Mag‘rur Zlatan Ibragimovichga yana bir bora tasanno! Yaqindagina «Los-Anjeles Geleksi» safiga qo‘shilgan va o‘zini och sherga qiyoslagan shved hujumchisi jamoa safidagi ilk o‘yinidayoq ajib gol urib, bejiz shunday demaganini amalda isbotladi.
Umuman, novcha futbolchi MLSdagi mashhurlarning kattagina guruhini to‘ldirdi. Mana, quyidagi fotojamlanma ayni payt tobora rivojlanib borayotgan ligada qanday yulduzlar to‘p surishayotganiga oddiy dalil.
Qarang, top-8 shaklidagi elit ro‘yxatga kiritilgan har bir futbolchi dunyo miqyosida tanilgan va ko‘pchilikka tanish...
Boshlanishi chakki emas
Zlatan Ibragimovich «Los-Anjeles Geleksi» tarkibidagi ilk o‘yindayoq ishga tushdi. Ya’ni shved goleadori debyutini «dubl» bilan bezadi. E’tiborlisi, «Geleksi» avvaliga 0:3 hisobida ortda borayotgandi.
Zlatan 77-daqiqada hisobni tenglashtirdi va oxirgi lahzalarda g‘alabani yangi jamoasi tomon burib yubordi - 4:3. Muhimi, Ibraning gollaridan biri chinakam shedevr bo‘ldi - chiroyli zarba yo‘llash aynan unga xos.
1. Eshli KOUL (37 yosh) - «Los-Anjeles Geleksi»
Angliyalik yulduz AQSH futboliga 2016 yili yuzlangan edi. U hozirda xotirjam holda to‘p surgancha sarmoya to‘plamoqda. Inglizlar ham «Chelsi» va «Arsenal»ning sobiq «qanoti»ni hali unutishmadi.
Harqalay, Koulni yaqinda oxirgi 25 mavsum yuzasidan tuzilgan APL ramziy terma jamoasiga kiritishdi. Aytgancha, Eshlining o‘zi ham Londonni qo‘msay boshlagan ko‘rinadi - shu oy boshida tez orada ortga qaytishi haqida so‘z ochdi.
Qiziq, u qaysi maqomda qaytarkin?
2. Jovanni DOS SANTOS (28 yosh) - «Los-Anjeles Geleksi»
Aka-uka Dos Santoslarda superyulduzga aylanish imkoniyati yetarli edi. Zero, har ikkisi barchasini buyuk «Barselona»da boshladi. Xususan, Jovanni mavsum-2007|2008dayoq kataloniyaliklar asosiy tarkibida 28 marta maydonga tushdi, biroq yosh yulduzcha shu orada «Tottenxem» taklifiga «uchib», o‘zini «qahri qattiq» APLga ro‘baro‘ qildi.
Angliyada Roman Pavlyuchenko bilan birga o‘ynagan to‘ng‘ich Dos Santos harchand urinmasin, aytarli karomat ko‘rsatolmadi. Keyin Yevropaning bir qator o‘rtamiyona klublarida qayta bosh ko‘tarishga harakat qildiyu, buning uddasidan chiqolmadi.
Xullas, yuzidagi tabassumi bilan Ronaldinyoni eslatib yuboradigan yigit 4 mavsumdan buyon AQSHda rizq termoqda.
3. Xonatan DOS SANTOS (27 yosh) - «Los-Anjeles Geleksi»
Xonatanning futbolcha taqdiri xuddi akasinikidek. «Barselona»ning bir necha o‘yinida ishtirok etgan yigitcha yaxshilikdan yaxshilik qidirib, «Vilyarreal»ga yo‘l oldi va ma’lum muddat yana akasi yonida to‘p surdi.
Biroq Primerodagi 100 o‘yin ham unga superklub uchun tramplin bo‘lgani yo‘q. Qisqasi, taklif kutishga sabri chidamagan Xonatan okean ortiga parvozni paysalga solmadi.
Zero, Los-Anjeles klubi unga binoyidek maosh va’da qilgandi. Ha, MLS saviyasi uncha baland emas, ammo Xonatan yana akasi bilan birga.
4. Markos URENYA (28 yosh) - «Los-Anjeles»
Kosta-Rika futboli vakili ayniqsa, rossiyalik muxlislarni chinakamiga hayratlantirgani rost. Axir bir necha yil «Kuban»da sokingina to‘p surgan va Rossiya premyer-ligasida hattoki, gollari hisobini ocholmagan Urenya JCH-2014 kashfiyotlaridan biriga aylandi.
Kosta-Rika termasining 1|4 finalga chiqishiga katta hissa qo‘shgan Markos (u jumladan, urugvayliklarga qarshi o‘yinda gol urgandi) mundialdan keyin Daniyaga yo‘l oldi.
U Skandinaviya mamlakati chempionatida ham xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi yaqqol ajralib turmadi - bir necha mavsumda atigi 5ta gol. Lekin kamtarona statistikasi AQSHdan taklif olishiga yetarli bo‘ldi. Urenya endilikda kimsan Ibragimovich bilan bitta shaharda yashaydi. Ha, unga katta statistika kerak emas...
5. Sebastyan JOVINKO (31 yosh) - «Toronto»
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.