Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Pyerluiji Kollina: «Dahshatli xatolar o‘tmishda qoldi»

Pyerluiji Kollina: «Dahshatli xatolar o‘tmishda qoldi»

Baho:
+ | -

FIFA Hakamlar qo‘mitasi rahbari Pyerluiji Kollina va Hakamlar departementi direktori Massimo Buzakkaning ishontirib aytishlaricha, JCH-2018da qo‘llanilayotgan yangi tizim (VAR) o‘tmishda uchragan qo‘pol xatolarga qaratilgan kuchli zarbadir.

Ko‘pchilik italiyalik sobiq referi o‘yinlarni o‘ziga xos qattiqqo‘llik bilan boshqarganini yaxshi eslaydi. Massimo Buzakka haqida ham shunday deyish mumkin.

Ular joriy chempionat boshlanishi arafasida naq 1,5 soat davomida matbuot vakillariga videoassistent tizimi qanday ishlashi va hakamlikka doir boshqa masalalar haqida atroflicha ma’lumot berishgandi.

Maxsus anjumanda Kollina va Buzakkaga aynan hamyurtimiz Ravshan Ermatov hamda braziliyalik Sandro Richchining hamkorlik qilishgani e’tiborga molikdir.

Kechroq bo‘lsada, o‘sha matbuot anjumanini yoritmoqchimiz, chunonchi, JCHdagi hakamlik eng muhim masalalardan biri hisoblanadi, albatta.

Pyerluiji KOLLINA: «Bosh vazifa - futbolchilar va o‘yin imidjini himoya qilish»

Anjumanni Kollina o‘ziga xos quvnoqlik bilan ochib berdi: «Xayrli kun! Hakamlik ishiga qiziqish bildirayotganinglar uchun rahmat. Abu-Dabida o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi JCHdan keyingi 6 oy davomida hakamlar uchun naq 5ta to‘laqonli seminar tashkil etdik.

Umuman, mundialga tayyorgarlik ishlarini JCH-2014dan keyinoq boshlab yuborgandik. Tabiiyki, referilarga maxsus ko‘rsatmalar ham ishlab chiqdik va ular o‘yinlarni shunga muvofiq boshqarishlari kerak. Asosiy vazifamiz barcha hakamlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishdir.

Chunonchi, avvalo, o‘yinchilar xavfsizligini ta’minlab, futbol imidji hamda mundial obro‘sini saqlab qolishimiz zarur. Har bir o‘yindan oldin referilarga raqib jamoalarning qanday o‘ynashi xususida taktik xulosalar taqdim etiladi.

O‘yinni shu yo‘sinda boshqarish nisbatan oson, zero, haqamning maydonga tushadigan jamoalar haqida ma’lum tushunga ega bo‘lishi muayyan vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishiga yordam beradi.

Massimo BUZAKKA: «Sifatli hakamlikdan ham zavqlanish mumkin»

Kollina kirish qismidagi gapini tugatgach, navbat Buzakkaga berildi: «Avvalo, JCH-2014dan keyin 4 yil davomida xuddi har bir terma jamoa kabi izchil ish olib borganimizni ta’kidlayman. FIFA hakamlarni munosib tayyorlash uchun katta xarajat qilganini ham aytishim o‘rinli.

Ya’ni eng oliy darajadagi sharoitlar yaratib berildi. Demak, talab shunga yarasha katta bo‘ladi. Moskvaga turnir startidan 10 kuncha oldin keldik. Tabiiyki, oldimizda ulkan maqsad va o‘ta mas’uliyatli vazifa turibdi. Yo‘q, referilarga bosim o‘tkazmayapmiz, shunchaki, ular bajarilgan ishimiz mahsulini amalda ko‘rsatsalar, bas.

Aytishim joiz, sinov jarayonida barcha hakamlar to‘g‘ri qarorlar qabul qilishdi. Bu ularning jahon chempionatiga tayyor ekanliklarini anglatadi. Umuman, har bir referi tayyorgarlik naqadar muhimligini teran tushunib, astoydil ishladi. O‘ylaymanki, endi buning samarasini ko‘rish vaqti keldi.

