Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Marat Bikmayev: «Krasniskiy klubi a’zosi bo‘lganimdan xursandman»

Marat Bikmayev: «Krasniskiy klubi a’zosi bo‘lganimdan xursandman»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Marat Bikmayev KXDR hamda Qatar termalariga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida jami 3ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. «Lokomotiv» yetakchisi koreyaliklar bilan bahsda «dubl»ga erishdi. Keyingi nazorat o‘yinida esa jamoamiz g‘alabasini mustahkamladi. E’tiborlisi, bu Bikmayevning faoliyatidagi 100, 101 va 102-gollari sifatida tarixga kirdi. Shu tariqa, 32 yoshli futbolchi 100 va undan ortiq gol urgan futbolchilardan tashkil topgan Gennadiy Krasniskiy klubi ro‘yxatidan joy oldi. Ma’lumot uchun, to‘purarlarni o‘zida mujassam etgan Krasniskiy klubiga 2010 yilning avgust oyida O‘zbekiston futbol federasiyasi (hozirgi O‘FA) tomonidan asos solingan. O‘tgan davr mobaynida ushbu klubga o‘zbek futbolining mashhur vakillari a’zo bo‘lishgan. Bikmayevni ham qo‘shib hisoblaganda, klub a’zolari soni 37 nafarga yetdi. Qiziq tomoni shundaki, Marat o‘zining 100-golini aynan 37-daqiqada urdi. Biz galdagi yubilyar bilan uchrashib, undan intervyu oldik.

- Marat, avvalo, Gennadiy Krasniskiy klubiga a’zo bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Bu sovrin siz uchun qanchalik muhim?

- Juda ham ahamiyatli. Birinchi galda, Gennadiy Krasniskiy afsonaviy futbolchi bo‘lgan. U haqda turli afsonalar ham yuradi. Lekin bu, menimcha, ayni haqiqat. Ya’ni, Krasniskiyning kuchli zarbalarini nazarda tutyapman. Amerika qit’asida o‘tkazilgan o‘yinlarning birida u tepgan to‘p hatto darvoza to‘rini teshib o‘tgan ekan. Matbuotda bu hujumchimizga Moskvaning grand jamoalari og‘iz solgani, lekin u sadoqat bilan «Paxtakor»ni tark etmagani haqida ko‘p o‘qiganman. Bir necha yil davomida sobiq ittifoq termasi tarkibida to‘p surgan. Mana shunday afsonaviy futbolchi nomiga ta’sis etilgan sovringa ega chiqqanimdan o‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. Bilasizmi, gollarim soni 90taga yetgan paytda tanishlarimdan biri shu ma’lumotni menga aytib, «Marat, ozgina harakat qilsang, 100lik dovonni zabt etasan», degandi. Ana o‘sha kichik suhbatdan so‘ng Gennadiy Krasniskiy klubi haqida ma’lumotga ega bo‘lganman va tabiiyki, unga kirishga astoydil harakatni boshlaganman. Shaxsiy fikrim, bu klub a’zosiga aylanish uchun 100ta gol urish bo‘yicha qo‘yilgan talabni oshirish kerak. Hech bo‘lmasa, 150ta to‘p kiritgan futbolchi mazkur klubga qabul qilinishi lozim. Shundagina futbolchilarda, ayniqsa, hujumchilarda intilish yanada yuqoriroq bo‘ladi.

- KXDRga qarshi o‘yin oldidan sizni bu klub a’zoligidan bor-yo‘g‘i bitta gol ajratib turganini bilganmidingiz?

- Ha, xabarim bor edi. «Buxoro» bilan o‘yin arafasida kimdir meni bu borada ogohlantirgandi. O‘shanda gollarim soni bir kam yuztaga yetgandi. Lekin 99-golni Suriyaga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida penaltidan urdim. Undan avvalgi gollarimdan bexabar edim. Chunki bor e’tiborim chempionat va kubok bahslariga qaratilgandi. Bu haqda o‘ylashga fursat ham yo‘q edi.

