Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

JCH-2018: Soniyalar soyasidagi voqelik

JCH-2018: Soniyalar soyasidagi voqelik

Baho:
+ | -

Hozir turli nashrlarda Argentina, Braziliya, ayniqsa, Germaniya terma jamoasi keskin tanqid qilinmoqda. Salbiy munosabatlarning sababi ma’lum: Lionel Messi va uning jamoadoshlari 2ta o‘yinda atigi bir ochko olishdi.

Tite va Yoaxim Lyov shogirdlari esa mundial guruh bosqichi 2-turida qo‘shib berilgan vaqtdagina g‘alabani o‘z tomonlariga og‘dirishdi. Haqiqatan ham, kutilmagan va ko‘nikilmagan holat. Lekin yuz bergan vaziyat, ko‘pchilik tomonidan ta’kidlanayotganidek, mazkur terma jamoalarning yomon o‘yin namoyish etayotganidan dalolat bermaydi.

Vaqtlar o‘tib, Rossiyadagi jahon chempionati tarixga aylanib, faqat statistikaga suyanib, mulohaza yuritilsa, balki aldamchi taassurotlar qog‘ozga tushar.

Biroq mundialning qaynoq nafasi ufurib turgan bir pallada bunday noo‘rin xulosalarni yozish tilga olingan terma jamoalarga nisbatan biroz adolatsizlik hisoblanadi.

Keling, bu o‘rinda birgina «nemis mashinasi»ning shvedlarga qarshi o‘yinning 82-daqiqasidan keyingi harakatlarini yodga olaylik. Jamoa maydonda 10 kishi bo‘lib qolgach, 87-daqiqada Mario Gomes raqib darvozasi tomon qanday ajoyib zarba yo‘lladi?!

Zarbaning golga aylanmagani hujumchining aybi emas aslo. Bu - shved golkiperi Robin Olsenning mahoratidan darak! Boshqalarni bilmadik, ammo bizda zarba ham, «seyv» ham katta taassurot qoldirdi. Bahsning 90-daqiqasida esa Shvesiya terma jamoasini darvoza ustuni goldan asradi.

Yulian Brandt qiyin vaziyatda zarba yo‘llashga imkon topdi. Taqdir esa darvoza ustuni vositasida nemis futbolchilarining g‘alabaga bo‘lgan ishonchlarini sinovdan o‘tkazdi. Ta’kidlash joiz, Yoaxim Lyov shogirdlari bu imtihon oldida esankirab qolishmadi.

Toni Kroos va Marko Roys kelishuvining oqibati shvedlarning xayoliga ham kelmadi. Ular jarima maydonida xotirjam holatda to‘p uzatilishini kutishdi. Marko esa Toni niyatini darhol tushundi va jamoadoshi turtgan to‘pni yana uning zarbasi uchun o‘nglab, dumalatdi. Bo‘ldi! Tamom!

Shu holatda shved va nemis futbolidagi farq mujassam. Demoqchimizki, qaltis lahzalarda nainki to‘p bilan muomala qilish mahorati, balki qanday o‘ynashni rejalashtirish ham muhim. Mushohadasiz futbol, baribir, to‘kis bo‘lmaydi. Ochig‘i, nemislar 1-turda ham uchrashuvning so‘nggi choragida Meksika terma jamoasini deyarli jarima maydoniga qamab qo‘yishgandi.

Darvozabon rahbarligidagi 10 nafar himoyachi esa bir amallab hisobni saqlashga erishdi. O‘sha o‘yinni kuzata turib, yosh muxlis Ikromali O‘ktamaliyev «Qoidalarga o‘zgartirish kiritilib, himoyalanayotgan jamoa vakillaridan faqat 5 nafarining jarima maydonida qolishiga ruxsat berish kerak!» - deb yubordi beixtiyor.

Yosh muxlisning hayajonli xitobida asos bordek tuyuladi ba’zan «avtobus»larni kuzatar ekansiz. Harqalay, jips himoya hech qachon futboldagi tarovat belgisi hisoblanmaydi va bundan halovat topish qiyin.

