Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

JCH-2026 mezbonligiga da’vogarlar haqida gaplashamiz

JCH-2026 mezbonligiga da’vogarlar haqida gaplashamiz

Baho:
+ | -

2026 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritish bo‘yicha hozirda FIFA ikkita rasmiy arizaga ega.

Birinchisiga shu paytgacha bosh turnirga mezbonlik qilmagan Marokash, ikkinchisi esa - AQSH, Kanada va Meksikaning hamkorlikdagi loyihasi.

Saylovlar shu yilning 13 iyunida bo‘lib o‘tadi. Marhamat, mundial mezbonligiga nomzodlar bilan tanishing.

Marokash

JCH-2026ning Afrika qit’asida o‘tkazilishi xususidagi gap-so‘zlar bundan bir yil avval paydo bo‘lgandi. O‘shanda Marokash Ispaniya bilan qo‘shma ariza berishni mo‘ljallagandi. Biroq mamalkat sanoat vaziri Mulay Xafid Elalami tomonidan berilgan taklif FIFAning qit’alarni navbatma-navbat almashtirib turish siyosatiga zid bo‘lardi.

«Qora qit’a» vakilining yangi tashabbusini xalqaro futbol uyushmasi sobiq rahbari Zepp Blatter ham ma’qulladi: «Marokash - mintaqaviy tanlov. Afrika uchun yana jahon chempionatini qabul qilish vaqti keldi».

Marokashning saylovdagi g‘alabasi FIFAga futbolning mintaqadagi rivojini ta’minlash bilan birgalikda tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida bajarilishi kafolatini ham beradi. Ma’lumki, JAR-2010 turnirini tashkil etishda tashkilot ko‘plab muammolarga duch kelgandi.

Marokash hukumatiga esa yangi mundialga tayyorgarlik ko‘rish ishlariga 16 mlrd. dollar ajratishini ma’lum qildi. Mablag‘ning 12,6 milliardi mamlakatning 12ta shahridagi yangi stadionlar va mashg‘ulot maydonchalarini, umuman, infratuzilmani shakllantirishga sarflanadi. 3,2 mlrd.i esa sayyohlar va muxlislar uchun mehmonxona va boshqa qulayliklarni yaratishga ajratiladi.

Shuningdek, arizada hukumat ma’murlari mamlakatdagi barqarorlik, geografik joylashuv, vaqt poyasi, futbolga bo‘lgan kuchli qiziqish kabi jihatlarni ustunlik beruvchi omillar sifatida sanab o‘tishgan. Bir qarashda, mezbonlik uchun kurashda Marokash favoritdek tuyuladi. Lekin mezbonlik huquqiga ega bo‘lishda unga xalal berishi mumkin bo‘lgan omillar ham yo‘q emas.

Birinchidan, bu mamlakat shu paytgacha FIFAning ishonchini qozona olmagan - 1994, 1998, 2006 va 2010 yillarda o‘tkazilgan jahon chempionatlari boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tdi, Marokash g‘olib chiqolmadi. Ya’ni, turnirni o‘tkazishga shay, lekin g‘oliblik nasib etmadi.

Ikkinchidan, jahon futboli mutasaddilari bundan 8 yil avval JARda yuz bergan asabbuzarliklar takrorlanishidan xavotirdalar. U yerda stadionlar shoshma-shosharlik bilan bunyod etilgan, bundan tashqari, bellashuvlar yarmi bo‘sh tribunalar kuzatuvi ostida o‘tgandi.

Ya’ni, futbolni ommaviylashtirish rejasi deyarli amalga oshmagandi. Va nihoyat uchinchidan, Marokashning g‘olib chiqa olmasligiga 2016 yilda FIFAdagi yuksak lavozimlarni tark etgan afrikalik mutasaddilar ham sabab bo‘lishi mumkin.

Fransiya OAVning fikricha, korrupsiyaga oid o‘sha mojarolar bejiz emas: FIFA prezidentligi uchun bo‘ladigan saylovlarda Janni Infantinoning o‘z lavozimida qolishi uchun mezbonlik huquqi AQSH-Kanada-Meksika uchligiga berilishi kerak. Shunday bo‘lsada, ekspertlar Marokashni autsayder sifatida e’tirof etishga shoshmayaptilar.

Mamlakat rahbari 2022 yili Qatar namoyish etishni mo‘ljallayotgan yuksak saviyadagi infratuzilmani va’da qilmayapti. Lekin musobaqaning ishonchli tarzda va osoyishta o‘tishiga kfolat berishmoqda.

