Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Pepsi Superliga 11-tur: faktlar, qahramonlar, iqtiboslar va boshqa turli ko‘rsatgichlar

Pepsi Superliga 11-tur: faktlar, qahramonlar, iqtiboslar va boshqa turli ko‘rsatgichlar

Baho:
+ | -

12 may kuni Pepsi Superliga birinchi davrasi nihoyalandi. Boshqacha aytganda, yangi tizimdagi milliy chempionat elit divizioni yo‘lining chorak qismi ortda qoldi.

Uning mahsuli - taassurotlari chakki emas, garchi o‘tgan haftadagi o‘yinlardan so‘ng turnir jadvali yuqorisida odatdagi poytaxt triosi («Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv»)ni ko‘rayotgan bo‘lsakda.

Har holda, «intriga» oshayotgani yaqqol sezilmoqda. Qolaversa, hozirgi holatda «Oltin ochko» tizimi bo‘yicha jadval tuzadigan bo‘lsak, u mutlaqo boshqacha ko‘rinish oladi.

1-KUN: IKKI DERBI - KUTILMAGAN NATIJALAR

«Qo‘qon-1912» o‘z maydonida yaqqol autsayder - «Neftchi»ni yengolmadi - 1:1.«Viloyat derbisi» maqomidagi uchrashuv doimgidek, shiddatli va keskin kurashlar ostida o‘tdi. To‘g‘ri, har ikki jamoa hujumkor futbolga tayanganiga qaramay, muxlislar golni ancha uzoq kutishdi.

Aniqrog‘i, mezbonlar bir qator samarasiz urinishlardan so‘ng 53-daqiqada hisobni ochishdi. Bu vaziyatda himoyachi G‘iyos Komilov to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Lekin farg‘onaliklar keyingi hujumdayoq o‘rtadagi muvozanatni tiklashdi.

E’tiborlisi, Doston Tursunov joriy mavsum Qo‘qonda No‘’mon Hasanov jamoasi darvozasini ishg‘ol etgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Keyinroq Abror Ismoilov ikkinchi sariq kartochka olib, maydondan chiqib ketdi, biroq «Qo‘qon-1912» yarim soatdan ko‘p vaqt davomida son jihatidan ustun o‘ynab ham, 3 ochkoni o‘z tomoniga og‘dirolmadi.

O‘z navbatida, «Neftchi»ning birinchi davrada g‘alaba nimaligini bilmagan yagona jamoa bo‘lib qolganini aytish o‘rinli.

«Toshkent viloyati derbisi»ni tomosha qilganlar golni yanada ko‘proq vaqt kutishdi. Aslida «Metallurg» hisobni ancha erta ochishi mumkin edi, ammo birinchi bo‘lim o‘rtalarida Islom Isoqjonov jarima nuqtasidan chiroyli zarba bergach, AGMKni darvoza to‘sini goldan qutqarib qoldi.

Final hushtagi yangrashiga 5 daqiqacha qolgan paytda esa Viktor Kumikov shogirdlari o‘z odatlariga ko‘ra, standart vaziyat huzurini ko‘rishdi. Ya’ni to‘p burchakdan o‘yinga kiritilgach, Vladimir Bubanya yengil zarba bilan Javohir Ilyosov darvozasini ishg‘ol etdi. Ta’kidlash kerak, bunda mehmonlarga shamol ham ma’lum darajada qo‘l keldi.

2-KUN: TURFA SERIYALAR

Ikkinchi kungi o‘yinlar gollarga boy bo‘ldi. Xususan, Qarshida muxlislar naq 5ta gol ko‘rishdi, ammo ko‘pchilik stadiondan kayfiyatsiz chiqib ketdi.

Chunonchi, chempionat peshqadami - «Paxtakor»niqabul qilgan «Nasaf» yana yutqazdi - 2:3. Uchrashuv «sherlar» uchun nihoyatda omadli boshlandi - Jaloliddin Masharipov 2-daqiqadayoq himoyachilarning qo‘pol xatolaridan unumli foydalandi. Lekin Shota Arveladze va uning jamoasi shodligi uzoqqa cho‘zilmadi: keyingi hujum, burchak to‘pi va G‘olib G‘aybullayev gol muallifi.

«Ajdarlar» shu bilan cheklanib qolmay, tezkor hujumlarni ko‘paytirishdi va bu harakat 37-daqiqada samara keltirdi - Dragan Cheran to‘pni himoyachilar orasidan chiroyli tarzda Bobur Abduxoliqovga yetkazib bergach, hujumchi sobiq klubdoshi Eldor Suyunovni biroz xijolatda qoldirdi (to‘pni uning oyoqlari orasidan darvoza tomon yo‘lladi) - 2:1.