- Sizdan avval ushbu klub a’zosi kimlar bo‘lgani bilan qiziqdingizmi?

- Adashmasam, Farhod Tojiyev, Ulug‘bek Baqoyev kiritilgandi. Balki adashayotgandirman. Lekin bu futbolchilar Gennadiy Krasniskiy klubiga qabul qilinganidan xabardorman. Undan avval Igor Taran ham 100ta gol urgandi.

- Umuman olganda, o‘z statistikangiz bilan qiziqasizmi? Masalan, oliy ligadagi 50-o‘yin yoki golingiz...

- Yo‘q. Afsuski, bu statistika bilan qiziqmagan ekanman. Futbolchining vazifasi maydonda borini berib, jamoasi muvaffaqiyatiga hissa qo‘shishdan iborat. Shundan bo‘lsa kerak, shaxsiy ko‘rsatkichlar ikkinchi darajaga tushib qolgandir. Matbuotda e’lon qilingan paytda bu haqda eshitib qolardim. Yoki tanishlarim ma’lumot berishardi. Bilishimcha, «Lokomotiv» tarkibida o‘tkazgan o‘yinlarim soni 100tadan oshdi. Gollarim esa 70taga yaqinlashib qoldi. Kuchim bor ekan, jismoniy holatim imkon berarkan, o‘yinlarim va gollarim sonini oshirib borishga astoydil harakat qilaman. Hali faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylayotganim yo‘q.

- Milliy jamoadagi birinchi o‘yiningiz esingizdami?

- Debyutim Falastin termasiga qarshi uchrashuvda ro‘y bergan. Aniq sanasini eslay olmayapman, ammo o‘sha o‘zim uchun tarixiy bo‘lgan o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilgandim. Vladimir Shishelov assistent vazifasini bajargandi. Mazkur bahsning qanday kechgani kechagidek yodimda.

- Bosh jamoamizdagi o‘yinlaringizda siz uchun eng yaxshi sherik qaysi futbolchi bo‘lgan?

- Faoliyatimning katta qismini o‘ng qanot vingeri sifatida o‘tkazganman. Shu bois ham hujumlarni ko‘proq o‘zim boshlardim. O‘sha paytlarda asosan o‘zim sheriklarimning gollariga assistent vazifasini bajarardim. Sof hujumchi rolida o‘ynagan paytlarimda esa ko‘pincha Maksim Shaskix, Aleksandr Geynrix va Ulug‘bek Baqoyev men uchun maydonda, yana ham aniqrog‘i, hujum chizig‘ida juda yaxshi sherik bo‘lishgan.

- Qatar va KXDR bilan o‘yinlarda ishonchli tarzda g‘alabaga erishdik. Lekin bu muvaffaqiyatni bir yarim yilga yaqin vaqt kutishimizga to‘g‘ri keldi. Shunday noxush seriya davom etayotganidan xabardormidinglar?

- Haqiqatan ham, «qora an’ana» anchadan beri davom etayotgandi. O‘nta uchrashuvdan beri g‘alaba nimaligini bilmayotgandik. To‘g‘ri, qachondir noxush seriyaga barham berilishi kerak edi. Lekin juda cho‘zilib ketgandi. Hamma futbolchilar buni bilib turishgandi. Boz ustiga, Ektor Kuper milliy jamoaga yaqindagina bosh murabbiy etib tayinlangani sababli ham undan natija talab qilib bo‘lmasdi. Argentinalik mutaxassis o‘zbek futbolini asta-sekin o‘rganmoqda. Termaga nomzod futbolchilarni hali yaqindan bilmaydi. Tanishishi, kimning imkoniyati qanday ekanligini bilib olishi uchun esa vaqt kerak bo‘ladi. Ko‘pchilik Kuperning taktikasini tan-qid qilmoqda. «U himoyaviy o‘yinni yaxshi ko‘rar ekan, shu uslubidan voz kechmayapti» kabi gap-so‘zlar quloqqa chalinyapti. Lekin o‘ylashimcha, bu noto‘g‘ri fikr. Chunki har qaysi murabbiyga ham vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun, shaxsan men Kuper boshchiligidagi birinchi yig‘inimizni tanishuv deb atagan bo‘lardim. Murabbiy milliy jamoa a’zolari, futbolchilar bilan yaqindan tanishib chiqdi. Shundan bo‘lsa kerak, Eron va Suriyaga qarshi kechgan o‘yinlarda natija birinchi o‘ringa qo‘yilmadi. Durang va mag‘lubiyatni jiddiy qabul qilmaslik kerak. KXDR va Qatar bilan uchrashuvlarga kelibgina o‘yin-da ham o‘zgarish kuzatildi, tabiiyki, natija ham shunga monand bo‘ldi. Ayniqsa, Qatarga qarshi bahsda noqulay ob-havo sharoiti hukm surganiga qaramay, g‘alaba qozondik. Fikrimcha, stadionga kelgan muxlislar sovuqni ham unutib, yakunda uyga a’lo kayfiyatda qaytishdi. O‘z navbatida, biz - futbolchilar asta-sekin murabbiyning nima talab qilayotganini tushuna boshladik.