Bundan tashqari, ESPN manbalarining ma’lumotiga ko‘ra, FIFAning Osiyo va Janubiy Afrikadagi a’zolarining ko‘pchiligi Marokash tarafdori. Ular xalqaro tashkilot tizimidagi afrikalik funksionerlar g‘alaba uchun yetarli bo‘lgan (kamida 104ta ovoz) ustunlikni ta’minlay olishlarini taxmin qilishmoqda.

AQSH, Kanada, Meksika

JCH-2026ning o‘tmishdoshlaridan farq qiladigan asosiy jihati shundaki, unda futbol tarixida ilk bora jahon toji uchun 48ta da’vogar kurash olib boradi. Mundialda hammasi bo‘lib 80ta uchrashuv o‘tkaziladi. Ochig‘ini aytganda, bunday ko‘lamdagi musobaqani talab darajasida tashkil etish bitta mamlakat uchun qiyin bo‘lishiga shubha yo‘q.

Aynan shu sababli FIFA 2002 yildan beri amalda bo‘lgan jahon chempionligi uchun qo‘shma arizalarni taqiqlash xususidagi qarorini bekor qildi. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha yili turnir Yaponiya va Janubiy Koreyada tashkil etilgan va yakunda federasiya bu tajribani qoniqarsiz, deb baholagandi.

Ammo taraqqiyotdan ortda qolmaslikka intilayotgan futbol mutasaddilarining ishtahalari ham tobora ochilib bormoqda. Yangi formatdagi mundialda FIFA 6,5 mlrd.ga yaqin daromad olishni mo‘ljallamoqda. Bu - yozda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqadagi tushumdan bir milliardga ko‘proqdir.

Amerikaliklar esa sportdan pul topish borasida «ustasi farang» hisoblanadilar. To‘g‘ri, hozirda MLS klublari asosan 30000 kishilik stadionlarda to‘p surishmoqda. Bu ham sezilarli rivojlanishdan dalolat. Boz ustiga, bu o‘lkada yuz ming kishini o‘z bag‘riga sig‘diradigan arenalar ham yetarli.

Ularda hozircha amerikacha futbol o‘ynaladi. Ammo ularni Yevropa uslubiga moslash muammo emas. Birgina AQSHning o‘zida 40000 muxlisga mo‘ljallangan 137ta, 80000ga mo‘ljallangan 25ta stadion mavjud. Ulardagi infratuzilma esa hayratlanarli darajada. Eng muhimi - u yerda qaysidir inshootni qayta barpo etishga umuman ehtiyoj yo‘q.

Meksika esa 1970 yili oxirgi marta jahon chempionatiga mezbonlik qilgandi. Stadionlarning aksariyati o‘rtamiyona holatda. Qo‘sh ariza ularning takomillashuvini ta’minlashi mumkin. «Asteklar» yurtida bir qator yirik va zamonaviy arenalar ham yo‘q emas.

Masalan, Mexikodagi afsonaviy «Asteka» stadioni to‘la ta’mirlashdan keyin 87000 muxlisni bag‘riga sig‘diradigan bo‘ldi. Undan keyingi arenalar - 45000 va 52000 o‘ringa mo‘ljallangan. FIFA ishonchini qozonish uchun shuning o‘zi kifoya qiladi.

Kanada futboldan butunlay bexabar mamlakat emas. 2015 yili ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati aynan shu yurtda tashkillashtirildi, uchrashuvlar 20000dan 40000gacha bo‘lgan muxlislar guvohligida o‘tdi.

Umuman, Kanadada ayollar futboli yaxshi rivojlangan - mamlakat terma jamoasi muntazam ravishda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilib kelmoqda, oxirgi ikkita Olimpiadada bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Endi erkaklar futbolini talab darajasiga ko‘tarish vaqti keldi.

Marokashni asosan Osiyo va Janubiy amerikaliklar qo‘llashsa, AQSH-Kanada-Meksika triosi ko‘proq Shimoliy Amerika, Okeaniya, Yevropa hamda Osiyodagi FIFA a’zolaridan umidvor.

Qo‘shma arizaning salbiy jihati sifatida AQSH prezidenti Donald Trampning ikki mamlakat o‘rtasida devor bunyod etish xususidagi qarorini ko‘rsatish mumkin. Tabiiyki, bu - FIFAning tinchlikparvar g‘oyalariga zid.

Amerikaliklar Kanada va Meksika hamkorligidagi arizaga yuqori baho berib, uning tinchlik yo‘lidagi muhim omil bo‘lishiga umid qilishmoqda. Xullas, mezbonlik huquqi uchun bo‘ladigan saylovlarda qo‘shma arizaning imkoniyati yuqori baholanmoqda.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:46, 10.04.2018.
O'qildi: 7026 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.