Keyingi ikki gol portugaliyalik Ismoil Gonsalvesh nomiga yozildi. «Paxtakor» legioneri tanaffusga chiqish arafasida o‘yin holatidan hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 84-daqiqada Jaloliddin Masharipovga nisbatan qo‘pollik uchun belgilangan penaltini bexato bajardi.

Faktlarga kelsak, «Nasaf» qatorasiga 3-mag‘lubiyatni tan oldi (shundan 2tasi o‘z maydonida), qolaversa, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi 5ta o‘yindan buyon g‘alaba qozonish yo‘lini topolmayapti. «Paxtakor» aksincha, 6ta turki, mag‘lubiyatsiz odimlayapti - 4ta g‘alaba va 2ta durang.

«Lokomotiv» - «Buxoro» uchrashuviga ham turning ahamiyatli janglaridan biri sifatida qaraldi. Maydonda shunga yarasha, keskin kurash kechdi.

Har holda, buxoroliklar yana tekis «rels»ga tushib olishgan «temiryo‘lchilar»ga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida turkmanistonlik Arslanmurod Amanov supergol evaziga hisobdagi farqni minimal darajaga keltirganidan keyin Ignatiy Nesterov bir qator vaziyatlarda jonbozlik ko‘rsatmaganida, ehtimolki, Ulug‘bek Baqoyev jamoasi poytaxtdan ijobiy natija bilan qaytardi.

«Lokomotiv» bunga qadar qandaydir 3 daqiqa oralig‘ida urilgan 2ta gol tufayli xotirjam o‘ynayotgandi (26-daqiqada Oleg Zoteev uzatmasidan so‘ng Ikrom Aliboyev hisobni ochdi, keyin Sardor Mirzayev ustunlikni mustahkamladi, uning goliga Sanjar Shoahmedov hammualliflik qildi).

63-daqiqaga kelib esa, Andrey Fyodorov shogirdlari tahlikali holatdan chiqib ketishdi. Bu safar Sardor Mirzayev assistent rolini bajardi, hujum va shuning barobarida hisobga nuqta qo‘yish Marat Bikmayev chekiga tushdi. Darvoqe, shu bilan «Loko»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 5ta o‘yinga yetdi, «Buxoro» bo‘lsa, ketma-ket 3-marta ochko olish imkonini topolmadi.

3-KUN: YAGONA YIRIK HISOB

Mirjalol Qosimov Jizzaxda futbolchi almashtirishda topqir ekanligini namoyish etib, o‘z jamoasi g‘alabasini ta’minladi. To‘g‘rirog‘i, o‘yinning 70-daqiqasida Shahzod Nurmatov o‘rnini egallagan Filipp Rayevas final hushtagi yangrashiga oz muddat qolgan vaqtda «Bunyodkor»ning ikkinchi goliga mualliflik qilib, 3 ochkoni «qaldirg‘ochlar» tomon og‘dirdi.

Bungacha jamoalar 1tadan gol urgandi. Birinchi bo‘limning yakuniy qismida Javlon Ibrohimov tinib-tinchimas Xurshid G‘iyosovning uzatmasidan so‘ng hisobni ochgan bo‘lsa, «So‘g‘diyona» vakillari 57-daqiqada burchak to‘pidan foydalanib, muvozanatni tiklashdi.

Gol muallifi - Dilmurod Karimov, hammuallif - Sardor Qulmatov. Biroq Sergey Lushan shogirdlari durangni saqlab qololmadilar va bunda Mirjalol Qo‘shoqovichning zaxira kuchlari katta rol o‘ynagani ayni haqiqat. Qisqasi, «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi aytganidek, hozir uning jamoasidan bundan ortig‘ini kutish yaramaydi, chog‘i.

Darvoqe, ilk gol muallifi haqida - Javlon Ibrohimov shu bilan Superligada raqiblar darvozasini 5-marta nishonga oldi. Yarim himoyachi uchun chakki natija emas, to‘g‘rimi?

Turning yagona yirik hisobli g‘alabasini «Navbahor» qayd etdi - 3:0. Umuman,  namanganliklar «Qizilqum»ga qarshi bahsda xotirjam o‘ynashdi, aytarli xavfga duch kelishmadi.

Vaholanki, Ilhom Mo‘minjonov jamoasida tarkib borasida muammolar bor edi - serbiyalik himoyachi Tomislav Payovich (diskvalifikasiya), orqa chiziqning yana bir tajribali vakili Davron Hoshimov (jarohat) va hujumchi Nenad Inyas (jarohat) maydonga tusha olishmadi.

