Kirish Ro'yxatdan o'tish

Prezident jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi

Prezident jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT
Rukn: Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, ilgarigi davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, uning vazifa va vakolatlari kengaytirildi.

Sportchilarni tanlab olish – seleksiya ishlarini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, bu o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Avgust-sentyabr oylarida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza – jami 70 ta medalni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz oltin medallar soni bo‘yicha 5-o‘rinni egallagani o‘zbek sporti tarixida eng yaxshi natija bo‘ldi.

– Biz xalqaro sport maydonlarida O‘zbekistonning nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga katta hissa qo‘shgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta e’tibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilib berildi. 

Aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullantirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta’lim muassasalaridagi sport ob’ektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. 

Bundan tashqari, joylardagi bo‘sh turgan xususiy ob’ektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat ko‘rsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi.

Shu bois Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda ta’lim muassasalaridagi sport inshootlari hamda bo‘sh turgan ob’ektlarda sport seksiyalarini ochish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi zarurligi ta’kidlandi. 

Tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko‘paytirish, g‘olib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan pullik mukofotlar bilan rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish uchun “Alpomish” va “Barchinoy” testlarini musobaqa tarzida o‘tkazishni hamda uch darajadagi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlashni joriy qilish vazifasi qo‘yildi. 

Korxonalar, ta’lim muassasalari, istirohat bog‘larida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashg‘ulotlarini o‘tkazish e’tibordan chetda qolib ketgani qayd etildi. Bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targ‘ib qilish maqsadida doimiy ko‘rsatuv va ijtimoiy roliklar tayyorlab, televideniye orqali namoyish etish lozimligi ta’kidlandi. 

– Mamlakatimizda sportni ommalashtirish bo‘yicha besh yillik milliy konsepsiya ishlab chiqish zarur. Aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib, sog‘lom turmush kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olib, odamlarning umrini uzaytirish konsepsiyaning asosiy yo‘nalishi va natijasi bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda federasiyalarning ishi sustligi sababli ot sporti, suzish, qilichbozlik, o‘q otish va jamoaviy sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yaxshi natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi. Shu bois Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan olimpiya tayyorgarligi markazlarini 2020 yilga qadar foydalanishga topshirib, ularda Xitoy tajribasini qo‘llash, ya’ni sportchilarning markazda doimiy istiqomat qilib, maqsadli tayyorgarlik ko‘rish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Mutasaddi rahbarlarga  barcha sport federasiyalari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, ularning ishini, ayniqsa, seleksiya yo‘nalishini tubdan yaxshilash, rahbar kadrlarning mas’uliyatini oshirish topshirildi. 

Malakali murabbiylar kamligi, xususan, qishki sport turlari bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi qayd etildi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga murabbiylar tayyorlashni takomillashtirish, ularga lisenziya berish mexanizmini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi. 

Bolalar sporti inshootlarini barpo etish, qurilishda zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi. 

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilda 56 ta sport ob’ektini qurib, foydalanishga topshirish, ushbu maqsadlarga 362 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Lekin 10 sentyabr holatiga ko‘ra, atigi 113 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolmoqda. 

Tegishli vazirlik va tashkilotlarga sport ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2019 yilgi manzilli dasturini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Yig‘ilishda 2020 yil Tokioda o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Mamlakatimiz sportchilarining ko‘plab lisenziyalarni qo‘lga kiritishi hamda munosib ishtirok etishi uchun tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi rahbarlarning sohadagi muammolarni bartaraf etish, aholini ommaviy sportga keng qamrab olish, professional sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha hisobotlari eshitildi. 

Manba: www.president.uz
Kiritildi: 20:12, 20.09.2018.
O'qildi: 2888 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.