- Aynan shu narsani so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. To‘rtinchi o‘yinga kelib Ektor Kuperning taktikasini tushunib oldinglarmi?

- Murabbiy birinchi galda jamoamizning mudofaa chizig‘ini mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Bu qarorni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki himoyada muammolar bo‘la turib, hujumga o‘tib ketish qanday oqibatlarga olib kelishini bundan avvalgi o‘yinlar isbotlagandi. To‘g‘risi, boshida Kuperni tushunmadik, nima talab qilayotganini anglab yetmadik. Qayoqqa yugurishni bilmadik. O‘tkazilgan to‘rtta o‘yindan so‘ng murabbiyning taktikasini tushunib oldik. Hozir bor e’tiborimiz Osiyo kubogiga qaratilgan. Kelgusi yil boshida o‘tadigan turnirda hech kimga oson bo‘lmaydi. Qit’a musobaqasi arafasida tashkil etiladigan o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali jamoaviy o‘yinni yanada yaxshilab borishga intilamiz. Noyabr oyida Avstraliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz bor. Uning doirasida bir nechta nazorat bahslari ham o‘tkaziladi. Uchrashuvlar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, murabbiyning ko‘rsatmalarini yaxshiroq anglash, bir-birimizni tushunib harakat qilish shunchalik osonlashadi.

- Kuper qattiqqo‘l murabbiy ekanmi?

- O‘ta talabchan. Futbol mavzusida juda qattiqqo‘l. Mashg‘ulot va o‘yinlarda hech kim bilan murosaga kelmaydi. Ya’ni, o‘zining qarashlarini singdirishga urinadi. Tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Hech kim mashg‘ulotga kech qolmasligi kerak. Intizom joriy qilingan joyda natija ham bo‘ladi. Maydon tashqarisida esa xushmuomala. Hazillashishni xush ko‘radi.

- Kuperning yordamchilari ham o‘z ishining professionallari ekanmi? Mashg‘ulotlarda kuchli mutaxassis ekanligi bilinyaptimi?

- Ha, nazarimda, Kuper yordamchilarni tanlashda adashmagan. Ayniqsa, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy juda kuchli ekan. Qolgan mutaxassislar haqida ham shunday fikrdaman. Shu uch nafar assistenti mashg‘ulot jarayoniga mas’ul bo‘lishyapti. Kunlik mashqlar rejasini Kuper bilan maslahatlashgan holda tuzib chiqishyapti va o‘tkazishyapti. Nazariy mashg‘ulotni esa Ektorning o‘zi olib boradi. Bosh murabbiy bu yordamchilari bilan, necha yildirki, hamkorlikda ishlayapti. Tabiiyki, ular bir-birlarini ancha yaxshi tushunishadi.

- Yana yuqoridagi mavzuga qaytamiz. Ko‘pchilik himoyaviy taktikani tanqid qildi. Lekin hozir shu narsa ayon bo‘ldiki, KXDR va Qatar bilan o‘yinlarda biz hujumkor futbol tomosha qildik. To‘g‘rimi?

