«MYU» klubi va Angliya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Pol Skoulz matbuotda uncha ko‘p chiqish qilmaydi.
Lekin ustamon jurnalistlar vaqti-vaqti bilan tabiatan kamsuqum afsonaviy futbolchidan ham fikr olishni eplashadi.
Xullas, xorijlik hamkasblarimiz yaqinda «buyuk mallasoch»ni intervyu berishga ko‘ndirishdi hamda u avvalo, o‘zi va «qizil iblislar», xususan, sobiq jamoasining hozirgi holati haqida atroflicha to‘xtaldi.
«Aslida bolaligimdan dilimdagini tilimga chiqarishga odatlanganman», - dedi mallasoch angliyalik suhbat boshida. Darhaqiqat, u hech qachon o‘z hissiyotlarini yashirgan emas. Hozir ham shunday - kam gapiradi, ammo andishadan mutlaqo yiroq, o‘ylaganini aytadi, tamom: «Agar nimagadir baho berishni so‘rashsa, mamnuniyat bilan shaxsiy fikrimni bildiraman. Bu to‘g‘ri yoki xatoligi men uchun muhim emas.
Shunchaki, xuddi otam kabi «MYU»ning ashaddiy muxlisiman. U har qanday vaziyatda ham, suyukli jamoasining uy va safar uchrashuvlariga boradi, bunga imkon topadi. Qarangki, o‘g‘lim ham bizga tortdi - doimo avtobusda jamoa ortidan quvgani-quvgan. Ba’zan u bilan qaysidir o‘yinni muhokama qilishni xohlayman.
Ammo o‘g‘lim barcha uchrashuvlarni eslashga qiynaladi. Uning hamroh do‘stlari ham ajoyib. Deylik, hammalari kubok turniriga qur’a tashlanishidan oldin «MYU»ga iloji boricha olisroq joydagi jamoa raqib bo‘lishini istashadi.
To‘g‘ri, ularning xohish-istaklari futbolchilarnikidan farq qiladi. Umuman, muxlislar orasida ulg‘ayganim boismi, ularning tabiatini chuqur o‘rganganman. Vaqtida otam hamrohligida qanchadan-qancha o‘yinlar guvohiga aylandim.
Misol uchun, «Old Trafford»da «Chelsi»ga qarshi kechgan bahs bezorilar o‘rtasidagi mushtlashuv bilan boshlangani esimda. O‘shanda qattiq qo‘rqganimni ham tan olaman. Otam qo‘limdan mahkam tutgancha meni xavfsiz joyga olib o‘tgandi. Shoshilinchda poyafzalimni yo‘qotib qo‘ygandim...».
- Bolaligingizda siz bilan stadionga kelgan do‘stlaringiz bilan ko‘rishib turasizmi?
- Yo‘q. Ko‘pincha payshanbadan dushanba kunigacha ichishdan to‘xtamasdik. Ba’zan o‘yin arafasida tun bo‘yi ko‘ngilxushlik qilardik. Xullas, stadionga borish va ortga qaytishda avtobus ichida tinmay ichadigan muxlislar orasida edim.
Tez orada ular bilan aloqani butkul uzish kerakligini tushundim. Ishchilar sinfidan chiqqan fanatlar tabiati shunaqa... Ular hozir ham katta guruh bo‘lib yuradilar. Futbolchiga esa bunday yurish mumkin emas. Qisqasi, terma jamoadan ilk marta chaqiruv olgach, bu «botqoq»ni tark etishga ahd qildim. Binobarin, ichkilik tufayli sport formasini nisbatan yo‘qotgandim, vaznim ham og‘irlashib qolgandi.
Muhimi, jamoadoshlarim yordami bilan barcha illatlardan qutuldim. Fil va Gari Nevill, Devid Bekxem, Nikki Batt kabi yigitlar ajralmas do‘stlarimga aylanishdi. Kiyinish xonasi - yangi muhitga moslashish uchun eng qulay joy. Bizda kiyinish xonasi qiroli bor edi - Ben Tornli. Ajoyib futbolchi. Darvoqe, u yaqinda o‘zining avtobiografik asarini chop etdi, bir o‘qib chiqsam, zarar qilmasdi.
- Shundan buyon ko‘p narsalar o‘zgardi. Jumladan, «MYU» qiyofasi ham...
- Ming‘ir-ming‘ir qilish tabiatimga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biz o‘ynagan paytlar... Yo‘q, bu dahshat. Hammasi o‘zgarib ketdi-ya... Hozir jamoa yangi futbolchilar qo‘lida, ularning o‘z yo‘llari bor. O‘ylashimcha, hozirgi holatda «MYU» bir juftgina xalqaro miqyosdagi o‘yinchiga muhtoj.
- Qaysi pozisiyalar vakillariga?
- Yarim himoya va hujumni bog‘laydigan mohir futbolchi kerak.
- Luka Modrichga o‘xshaganimi?
- Ha, chiziqlarni bog‘lovchi va o‘yinni nazorat qiladigan o‘yinchi zarur. U o‘ta tezkor bo‘lishi, uzatmalarni a’lo darajada uddalay olishi lozim.
- Ya’ni sizning uslubingizda to‘p surishi kerak, shundaymi?
- Biroz... Faoliyatim davomida xuddi shunday o‘ynashga intilganman. Umuman, bu borada de Bryuyne, Azar va David Silvani e’tirof etishim mumkin. Jessi Lingard yaqin kelajakda shunday maqomga yetish imkoniyatiga ega. Xuan Matada ham zarur xislatlar mavjud, biroq uni asosan qanotda o‘ynatishyapti. Futbolchi uchun sevimli pozisiyasidan boshqa joyda to‘p surish naqadar azobligini o‘z tajribamdan yaxshi bilaman. Qandaydir g‘oyibona kuch uni asl pozisiyasiga chorlab turadi, baribir. Aslida xolis aytganda, «MYU»ning tarkibida saviyali ijrochilar yetarli.
