Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Muhokamalar mavzusi mavsumiymi?

Muhokamalar mavzusi mavsumiymi?

Baho:
+ | -

Madridda «Real», Toshkentda «Paxtakor» mezbon bo‘la turib, raqibga yut-qazdi. Garchi mazkur ikki mag‘lubiyat asosiy mavzu sanalsada, mulohazalarimizni Ektor Kuper qayta-qayta takrorlagan bir fikrga munosabat bildirish asnosida boshlamoqchimiz.

«Terma jamoada hech kim, hattoki, menga ham joy kafolatlanmagan!» - bu argentinalik mutaxassisga tegishli fikr. Bir qarashda, mutlaq haqiqat kabi yangraydigan xulosa. Lekin shu gap sabab, bir qator futbolchilarga terma jamoa eshiklari yopilib qolishi mumkin. Muxlislarda tabiiy savol tug‘iladi: «Nima uchun?»

Gap shundaki, har bir futbolchi Ektor Kuperning qat’iy qoidasini o‘zicha, tabiatidan kelib chiqib baholaydi. Aslida ezgulikni ko‘zlovchi bu talab qaysidir o‘yinchiga aks ta’sir ko‘rsatsa, bundan ajablanmaslik kerak. Qarang, bosh murabbiy hattoki, asosiy tarkibning o‘zagi hisoblanadigan futbolchilar haqida ham gapirishni istamayapti.

Bu yaxshimi yoki yomon? Ushbu savolga terma jamoamiz tarixi bir qadar oydinlik kiritadi. Mirjalol Qosimov fidoiy futbolchi sifatida hamisha jamoadoshlariga o‘rnak ko‘rsatgan va tez-tez almashib turgan murabbiylarning turli talablari uning faoliyatiga salbiy ta’sir qilmagan. Bugun milliy jamoamizda Odil Ahmedov shunday ulug‘vor missiyani bajarmoqda. Bunday futbolchilar faoliyatida avvalo, o‘zlariga tegishli ichki talablar, yondashuvlar muhim o‘rin tutadi. Ular har doim futbol va muxlislar hurmatidan maydonga tushadilar, sevimli ishlari vositasida el-yurt-ni sharaflashga intiladilar.

Boshqacha aytganda, murabbiylar va ularning talablari o‘zgaraveradi, ammo Odil Ahmedov kabi futbolchi yuksak mas’uliyat tuyg‘usida sobit qolaveradi. U mashg‘ulotlarda, uyda, klubi safida maydonga tushganida, yevrofutbolni tomosha qilayotganida, boringki, har bir jabhada terma jamoani o‘ylaydi, murabbiy talablarini unutmaydi, unutolmaydi.

Demoqchimizki, terma jamoamiz sardori Ektor Kuper talablarini ham to‘g‘ri tushunadi. Biroq boshqalarchi? Terma jamoa birgina Odil Ahmedovdan iborat emasligini nazarda tutsak, bu savol kishini o‘yga toldiradi...

O‘z ishiga professional qarashda yevrofutbol talablari darajasiga ko‘tarilmagan muhitda o‘yinchilar, xususan, terma jamoa a’zolariga nisbatan individual yondashuv ehtiyoji mavjud. Aks holda, muxlislar kutgan ayrim futbolchilar terma jamoada ko‘rinish bermaydilar. Fikrimizcha, hozirdanoq shunday holat ko‘zga tashlanmoqda.

Har nima deganda ham, Ektor Kuper mavsum yakunlangunga qadar Superliga klublari tarkibidagi futbolchilardan o‘ziga zarurlarini saralab olishga majbur. Keyin unda bunday imkoniyat bo‘lmaydi, ya’ni «Terma jamoada hech kimga joy kafolatlanmagan» qabilidagi eskirib borayotgan xulosa o‘z ma’nosini yo‘qotadi.

Umuman olganda, terma jamoa yoki klub bo‘lsin, tarkibga futbolchi tanlanayotganda, qars ikki qo‘ldan chiqqani ma’qul. Buning eng yorqin namunasi - Zayniddin Zidan va Krishtianu Ronaldu birligi. Ikki qanotsiz qush kabi ucholmay qiynalayotgan «Real» shu xulosaning aksini tasdiqlaydi.

