Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Sog‘lom turmush tarzi samarasi yoxud stomatolog, menejer va farroshlardan iborat Islandiya termasi haqida

Sog‘lom turmush tarzi samarasi yoxud stomatolog, menejer va farroshlardan iborat Islandiya termasi haqida

Baho:
+ | -

Rossiyada o‘tkazilayotgan JCH-2018 debyutanti - Islandiya termasi nisbatan qisqa vaqt ichidagi shiddatli taraqqiyoti bilan barchani lol qoldirmoqda. Chunki bu jamoa so‘nggi 25 yil ichida sezilarli tarzda o‘sishga erishdi.

Islandiyadagi ijobiy o‘zgarishlarni namuna sifatida targ‘ib etishni o‘rinli deb topdik. Xo‘sh, suvliklar qurshovidagi bu ovloq o‘lkada qanday voqealar yuz berdi?

KECH BO‘LSADA ERISHILGAN SHARAF

1993 yilning 2 iyuli. Reykyavik. Rossiya terma jamoasini qabul qilgan Islandiya 1:1 hisobidagi jangovar durangga imzo chekdi. Natija barchani birdek qoniqtirardi: mezbonlar o‘sha davrda yuksak salohiyatga ega bo‘lgan raqibdan yengilmadilar, ruslar esa JCH-94 startidan bir yil avval aynan island zaminida final bosqichi yo‘llanmasini naqd qildilar.

O‘sha pallada mehmonlarning AQSH mundialida guruhdan chiqa olmagan holda Oleg Salenkoning Kamerun darvozasiga urgan 5ta goli tufayli tarixga kirishlari hech kimning xayoliga kelmagandi.

1998 yilning 14 oktyabri. Yana Reykyavik. Bu gal mitti orol vakillari sayyoraning eng ulkan davlati vakillarini Kovtunning latifanomuz goli va debyutant Smertinning maydondan chetlatilishi evaziga tor-mor etishdi. Oqibatda Rossiya Yevro-2000dan deyarli umidini uzdi.

To‘g‘ri, keyinroq Oleg Romansevning mo‘’jizasi yana imkoniyat in’om etdi. Ammo Filimonovning «zaharli qovuni» 78 minglik «Lujniki»ni ko‘z yoshlariga g‘arq qildi. Islandiya ham hech bo‘lmaganda to‘qnash bellashuviga yo‘l olish uchun so‘nggi turgacha mardonavor jang qildi, «Stad de Frans»da Fransiya darvozasiga 2ta gol urdi. Lekin yakunda 4-pog‘onadan ko‘tarila olmadi.

Nihoyat, orolliklar to‘qnash bellashuv havosidan ham bahramand bo‘lishdi. Biroq bu sharafga ancha keyinroq - JCH-2014 arafasida erishishdi. Olis 90-yillarda esa Fransiya, Rossiya va Ukraina oyoqlari ostida o‘ralashib yurgan noshud jamoa hech kimning e’tiborini tortmagan, ammo islandiyalik qo‘shiqchi Byork o‘zining Homogenic albomi bilan butun Yevropani maftun etgandi.

VAYRONALARGA QARSHI YOPIQ INSHOOTLAR

Island millatining tubdan o‘zgarib ketishi xususidagi gap-so‘zlar ayni shu davrda paydo bo‘ldi. Spirtli ichimliklar va narkotik moddalar yoshlar uchun asosiy ermakka aylangan, ko‘rsatkichlar tobora dahshatli ko‘rinish olayotgandi.

1998 yilga kelib 15-16 yoshli o‘spirinlarning 42 foizi hech bo‘lmaganda bir oyda bir marta spirtli ichimlik iste’mol qilar, kashandalar 23 foizni, zaharli og‘u shaydolari 17 foizni tashkil etardi. «Biz ularni polisiya bilan qo‘rqitar, chekish oqibatida ilma-teshik bo‘lib ketgan o‘pka suratlarini ko‘rsatib, ogohlantirishga urinardik.

Biroq faqat shu yo‘l bilan hech narsaga erisha olmadik. Bizdan muhitni butunlay o‘zgartirish talab etilardi», - deydi ijtimoiy tadqiqotlar instituti xodimi Yon Sigfusson.

Yoshlar tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar jahonda yuz berayotgan yangiliklar, an’analar, yoshlarning qiziqishlarini sinchiklab o‘rganishdi. Ota-onalarni majburiy ravishda o‘z farzandlari bilan ko‘proq birga bo‘lishga, bolalar nima bilan mashg‘ul bo‘lishlarini aniqlash, uyga o‘z vaqtida qaytishlari va tunda ko‘chada yurmasliklarini nazorat qilishga da’vat etildi.

Loyihaning uchinchi bo‘limi yoshlarni sportga jalb etish bo‘lib, uni amalga oshirish eng qiyin vazifa hisoblanardi. Ommaviy ravishda ko‘plab zamonaviy sport inshootlarini bun-yod etish mittigina orol davlatning byudjeti uchun og‘irlik qilishi aniq edi. Boz ustiga, Islandiya sharoitiga faqat yopiq maydonchalar mos keladi.

Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan loyiha qanday samara berishini hech kim bilmasdi - sport va ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun o‘smirlarga plastik kartochkalar joriy etilib, yil davomida ballar berilar, keyinchalik ana shu ballarni sport snaryadlari yoki ekipirovkalarga almashtirish yo‘lga qo‘yilgandi.

Xullas, ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘ta qisqa vaqt ichida o‘z samarasini bera boshladi. Aniqrog‘i, kutilgan natijani keltirdi, desak umuman hech narsa demagan bo‘lamiz. Hatto, «kutilganidan ham a’loroq natijani berdi» iborasi ham muvaffaqiyatni to‘la-to‘kis ta’riflashga kamlik qiladi.

Ko‘rsatkichlarga e’tibor bering: 15 yildan keyin yoshlar o‘rtasidagi alkogol iste’moli 5 foizni tashkil etdi, kashandalar esa atigi 3 foizni. Narkotik moddalar hech kimni qiziqtirmay qo‘ydi, spirtli ichimliklar savdosi 35 foizga tushib qoldi. Eng salmoqli yutuq - mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanayotgan xarajatlar uch martaga qisqardi! Ya’ni, bemorlar kamaydi.

«XASTALAR» - 99,8 FOIZ

Ha, 15 yil ichida islandiyaliklar sportga oshno tutindilar. Hozir u yerda 30ta sun’iy qoplamali stadionlar, 150ga yaqin mo‘’jazroq maydonchalar futbolchilar ixtiyorida, UYEFA lisenziyalarini olgan mingga yaqin murabbiylar faoliyat yuritishmoqda, rasman ro‘yxatga olingan futbolchilar soni esa 20 ming nafar.

Aholining 16 foizi aynan futbol sohasida mehnat qilmoqda. Yevro-2016 doirasidagi Angliyaga qarshi o‘yinni Islandiya aholisining 99,8 foizi tomosha qildi.

Bu rekordni yangilashning deyarli iloji yo‘q! Fidoyilikning oliy namunasini ko‘rsatgan muxlislarni terma jamoa ajoyib g‘alaba bilan mukofotladi - nimchorak finalda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan futbol kashfiyotchilari yo‘lni Islandiyaga bo‘shatib berishdi.

Orolliklarning dastlabki muvaffaqiyati 2011 yilda qayd etildi. U-21 toifasidagi Yevropa chempionatida Shakiri yetakchiligidagi Shveysariya terma jamoasi o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Yarim final yo‘llanmasini beradigan ikkinchi o‘rin uchun Belarus, Islandiya va Daniya bahs olib bordi.

Buni qarangki, barcha da’vogarlar 3 ochkodan jamg‘arishgan, to‘plar nisbati ham bir xil - 3:5 edi. Faqat o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik evaziga Belarus musobaqani davom ettirdi.

Yakunda MDH vakili bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Lekin o‘sha qahramonlardan hech qaysisi keyinchalik yuksak saviyaga chiqa olmadi. Risoladagidek o‘yin ko‘rsatgan Islandiyaning 6 nafar a’zosi esa Yevro-2016da chinakam yorqin ishtirokni ta’minlashdi.

Yevro-2012 final bosqichida qatnashish imkoniyatini orolliklar avvalroq boy berishgandi - 8ta uchrashuv, 6ta mag‘lubiyat. Ammo JCH-2014ning saralashida jamoa hammani yoqa ushlashga majbur etdi. U-21 toifasidagi musobaqada toblangan Sigurdsson, Gudmundsson, Finnbogason, Byarnason va Sigtorssonlar jamoa o‘zagini tashkil etib, Islandiyaning 17 golidan 15tasini o‘z hisoblariga yozib qo‘ydilar.

Yakunda ular Shveysariyadan (yana o‘sha Shakiri yetakchiligidagi) keyin ikkinchi o‘rinni band etdilar. To‘qnash bahsda Xorvatiyaga duch kelib, yo‘llanmani boy berdilar (0:0 va 0:2). Shu tariqa JCH orzusi 4 yillik muddatga kechiktirildi.

Yevro-2016ga Islandiya Chexiya, Turkiya va Gollandiyani ortda qoldirgan holda yo‘l oldi.

Fransiyada bo‘lajak chempion - Portugaliya va Vengriya bilan durangga erishgach, Avstriya ustidan erishilgan g‘alaba (2:1) evaziga guruhdan chiqdi. Keyin esa Angliya ham tomoshabinlar safidan joy oldi. E’tiborlisi, mamlakat prezidenti Gudni Yoxansson ham o‘sha oqshom stadiondagi muxlislar orasida edi. Tabiiyki, bosh rahbarning e’tibori jamoaga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlagan.

STOMATOLOG, MENEJER VA FARROSH

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:56, 25.06.2018.
O'qildi: 4424 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.