Xabaringiz bor, poytaxtimizda suv polosi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati boshlandi. Ushbu nufuzli musobaqaga bir qator martabali mehmonlar tashrif buyurishgan. Jumladan Xalqaro suzish federasiyasi (FINA) Prezidenti Xulio Sezar Maglione, Osiyo suzish federasiyasi Bosh kotibi Taxa Sulaymon Al-Kishri kabi mutasaddilar ayni paytda Toshkent shahrida bo‘lib turishibdi.
Qayd etish lozimki, endi Olimpiya o‘yinlarida suv sporti turlari bo‘yicha eng ko‘p medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Tashkilot Olimpiya o‘yinlari dasturidagi medallar jamlanmasi soni bo‘yicha Tokio 2020 o‘yinlarida yengil atletikani ham ortda qoldirdi. Shu sababdan ham suv sporti turlarini rivojlantirishga bundan buyon alohida e’tibor qaratiladi.
Bugun, 24 oktyabr kuni mehmonlar Milliy olimpiya qo‘mitasiga ham tashrif buyurishdi. Ularni Bosh kotib Jasur Matchanov kutib oldi. Tomonlar uchrashuv davomida bir qator masalalar yuzasidan muzokara olib borishdi, fikr almashishdi.
«O‘zbekiston Osiyoning kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Yurtingizda suv sporti turlari bilan shug‘ullanish uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan», – deb so‘z boshladi janob Maglione.
O‘z navbatida Jasur Matchanov ham yurtimizda nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilish tajribasi mavjud ekanligi, kelajakda bundan ham yirikroq musobaqalarni o‘tkazish rejada bor ekanligi haqida gapirdi.
«Yurtimizda suv sporti turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kelajakda bundan ham nufuzli musobaqalarni o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Oldimizda turgan suv polosi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini ham yuqori saviyada o‘tkazishga harakat qilamiz. O‘zbekistonda suzish ommaviyligini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Strategik reja asosida suv sportini ham rivojlantiramiz va Olimpiya o‘yinlarida ham medal qo‘lga kiritmoqchimiz», – dedi Jasur Matchanov.
Shuningdek, MOQ Bosh kotibi uchrashuv davomida mamlakatimizga malakali murabbiylar, suzish bo‘yicha jahon yulduzlarini taklif etish, ular ishtirokida seminar, master-klasslar tashkil qilish masalasiga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda sport rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Xalqaro suzish federasiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, O‘zbekiston kelajakda nafaqat Osiyoda, balki jahon miqyosida ham yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishiga umid qilayotganini aytib o‘tdi. O‘z o‘rnida FINA rahbari Xulio Sezar yurtimizga suzish bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni yuborishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida Jasur Matchanov an’anaga muvofiq Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan martabali mehmonlarga esdalik sovg‘asini taqdim etdi.
So‘ngra mutasaddilar Milliy olimpiya qo‘mitasi muzeyini tomosha qilishdi va Xulio Maglione mehmonlar kitobiga o‘z dil izhorlarini, samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.