxud Rafa Benitesning oshkora mulohazalari

«Bosh vazifam – o‘yinchilarni o‘ylashga o‘rgatish» yoxud Rafa Benitesning oshkora mulohazalari

Baho:
+ | -

Zamonaviy futboldagi eng o‘ychan murabbiylardan biri Rafael Benites The Telegraph nashri muxbirlari bilan suhbatda turli mavzular yuzasidan ochiq-oydin fikr yuritdi.

Havas keltiradigan darajadagi samarali faoliyati bilan maqtanishga haqli mutaxassis ayni payt «Nyukasl»ga ustozlik qilayotganidan xafa emas.

Zero, uning uchun eng muhimi - to‘laqonli ish jarayoni. Ispaniya murabbiylar maktabi vakili aynan nimalar haqida gapirganiga qiziqsangiz, marhamat, «SSF» gazetasida berilgan intervyu mazmuni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Kun tartibi haqida

 - Hattoki, uxlayotganimda ham, mas’uliyatni his qilaman. Axir nafaqat jamoa natijasi, balki har bir chiqargan qarorimga mas’ulman. Xullas, ertalab uyg‘onishim bilan darhol mashg‘ulotlar haqida bosh qotirishga tushaman.

To‘g‘ri, bu borada yolg‘iz emasman - butun jarayon davomida yordamchilarim yonimda bo‘lishadi. Oddiy aytganda, ertalab chamasi soat 8:00-9:00da jamoa bazasiga boraman va kun bo‘yi tig‘iz ish ichida bo‘laman - odatda uyga ancha kech qaytaman.

 - Menga ajratilgan ofisga katta ekran o‘rnatilgan. Unda o‘yinlarni ko‘rib, obdon tahlil qilaman. Ulkan monitor juda qulay. Negaki, uyimda faqat kompyuter bor, ammo u futbol ko‘rish, qolaversa, barchasini o‘rganish uchun kichik.

 - Hozir o‘yinlarni kuzatish qiyinchilik tug‘dirmaydi, bunga imkoniyat katta. Har holda, murabbiylik faoliyatim boshida hammasi mutlaqo boshqacha edi. Deylik, o‘yinlarni videokassetalar vositasida tahlil qilib chiqardim. Bunda hattoki, 2ta televizordan foydalanardim. Ya’ni qoidamga binoan, ikki uchrashuvni parallel ravishda ko‘rardim.

«Nyukasl» haqida

  - G‘olib klublar ixtiyorida maydondagi holatni mustaqil butkul o‘zgartirib yuborishga qodir loaqal bir nafar futbolchi topiladi. Biz esa shunchaki, jamoamiz.

 - Ha, «Nyukasl»da deylik, Lionel Messi yoki boshqasi kabi ketma-ket 3ta o‘yinda g‘alabani ta’minlaydigan biror ijrochi yo‘q. Lekin nolimayman, chunki ixtiyorimda ahil jamoa yig‘ilgan. Muhimi, yigitlar bir-birlarini juda yaxshi bilishadi, qaysi vaziyatda qanday ish tutishni ham. Yana bir tomoni, shogirdlarim maydonda maksimal darajada harakat qilishadi, albatta, o‘z imkoniyatlariga qarab.

 - Jamaal Lassells yoki Pol Dammett kabi futbolchilar bilan har qancha faxrlanishim mumkin. Binobarin, ularning o‘yinlaridagi o‘sishni shundoq ko‘rib turibman. Bu yigitlar yaxshi tarbiya olishgan. Anchadan buyon murabbiylik sohasidaman va mehnatkash o‘yinchilar bilan ishlash natija keltirishini o‘z tajribamdan bilaman.

O‘yinchilarga o‘ylashni qanday o‘rgatish mumkinligi haqida

 - Asosiy vazifam - futbolchilarga o‘ylash va o‘yinni tushunishni o‘rgatish. Agar qaysidir shogirdim o‘rganishni istamasa yoki uddasidan chiqmasa, unga dangal shart qo‘yaman: «Yo‘q, har qanday holatda ham, bunga majbursan, aks holda... Tushun, sheriging uddalayaptimi, demak, sen ham uddalashing shart».

 - O‘yinni videoyozuvlar orqali muhokama qilish jarayonida muayyan vaziyatni nazarda tutib, futbolchilarga yuzlanaman: «Bu yerda nimani ilg‘adinglar?» Shunda hamma bilganicha javob beradi.

Qarabsizki, bir qancha fikrlar, xilma-xil yondashuv... Shu asnoda yigitlarda aqliy salohiyat asta-sekin oshib boradi. Ha, bu ko‘p vaqt talab etadigan jarayon, ammo foydasi katta. Axir hammasini bir oyda o‘zlashtirishning imkoni yo‘q-ku.