La-liga muhitida tarbiyalangan va shu sabab avvaliga Stanislav Cherchesovga ma’qul kelmagan Denis Cherishev keyinchalik Rossiya terma jamoasiga qanday foyda keltirgani hamon ko‘pchilikning yodida. Valeriy Lobanovskiy shaxsiy qarashlaridan ustun turgani uchun injiq Aleksandr Zavarov va Igor Belanovdan top-futbolchilarni tarbiyalay olgandi.

Bu kabi misollar futbol hayotida ko‘p uchraydi va Ektor Kuper ham shu yo‘ldan borsa, terma jamoamiz kutganimizdan ziyoda yutuqlarga erishadi. Bular shunchaki, shaxsiy xulosamiz, xolos, albatta. Mayli, Ektor Kuper «O‘ynamaganga o‘rin yo‘q!»  tamoyili bilan bo‘lsa hamki, terma jamoamizni g‘alabalar sari yetaklayversin.

Eng asosiysi, Osiyo kubogidan so‘ng «O‘ylaganlarim amalga oshmadi!»  deya yurtimizdan jo‘navormasa, bas. Chunki birlamchi holatda uning qat’iyati va tashqi ta’sirlardan xoli ekanligi terma jamoamizga naf keltirmoqda. Ikkilamchi holatda, ya’ni kuchli raqiblar bilan rasmiy bahslardagi ayovsiz kurashda Ektor Kuperning terma jamoamizga ta’siri qanday sezilishi esa vaqt hukmiga havola. Ushbu mulohazalar - ichki xavotirlar mahsuli.

Ta’kidlash joiz, ichki xavotirlar nainki terma jamoamiz, balki yetakchi klublarimiz - «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga ham taalluqli. Mavsum davomida kuzatdik, «Buxoro» agar astoydil o‘ynasa, «Paxtakor»ni, «Metallurg» esa «Lokomotiv»ni qiynab qo‘yishga qodir. Holbuki, Buxoro va Bekobod klublarining hozirgi holatiyu, maqsadi barchaga ayon.

«Paxtakor» va «Lokomotiv» esa katta ehtimol bilan OCHLda futbolimiz sha’nini himoya qilishi kerak. Biroq har ikki klubning hozirgi saviyasi ochig‘i, Osiyo futbolidagi maksimum darajadan anchagina orqada. O‘tkinchi o‘yinlarning kamligi «sherlar» va «temiryo‘lchilar»ning haqiqiy saviyasini yuzaga chiqarmoqda.

Xo‘sh, Shota Arveladze va Andrey Fyodorovning murabbiylik salohiyati OCHL guruh bosqichidan chiqishga yaraydimi?

Kuchli tarkib bois, Superliganing boshqa jamoalaridan ustunlikni ta’minlayotgan murabbiylarning asl mohiyati - mahoratini qachon amalda ko‘ramiz? Qo‘polroq ohangda bo‘lsada, aytaylik, tuyaning dumi yerga tekkandami? Muxlislar qachongacha derbilardagi raqobatdan rohatlanish bilan kifoyalanishadi?

Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Muxlislar OCHL hududlarini zir titradigan klub futbolini ham sog‘inishdi allaqachon. To‘g‘rirog‘i, ular muhokamasidagi mavzularni endi Osiyo kubogi va OCHLgina yangilashga qodir.

Ungacha Odil Ahmedov maqtagan chimda yengilib, bahona topolmagan Shota Arveladze, nimagadir aynan «Lokomotiv»ga qarshi yaxshi o‘ynolmagan Jaloliddin Masharipov, golga aylangan jarimani belgilagan Ravshan Ermatov, hakamni haqoratlagani uchun «Paxtakor» muxlislarini jazolamagan mutasaddilar tanqid ostiga olinaveradi. Asoslimi yoki asossiz - tanqid to‘qmog‘i O‘FA va PFLning toshdek qattiq boshiga tushaveradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, futbolimiz o‘z qobig‘i ichra o‘ralashaveradi.

Nima deb o‘ylaysiz, futbolimizdagi tanqiddan tuban mavzular qachon yangilanadi? Nima, muhokamalar mavzusi futbolimizda ham mavsumiymi?

Muhammad VALI, "InterFUTBOL" nashri

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:08, 25.10.2018.
O'qildi: 2594 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.