«Lochinlar» ishini 5-daqiqada urilgan tezkor gol ancha osonlashtirgani aniq. Bu vaziyatda Sardor Sulaymonov faollik ko‘rsatib, A’zam Aliyev tomonidan oshirilgan to‘pni darvozaga aniq yo‘lladi.

Keyingi 2ta gol uchrashuvning yakuniy choragiga to‘g‘ri keldi. «Qizilqum» kiperi Erkin Jabborov avvaliga Aziz Turg‘unboyevning kuchli zarbasi oldida ojiz qoldi, keyin aynan uning jarima nuqtasidan yo‘llagan to‘pini qaytardiyu, Dilshod Jabborovning takroriy urinishiga xalaqit berolmadi.

Xullas, Superligaga 0:3 hisobi bilan kirishgan Navoiy klubi birinchi davrani xuddi shu hisobda tugatdi, «Navbahor» uchun esa bu joriy mavsumdagi ilk yirik g‘alabadir.

TUR QAHRAMONI - ISMOIL GONSALVESH

«Paxtakor» - peshqadam, «Paxtakor» - oxirgi 6 turda 4ta g‘alabaga erishdi. «Sherlar» shu o‘yinlarda 12ta gol urishdi, ularning deyarli yarmi, ya’ni 5tasi portugaliyalik Ismoil Gonsalvesh hisobiga yozildi. Ha, uning bu statistikasida penaltilar hissasi katta (oxirgi 5ta golidan 3tasini 11 metrli jarima zarbasidan urdi).

Deylik, «Nasaf»ga qarshi bahsda ham aynan penalti yordami bilan «dubl»ga erishdi. Fakt shuki, «Paxtakor»-ning navbatdagi g‘alabasiga aynan Ismoil «imzo» chekdi. Qolaversa, u birinchi bo‘lim oxirida jamoasi uchun juda zarur gol urib, hisobni tenglashtirgandi.

Aks holda, «sherlar» Qarshidagi o‘yinning ikkinchi bo‘limida bosim ostida qolib, ortga quruq qo‘l bilan qaytishlari ham hech gap emasdi.

TUR IQTIBOSLARI

- Shamol bizning darvozamiz tomon esayotgan payt kichik e’tiborsizlik oqibatida gol qo‘yib yubordik. Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi).

- Raqibning tezkor javob goli qaysidir ma’noda rejalarimizni buzib yubordi... No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi).

- Raqiblarni kuchsizlantirish uchun transferlarga qo‘l urmaymiz. 80-90-yillar «Milan» shunday ish tutgan va bu taktikadan xabardorman. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).

- Moliyaviy holat? Hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q. Bu futbolchilarga ruhiy tomondan ta’sir qilishi aniq, albatta. Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi).

- Raqiblar vaziyatlardan unumli foydalanishdi, biz esa yaxshi imkoniyatlarni ko‘kka sovurdik... Arslanmurod Amanov («Buxoro» yarim himoyachisi).

- 22-turgacha ancha vaqt bor va vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin. Shunday ekan, kuchli oltilik haqida o‘ylashga hali erta. Andrey Fyodorov («Lokomotiv» bosh murabbiyi v. b.).

- Ha, durang natija qayd etishimiz ham mumkin edi, ammo hozircha bundan ortig‘iga kuchimiz yetmaydi. Ya’ni faqat o‘z darajamizdagi jamoalardan ochko olishga qodirmiz... Sergey Lushan («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Shogirdlarim juda ko‘p xato qilishdi. Sabab nima? Bu borada hech narsa deyolmayman. Himoyachilarimiz ilk marta maydonga tushgandek taassurot qoldirishdi... Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi).

- Jizzaxdagi bahsda o‘zgarishlar samara bermagan, aksincha, 14 daqiqa ichida 3ta gol qo‘yib yuborgandik. Bugun esa naf keltirdi. Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi).

-------------------------------------------------------------------------

«METALLURG» - AGMK - 0:1 (0:0)

10 may. Bekobod. «Metallurg» stadioni. 8047 tomoshabin.

Hakamlar: V.Serazetdinov (Toshkent), A.Snetkov (Toshkent), S.Ulfatov (Toshkent).

Gol: V.Bubanya (85).