 - Vaqtida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sifatida ishlaganman. O‘shanda, ya’ni dars davomida gohida o‘quvchilarga qat’iy munosabatda bo‘lishdan o‘zga choram qolmasdi: «To‘xta, sen uddalashing shart. Bu buyruq».

 - Umumiy holatga sal boshqacharoq yondashish ham mumkin, albatta. Misol uchun: «Diqqat, bizda muammo bor. Uni qanday hal qilsak bo‘ladi? O‘z variantlaringizni bemalol ayting».

Natijada futbolchilar o‘z-o‘zidan bosh qotirishga odatlanishadi. Bu borada maxsus test ko‘rinishi ham yordam beradi: «Marhamat, mana, muammoni hal etish uchun 3ta variant. Sizningcha, qaysi biri ma’qulroq?» Bunda ham hech bir futbolchi chetda qolmaydi - hamma o‘ziga yaxshi ko‘ringan variantni tanlaydi.

 - Aqliy salohiyat maromiga yetkazilsa, qolgani futbolchilarning o‘zlariga bog‘liq. Ya’ni o‘yinchi iste’doddan bebahra qolmagan bo‘lsa, avvalo, aqlini ishlatadi va eng maqbul yechimni topadi. Ha, u adashishi, xato qilishi mumkin.

Ammo aytaylik, ikki holatdan birida to‘g‘ri yo‘l tutsa ham, natijasi bilinadi. Xullas, eng asosiysi - futbolchilarni o‘ylashga o‘rgatish, ularda fikrlash tezligini oshirish. Agar bunga erishsang, jamoa o‘z-o‘zidan kuchayib boradi.

 - Ishimning asosiy mohiyati shu - aqliy salohiyatni yuksaltirish. Chunki 100 foiz ishonchim komil - agar futbolchi maydonda o‘ylashni boshlasa, u o‘yinini sezilarli darajada yaxshilay oladi. Demakki, gap faqat mening talab va ko‘rsatmalarimni bajarishda emas, balki taraqqiyotga yuz tutishda.

Faoliyatining ilk bosqichi haqida

 - Ishoning, 13 yoshligimdayoq jamoadosh do‘stlarim harakatlarini tahlil qila boshlaganman. Xulosalarimni esa alohida daftarga yozib qo‘yardim. Ular haligacha yo‘qolmagan va ba’zida hammasiga ko‘z yugurtirib chiqaman.

 - Aynan 13 yoshga to‘lganimda, «Real Madrid» akademiyasiga qabul qilingandim. Shu-shu o‘zimga foydali ko‘ringan har bir jihatni yozib kelganman. Hattoki, o‘yinlar tugagach, jamoamiz a’zolariga baho qo‘yib chiqardim. Shuningdek, eng yaxshi to‘p-urarlar statistikasini hisoblab borardim. O‘sha bitiklarni ham haligacha saqlab kelaman.

Shu harakatlar samarasi o‘laroqmi, 16 yoshimda ma’lum muddat futbol o‘ynash barobarida murabbiylik qilgandim. Universitetda esa, ya’ni 17-18 yoshda menejerga aylanganman.

 - Avvallari mashg‘ulotlar haqidagi barcha ma’lumotlarni kompyuterda saqlardim. Umuman, Commodore 64ning o‘yinlar dasturini biror marta ochmaganman. Xullas, kompyuterdan faqat professional maqsadlar yo‘lida foydalanardim. Maqtanishga yo‘ymangu, o‘sha vaqt bu ko‘pchilikning xayoliga ham kelmasdi.

Statistikadan foydalanish foydasi haqida

 - Bilaman, bugun kompyuterga munosabatda ancha ehtiyotkor bo‘lish kerak. Uning vositasida haddan ko‘p ma’lumot olish mumkin. Ammo avvalo, o‘sha ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilish kerak. Shuningdek, murabbiylik sezgisini yo‘qotmaslik muhim.

 - Har qanday professional murabbiy kabi chiqqan sadoga qarab, to‘pga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri zarba berilganini ayta olaman.

 - «Nyukasl» boshqaruvini qo‘lga olgach, klub xodimlaridan Chempionshipda o‘ynaydigan har bir futbolchi haqida ma’lumot taqdim etishlarini so‘radim. Tez orada to‘liq statistika stolim ustida paydo bo‘ldi. Shuning barobarida o‘zim ham futbolchilarni diqqat bilan kuzatdim, ular haqida imkon qadar ma’lumot to‘pladim. Bu albatta, ularga qarshi o‘yinlarda qo‘l keldi.

 - Albatta, futbolchini kuzatish asnosida to‘plangan ma’lumotlarni uning shaxsiy statistikasiga qarab, yanada boyitish mumkin. Biroq raqamlar hammasini ochib berolmaydi. Shuning uchun, avvalo, o‘yinchini amalda ko‘rish kerak. Statistika esa unga baho berishda qo‘shimcha vositadir.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:33, 09.04.2018.
O'qildi: 4616 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.