Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Nimchorak final: favqulodda o‘ktam o‘yinlar

Nimchorak final: favqulodda o‘ktam o‘yinlar

Baho:
+ | -1

Futbol sayyorasining tabiati qiziq. Bu sayyora quyoshi yoki quyoshlari tez-tez almashadi.

Astronomiya fani bilimdonlariga yaxshi ma’lumki, bepoyon galaktikalar dunyosida 2ta, 3ta, hattoki, 10ta quyosh porlab turadigan sayyoralar ham mavjud. Futbol dunyosi, uning o‘ziga xos sayyorasi ham bu kabi g‘ayritabiiylikdan xoli emas. Unda so‘nmas quyoshlar yo‘q.

Buyuk Pele, uning ortidan Yoxan Kroyff, Diyego Maradona, Ronaldo kabi daholar ko‘rsatgan betakror o‘yinlar tarixga aylandi. Bugun futbol sayyorasida Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu quyoshi porlab turibdi. Hozircha, albatta.

Chunonchi, bu ikki quyoshning bundan 2-3 yil avval ko‘zlarni qamashtirgan yorqin nurlari asta-sekin quvvatini yo‘qotmoqda. Fakt shuki, JCH-2018 nimchorak finali doirasidagi dastlabki 2ta bahs bu jarayonni anchagina tezlashtirib yubordi, go‘yo.

To‘g‘ri, qariyb 10 yil davomida «Oltin to‘p»ni boshqa biror da’vogarga bermagan argentinalik va portugaliyalik dahoning davri tugayotgani xususida mundialdan oldinroq fikr-mulohazalar bildirilgandi. Ammo millionlab ko‘ngillarda «Messi va Ronaldu dahosiga nahotki, mundial g‘olibligi nasib etmasa?!

Nahotki, ikkisi ham Yoxan Kroyff kabi faoliyatini armon bilan yakunlasa?! Yo‘q, har ikkovi bunga ko‘nmaydi! Ular jahon chempioni bo‘lish uchun oxirgi marta chinakamiga kurashadilar!» - qabilida shubha, gumon, ilinj, umid g‘ujg‘on o‘ynardi.

Ta’kidlash joiz, har ikki yulduz chorak final yo‘llanmasi yo‘lida borki imkonlarini ishga soldi. Keling, ularni ortiqcha ayblamaylik. Zero, nimchorak final uchrashuvida Ronaldu «Real» emas, balki Portugaliya termasida o‘ynadi, Messi esa «Barselona» emas, argentinaliklarni maydonga boshlab tushdi.

Xorxe Sampaoli qo‘l ostidagi Argentina termasi Xosep Gvardiola gullatib-yashnatgan «Barselona», Fernandu Santush murabbiyligidagi Portugaliya drujinasi esa Zayniddin Zidan zafarlarga boshlagan «Real» bo‘lolmadi. JCH-2018, betakror Rossiya mundiali Messi va Ronaldusiz qoldi.

Mundial manzaralari ko‘rkamligini ta’minlayotgan ikki quyosh birdan so‘ndi. Bir on, bir lahza mundialga qorong‘ulik cho‘mdi, go‘yo. Chempionat bir muddat g‘ariblashgandek tuyuldi barchaning ko‘ziga. Mundial dunyosi qanday voqealar sodir bo‘lganini anglamay, ma’lum muddat tik qotdi. Bir bahya, xolos.

Keyin hammasi o‘rniga tushdi. Yo‘q, futbol sayyorasi hech qachon qorong‘ulik qo‘ynida qolmaydi. Kilian Mbappe va Pol Pogba kabi «oftobcha»lar quyosh bo‘lmoq orzusida futbol osmoni uzra chaqnadilar. Lionel Messi, Anxel di Mariya, Serxio Aguerodek ulkan yulduzlar ularning poyiga tiz cho‘kishdi.

Salom, yoshlik va yangi davr, g‘ayrat va taraqqiyot tantanasi! Xayr, alamlarni ichga yutib, o‘tmishga aylanayotgan o‘ktamlik, og‘ir-og‘ir qadam tashlayotgan tanti ulkanlik!

Mundial dunyosi shu zayl Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu uchun iztirob chekdi. Ayni chog‘da har ikkisini yuksak ehtirom ila yupatdi. Ularni olovli olqishlar og‘ushida maydondan kuzatdi. Bundan boshqacha bo‘lishi tasavvurga sig‘maydi.

Yoshlar kunida gazetamiz mutasaddilari tashkillagan bayram dasturxonida, Messi va Ronaldu mag‘lubiyatlari arafasida faxriy jurnalist, futbol bilimdoni Yoqubjon aka Dadajonov ta’kidladilar: «Futbolning 50 yillik tarixi bizning avlod ko‘z o‘ngida namoyon.