«Metallurg»: 35. J.Ilyosov, 5. A.Otaxonov, 8. SH.SHaymanov, 9. Z.O‘rinboyev, 10. I.Isoqjonov, 15. Z.Abdullayev, 37. SH.Fayziyev, 55. A.Ismatullayev, 77. M.Isayev (7. S.Nurulloyev, 70), 88. A.Husinov (20. D.Ermatov, 39), 91. P.Smolyachenko.

AGMK: 33. P.Matyash, 2. A.Hojiakbarov, 4. X.Muxtorov (18. Q.Bahodirov, 50), 5. D.Jo‘rayev, 10. SH.Norbekov (9. Z.Polvonov, 86), 13. L.To‘rayev, 15. V.Bubanya, 19. V.Kasminin, 23. Y.Jokich, 24. J.Guseynov, 87. V.CHemirtan.

Ogohlantirishlar: SH.SHaymanov (23), A.Ismatullayev (54), S.Nurulloyev (72), A.Otaxonov (75), P.Smolyachenko (90+2) - X.Muxtorov (18), Y.Jokich (55), J.Guseynov (82).

Nazoratchi: S.Najafaliyev (Toshkent).

Komissar: R.CHernikov.

Viktor Kumikov (AGMK bosh murabbiyi): - Murosasiz o‘yin, keskin kurash. Shogirdlarimda ishtiyoq baland-ligi bois, zafar quchdik, menimcha. Jamoalarning yanada chiroyli o‘yin ko‘rsatishiga ob-havo sharoiti biroz xalaqit berdi. Hozirgi holatda har bir o‘yinda ochko olish juda zarur. O‘ylaymanki, qayd etilgan natija haqqoniy bo‘ldi...

Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi): - O‘yin birinchi golga qadar davom etdi. Shamol bizning darvozamiz tomon esayotgan payt kichik e’tiborsizlik oqibatida gol qo‘yib yubordik.

Olmaliqliklarni haqqoniy g‘alaba bilan tabriklayman. Tabiiyki, endi keyingi o‘yinlar haqida bosh qotiramiz. Ya’ni bugun yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish chorasini izlaymiz.

-------------------------------------------------------------------------

«QO‘QON-1912» - «NEFTCHI» - 1:1 (0:0)

10 may. Qo‘qon. «Markaziy» stadioni. 10036 tomoshabin.

Hakamlar: V.Agishev (Toshkent), D.Saylavov (Toshkent), R.Nugmanov (Toshkent).

Gollar: G‘.Komilov (53) - D.Tursunov (55).

«Qo‘qon-1912»: 1. O‘.YUsupov, 5. G‘.Komilov (15. O.Rustamov, 74), 9. N.Otaqo‘ziyev, 10. J.Siddiqov, 17. Q.Ro‘ziyev (18. B.Pardayev, 46), 19. S.Berdiyev, 22. M.Xolmuhammedov, 23. A.Merzlyakov, 55. D.Gojkovich, 65. M.Milich, 95. M.Spremo (96. M.Hasanov, 60).

«Neftchi»: 1. A.Abdujalilov, 2. I.SHoyqulov, 3. SH.Po‘latov, 14. A.Ismoilov, 19. A.O‘lmasaliyev, 20. H.G‘ofurov, 22. A.Isroilov (27. D.Mamatov, 90), 23. A.Abdulhaqov (8. A.Maxstaliyev, 66), 25. A.Samatov, 71. X.Asqaraliyev (9. A.YUsupov, 85), 95. D.Tursunov.

Ogohlantirishlar: M.Xolmuhamedov (14), O‘.YUsupov (43) - I.SHoyqulov (18), X.Asqaraliyev (39), A.Ismoilov (49), A.Abdujalilov (90).

Chetlatish: A.Ismoilov (61, N.).

Nazoratchi: B.Tog‘ayev (Toshkent).

Komissar: B.Oripov.

Bahrom Haydarov («Neftchi» bosh murabbiyi): - Sir emas, derbi har doim shiddatli kechadi. Ayniqsa, «Vodiy derbisi» bu borada alohida ajralib turadi. Bugun ikki jamoa ham g‘alaba ilinjida maydonga tushdi. Biroq mezbonlar kabi biz ham vaziyatlardan yetarlicha foydalanolmadik.

Menimcha, durang - o‘yinga mos natija. Bugun ham yoshlarga ishonch bildirdik. Ular imkon qadar harakat qilishdi, maydonda borlarini berib o‘ynashdi. Buning uchun yigitlarga rahmat. Yoshlarga dalda bo‘lgan tajribali futbolchilarimizdan ham minnatdorman.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Yi-gitlarimizda charchoq alomatlari sezilib qoldi. Axir raqib bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirolmadik.

