Italiyalik futbol afsonasi Janluiji Buffon «Yuventus»dan ketish qarorini rasman e’lon qilish arafasida kataloniyalik himoyachi Jerar Pikening intervyu haqidagi iltimosini rad etmay, u bilan dildan suhbatlashdi.
Shubha yo‘q, uzoq yillik faoliyatida ulkan tajriba to‘plagan mohir posbonning hayot yo‘li ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Kasbdoshlar o‘rtasidagi muloqot Jijining bolalik orzulari, yorqin g‘alabalari, unutilmas voqealar, «Yuventus»ga sadoqati va albatta, kelajak rejalarini qamrab oldi.
- Jiji, avvalo, Turindagi mashg‘ulotlar bazasida suhbat uchun menga vaqt ajratganingdan bag‘oyat minnatdorman! Sen haqingda ko‘p o‘qiganman, masalan, sportchilar oilasidan ekanligingni bilaman. Mumkin bo‘lsa, boshida ota-onang, opalaringga alohida to‘xtalsang...
- Ha, chindan ham, sportchilar oilasida ulg‘ayganman. Shunday ekan, hayot yo‘lim avvaldan ma’lum edi. Otam ham, onam ham xalqaro darajadagi sportchi bo‘lishgan, ikki nafar opam esa voleybol bo‘yicha «A» seriyasi hamda milliy terma jamoada o‘ynashgan.
Ulardan biri mendan farqli ravishda, YECHLda g‘olib chiqishga ham ulgurdi. Qisqasi, mendan taniqli sportchilar oilasiga munosib natijalar ko‘rsatish talab etilardi. Umuman, futboldek maftunkor o‘yinga oshufta bo‘lib, darvozabonlikni tanlaganimdan baxtiyorman.
- Futbolga bog‘liq dastlabki yorqin bolalik xotirasi...?
- Menimcha, bu 1982 yilgi jahon chempionati voqealari. O‘shanda chamasi 4 yoshda bo‘lganman, ammo Italiya termasining chempionlikka erishganini bilganman.
- Men esa u payt hali tug‘ilgan ham emasdim.
- To‘g‘ri, juda yosh bo‘lganim sababli, chempionat nimaligini tushunmaganman. Lekin kattalar TV atrofiga to‘planib, hamyurtlarimizga muxlislik qilishgani yodimda.
Bir kuni hovlida to‘p tepib yurib, bu o‘zimga juda yoqayotganini yaqqol sezdim. Shundan keyin kunduzi futbol o‘ynaydigan, kechqurun muxlislik qiladigan bo‘ldim...
- Kattalar miqyosidagi debyutingni 17 yoshda «Parma» safida «Milan»ga qarshi o‘yinda nishonlab, darvoza daxlsizligini ta’minlagansan. Yosh bo‘lishingga qaramay, jiddiy jamoa tarkibidan muntazam joy olganingni qanday izohlaysan?
- Chindan ham, 90-yillar o‘rtalarida «Parma» Yevropada ko‘zga ko‘ringan jamoalardan biri sanalardi. Jamoa qandaydir 10 yil ichida UYEFA kubogi va superkubogi, shuningdek, Italiya kubogini qo‘lga kiritgan.
Qolaversa, jamoamiz ichki musobaqada «Milan» bilan peshqadamlik qilayotgandi. O‘sha payt milanliklar safida Badjo, Vea, Savichevich va Maldini kabi yulduzlar to‘p surishgan.
Ertalab murabbiy yoniga chaqirib, maydonga tushishimni ma’lum qildi. Ochig‘i, hali o‘smir edim, ammo sira cho‘chimadim. Aksincha, nihoyat, kim ekanligimni ko‘rsatib qo‘yish imkoniyati yuzaga kelayotganidan rosa quvongandim.
- 19 yoshingda esa terma jamoada debyut qilish uchun Rossiyaga yo‘l olding.
- Ha, bosh murabbiy Maldini bunga qadar meni mashg‘ulotlarga 5-6 marta chaqirgan, lekin maydonga tushirmagandi. Chunki Perussi va Palyukadek mahoratli kiperlar o‘ynashga haqliroq edilar.
Esimda, Rossiyaga JCH-98 saralash bosqichi doirasidagi o‘yin uchun borgandik. Moskvadagi uchrashuvning 25-daqiqasida Palyuka tizzasidan jarohatlandi. Odatda maydonga dadillik bilan tushardim, ammo o‘sha oqshom biroz hayajon bosdi. Sababi - maydon oppoq qor bilan qoplangandi, bundan tashqari, natija katta ahamiyat kasb etardi.
O‘yinga qo‘shilganimdan 5 daqiqa o‘tgach, ruslar qulay vaziyat yaratishdi. Muhimi, chap tomonga yo‘llangan kuchli zarbani bartaraf etib, hisob ochilishiga yo‘l qo‘ymadim. Ayni o‘sha ajoyib «seyv»dan keyin hayajonim tarqaldi va o‘yinni xotirjam davom ettirdim.