- Xuddi shunday. Ko‘pchilik KXDRni kuchli raqib sifatida ko‘rmadi. Qatar ham 2-3 nafar yetakchi futbolchilarini olib kelmadi, deyishdi. Ya’ni, ayrim muxlislar raqiblarga past nazar bilan qarashdi. Menimcha, bu fikrlar noto‘g‘ri va bir tomonlama yangragan. Hozir qit’amizda futbol juda kuchaydi. Bir paytlari Osiyo chempionati final bosqichiga chiqolmagan jamoalar bugungi kunda mundial yo‘llanmalari uchun kurashishyapti. Hali ko‘rasiz, yanvar oyida o‘tkaziladigan Osiyo kubogida raqobat jiddiy ko‘rinish oladi. Bilasizmi, Kuper KXDR bilan o‘yindan keyingina oldingi chiziq vakillari bilan alohida dastur asosida ishladi, hujumchilar uchun shaxsan o‘zi mashg‘ulot o‘tkazdi. Ungacha bo‘lgan mashqlarda asosiy e’tibor himoyaga qaratilgandi. Qatar bilan o‘yin oldidan hujumchilar qaysi vaziyatda qanday harakat qilishigacha ko‘rsatib berdi.

- «Milliy» stadioni maydonining sifatini deyarli barcha futbolchilar tanqid ostiga olishdi. Siz ham shu fikrdamisiz?

- Qisman qo‘shilaman. Bunday de-yishimga sabab, ikkala jamoa ham bir xil sharoitda o‘ynadi. Shu jihatdan fikrim biroz o‘zgacha. Lekin bugungi tezkor futbol yaxshi maydonlarni talab qiladi. Sifatsiz chim ustida mazmunli o‘yin ko‘rsatish mumkinmi? Mamlakatning markaziy stadionidagi maydon holati bunday bo‘lmasligi kerak. Shunday mahobatli, ko‘rkam arenaga sifatsiz chim yarashmaydi. Chunki futbolchining jarohat olish ehtimoli oshadi, to‘pni nazorat qilish qiyinlashadi. O‘ylaymanki, keyingi o‘yinlarda O‘FA bu masalani ko‘rib chiqadi.

- Osiyo kubogidagi raqiblarimiz haqida nima deya olasiz?

- Yuqorida aytganimdek, qit’a chempionati barcha ishtirokchi jamoalar uchun oson kechmaydi. Guruhimizda asosiy raqib Yaponiya termasi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin Turkmaniston va Ummon ham qarab turmaydi. Bizdan ochko tortib olishga harakat qiladi.

- Marat, o‘z vaqtida Rossiyaning «Krilya Sovetov» klubida o‘ynagansiz. Ayting-chi, Samaraga borishingiz qanday amalga oshgandi?

- Agentim Mark Trabukke taklifi va tavsiyasi bilan u yerga yo‘l olganman. Bir oy davomida «Krilya Sovetov» yig‘inida ishtirok etdim. O‘sha payt jamoa bosh murabbiyi Gadji Gadjiyev bo‘lgan. Nazorat uchrashuvlarida gol urganimdan keyin Gadji Muslimovichning o‘zi qolishimni aytgan. Mirjalol Qosimov ham ushbu klubda to‘p surgan. Shunday jamoada o‘ynaganimdan xursandman.

- O‘sha tarkibdan hozir kim hamon o‘ynayapti?

- Menimcha, hech kim. Futbolchilik faoliyatini yakunlamaganlardan faqat men qolgan bo‘lsam kerak (kuladi).

- Eski jamoadoshlar bilan qo‘ng‘iroqlashasizmi? Gadji Muslimovich bilan-chi?

- Ikki-uch nafar do‘stlarim bor. Ular bilan telefon orqali gaplashib turamiz. Gadjiyevni esa anchadan beri ko‘rmadim. 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:51, 27.10.2018.
O'qildi: 5198 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.