«Neftchi»ni munosib o‘yin va natija bilan tabriklayman. Farg‘onaliklarga tezda hisobni tenglashtirganlari qo‘l keldi, chog‘i. Har holda, raqibning tezkor javob goli qaysidir ma’noda rejalarimizni buzib yubordi...

Javohir Siddiqov («Qo‘qon-1912» yarim himoyachisi): - «Neftchi» futbolchilari himoyada tartibli to‘p surishdi. Ularda yo‘qotadigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Shuning uchun bosimsiz o‘ynashdi, shekilli. Biz esa har doim g‘alabani ko‘zlaymiz. Bugun vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Nachora, keyingi o‘yinlarda muxlislarimizni xursand qilishga urinamiz, albatta.

---------------------------------------------------------------------------

«NASAF» - «PAXTAKOR» - 2:3 (2:2)

11 may. Qarshi. «Markaziy» stadioni. 10512 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent), A.Rasulov (Toshkent), J.Saidov (Toshkent).

Gollar: G‘.G‘aybullayev (4), B.Abduxoliqov (37) - J.Masharipov (2), I.Gonsalvesh (41, 84-pen.).

«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 5. G‘.G‘aybullayev, 6. A.G‘a-niyev, 7. O.Hamrobekov (27. I.Rashidxonov, 77), 10. B.Abduxoliqov (20. I.Kenjaboyev, 51), 14. SH.Muhiddinov (77. J.Hasanov, 63), 17. D.Narzullayev, 22. I.Golban, 31. S.Rahmatov, 55. S.Lukich, 69. D.CHeran.

«Paxtakor»: 25. E.Suyunov, 2. A.SHorahmedov, 4. SH.A’zamov, 7. A.Ahmedov, 8. D.Rahmatullayev (10. J.Iskanderov, 51), 9. J.Masharipov, 11. I.Gonsalvesh (80. R.Griffits, 89), 18. B.Abdurahimov (22. J.YAxshiboyev, 90+1), 29. V.Kozak, 55. M.Simich, 77. T.Bezerra.

Ogohlantirishlar: A.G‘aniyev (49), D.Narzullayev (83) - I.Gonsalvesh (84).

Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent).

Komissar: M.Saidqosimov.

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Uch-rashuvdan oldin Qarshida «Nasaf» bilan o‘ynash yoqimli ekanligini ta’kidlagandim. Chunki bu yerda futbol uchun ajoyib sharoit, ideal maydon bor. Muhimi, raqib hujumkor o‘yinni xush ko‘radigan jamoa.

Shuningdek, «Nasaf»ni Superligani yaxshi biladigan tajribali mutaxassis boshqarmoqda, qarshilik muxlislar ham ajoyib muhit yaratib, o‘yinga o‘zgacha zeb berishadi. Shularga qo‘shimcha ravishda, g‘alaba qozonsang, yanada yoqimli. O‘yin muxlislarga ham yoqdi, menimcha.

Ishonch bilan aytamanki, butun vaqt davomida raqibdan kuchliroq ko‘rindik. Har holda, barchasini to‘liq nazorat ostiga oldik. Hattoki, mezbonlar hisobda oldinda borishgan daqiqalarda ham o‘yin tizgini bizda edi. Tanaffusga qadar gol urganimiz keyinchalik zarur taktika qo‘llashimizda qo‘l keldi.

Aslida ikkinchi bo‘limda yanada ko‘proq gol urishimiz mumkin edi. Har bir o‘yin murabbiyga o‘z jamoasining yaxshi tomonlari, xato va kamchiliklarini ko‘rsatib beradi. Mana, bugun qarshi hujumda yaxshigina xavf tug‘dira olishimiz isbotlandi.

Jamoada raqobat mavjud. Hech kimga asosiy tarkibda o‘rin kafolatlanmagan. Xususan, Farrux Sayfiyevni zaxirada ushlab turish uchun jalb qilmaganmiz. U ko‘p qirrali futbolchi - ham o‘ng qanot, ham chap tarafda o‘ynashi mumkin. Mavsum uzun va o‘ylaymanki, Farrux hali bizga ko‘p yordam beradi.

Demoqchimanki, raqiblarni kuchsizlantirish uchun transferlarga qo‘l urmaymiz. 80-90-yillar «Milan» shunday ish tutgan va bu taktikadan xabardorman. Yegor Krimesga kelsak, u hali tayyor emas. Uni qaydnomaga kiritganimizga sabab shuki, jamoa bilan birga bo‘lishini istadik. Umuman, Krimes ushbu mavsum jamoa bilan ilk marta safarga chiqdi.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - 70 daqiqa davomida «Paxtakor»ga munosib qarshilik ko‘rsatdik. Oxirgi 20 daqiqada esa mehmonlar katta tashabbusga erishdilar. Tanlangan taktikaga asosan, raqibga o‘z jarima maydonchasi atrofida «pressing» o‘tkazishimiz kerak edi.

