Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Argentina terma jamoasining omadsizligi nimada?

Argentina terma jamoasining omadsizligi nimada?

Baho:
+ | -

Argentinaning hujumi ko‘proq hind kinolarini eslatib yuboradi. Chunki Bollivud kinolarida ham syujet asosan bitta qahramonga bog‘lanib qoladi.

Rejalashtirilmagan himoya. Jahon chempionatida kuchsiz jamoa bo‘lmaydi. Shunday ekan unga tayyor bo‘lib borish talab etiladi. Ammo shu darajaga javob bera oladigan futbolchilar bo‘lmasachi? Xususan, me’yorga javob beradigan himoyachilar yo‘q bo‘lsa. U holda izlanish kerak. Boshqacharoq rejalar tuzish kerak. Masalan, raqibni jarima maydonchasi yaqiniga yo‘latmaslik lozim. Bu esa yarim himoyadagi mukammallikka bog‘liq. Argentinaliklar saralash bahslaridayoq kuchli himoyaga ega emasliklarini isbotlab bo‘lishgan edi. Boisi terma KONMEBOLdagi 18 ta uchrashuvning o‘zidayoq 14 bor to‘p olib chiqishgandi o‘z darvozalaridan. Himoya ana o‘sha jarayonda shakllantirilishi kerak edi. Ammo Sampaoli bu jihatga e’tibor qaratmagan ko‘rinadi.

Darvozabon. Mundial arafasida darvozabon Serhio Romeroning jarohat olishi terma jamoa uchun eng katta yo‘qotish edi. Kecha hamma muhlislar Pep Gvardiola Kabaleroni nima sababdan “Chelsi”ga qo‘yib yuborganini tushunib yetdi. Darvozabon kuchsiz bo‘lsa, himoyachilar ishonchli harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. Himoyachilar qachon xato qiladi, albatta, raqib kuchli bosim qilganda. Murabbiy mana shu taraflariga ham e’tibor qaratmagan. Janubiy amerikaliklar Villyga ishonib qolishdi.

Markazdagi zaiflik. Futbol – jamoaviy o‘yin. Shunday ekan, har bir nuqtada eng yaxshi futbolchilar harakat qilishilari shart. Lekin murabbiy ko‘proq hujumni o‘ylaydiganlardan. Vaholanki, hujum asosi markazdan olinadi. Agar u kuchsiz bo‘lsa, jamoaning gol uradigan qismi yaxshi ishlamaydi emas, umuman ishlamaydi. Sampaoli “Barsa”ning asosiy kuchi markazda ekani, faqat Messida emasligini mundial yakunlangandan so‘ng anglab yetsa hayron qolmayman. “Barselona”da Serhio Buskets raqib hujumini qaytarish uchun xizmat qiladi. Ana o‘sha pozisiyadagi ustunlik, raqibni esankiratib qo‘yadi. Xorxeda esa bu nuqtada pichoqqa ilinadigan futbolchi yo‘q. Axir chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, deydilar.

Messiga bog‘langanlik. Balki bu yutuqdir. Ammo o‘tgan ikkita o‘yin buni kamchilik ekanini isbotlab turibdi. Argentinaning hujumi menga ko‘proq hind kinolarini eslatib yuboradi. Chunki Bollivud kinolarida ham syujet asosan bitta qahramonga bog‘lanib qoladi.

Bu esa ba’zan ma’nisizlikka olib keladi. Gollivudda esa istalgan obraz asosiy planga chiqaveradi. Shuning uchun g‘arb kinolarida turli xil ma’nolar kelib chiqaveradi. Agar Aguyero tarkibda ikkita bo‘lsa terma yutardi, ammo hozir Messining bittadan ortishi muqarrar mag‘lubiyat degani. Yarim himoyachilar hujumga chiqqan paytda Leoni axtarib qolishyapti. Messining “barrikada janglari”da qatnashayotganidan foydalanib, gol kiritish o‘rniga to‘pni unga uzatishmoqda. Natijada to‘p yo‘qotilyapti. Jamoa aynan mana shu vaziyatda qiyinchilikka yuz tutyapti. Balki Messini sal orqaroqqa qo‘yib, oldinga uchta – Aguyero, Dibala, Iguainni chiqarganda to‘g‘ri ish bo‘larmidi. Shunda boshqa futbolchilarga ham bo‘sh zonalar ochilib qolardi. Agar bir kun oldin o‘z o‘yinini o‘tkazgan Ispaniyada shunday hujumchilar bo‘lganda Eronga qarshi, albatta, ushbu uchlikni tashlagan bo‘lardi. Yirikroq hisobda, qiyinchiliksiz yengardi forslarni. Oldingdan oqqan suvni qadri yo‘q – haq gap!

Zahira. Men hamma termalar o‘zlarining yakuniy tarkiblarini e’lon qilishgan paytda ushbu jamoaning zahirasini ko‘rib hayratda qoldim. 2014 yildagi tarkib asosiga qurilgan. Shuningdek, “A” seriya to‘purari Ikardining chempionatga olib ketilmasligi sog‘ murabbiyning ishi emas. Uning ustiga tarkib qariyalardan tarkib topgan.

Noto‘g‘ri taktika. Diyego Maradona bir necha kun oldin Sampaolining taktikasi qanday ekanini tushunib yeta olmayotganini aytganda, ko‘pchilik tanqid qilgandi uni. Lekin Armandoning aytganicha ham bor ekan, Xorhening taktikasi qanaqa o‘zi? 2/2/1/3/2 mi yoki 4/1/1/2/2 mi? Xullas tushunib bo‘lmaydi. Ammo u mag‘rur!

Murabbiy. Asosiy muammo. U Argentinaning boshqa murabbiylari singari qo‘rqoq. Boisi u ham jamoani Messi atrofida qurgan. Termada Leoni aytgani – aytgan, degani – degan. Usiz qaror qabul qilinmaydi. Mauro Ikardi bunga yaqqol misol.

Vaziyat qanday? Hozirda Xorvatlar 6 ochko bilan “D” guruhida yetakchilik qilishmoqda. Argentinada – 1, Islandiyada ham – 1, Nigeriyada esa – 0 ochko bor. Bugun Islandiya – Norvegiya o‘yinidagi natija Janubiy amerikaliklarning “taqdiri”ni belgilab beradi. Agar Islandiya g‘alaba qozonsa, u holda keyingi 3-tur barchasini hal qiladi. Nigeriya yutsa, Argentina oxirgi turda Afrika vakilini yirik hisobda yengishi kerak bo‘ladi. Durang bo‘lsa ham shunday. Shuningdek, Xorvatiya ham vikinglar ustidan g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Xullas, vaziyat ham Sampaolining taktikasi singari o‘ta tushunarsiz va mavhum.

Manba: www.uza.uz
Kiritildi: 15:02, 22.06.2018.
O'qildi: 6920 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.