Xullas, Germaniya termasi avvalgidek o‘z uslubida o‘ynayapti. Ammo jamoa tarkibida yaqqol yetakchi, yorqin yulduz ko‘zga tashlanmayotgani bor gap. Avvalgi Tomas Myuller endi yo‘q. U maydonda go‘yoki, soyadek yuribdi. Faqat Toni Kroos imkon doirasida jamoani o‘z ortidan ergashtirmoqda.

Qolaversa, Yoaxim Lyovning Leroy Sane masalasida adashgani yaqqol sezilmoqda. Chunki «nemis mashinasi» tarkibida «Manchester Siti» vakili kabi raqib jarima maydonida suron ko‘taradigan futbolchi yetishmayapti.

Endi 27 iyun kuni mavjud variantlarga qanday  oydinlik kiritilishini kasb bayramimiz shukuhi bilan kuzatamiz va fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizga ardoqli kun muborak bo‘lsin, deymiz samimiyat ila! Unutmaylikki, jurnalist - jamiyat jonkuyari, matbuot - ma’naviyat va ma’rifat mash’alasi!

Shu jonkuyar mash’ala mundial manzaaralari bilan bizni tanishtirib, quyosh misol ko‘ngillarni yoritmoqda. O‘tgan yakshanba oqshomi faxriy jurnalist, taniqli yozuvchi Temur To‘raboyev qo‘ng‘iroq qilib, dilidagilarni to‘kib soldi: «Bir kun  men ham futbol haqida yozaman, shekilli.

To‘g‘risi, Messi dahosiga achindim. Xorvat futbolchisi ikki qo‘li bilan uning yelkasiga urib yiqitsa ham, Ravshan bunga e’tibor qaratmadi. Juda rahmim keldi, Messi bechoraga. Bitta gol urib, shodlikdan dunyoga sig‘magan panamaliklarga ham qoyil. Futbolchilarimiz loaqal o‘shalarchalik emasmilar?»

Ustozning ko‘nglini avaylab, Vasiliy Utkin bilan bog‘liq mojarolar va bu ziddiyatning xayrli yakuni xususida so‘zlamadik. Muloqotdagi bir jihat bizni ko‘proq qiziqtirdi. Bu - JONKUYARLIK! Jurnalist va ijodkor uchun zarur fazilat shu!

Mundial arafasida Stanislav Cherchesov keskin tanqidga uchraganda, rus jurnalistikasining keksa avlod vakillari bir mulohaza bilan uni tinchlantirishdi: «Biz dastlabki 2ta turda arab futboli bilan to‘qnashamiz va albatta, g‘alaba qozonamiz. Muhammad Salohning bir o‘zi jamoa bo‘lolmaydi.

Rus futboli arab dunyosinikidan nisbatan kuchli, baribir». «Qari bilganni pari bilmaydi» degani shu! Oxir-oqibat, keksa avlod haq bo‘lib chiqdi. Angliya va Belgiya terma jamoalari tomonidan ham ayni shu haqiqat isbotlandi. Shu ikki terma jamoa uyushtirgan gollar shousi sabab, muxlislar bu safargi mundialda ham futbol ekzotikasidan miriqishdi.

Garri Keyn, Romelu Lukaku, Eden Azar zavq bilan Tunis va Panama terma jamoalari darvozasini navbatma-navbat o‘qqa tutishdi. Hattoki, himoyachi Jon Stouns ham «dubl»dan rohatlandi. Nima bo‘lganda ham, raqiblar bobida omadi kulgan Angliya va Belgiya terma jamoalari dahanaki mavzulardan nari turib, maza qilgancha futbol o‘ynadi.

Endi navbat har ikki jamoaning o‘zaro olishuviga! Doimiy muxlislarimiz - G‘ulomjon aka Hamidov va Abduvali aka Abdurahimov shu bahsni tomosha qilish uchun Kaliningrad safariga hozirlanishmoqda. Murosasiz raqobatni bevosita stadionning o‘zida kuzatadigan baxtli muxlislarimiz taassurotlari bilan kelgusi maqolamizda o‘rtoqlashamiz nasib etsa!

Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:08, 01.07.2018.
O'qildi: 2944 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.