Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Janni Infantino: «Mundial ishtirokchilari soni ortsa, sifat buzilmaydi»

Janni Infantino: «Mundial ishtirokchilari soni ortsa, sifat buzilmaydi»

Baho:
+ | -

Mundial yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumaniga volontyorlar kiyimida tashrif buyurgan FIFA prezidenti Janni Infantino 77 daqiqa mobaynida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- G‘aroyib jahon chempionati guvohiga aylandik, - deydi FIFA rahbari. - Bir-ikki yil avval ham shunday bo‘lishini ta’kidlagandim, endi esa ishonchim yanada ortdi. Asosiy aktyorlar, albatta, maydonda javlon urishdi - o‘yinchilar, murabbiylar va hakamlar. Barcha 32 jamoani tabriklayman.

Ular bizni yana orzu qilishga undashdi. Ayniqsa, finalgacha yetib kelgan Fransiya va Xorvatiya uchun xursandman. Xorvatiya va Belgiya kichik mamlakatlar degan tushunchaning ahamiyatsiz ekanligini isbotlashdi. Barchasini o‘yin sifati belgilaydi. Turnir tashkilotchilariga ham katta rahmat aytmoqchiman.

- Rossiya mundiali - futbol tarixidagi eng yaxshisi, dedingiz. Gaplaringizga isbot keltira olasizmi?

- Stadionlar 98 foizga to‘ldi. Boshqa mamlakatlardan millionlab ishqibozlar tashrif buyurishdi. Finalni 3 milliarddan ortiq teletomoshabin kuzatdi. Doping-tekshiruvlarda qoidabuzarliklar aniqlanmadi. Faqatgina bitta o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi.

20 yildan buyon futboldaman, ammo bunday tashkilotchilikni ko‘rmaganman: aeroportlar, stadionlar, xavfsizlik. Ajoyib do‘stona muhit hukm surdi. Bu faqat mening fikrim emas.

- Jahon chempionati oldidan Rossiya prezidenti bilan uchrashdingiz, endi esa bu mamlakatni ko‘pchilik yoqtirib qolganini ayt-yapsiz. Doping va boshqa jazolar «qurbon»lari bunga qanday qarashlari kerak? Qandaydir me’yor o‘rnatilganmi?

- Dunyoda adolatsizlik ko‘p kuzatiladi. Ayrim jarayonlar biz xohlagandek kechmaydi. E’tirozimizga sabab bo‘layotgan, o‘zgartirishga muhtoj jihatlar ko‘p. Bu muayyan mamlakat emas, balki butun jahonda ro‘y bermoqda.

Nimanidir o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, alohida suhbat o‘tkazish lozim, aynan dialog - to‘g‘ri qarorlar asosidir. Hozir jahon chempionati haqida gapiryapmiz. Masalalar yechimiga qo‘shadigan hissamiz ushbu mashhur o‘yinga bog‘liq. Futbol yordamida o‘tmishni o‘zgartirolmaymiz, ammo yorqin kelajakka zamin hozirlashimiz mumkin.

Sayyoramizda muhim qarorlar chiqarayotgan shaxslar bizga quloq tutishsa bo‘lardi. Balki futbolda amalga oshirayotgan ishlarimiz ularni ruhlantirar? Demak, ushbu mundial orqali qo‘shayotgan ulushimizdan unumli foydalanishimiz darkor.

- JCH-2018da Yevropa termalari o‘zlarini ko‘rsatishdi - yarim finalda faqat shu qit’a vakillari qatnashishdi. Bunday holatda FIFA qanday chora qo‘llashi mumkin?

- Yevropadan ham, Janubiy Amerikadan ham jahon chempionlari chiqqan. Avvalgi mundiallarda Braziliya va Argentina ham zafar quchishgan. Keling, Xorvatiyani futbol rivojining lokomotivi sifatida qabul qilamiz.

Muvaffaqiyat zamirida o‘yinchilar tayyorgarligi, muayyan mamlakatdagi futbolga bo‘lgan e’tibor yotibdi. Bunday misollar boshqa jamoalar uchun motivasiya vazifasini bajarishi lozim.

- Ko‘pchilikning tanqidiga yo‘liqqan Neymarning o‘yiniga qanday baho berasiz?

- Birinchi navbatda, uning buyuk o‘yinchi, futbol afsonasi ekanligini ta’kidlamoqchiman. Neymar haqida yomon so‘z aytolmayman. O‘ylashimcha, kelajakda u nimalarga qodirligini yanada yorqinroq namoyish etadi.

- Argentina termasi va Leo Messining o‘yini haqida nima deya olasiz?

