Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Urugvay termasi tarixidagi eng yaxshi murabbiy - Oskar Tabares haqida hikoya

Urugvay termasi tarixidagi eng yaxshi murabbiy - Oskar Tabares haqida hikoya

Baho:
+ | -

«SE» vakillari tomonidan ochilgan yangi rukn qo‘l ostidagi jamoa bilan ajoyib natijalarga erishayotgan mutaxassislarga bag‘ishlanadi.

Bu safar hamkasblarimiz Urugvay termasi tarixidagi eng yaxshi murabbiy - Oskar Tabares haqida hikoya qilishdi.

MILLIY JAMOA REKORDCHISI

Urugvay termasining so‘nggi o‘n yillikdagi barcha yutuqlari - birinchi navbatda, Oskar Tabaresning mehnatlari mahsuli. U 2006 yilning 8 martidan buyon ushbu jamoada ishlamoqda. 12 yil. Bunaqasi «charruas» tarixida kuzatilmagandi. E’tiborlisi, Tabares 2006 yili termaga ikkinchi bor tashrif buyurgandi.

1988-1990 yillar mobaynida kuzatilgan dastlabki «missiya»da murabbiy qo‘l ostidagilar bilan Amerika kubogi-89da kumush medallarni qo‘lga kiritib, JCH-90ning 1/8 finaliga qadar yetib borgandi.

Bugunga kungacha 1930 yilgi jahon chempionligi (JCH-1950dagi «oltin» ham) asosiy faxrlanishga arziydigan natija sifatida tilga olinadigan mamlakatda milliy jamoa bosh murabbiyiga juda katta talablar qo‘yiladi. O‘z yurtida «Muallim» taxallusiga loyiq ko‘rilgan Tabaresning ushbu talablarga javob bera olishiga esa hech kimda shubha qolmagan.

MAKTAB YILLARI

Murabbiyga «Muallim» taxallusi berilishining o‘ziga yarasha tarixi bor. 1978 yili Urugvay o‘rtamiyonasi sanalgan «Atletiko Bella Vis­ta» klubining 31 yoshli himoyachisi Oskar Tabares butsalarini mixga ilishga qaror qilgach, qadrdon Montevideo chekkasidagi maktabda ish boshladi - boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tarix fanidan dars berdi.

U paytlari o‘qituvchilar maoshi havas qilarli darajada emasdi, shu bois Tabares bir necha yil mobaynida turli maktablarda ishladi. Ammo hamma joyda uni juda yaxshi ko‘rishardi, dars o‘tayotganda eng sho‘x bolakaylar ham jimlik saqlashardi.

Maktab davri ikki yil davom etdi. «Muallim»ning futbolga qaytish qarori esa o‘quvchilar uchun haqiqiy fojiaga aylandi.

RADIODAGI E’LON

Hammasi kutilmaganda ro‘y berdi: Tabares radio orqali Urugvayning «Penyarol» klubi bolalar jamoalarida ishlaydigan murabbiylarni saralayotgani, asosiy e’tibor sobiq futbolchilar emas, balki kichkintoylar bilan ishlash tajribasiga ega mutaxassislarga qaratilayotganidan xabar topdi.

«Muallim» tun bo‘yi alohida reja tuzib, tongda «Penyarol» vakillari bilan bog‘landi va bir necha kundan so‘ng uni ishga qabul qilishdi. «O‘yinchilik faoliyatimni yakunlayotganimda, ko‘pchilik mening murabbiy bo‘lishim lozimligi, futbolchilar mening yonimda o‘zlarini erkin his qilishlarini aytishgandi.

Avvaliga bu tavsiyalarga ahamiyat bermadim, ammo yosh o‘yinchilar ko‘pincha mendan maslahat so‘rab, fikrim bilan qiziqishar, muammolarini baham ko‘rishardi. Maktabda o‘tgan yillar davomida bu haqda ko‘p o‘yladim va o‘zimni ushbu sohada sinab ko‘rishga qaror qildim», - degandi Tabares o‘sha damlarni esga olarkan.

«Penyarol» akademiyasida uzoq ushlanib qolmadi, «Atletiko Bella Vista» klubi o‘smirlarini shug‘ullantirdi. 1983 yilda esa dastlabki jiddiy taklif bo‘ldi - Urugvay yoshlar termasi bosh murabbiyligiga tayinlanib, jamoani Venesualadagi Panamerikan o‘yinlariga olib bordi.

XORIJ TAJRIBASI

Yoshlar bilan muvaffaqiyatlarga erishgan Tabares 1987 yili Urugvayning o‘sha paytdagi 38 karra chempioni - «Penyarol» klubi bosh murabbiyiga aylanib, Libertadores kubogida zafar quchdi. So‘ngra Kalining «Deportivo» jamoasida ishladi. «Kolumbiyada orttirilgan tajriba menga ko‘p asqotdi.