Buni qaysidir ma’noda uddaladik, ammo himoyadagi oddiy xatolar qimmatga tushdi. Moliyaviy holat? Hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q. Bu futbolchilarga ruhiy tomondan ta’sir qilishi aniq, albatta. Ammo hech narsaga e’tibor qaratmay, yigitlarni o‘yinlarga munosib tayyorlashga harakat qilyapmiz.

Afsuski, jamoaning umumiy jismoniy holati ham yaxshi emas. Yo‘q, hech qaysi futbolchini sust o‘ynaganlikda ayblolmayman. Hozirgi kuchimiz 70 daqiqaga yetdi, keyin toliqish o‘z so‘zini aytdi.

Balki qaysidir futbolchilar bilan xayrlashishimizga to‘g‘ri kelar. Chunki hozirgi holat davom etaversa, jamoani tayyorlash qiyinlashib boraveradi. «Nasaf»ning muammosi faqat jismoniy emas, balki ruhiy tayyorgarlikka ham bog‘liq. Vaziyat qanchalik qiyin bo‘lmasin, vazifa - jamoani o‘nglash.

-------------------------------------------------------------------------

«LOKOMOTIV» - «BUXORO» - 3:1 (2:0)

11 may. Toshkent. «Lokomotiv» stadioni. 6050 tomoshabin.

Hakamlar: T.To‘xtasinov (Andijon), A.Marajabov (Andijon), Z.Abdurahmonov (Andijon).

Gollar: I.Aliboyev (26), S.Mirzayev (28), M.Bikmayev (63) - A.Amanov (49).

«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 5. K.Maxaradze (4. B.Yo‘ldoshev, 82), 7. S.Abdullayev (6. Nivaldo, 65), 9. I.Aliboyev, 10. M.Bikmayev, 15. S.Mirzayev, 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 22. S.SHoahmedov, 27. S.Rashidov (19. H.G‘ofurov, 64), 33. O.Zoteev, 88. I.Yelich.

«Buxoro»: 30. A.Omonov, 7. A.Amanov, 8. S.Qutiboyev (19. A.Jo‘rayev, 88), 10. SH.Salomov, 11. S.SHixov, 16. A.Filiposyan, 18. SH.Mullajonov, 28. E.Ismoilov, 77. J.Qahramonov (22. SH.Erkinov, 80), 86. A.Ibragimov (14. B.Nasimov, 68), 89. S.Ruseskiy.

Ogohlantirishlar: K.Maxaradze (75) - A.Filiposyan (33), S.Qutiboyev (75), A.Jo‘rayev (89), SH.Mullajonov (90+3).

Nazoratchi: F.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: S.Qudratullayev.

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - Bugungi o‘yin biz uchun to‘rt qismdan iborat bo‘ldi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida ustunlikni qo‘lga oldik, keyin kutilmagan gollar qo‘yib yubordik. Tanaffusdan so‘ng esa tezkor gol urishga erishdik, biroq raqibning kutilmagan hujumlaridan yana himoyalanolmadik...

Arslanmurod Amanov («Buxoro» yarim himoyachisi): - Av-valo, «Lokomotiv»ni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin qiyin kechdi. Bugun raqiblar vaziyatlardan unumli foydalanishdi, biz esa yaxshi imkoniyatlarni ko‘kka sovurdik...

Andrey Fyodorov («Lokomotiv» bosh murabbiyi v. b.): - O‘yin murabbiylar, shaxsan men uchun juda og‘ir o‘tdi. Dastlabki 15 daqiqada kuchli bosim ostida qoldik, to‘pni nazorat qilolmadik. O‘sha pallada futbolchilar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmaganidan xursandman. Keyinchalik ketma-ket urilgan 2ta gol bizga kerakli ustunlikni taqdim etdi.

Ikkinchi bo‘limda tezkor gol qo‘yib yuborganimizga kelsak, bunda biroz bo‘shashdik, deb o‘ylamayman. Chunonchi, to‘p qandaydir tasodif tufayli darvozaga kirdi.

Muhimi, futbolchilarni almashtirish vositasida o‘yin borishini o‘zgartirdik. Umuman, OCHLning 6ta o‘yini futbolchilarga katta yuklama bergan, shu bois, chempionatda yaxshi o‘yin ko‘rsatolmagandik.

