11 iyun kuni Moskvadagi “Kempinski otel” mehmonxonasida jahon chempionati boshlanishi arafasida Osiyo futbol Konfederasiyasining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Bu yilgi Mundialda Osiyo qit’asi sharafini beshta terma jamoa – Eron, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Avstraliya termalari himoya qiladi.
Bugungi yig‘ilishda FIFA Prezidenti Janni Infantino va Osiyo futbol Konfederasiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyo terma jamoalari va hakamlarga omad tiladi.
“Osiyoda futbol jadallik bilan rivojlanib boryapti. Umid qilamanki, bu yilgi musobaqada Osiyo terma jamoalari ham o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishadi. Ayni paytda Osiyoda hakamlik sohasi ham ancha rivojlangan. So‘nggi yillarda ushbu qit’adan bir qator kuchli referilar yetishib chiqdi. Jahon chempionatining final bosqichida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi ham bugungi kunda aynan Osiyolik hakam Ravshan Ermatov bo‘lib turgani ham fikrimga isbot bo‘la oladi”.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami, o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov boshchiligidagi brigada ham ishtirok etadi. Shuningdek, o‘zbek futboli tarixida ilk marotaba Alim Arifov jahon chempionatida komissar vazifasini bajaradi.
Ma’lumot o‘rnida, JCH-2018 final bosqichi 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Sochi, Nijniy Novgorod, Samara, Kaliningrad, Yekaterinburg, Saransk, Volgograd va Rostov na-Donu shaharlaridagi stadionlarda bo‘lib o‘tadi.