Birinchi marta Urugvay tashqarisida ishladim, Karlos Valderrama bilan tanishdim. Aynan u menga murabbiylik mahorati faqat kitob­larda yozilgan narsalar bilan cheklanmasligini aytgandi.

Shuningdek, Karlos futbol texnikasi universal emasligi, har bir o‘yinchi individuallik hamda o‘z uslubiga egaligi, murabbiyning vazifasi o‘sha sifatlarni aniqlab, uni rivojlantirishi lozimligini ta’kidlagandi», - degandi Tabares.

O‘z navbatida, Kolumbiyada Oskarning qo‘l ostida to‘p surgan futbolchilar ham «Muallim» haqida iliq fikrlar bildirishgandi. «U o‘ziga ishonch tug‘dirib, o‘yinchilar g‘oyalarini o‘z o‘rnida ishlatardi», - keyinchalik Kolumbiya termasi murabbiylar shtabidan o‘rin egallagan Karlos Mario Oyosning e’tirofi bu.

MILANDAGI OMADSIZLIK

Ta’bir joiz bo‘lsa, faqat «Milan»­dagi faoliyati davomida Tabares o‘ziga ishonch tug‘dira olmadi. 1996 yilning iyulida «rossoneri» bilan «A» Seriya oltin medallarini qo‘lga kiritib, so‘ngra «Real»ga o‘tib ketgan Fabio Kapelloning o‘rnini 1994|1995 yillar mavsumida «Kalyari» bilan maqtovga loyiq natijalarga erishgan «Muallim» egalladi.

«Qizil-qora» mehnat safari kutilganidek kechmadi. Ilk rasmiy o‘yindayoq Tabaresning «Milan»i mamlakat superkubogini «Fiorentina»ga boy berdi, noyabrda esa Italiya kubogini tark etdi, chempionat turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushib ketdi, dekabrda esa Chempionlar Ligasidagi kurashni to‘xtatdi.

O‘z jamoalarida oilaviy va ishonchli munosabatlarni tiklashga o‘rgangan kamtar urugvaylikning futbol yulduzlari bilan muloqotga ko‘nikolmadi - Maldini, Vea, Badjo, Desayi va Davids kabilarga muallim shart emasdi, ular avvaldan o‘zlarini yuqori qo‘yishar, Tabares esa o‘sha balandlikka chiqa olmasligini avval-boshdan anglab yetgandi.

Milanda ham yetarlicha tajriba to‘plagan mutaxassis bir yil «Ovyedo»da ishladi.

TERMAGA QAYTISH

Urugvay milliy jamoasi 2005 yili jahon chempionati saralashida yana muvaffaqiyatsizlikka uchragach, so‘nggi besh yil mobaynida olti nafar murabbiyni almashtirishga ulgurgan mahalliy futbol federasiyasi vaziyatni darhol o‘zgartirish lozimligini anglab, Tabaresni eslab qolishdi.

Mazkur qaror OAVning tan­qididan xoli bo‘lmadi - «Muallim»ning klublar darajasida erishgan barcha yutuqlari avvalgi o‘n yillikka taalluqli ekani, termaning o‘yiniga yorqinlik yetishmayotgani aytildi. Ammo Tabares o‘z qarashlariga sodiq qolib, asta-sekin vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirdi.

O‘sha kezlari Urugvay futboliga havas qilib bo‘lmasdi. «Esimda, bosh murabbiylikka tayinlangan kunimning ertasiga milliy jamoa bazasiga tashrif buyurgandim. Avval u yerga hech qachon bormagandim. Deyarli hamma sharoitlar hozirlangan, yaxshi joy ekan. «Deyarli» deganimga sabab - misol uchun, krovatlarda yostiq yo‘q edi.

Biz futbolchilarga minimal bo‘lsada qulaylik yaratish uchun ko‘p harakat qildik. Turli loyihalar va FIFA yordamida hozir u yerda ajoyib infratuzilma yaratilgan», - degandi Tabares intervyularining birida.

Urugvayliklar asta-sekin kuchayib borishdi. JAR-2010 mundialida «Muallim»ning jamoasi so‘nggi 40 yildagi eng yaxshi natijaga erishib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Oradan bir yil o‘tib esa «charruas» 1995 yildan buyon birinchi marta Amerika kubogi bosh sovriniga ega chiqdi.