Karimov «Navbahor»ga? Bizda bunday ma’lumot yo‘q. Sherzod - «Lokomotiv» futbolchisi. Agarda qaysidir klub uni o‘z safida ko‘rishni istasa, jamoamiz rahbariyatiga murojaat qilishi kerak. Jamoa menga qadar ham yaxshi o‘yin namoyish etgan, faqat gol urish masalasida qiynalayotgandi.

Xullas, demoqchimanki, bosh murabbiy vakolatini olganimdan keyin o‘yin bobida hech nima o‘zgarmadi. Shunchaki, endi hujumda samaraliroq o‘ynab, ko‘proq gol uryapmiz. Hozir kuchli oltilik haqida o‘ylamayapmiz. 22-turgacha ancha vaqt bor va vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin. Shunday ekan, kuchli oltilik haqida o‘ylashga hali erta.

------------------------------------------------------------------------

«SO‘G‘DIYONA» - «BUNYODKOR» - 1:2 (0:1)

12 may. Jizzax. «So‘g‘diyona» stadioni. 9311 tomoshabin.

Hakamlar: Z.Qodirov (Navoiy), R.Samandarov (Navoiy), O.Jumayev (Navoiy).

Gollar: D.Karimov (57) - J.Ibrohimov (39), F.Rayevas (85).

«So‘g‘diyona»: 23. D.Hamroyev, 2. S.Qulmatov, 3. A.Isroilov, 4. E.Oripov, 6. D.Karimov (99. N.To‘xtasinov, 65), 8. D.Hasanov, 9. S.Azimov, 10. SH.Norxonov (27. S.Rashidov, 63), 33. T.SHamsiddinov, 77. I.Abdullayev (26. A.Xolmurodov, 46), 85. R.Melzitdinov.

«Bunyodkor»:25. M.Zuhurov, 2. R.Ashurmatov, 4. A.Ko-milov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 9. SH.Nurmatov (99. F.Rayevas, 70), 11. M.Toshmatov (13. S.Qodirqulov, 68), 18. S.Sobirxo‘jayev, 20. M.Sulaymonov, 30. X.G‘iyosov, 44. M.Qosimov (28. D.Umirov, 77).

Ogohlantirishlar: S.Qulmatov (65), R.Melzitdinov (80) - A.Komilov (52), X.G‘iyosov (62), R.Ashurmatov (73), M.Sulaymonov (83).

Nazoratchi: A.Arutyunov (Toshkent).

Komissar: Baxtiyor Namozov.

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Oxirgi turlarda juda qiynaldik. Xususan, «Nasaf»ga qarshi kechgan bahsda ko‘p kuch yo‘qotdik. Qisqa muddatda  «So‘g‘diyona» bilan o‘yinga munosib tayyorgarlik ko‘rish, futbolchilarni ruhan shaylantirish zarur edi. O‘yin murakkab tus oldi.

Raqib himoyada 5 futbolchiga tayanib, qarshi xujum taktikasi asosida o‘ynadi. Bu katta qiyinchilik tug‘dirdi. 11 kishidan iborat mudofaani yorib kirish oson emas. Muhimi, futbolchilar faol harakatlanib, 2ta gol urishni uddalashdi. O‘ylaymanki, haqli g‘alabaga erishdik.

Sergey Lushan («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Raqib haqli ravishda g‘alaba qozondi. Ha, durang natija qayd etishimiz ham mumkin edi, ammo hozircha bundan ortig‘iga kuchimiz yetmaydi. Ya’ni faqat o‘z darajamizdagi jamoalardan ochko olishga qodirmiz. Mo‘’jiza ro‘y berishi mumkin edi.

Mana, yaqin orada transferlar bozori ochiladi. Imkon qadar kuchli ijrochilarni chaqirishga harakat qilamiz. Hammasi futbolchining saviyasiga bog‘liq. Yangi futbolchi ham shu saviyada bo‘lsa, uni taklif etishdan ma’no yo‘q. Bizga sifat kerak.

Hozir mavsum o‘rtasi va aksariyat futbolchilar band. Lekin izlanyapmiz, muzokara olib boryapmiz. Ehtimol, tarkibda yangi legionerlarni ham ko‘rarmiz, bu ham keladigan futbolchining saviyasiga bog‘liq, albatta.

------------------------------------------------------------------------

«NAVBAHOR» - «QIZILQUM» - 3:0 (1:0)

Namangan. «Markaziy» stadioni. 14240 tomoshabin.

