Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 5-qism)

Ishonch (qissa, 5-qism)

Baho:
+1 | -

Ustozimiz asosiy tarkibimizga o‘zgarish kiritmadi. O‘tgan o‘yindagi sinfdoshlarim maydonga tushishdi. Bilmadim, o‘sha paytlar mening ko‘zimga odam shunchalar ko‘p ko‘rindimi yoki haqiqatdan ham ancha odam yig‘ilganmidi, lekin stadion atrofida tumonat odam edi. Ko‘pchilik maktab o‘quvchilari o‘yinni tomosha qilish uchun uylariga ketmay qolishgan, shekilli. Raqibimiz ham bir xil libosdagi “Yuventus” jamoasinig uy libosida maydonga tushganini ko‘rib darrov tushundim. Ustozimiz bizni ko‘nglimizni o‘ksitishni istamagan ekan. Vaziyat maydonda xuddi «Manchester Yunayted» va «Yuventus» o‘ynayotganday tasavvur uyg‘otardi.

Ulardan Hamiz, bizdan esa Farhod hakam oldida tanga tashlashdi. Ularga to‘p nasib etdi. Shunda Farhod o‘ng tomondagi darvozani tanladi. Men esa o‘yinni hayajon bilan kuzatib borar edim, shu payt utozimiz “buyoqqa”, deya qo‘li bilan maydondagilarni yoniga chaqirdi, so‘ng tez va aniq ko‘rsatmalar berishni boshladi:

— G‘ani, Ixtiyor, G‘ulom uchalang darvozabonning oldidan 10 metrdan ko‘p uzoqlashmanglar, raqib bizni darvozamiz oldida paydo bo‘lishi bilan hujum qiladi. Ayniqsa, Hamizni kuzatish kerak. Abror senga alohida vazifa: ularning sardorining orqasidan qolma, nima qilib bo‘lsa ham oldidan chiqib qolaver, unga qarshi qattiqroq o‘yna, uni ham o‘zingni ham ayama. Mirsodiq, sen, ular bizga hujum qilganda himoya qanotini egallaysan. Timur, sen esa u qanotda himoyada paydo bo‘lasan. Farhod, sen himoyalanayotganimizda eng so‘nggi himoyachidan uch qadam oldinda bo‘l, biz to‘pni egallaganimizda markazgacha kelib hujum boshlashga qarashasan, sen markazga kelganingda, Mirsodiq va Tite qanotlardan hujumga qo‘shilishadi. Ulardan biri bilan hujum boshlaganingda, markaziy ximoyachilar sen bilan band bo‘lganidan so‘ng, G‘ani, sen Farhodning o‘rnini hujumda egallaysan, gavdang orqali hujumlarni istalgancha tugata olasan. Tite, Mirsodiq sizlar doim ikki variantga ega bo‘lasizlar. Agar G‘ani darvoza oldida bo‘lsa, iloji boricha balanddan to‘p uzatinglar, agar himoyachilar G‘ani bilan ovvora bo‘lib turganida orqasida Farhod himoyachilar taqibidan qutulib chiqib ketsa, unga to‘pni yerlatib tashlanglar. Agar hujum besamar yakunlansa, Farhod sen darhol markazdan G‘anining o‘rnini egalaysanda, markaziy himoyachi o‘rniga G‘ani kelguncha turib berasan. Himoyada to‘pni egallab olishingiz bilan Abror bilan o‘ynang. Abror, sen to‘pni Farhodga qulayroq yetkazishga urun. Farhod sen esa iloji boricha to‘pni o‘zingda ko‘proq ushla, ilojini qilolsang bir-ikki o‘yinchilarni aldab o‘tshing xam mumkin, lekin qizg‘anma. Bu jamoviy o‘yin. Bugun futbol o‘ynamaymiz, jang qilamiz. Himoyada sherigingiz raqibni o‘tkazib yuborsa, raqibga vajohat bilan otiling. Istalgancha ovoz chiqarib o‘ynashingiz mumkin. So‘ng darvozabonimiz Ibrohimga yuzlandida:
— Ibrohim, bugun g‘alabaning kaliti sening qo‘lingda. Jamoaning taqdiri qanday bo‘lishi senga bog‘liq. Hammaga omad!— deya narri ketdilar.