- Jiji, 5ta JCHda qatnashgan sanoqli futbolchilarning biri sifatida futbol tarixiga kirding. Bunday sharafga atigi 3 kishi erishgan - sen, Matteus va...
- Meksikalik darvozabon.
- Bu yuksak natija xususida nima deya olasan?
- Faqat ijobiy va yoqimli fikrlar... Shuningdek, faxrlanish hissini tuyaman. Zero, bunday natijaga erishish uchun olis yo‘lni bosib o‘tish, ko‘p narsalardan voz kechish talab etilgan.
- Yana tinmay ter to‘kish ham...
- Albatta. Birgina iqtidorning o‘zi bilan hech vaqoga erishib bo‘lmaydi. Muvaffaqiyatda mashaqqatli mehnat ham muhim o‘rin tutadi.
Butun tarixda atigi 3 nafar futbolchiga 5ta mundialda ishtirok etish baxti nasib etganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat va bu fakt yetarlicha quvonch bag‘ishlaydi. 5ta JCHning 2tasi Yevropa, qolganlari esa Osiyo, Afrika va Amerika maydonlarida o‘tkazilgani esa yanada kuchliroq zavq beradi.
- Qara-ya, shunday muhim jihatga e’tibor qaratmagan ekanman.
- Ha, futbol tufayli barcha qit’alarda bo‘ldim. Albatta, 6-mundialda qatnashish istagi ham yo‘q emasdi. Agar Rossiyaga borganimda, mutlaq tengsiz ko‘rsatkich sohibiga aylanardim. Lekin afsuslanishdan ma’no yo‘q, boriga shukr qilish ma’qulroq, menimcha.
- Yanglishmasam, Italiya termasidagi faoliyatingning cho‘qqisi Germaniya mundiali-2006ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa kerak. O‘sha turnirdan qanday xotiralar qolgan?
- Nemislar diyorida o‘tgan musobaqa italiyaliklar uchun o‘ziga xos sinov va tajriba vazifasini ham o‘tadi. Yana bir tomoni, bu yurtda istiqomat qiluvchi italiyalik immigrantlar juda ko‘p. Shu bois, o‘zimizni xuddi uydagidek his qilgandik.
Shuningdek, muxlislarga g‘alaba tortiq etish professional burchimiz ekanligini teran tushungan holda, bor kuchimizni ishga soldik. Muhimi, millatdoshlarimiz madadi yaqqol sezildi, begona yurtda to‘p surayotganimiz zarracha bilinmadi.
Ayniqsa, Dortmundda Germaniya termasiga qarshi kechgan yarim final bahsida g‘alaba (2:0) qozonganimizdan keyin stadion va shaharda yuzaga kelgan ajib manzara o‘ta kuchli taassurot uyg‘otdi.
Ochig‘i, o‘sha uchrashuvda mezbonlar bosimiga qanday dosh berganimizni haligacha tushuntirib berolmayman. Lekin fakt shuki, «overtaym»larda 2ta gol urib, g‘alabani ilib ketgandik. Diqqat qiling, ertalab soat 05:00da mehmonxonaga yetib borganimizda, yo‘limizga chamasi 10 ming italiyalik muxlis peshvoz chiqqandi.
- Aqlga sig‘maydigan holat!
- Eng hayratlantiradigan jihat shuki, nemislarni mahv etganimizdan keyin go‘yoki, chempion bo‘lgandik, o‘ta xotirjam edik. Chinakam telbalik...
- Boz ustiga, xavfli telbalik.
- Ha, albatta. Oradan 12 yil o‘tdi. Hozir o‘sha Fransiya termasini xayolan o‘ylasam, tarkibi naqadar kuchli bo‘lganiga amin bo‘laman. Shu ma’noda aytsam, «G‘alaba naqd, chempionlik cho‘ntagimizda» qabilida o‘ylab qattiq yanglishgandik.
Qisqasi, hal qiluvchi bahsga yarim finaldagidek tayyorlanolmadik. Yodimda, Germaniya termasiga qarshi bahs oldidan 6-7 soat uxlagandim, finalgacha esa atigi 2 soat!
Ehtimol, shu sabablar tufayli finalda keskinlik me’yori talab darajasiga chiqmagandir. Aniq esimda, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasidan so‘ng g‘alabani nishonlashga madorimiz qolmagandi. Aql bovar qilmas darajada ko‘p kuch yo‘qotganmiz.
- «Skuadra Adzurra» keyinchalik JAR va Braziliyada muxlislar ishonchini oqlay olmadi, JCH-2018dan esa chetda qoldi. Nima deb o‘ylaysan, balki Italiya futboli qandaydir boshqacha yo‘ldan borishi kerakdir...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.