Hakamlar: H.Ro‘ziyev (Toshkent), O.Abduvosilov (Toshkent), S.SHoyusupov (Toshkent).

Gollar: S.Sulaymonov (5), A.Turg‘unboyev (74), D.Jabborov (80).

«Navbahor»: 1. B.Ergashev, 6. O.O‘runov (14. I.Boydedayev, 65), 8. A.No‘’monov, 9. D.Jabborov, 10. A.Tur-g‘unboyev, 11. Z.Pirimov (15. A.Allaniyozov, 67), 17. S.Sulaymonov (22. R.Ahmedov, 76), 19. M.G‘o-furov, 21. A.Aliyev, 32. J.Mehmonov, 44. D.Stanoyevich.

«Qizilqum»: 1. E.Jabborov, 4. E.Boydullayev, 5. G.Kvesiyeshvili, 10. A.Sanoyev (44. M.Qosimov, 56), 11. D.Usmonov (84. N.Yovanovich, 49), 14. F.Qambarov, 17. A.Gevorkyan, 21. M.Ubaydullayev, 23. SH.Jo‘rayev, 30. E.Grigalashvishi, 70. A.Sidorov (9. H.Abdualimov, 81).

Ogohlantirishlar: J.Mehmonov (34), O.O‘runov (41), A.Aliyev (55), M.G‘ofurov (78), I.Boydedayev (83) - A.Sidorov (29), F.Qambarov (79), M.Qosimov (83).

Nazoratchi: S.Ermatov (Toshkent).

Komissar: K.Mirzaboyev.

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Av-valo, «Navbahor» va jamoa muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin borasida gapirsam, mezbonlar juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rishganini amalda namoyish etishdi. Ya’ni maqsadlari faqat g‘alaba ekanligini isbotlashdi.

Futbolda qaysi jamoa g‘alabani ko‘proq ko‘zlasa, maydonda ustunlik qiladi. Bugun shogirdlarim juda ko‘p xato qilishdi. Sabab nima? Bu borada hech narsa deyolmayman. Himoyachilarimiz ilk marta maydonga tushgandek taassurot qoldirishdi. Ulardan boshqacha o‘yin kutgandim. Umuman, harakatlarimiz umuman o‘xshamadi.

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Sho-girdlarim ko‘rsatmalarimni to‘liq bajarib, 3 nafar asosiy futbolchimiz yo‘qligini bildirishmadi. O‘rinbosarlar jamoasidan mahalliy yigitlarni asosiy tarkibga jalb etishga kelsak, yoshlarimiz murabbiylari bor - Shuhrat aka Qoraboyev.

Bu mutaxassisga to‘liq ishonamiz. Umid qilamanki, yoshlar jamoasi vakillari ikkinchi davra va keyinchalik sekin-asta asosiy tarkibdan joy olishadi. Har bir uchrashuvda raqib va o‘yin borishiga qarab, tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshiramiz.

Jizzaxdagi bahsda o‘zgarishlar samara bermagan, aksincha, 14 daqiqa ichida 3ta gol qo‘yib yuborgandik. Bugun esa naf keltirdi. Transferlar oynasi ochilguncha shu tarkibga tayanamiz, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Albatta, izlanishdan to‘xtamaymiz, safar uchrashuvlarida ham zafar quchib, muxlislarni quvontirishga intilamiz.

Oston O‘runov endi 17 yoshda va uning yorqin o‘yinlari  hali oldinda, Xudo xohlasa!

11-TUR STATISTIKASI

O‘yin: 6; Gol: 18  (o‘rtacha: 3);

Tomoshabin: 58196 (o‘rtacha: 9699...); Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Navbahor» - «Qizilqum» (14240)

Mezbonlar g‘alabasi: 2; Mehmonlar g‘alabasi: 3; Durang: 1

Yirik hisobli g‘alaba: 1 («Navbahor» - 3:0); Eng  sermahsul o‘yin:  «Nasaf» - «Paxtakor» (5ta gol)

Ogohlantirish: 36 (o‘rtacha: 6); Chetlatish: 1 (0,16...)

Eng «qo‘pol» o‘yinlar: «Qo‘qon-1912» - «Neftchi» (1ta «qizil» + 6ta «sariq»), «Metallurg» - AGMK, «Navbahor» - «Qizilqum» (8tadan «sariq»)

Penalti: 1 (samarali); «Dubl»: 1 (I.Gonsalvesh, «Paxtakor»); «Xet-trik»: -; Avtogol: -

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:00, 16.05.2018.
O'qildi: 3909 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.