Hamma o‘z joyi sari chopib ketdi. Men esa ko‘rsatmalar maydonda qanchalar o‘z kuchini ko‘rsatishiga qiziqsinib o‘yinni kuzatishga kirishdim. Hakam hushtak chaldi va o‘yin boshlandi. Kutilganidek, raqiblarimiz oldinga otilishdi, lekin darvozamiz atrofida nima qilishni bilmay bir-birlariga to‘pni oshirib Hamizni qidirishardi. Lekin, tan olish kerakki, ular jamoani yaxshi shakllantirishgan ekan, maqtashgancha bor ekan, deb qo‘ydim ichimda. Ularda asosan, to‘p nazorati va mayda paslar chiroyli chiqardi. Mirsodiq va Tite qanotlarda deyarli raqiblarni o‘tkazishmasdi, Hamizni esa nuqul Abror ta’qib qilib yuripti. U nima qilishini bilmayapti . Abror undan ikki qadam ham uzoqlashmas edi. Raqibimiz birinchi taymda deyarli vaziyat yarata olmadi, bir marta Hamiz Abrordan qochib jarima maydonchamizga yorib kirayotgandi, G‘ulom sovuqqonlik bilan to‘pni ungacha o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. Birinchi taymda , asosan, Xayriddin akaning ko‘rsatmalari ish berdi. Faqat Farhodgina to‘p bizda paytida hammani aldashga tushib, to‘pni oldirib qo‘yaverdi. Faqat shu sababdan bizning “dinamidimiz portlamadi”. Taym yakunlangach, hamma o‘zini suvga urdi, ustozimiz esa hech kimga suv ichishga ruxsat bermadi.

— Faqat tomoq ho‘llanglar, — deya turib oldi. Hamma istar-istamas aytganini qildi. Xayridin aka kayfiyatimizni ko‘tarmoqchi bo‘ldimi, yo rostdan ham yaxshi o‘ynadikmi, rosa maqtadi. Faqat Farhodga qarata qisqa va lo‘nda gapirdi:

— Sheriklaringning mehnatini sovurib yuboryapsan, bechoralarga rahming kelmaydimi? Shuni eslab qol: hech qaysi hujumchi to‘pdan o‘zib keta olmaydi, tushundingmi?, — deya uning ko‘zlariga qaradilar. Farhod ko‘zlarini yerga tikib boshini qimirlatdi. Hakam “maydonga” deya hayqirdi. Hamma o‘rnidan dik etib turdi.

To‘g‘risi o‘sha payt hech ham maydonga tushgim kelmay qoldi, nimagadir menda shunaqa his bor. Doim eng hayajonli daqiqalarda mas’uliyatni sira bo‘ynimga olgim kelmaydi. Hozir ham ishqilib menga maydonga tush deb qolmasalar bo‘ldi deb turuvdim, shu payt ustozimning katta qo‘llari mening yelkamga tushganini sezib seskanib ketdim.

— Qani, Javohir chigalyozdi mashqlarni boshla!— deya buyurdilar.

Ustozimning ko‘zlarida har doimgidek quvnoqlik o‘rnini qandaydir xavotir hissi egallab turgan edi. Men istar- istamas sekin yugurishni boshladim, ko‘zim esa maydonda. Raqiblarimiz esa bizning himoyamizni yorib o‘tolmay kalovlanishardi. Ular nuqul uzoqdan zarba berishar, hammasini Ibrohim bartaraf etardi. Ayniqsa, Hamiz rosa zarba nuqtasiga chiqishga urinar, lekin Abror unga hatto nafas olishgayam imkon bermasdi. O‘yinni kuzata turib sezdimki, Abror deyarli hujumga ham chiqmadi, faqat Hamiz bilan yuripti, shu payt ustozimiz G‘anini oldiga chaqirdi-da:

— Yigitlarga ayt. 10 daqiqa turib berishsin. Ular qattiq charchashdi, hademay hato qilishni boshlashadi, hushyor bo‘linglar, — degancha menga o‘girildi-da: hozir maydonga tushasan . Farhod Hamizni yopadi, sen uning o‘rniga hujumga tushasan, — deganlarida qo‘rqib ketdim. Negadir o‘zimni juda ojiz his etdim. Albatta, shuncha odam qarab turgani yetmaganidek, ularning ichida sinfimiz qizlari ham bor (Gulruhni aytmaysizmi), shunday muhim o‘yinda quvun tushurib sharmanda bo‘lishdan qo‘rqish hissi meni yengib qo‘yayotganday edi. Istamaygina “o‘rnimga boshqasi tusha qolsin”, deb ming‘irlagandim, ustozim ikki qo‘li bilan yelkamdan mahkab ushladi-da:

— Bu sening daqiqalaring, bor, uni tarixga aylantir! Hech narsadan qo‘rqma. Nimani xohlasang, shuni qil, — deya meni Abror bilan almashtirdi. Bechora Abrorni Hamiz rosa charchatibdi shekilli hansirab qolibdi.

Almashtirilganidan xursand. Maydondan chiqishi bilan qizlarimiz unga suv berishgandi, qultillatib ichishga tushib ketdi. Meni esa qulog‘im faqat yuragimni urishini eshitardi. Ko‘z oldim hira qorong‘ulashgan, kuchli hayajon hamma mahoratimni yutib yuborganday bo‘ldi. Oyoqlarim og‘irlashib qolganday edi. Men markaziy hujumga o‘tdim-da, Farhodga ustozimizni ko‘rsatmasini aytgandim, u darxol uni amalga oshirish uchun yugurib ketdi. Men esa o‘z daqiqalarimni kuta boshladim. Ana raqibimiz yana oldinlayapti. Hamiz ham charchabdi shekili, harakatlari susaygan. Farhod epchillik bilan uni yelkasi bilan turtib to‘pni oldi-da, menga pastlatib uzatdi. Shu soniyalarda menda qandaydir kuch paydo bo‘lganday bo‘ldi. To‘pni bir urunishda o‘zimga bo‘ysundirdim (bu texnikani mahallamizdagi juda ham kichkina maydonchada ko‘pchilik bilan o‘ynab o‘zlashtirganman. Maydon kichik bo‘lgani uchun u yerda asosan texnika ishlatib o‘ynardik. Shu sababdan menda texnika havas qilgudek darajada deb maqtansam arziydi), so‘ng tezda atrofimga qarab oldim. Ikki qanotda Mirsodiq va Tite katta tezlikda darvoza sari uchib ketishardi, men Titening tezligini ko‘rganim uchun ro‘paramdan kelayotgan futbolchini juda yengil harakat bilan aldab o‘tdimda, tezlikda oldinga tashlandim. Chap tomonimda Mirsodiq “tashla”— deya yugurib kelardi, o‘ng tomonimda Tite o‘rtacha tezlikda kelardi. Men to‘p bilan chap tomonga burildimda ikkita qadam tashlab to‘pni o‘ng qanota kelayotgan Titega yerlatib tashadim. Ustozimiz aytganidek, ikkita markaziy himoyachi mening oldimni to‘sishga urinishardi. Ularni Titening qanoti tomondagi darvozaning ustuni tomon olib ketib, xuddi shu yerdan zarba bermoqchi bo‘lganday ko‘rsatdim. Shu payt Tite to‘pni jarima maydonchasiga yuqoridan tashladi. Men esa darhol burilib qarsam, to‘pga G‘ani katta qadamlari bilan yugurib keldi-da, baland sakrab boshi bilan zarba berdi. Darvozabon nima bo‘layotganini tushunmay ham qoldi shekilli, to‘pga qarab qoldi. To‘p esa chap burchakning naqd to‘qqizligiga borib joylashdi.