Odatda hakamlarni futbolchilar bilan taqqoslashni xush ko‘raman. Zero, sifatli hakamlik bilan ham muxlislarga o‘zgacha zavq ulashish imkoni bor. Har kuni referining o‘yin chog‘i kerakli vaqt kerakli nuqtada bo‘lishi ustida ishlaymiz. Buning uchun hattoki, maxsus mutaxassislarni jalb etganmiz.

Hozircha natijalardan mamnunmiz va bemalol aytaman, ulkan jamoamiz har bir ishtirokchi termadek JCH-2018ga mutlaqo shay. Ishimiz sifatini oshirishda futbolchilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatish va o‘yinlarni umumiy qoidalardan chetga chiqmagan holda, boshqarish muhim.

Deylik, futbolchilar bilan iliq munosabat o‘rnatmay turib, biror natijaga erishish mushkul. Asosiy niyatimiz - hakamlar ham futbolchilar kabi o‘yindan zavqlanishni istashlarini amalda isbotlash».

Massimo BUZAKKA: «VAR - bu birinchi navbatda, profilaktika vositasi»

Matbuot anjumanining katta qismi VAR tizimiga bog‘liq ma’lumotlarga bag‘ishlandi. Zero, bu tajriba jahon chempionatida ilk bora qo‘llanilmoqda. Buzakkaning ta’kidlashicha, FIFA rahbarlari eng ma’qul tizimni yaratish uchun mablag‘ni ham, kuchni ham sira ayamagan.

. Asosiy maqsad bitta - hakamlik xatolarini minimal darajada pasaytirish. Eng muhimi, bosh rol inson qo‘lida qoladi, ya’ni texnologik vosita birinchi o‘ringa chiqib ketmaydi: «VAR tizimini profilaktika vositasi sifatida qabul qilish kerak.

Stadionlarga tizimning bexato ishlashi uchun yetarlicha kameralar o‘rnatilgan, shunday ekan, tajriba muvaffaqiyat keltirishi kerak. Futbolchilarga bu masalada eng zarur ma’lumotlar yetkazildi, tushuntirish ishlari olib borildi. Umid qilamizki, ular barchasini to‘g‘ri tushunishdi va endi VAR tizimi aralashuviga ehtiyoj sezilgan holatlarda o‘zlarini munosib tutishadi.

Ya’ni ortiqcha janjal ko‘tarishmaydi. Binobarin, sportchilarga mos kelmaydigan noprofessional harakatlar aslo kechirilmaydi. Bordiyu, shunday holat kuzatilsa, referi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatadi. Bu borada Hakamlar qo‘mitasining alohida ko‘rsatmasi bor.

Ushbu loyiha muallifi - Roberto Rozetti. Bu juda og‘ir va mas’uliyati baland ish. Muhimi, Roberto barchasini uddaladi. To‘g‘ri, ayrimlar VARni jahon chempionatiga tatbiq etishda shoshilganimizni ta’kidlashmoqda. Lekin ishoning, bu yo‘nalishda yuqori sur’atda ishladik va tajriba samara keltirishiga zarracha shubhalanmayapmiz.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlash kerak, tizim hakamlarga nechog‘li qo‘l kelishidan qat’iy nazar, ularning ishlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Boshqacha aytsam, har qanday holatda ham, hakamlikda bosh rol referi qo‘lida qoladi, VAR esa shunchaki, ko‘z bilan ilg‘ash mushkul bo‘lgan vaziyatlarni baholash uchun xizmat qiluvchi vosita, xolos.

Demoqchimanki, yaq-qol xato kuzatilgan payt hakam VARga murojaat etadi, lekin yakuniy qarorni o‘zi qabul qiladi, baribir. Qaytaraman, VAR xatolarni joyida tuzatishga qaratilgan juda muhim profilaktika vositasi, xolos».

Massimo BUZAKKA: «Adolatli natija sarflangan vaqtdan muhim»

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:16, 05.07.2018.
O'qildi: 4683 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.