- Butun dunyo Argentinadan ko‘p narsa kutgandi. Ammo bu jamoa o‘ta qiziq kechgan 1|8 final bahsida Fransiyaga yutqazdi. Ishonchim komilki, keyingi mundialda biz yanada kuchliroq Argentinaning ishtirokini ko‘ramiz.

Messi fantastik o‘yin namoyish etdi. Bu futbolchining yana o‘n yil davomida yuqori saviyada to‘p surishiga shubha qilmayman.

- O‘yinlar o‘tkazilayotgan payt turli davlatlarning rahbarlari bilan yonma-yon o‘tirasiz. Ular bilan nima haqida suhbatlashasiz?

- Ular ham tirik insonlar. O‘z jamoalariga muxlislik qilish, quvonishni xohlashadi. Albatta, futbol va his-hayajonlar haqida gapiryapmiz. Bunday pallada hakam vazifasini o‘tashga to‘g‘ri keladi - kimnidir yupatish, boshqasini tabriklashimiz kerak.

- FIFA videoassistentlar tizimi(VAR)ning ishidan qanday xulosa chiqardi?

- Biz bu tizimni ikki yil avval sinovdan o‘tkazgandik. Dastlab unga qarshi chiqqandim, ammo o‘ylab qoldim: tekshirmasdan turib baho berish to‘g‘rimi? Shu tariqa VARni jahon chempionatida ishlatib ko‘rishga qaror qildik.

Natijalar - ijobiy. 62ta o‘yinda 19 marta ushbu tizimga murojaat etilib, 16ta holatda u hakamning to‘g‘ri qaror chiqarishiga yordam berdi. Bu - o‘sish degani! VAR futboldagi holatlarni o‘zgartirmaydi, shunchaki, o‘yinni adolatli va tushunrali qilishda asqotadi.

Aynan shu tizim tufayli 99,32 holatda to‘g‘ri qaror chiqarilishini ta’minladik. Avvallari hakamlar «ofsayd» holatida urilgan gollarni payqamay qolgan bo‘lsalar, endi bunaqasi kuzatilmaydi.

Shuningdek, atayin ishlatilgan qo‘polliklar tufayli qizil kartochka ko‘rsatish holati ham ko‘p kuzatilardi, endi esa ularning soni sezilarli kamaygan. Futbolchilar qaysidir raqibiga tirsagi bilan zarba yo‘llashdan avval buni hamma ko‘rishi mumkinligi haqida o‘ylashadi.

Maydondagi hakam ko‘rmasa ham, videoassistentlar nigohidan qochib bo‘lmaydi. Portugaliya va Eron jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Ronalduning holatini eslang. Videotakrorlardan so‘ng referi Krishtianuga sariq kartochka ko‘rsatdi.

Agar hakam uning raqib yuziga zarba berganini ko‘rganida, chetlatish guvohiga aylanardik. Jahon chempionatiga VAR tizimini tatbiq etganimizdan xursandmiz. Endi yirik turnirlarni usiz tasavvur qilish qiyin bo‘ladi. Adolat qaror topmoqda. Biz bunga intildik va niyatimizga yetdik.

- Miya chayqalishi bilan bog‘liq jarohatlarning ortayotganiga qanday qaraysiz?

- Sportchining sog‘lig‘i - juda muhim, bu masalaga jiddiy yondashamiz. Tibbiy ekspertlarimiz barchasini tahlildan o‘tkazishdi. Futbolchi maydonga qaytadimi yoki yo‘q, buni faqat jamoa shifokorlari hal qilishadi. Bunday vaziyatlarni yana bir necha marta ko‘rib chiqib, uni o‘nglashga intilamiz.

- Butun dunyo Tailanddagi g‘orga qamalib qolgan yosh futbolchilarning holatini kuzatib bordi. Ularni Moskvadagi final uchrashuviga taklif qilganingizdan xabarimiz bor, ammo shifokorlar qo‘yib yuborishmadi.

Balki Qatarda o‘tadigan JCH-2022 finaliga tashrif buyurishar?

- Ushbu voqea barchamizga ta’sir qildi. Axir bu futbol jamoasi. Qatarga taklif qilish g‘oyasi ajo-yib. Mazkur masalani o‘ylab ko‘ramiz.

- FIFAning rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalari bormi?

- Albatta, bor. Shaxsan o‘zimda har kuni 10ga yaqin g‘oyalar tug‘iladi va bu holat qo‘l ostimdagi xodimlarning hayotini qiyinlashtiradi (kuladi). To‘g‘ri, g‘oyalarning 99 foizi qanday paydo bo‘lsa, shundayligicha qolib ketaveradi.