Maktabimiz stdionida qalqish yuz berganday bo‘ldi. Hamma “gooool” deya baqirib yubordi. Men o‘sha payt G‘ani tomon chopib borardim, u esa to‘g‘ri murabbiyimiz tomon ketardi. Qarasam hamma sinfdoshlarim Xayriddin aka tomonga yugurib ketyapti. Men ham ularni ortidan ularni ustiga o‘zimni otdim. Hammamiz bir-birimizga qarab “gooool” deya baqiqardik. Xayriddin aka keng qulochini ochib jamoamizni mahkam bag‘riga bosyapti. Farhod yugurib kelib sakragandi G‘anining yelkasiga chiqib ketay dedi. G‘ani esa “aaaaa” deb baqirar, hammamizni yuzlarimiz qip-qizil bo‘lib ketgan, lekin ko‘zlarimizda o‘t bor edi go‘yo. Qizlarmizning baqirishini ko‘rsangiz edi. Qandaydir ikki soniyada mening ko‘zim Gulruhga tushib qoldi. Faqat Gulruhgina jiddiyroq jilmayib turibdi. Ikki ko‘zi Farhodda. Men esa unga qarab turganimdan hijolat chekdimda, ko‘zimni olib qochdim. Hakam hammani o‘yinni davom ettirishga chaqirdi. Biz maydonga qaytarkanmiz, Xayriddin aka:

— Bo‘sh kelmaysanlar. Ha, o‘g‘il bolalar, — deya bizga dalda bergancha baqirardi. Aynan shu topta hammamiz o‘zimizga bo‘lgan kuchli ishonchni sezardik. Bu shunday shirin tuyg‘u ediki... haligacha o‘sha paytda tuygan hisimni sog‘inaman. Raqibimiz deyarli qolgan daqiqada to‘pni o‘zida ushlab ham tura olmasdi. Nuqul bir-birlarini so‘kib janjal boshlashdi. Ko‘rinib turibdi, ular ruhan sinishgan edi. Bundan unumli foydalandik. Maydon markazida ularning o‘yinchisi to‘pni yo‘qotib qo‘ydi. To‘pni chaqqonlik bilan egalab olgan Farhod oldinga intildi. Yana eski kasali qo‘zg‘adi shekilli, ikkita o‘yinchini aldadi-da oldinga otildi. Men uning o‘ng tomonida ochiq turardim. Ro‘paramizda bittagina himoyachi va darvozabon qolgan edi, qolganlarini ortga qaytishga kuchi ham qolmagandi chamamda. Farhodga “tashla”,— deya baqirdim. U uchinchi o‘yinchini ham aldab o‘tdida, darvozaga zarba berdi. To‘p to‘g‘ri ustunga tegib darvozaga kirib ketdi. Yana qiy-chuv bo‘lib ketdi…

Hakam hushtagidan so‘ng, men sinfdoshlarimni qurshoviga otildim. Birinchi bo‘lib Tite meni mahkab bag‘riga bosib allanimalar deya baqirar, unga G‘ulom qo‘shilib shang‘illardi. Hech qaysi gapiga tushunmas ham og‘zim qulog‘imda, ularga qo‘shilib irg‘ishlardim.

Bizga maktabimiz ko‘chma Kubogi topshirildi. Tasavvur qiling-a, o‘sha paytlari bizning ahvolimizni. Xuddi mundial g‘olibidek baqirib yuborgandik. Ayniqsa, Titening ko‘zlari yoshlanganini ko‘rganimda o‘zimning ham tomog‘imga nimadir tiqilganday bo‘lgandi o‘shanda.

Hozirda ba’zida o‘qish, ish tashvishlaridan zeriksam, o‘sha o‘yin haqidagi xotiralarimni eslayman, qalbimda qandaydir insonni entiktiradigan hislarni sezaman. O‘sha kuni faqat Xayriddin aka uncha xursandmasdek ko‘rindi. U bizni tabriklagach, yo‘q bo‘lib qoldi. Bilmadim, nima bo‘ldi. Uni qidirib kiyinish xonasi tomon chopib ketdim…

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Davomi bor.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 08:39, 16.04.2018.
O'qildi: 3496 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.