- Aleksis Sanches haqida nima deya olasiz?
- Noyob iqtidor sohibi. Ammo hech qachon «MYU»ga xos jihatini ko‘rmaganman. Sanches - xudbin futbolchi, faqat o‘zini o‘ylaydi. Xullas, u jamoa istagan o‘yinchi emas. Ayniqsa, transferiga sarflangan mablag‘ni nazarda tutsak, shunday. To‘g‘ri, Aleksisdan voz kechish qiyin. Nazarimda, «MYU» Sanchesni bitta maqsadda sotib olgandek - uni «Siti» safida ko‘rmaslik uchun. Qisqasi, hozir «MYU»ga kelgan barcha futbolchilarning o‘ziga yarasha muammolari bor. Hattoki, Lionel Messi ham jamoada o‘z o‘rnini topishga qiynalardi...
- Mourinyo bilan shaxsan tanishmisiz?
- Unchalik emas. Uning jamoalariga qarshi to‘p surgan paytlar ko‘rishganmiz, xolos. Menga bu murabbiyning cho‘rtkesarligi yoqardi va uni ajoyib mutaxassis sifatida bilardim. Biroq avvalgi Jozedan asar ham qolmagan ko‘rinadi. Uning o‘rnini cho‘kayotgan, hammaning hafsalasini pir qilayotgan kimsa egalladi, go‘yo. Qarang, Mourinyo shogirdlaridan tinmay nolimoqda, shuning barobarida o‘zini eng yaxshi murabbiy sifatida maqtashdan charchamayapti. Xo‘p, mayli, lekin buni amalda isbotlasin! Mana, «MYU» Joze talabi bilan ikki nafar markaziy yarim himoyachi xarid qildi, ammo ular kutilgan darajada o‘ynay olmayaptilar-ku. Sen murabbiysan, demak, vazifang bitta - shogirdlaring samarali to‘p surishlarini ta’minlash!
- Chindan ham, Pogba uchun ko‘p mablag‘ sarflandi. Uning saviyasi xarajat miqdoriga mosmi?
- Pol hozir necha yoshda? 25dami? Tan olish kerak, u o‘yin davomida ajoyib fintlarni namoyish etadi, raqiblarini aldab o‘tadi, aniq uzatmalar beradi. Lekin ma’lum muddatga cho‘zilgan faollikdan keyin o‘zini yo‘qotib, «mo‘’jiza»lar ko‘rsata boshlaydi. Nima uchun? Chunki 1-2 daqiqa oldin yuksak mahoratini ko‘z-ko‘z qildi, shuning zavqidan sarmast... Raqib esa ayni shu sustkashlikdan unumli foydalanadi. Misol kerakmi, Pogba «Vulverxempton» bilan bahsda Fredni ajoyib tarzda to‘p bilan ta’minladi va golga sababchi bo‘ldi. Ammo keyingi vaziyatda markazda to‘pni yo‘qotib qo‘ydi. Oqibatda jamoa gol qo‘yib yubordi. Ana sizga yuksak iqtidor sohibining «sovg‘a»si. Pol «Yuventus»da tajribali o‘yinchilar yonida to‘p surardi, bizda esa uning xatolarini tuzatadigan hech kim yo‘q...
- Jamoa menejeri rolida ishlashni xohlarmidingiz?
- Nega endi yo‘q deyishim kerak? Hozirgi menejer - amaldagi murabbiy. Deylik, ser Aleksda murabbiylikdan ko‘ra, menejerlik xislatlari ko‘proq edi. To‘g‘ri, hozir hammasi boshqacharoq. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, menga aynan shunday yumushlar ma’qul keladi.
- Qaysi jamoalar o‘yini ko‘proq yoqmoqda?
- «Real», «Barselona», «Manchester Siti», «Liverpul» klublarida o‘yin sifati zo‘r. Lekin men uchun «Yunayted» birinchi o‘rinda turadi, baribir.
- Futbolchilardan-chi, kimlarni alohida e’tirof etasiz?
- Modrich, Kroos, Messi. Leo ayniqsa, «Tottenxem»ga qarshi bahsda fantastik futbol ko‘rsatdi. O‘sha uchrashuv meni «Kim kuchliroq - Messi yoki Ronaldu?» qabilidagi jumboq haqida bosh qotirishga qaytardi.
- Xo‘sh, qanday to‘xtamga keldingiz?
- Messi kuchliroq ko‘rinmoqda. To‘g‘ri, Ronalduga ham gap yo‘q.
- Avvalgi Jozedan asar ham qolmagan ko‘rinadi. Uning o‘rnini cho‘kayotgan, hammaning hafsalasini pir qilayotgan kimsa egalladi, go‘yo. Qarang, Mourinyo shogirdlaridan tinmay nolimoqda, shuning barobarida o‘zini eng yaxshi murabbiy sifatida maqtashdan charchamayapti. Xo‘p, mayli, lekin buni amalda isbotlasin! Mana, «MYU» Joze talabi bilan ikki nafar markaziy yarim himoyachi xarid qildi, ammo ular kutilgan darajada o‘ynay olmayaptilar-ku. Sen murabbiysan, demak, vazifang bitta - shogirdlaring samarali to‘p surishlarini ta’minlash!