Biz butun dunyoda futbol sifatini oshirmoqchimiz, yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarga investisiya yo‘naltirishni o‘ylayapmiz. O‘z navbatida, klublar o‘rtasidagi jahon kubogi bo‘yicha yangi rejalarimiz bor, ayollar futbolini ham yoddan chiqarmayapmiz.

Axir Yer sayyorasi aholisining 50 foizini ayollar tashkil etadi. Demak, ularga ham adolat yuzasidan munosabat bildirish lozim.

- JCH-2018da ko‘pchilik pul ishladi: siz, men, hamkasblar, futbolchilar, murabbiylar. Faqatgina volontyorlar tekinga ishlashdi, boz ustiga, tongdan oqshomga qadar.

O‘ylashimcha, bu noto‘g‘ri. Qatarda o‘tadigan JCH-2022 paytida bunday mehnatlar ham munosib rag‘batlantirilishi haqida o‘ylamayapsizmi?

- Butun dunyodagi barcha sport tadbirlari ko‘ngillilar ko‘magida tashkillashtiriladi. Qarang, mening egnimda ham volontyorlar kurtkasi. Ular FIFA prezidenti va ko‘mak olgan barchaning hurmati va minnatdorchiligiga sazovor bo‘lishdi.

- Nima sababdan 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48tagacha oshirish haqida qaror chiqarildi? Sizningcha, bu futbol sifatini ko‘tarishda ish beradimi?

- Ushbu masalani astoydil ko‘rib chiqdik va FIFA kengashi jamoalar sonini 32tadan 48tagacha oshirishga qaror qildi. Yodingizda bo‘lsa, dastlabki chempionatlarda 12ta terma qatnashgan. Keyinchalik ushbu ko‘rsatkich 16taga, so‘ngra 32taga yetdi. Endi esa 48ta bo‘ladi.

Bu FIFAga a’zo federasiyalarning 25 foizidan ham kam. Xabaringiz bor, Chili, Italiya, AQSH, Kamerun, Turkiya singari jamoalar JCH-2018 final bosqichidan chetda qoldi. Mana sizga javob. Sifat esa yuqoriligicha qolaveradi.

Finalga Xorvatiya chiqishi mumkinligini kim taxmin qilgandi? Panama mundiallardagi dastlabki golini urgach, ushbu mamlakatdagi bolalar futbol maktablariga kirish harakatiga tushishdi.

- Qatar-2022 o‘tkaziladigan sana haqida aniq ma’lumot bersangiz.

- U 21 noyabrda boshlanib, 18 dekabrgacha davom etadi. Umid qilamizki, o‘yinchilar yaxshi formada bo‘lishadi, zero mundial mavsum boshlariga to‘g‘ri keladi. Yevropa va boshqa qit’alardagi ligalarni bu borada ogohlantirganmiz.

- Qatardagi mundialda nechta jamoa qatnashishi bo‘yicha yakuniy qaror qachon e’lon qilinadi?

- Ushbu mamlakatlar vakillari bilan o‘tkaziladigan muzokaralardan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Biz barcha variantlarni ko‘rib chiqishga tayyormiz.

- JCH-2026 uchta davlat - AQSH, Kanada va Meksika stadionlarida o‘tadi. FIFA barcha tashkilotchilik masalalarini hal qila olarmikan?

- Bunga shubha qilmayman. Bu uchta mamlakat jahon chempionatini o‘tkazishga tayyor holga keltiriladi.

- Balki turli qit’alarga beriladigan kvotalar sonini o‘zgartirish kerakdir?

- Siz Afrikadan 30ta, Yevropadan 2ta jamoa qatnashishini xohlaysizmi? Unda afrikaliklar katta ehtimol bilan finalga chiqishadi. JCH-2018da Senegal va Nigeriya yorqin futbol namoyish etishdi.

Hozirgi paytda qo‘llanilayotgan ishtirokchilar kvotasi tuzilganiga ancha yillar bo‘ldi, u tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu ko‘rsatkich 48taga yetganida ko‘p narsa o‘zgaradi.

O‘shanda «qora qit’a»dan 9tagacha terma jamoa mundialda qatnashishi mumkin. Mabodo, jahon chempionati Afrikada o‘tkazilsa, qatnashchilar soni 10ta bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

- JCH-2026 AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilishi haqida so‘z bordi. Ushbu fakt JCH-2030ga Urugvay, Paragvay hamda Argentina mezbonlik qilishi mumkinligini inkor etmasa kerak?

- Arizalar juda ko‘p bo‘ladi, ammo bu holat yakuniy qaror chiqarishga ta’sir o‘tkazmasligiga ishonchim komil.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 23:16, 30.07.2018.
O'qildi: 2792 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.