E’tiborlisi, jamoa bu yutuqni Argentinada qo‘lga kiritdi. Aniqlik kiritayotganimizning o‘ziga yarasha sabablari bor: gap Lionel Messi yurtida o‘tgan Janubiy Amerikaning eng yirik turniri haqida bormoqda. Mazkur musobaqa Argentinada 9 marta tashkillangan bo‘lsa, uning oltitasida mezbonlar zafar quchishgan, qolgan uchtasida Urugvayning qo‘li baland kelgandi.

E’tibor bering, ushbu mamlakatda o‘tkazilgan AKda boshqa termalar g‘alaba qozonishmagan. 2011 yilgi muvaffaqiyat Tabares qo‘l ostidagi termani Amerika kubogi tarixidagi eng sovrindor jamoaga aylantirdi (15ta mukofot). Qo‘shnilar va asosiy raqib - Argentinada bitta kam.

O‘sha yutuq qo‘lga kiritilgan oqshom «Muallim»ning diqqatga molik sifati kamtarlik bo‘lgandi. «Monumental» stadionida urugvayliklar sardori Diyego Lugano faxriy sovrinni boshi uzra ko‘targaniga 20 daqiqa ham bo‘lmagan bir pallada Tabares matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashayotgandi:

«Biz shunchaki yana bitta sovringa ega bo‘ldik. Birinchi navbatda, mazkur g‘alabani avvallari milliy jamoamizda ishlagan murabbiylarga bag‘ishlamoqchiman. Zero, ular ushbu turnirda 14 marta zafar quchishmaganda, 15-muvaffaqiyat ham bo‘lmasdi».

O‘sha kezlari Tabaresning murabbiylik ishiga o‘zgacha yondashuvi ko‘pchilikning tiliga tushgandi. Biroz sodda va romantik, ammo hammaga birdek yoqadigan muloyim shaxs. «Muallim» har bir futbolchiga otadek muomalada bo‘ladi - qayg‘uda ham, shodlikda ham.

Martin Kaseres 2015 yili Italiyada yo‘l-transport hodisasi sodir etganida Tabaresdan qanday gap eshitganini yodga olgandi: «Biz telefon orqali yarim soatcha gaplashdik va go‘shakni ilganimda, uyatdan yuzim qizardi. Go‘yoki Oskar qulog‘imdan cho‘zgandek edi. Men faqat boshimni tasdiq ma’nosida qimirlatib: «Ha, siz haqsiz», degandim».

«Xall Siti» futbolchisi Abel Ernandes esa urugvaylik murabbiydan «pand yegan». Ammo mazkur holat tasodif tufayli ro‘y bergan. Tabares, sog‘lig‘i joyida bo‘lganda, mash­g‘ulotlarda futbolchilar bilan to‘p surardi. Kutilmagan voqea futbolchilar yomg‘irdan so‘ng ho‘l bo‘lgan maydonda shug‘ullanishayotgan paytda ro‘y bergandi.

Ernandes sheriklaridan birini aldab o‘tdiyu, sirg‘anib, muvozanatni yo‘qotdi. O‘sha pallada to‘ppa-to‘g‘ri Tabares tomon ketayotganini tushunib, o‘zini chetga olmoqchi bo‘ldi. Ammo noqulay harakat tufayli o‘ng tizzasini jarohatladi.

RUHIY QUVVAT

Tabares 71 yoshda, ammo hamon matbuot anjumanlarida ancha tetik holda ko‘rinish beradi. Har gal fikr bildirayotganda, maslahatlari va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

U eskilik tarafdori va buni o‘zi ham yashirmaydi: «Radioni yaxshi ko‘raman. Eng yaqin do‘stim - qisqa to‘lqinli radiopriyomnik. Uni har tong tinglayman, telba singari batareyka almashtiraman.

Ilk radioni 90-yillarda olganman, keyingi yigirma yil mobaynida yaroqsiz holga kelgunicha uning xizmatidan foydalandim. Yaxshiyamki, Panamada xuddi shunaqa radiopriyomnikdan topdim va sotib oldim».

Tabaresdagi hayotga bo‘lgan muhabbat - Urugvay termasining futbol tashqarisida qo‘lga kiritgan asosiy «Oskar»idir. Endi esa yashil maydondagi «Oskar» uchun kurashish lozim.

Hozircha bunday sovrin ikkita - 1930 va 1950 yillarda o‘tkazilgan mundiallar kubogi. Rossiyaga esa urugvayliklar mamlakat tarixidagi eng yaxshi murabbiy boshchiligida tashrif buyurishadi. Joriy yilning yoz fasli mukofotlar tokchasini to‘ldirish uchun juda qulay vaqt.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:09, 12.04.2018.
O'qildi: 2904 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.