Avval Pele va Kroyffni bir-biriga qiyoslardik, keyinchalik esa Pele va Maradona iqtidorini solishtirishga ko‘nikdik. Messi va Ronaldu raqobati esa hattoki, katta va kichik avlodni birdek hayratlantirdi. Har ikki buyuk iste’dodga, bu daholarni bizga tuhfa qilgan futbolga rahmat!» Hamma shu purma’no so‘zlar ta’sirida teleekran qarshisiga shoshildi.

Yaqqol sezildiki, 30 yoshlik dovonni hatlagan va hatlayotgan Messi, di Mariya, Aguero tomirlarida qon ko‘pirib toshmadi. Mbappe va Pogba, Pavar va Ernandes esa tutqich bermas tulporlar kabi to‘p ortidan yugurishdi, beqiyos ishtiyoq bilan, yutoqib-yutoqib hujumga tashlanishdi. Ularni jilovlab bo‘lmasdi.

Chunki yoshlikning bu hayratbaxsh g‘ayratini Grizmann va Jiru tajribasi qo‘llab-quvvatlayotgandi. Sampaoli aynan mana shunday huzurbaxsh quvnoqlikni topib, jamoasiga singdirolmagani uchun o‘zini ham, klublarida suyukli sanalgan shogirdlarini ham sindirdi. Argentina futboli yuzini yerga qaratdi.

Yevro-2016da Renato Santush degan yigitchaga ishonch bildirib, to‘g‘ri yo‘l tanlagan Santush esa bu safar Ronalduning ikki yonida qariyb 35 yoshni urib qo‘ygan Pepe va Kuarejmani ko‘rdi. Oskar Tabaresning hamlalardan toymas va tolmas jamoasi bu «qariya»larni butun borlig‘i bilan qarshi hujumlarda jazoladi.

Boshqacha aytganda, Tabares portugaliyalik hamkasbini futboldagi eng oddiy usulda aldadi. «PSJ» bilan YECHLda ezilgan Kavani esa imkoniyatdan foydalanib, shunchaki, yayradi. U ham charchog‘ini chiqarishi kerak edi va shunday qildi.

Xullas, nimchorak finalning dast-labki ikki bahsi muxlislarga beqiyos hayrat va hayajonlarni tuhfa ayladi. Bizni faqat bir jihat afsuslantirdi. Sampaoli topolmagan taktik sxema tufayli Dibala butun potensialini ko‘rsatolmadi. Ishonchimiz komilki, kelajak Dibalaniki! Muhtaram muxlis!

Mazkur mulohazalar shu ruhda yakunlanishi, maqolani tezroq tahririyatga yetkazishimiz kerak edi. Biroq nimchorak finalning 2-4-bahslarini tomosha qilmasdan bu ishga qo‘limiz bormadi. Nihoyat, pozitiv fikrlar o‘zini oqladi. Peshqo‘rg‘ondan Qurbonali Yo‘ldoshev «Men nima degandim!» - deya hayqirdi telefon orqali.

Teleekranda esa qiziqqon jurnalist David Maxalin ayiqdek bo‘kirdi mislsiz quvonch bilan. Avtogol muallifi - 38 yoshli Sergey Ignashevich butun borlig‘i bilan Rossiya himoyasiga otlandi. Umuman, ruslar jamoasi ilk bor tushkunlikka berilmay o‘ynadi, bosimga bardosh berdi.

Shunday o‘ynash, kuchli raqibni shu taxlit yengish mumkin ekan-ku. Oxir-oqibat, Igor Akinfeevning qo‘llari va oyoqlari Rossiya futboli uchun samarali ishladi. Bizning futbolimiz ham shu kabi omad va g‘alabalarga loyiq.

Demak, shunday shukuhli damlarni kutib yashaymiz! Ungacha esa Andres Inyestani Ispaniya terma jamoasidan birgalikda kuzatamiz. Yuqorida ta’riflangan ikki quyoshdan kam bo‘lmagan odamiylik oftobi bo‘lib futbolda yashaydi u.  

E’tiborlisi, nimchorak finalning 3-4-bahslari darvozabonlar o‘rtasidagi duelga aylanib ketdi. Igor Akinfeev ispan David de Xeadan, xorvat Daniel Subashich esa Kasper Shmeyxeldan ustun. Oh-oh, qanday sovuqqonlik, qanday jasorat, qanday chaqqonlik! Yashasin, darvozabonlik effekti!

Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:34, 04.07.2018.
O'qildi: 4193 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.