2018 yil o‘zbek sporti yirik musobaqalarga boy bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchilar yil davomida xalqaro musobaqalardan tashqari, bir qator muhim kompleks o‘yinlarda ham ishtirok etishdi. Jumladan, Jakarta va Palembang shaharlari mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlari, Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar Olimpiadasida sportchilarimiz yurtimiz sharafini himoya qildilar.
Bugun, 1 noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida sport federasiyalari va assosiasiyalari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Yig‘ilish davomida sportchilarimizning ortda qolgan kompleks musobaqalardagi ishtiroki tahlil qilindi. Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti adminstrasiyasi vakillari, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, sport federasiyalari va assosiasiyalari vakillari, murabbiylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Albatta, yuqorida qayd etilgan ikki yirik kompleks musobaqalarida O‘zbekiston sport delegasiyasi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Sportchilarimiz o‘yinlar davomida medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham rekordlarni yangilay oldilar. Ammo, musobaqalarga qay tarzda tayyorgarlik ko‘rilganini, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarni inobatga oladigan bo‘lsak, ulardan bundanda ko‘prog‘ini kutgandik.
Yig‘ilishda Milliy olimpiya qo‘mitasining Olimpiya sport turlari faoliyatini koordinasiya qilish departamenti direktori Akrom Nizametdinov so‘zga chiqib, bir qator medal kutilgan sportchilarimiz haqida gapirdi. Hususan, sport kurashlari bo‘yicha Shavkatov, Tasmuradov, Nalgiyev kabi sportchilarimizning shohsupadan joy olishlari kutilgandi. Hamyurtlarimiz raqiblaridan taktik va jismoniy tomonlama kuchli bo‘lsalarda, imkoniyatni boy berib qo‘yganliklari qayd etildi. Bu borada murabbiylar fikri ham eshitildi.
Shuningdek, eshkak eshuvchilarimiz ham o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olganlari yo‘q. Hal qiluvchi pallada sportchilarimiz milisekundlar hisobiga oltin medallardan quruq qolishgani, bu esa o‘z navbatida nimaning hisobiga sodir bo‘lgani muhokama qilindi.
Dzyudochilarimiz bilan esa ruxiyat masalasida ish olib borish lozimligi, shuningdek, terma jamoada avlodlar almashinuvi amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Polvonlarimiz mashg‘ulotlar vaqtida ajoyib harakat qiladilar. Ammo, xalqaro musobaqalarda ularning ishtirokini ko‘rar ekansiz, huddi boshqa bir sportchi gilamga chiqqandek tasavvur uyg‘onadi. Bu albatta ruxiyat bilan bog‘liq masaladir. Bu birgina dzyudoda uchrayotgan muammo emas. Ana shuni inobatga olgan holda 2019 yildan boshlab sport federasiyalarida malakali sport psixologlari ish boshlashi aytildi.
Suzish bo‘yicha o‘yinlarda ishtirok etgan sportchilarimiz umuman medal qo‘lga kirita olishmadi. Bunga sabab sifatida murabbiylar ishni professional tarzda yo‘lga qo‘ya olmayotganligi keltirib o‘tildi. Rejaga ko‘ra, yaqin orada suzish bo‘yicha terma jamoamizda xorijdan malakali mutaxassislar ish boshlashi, bu borada muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Taekvondochilarimiz esa Osiyo o‘yinlarida kutilganidan muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Ammo, ishongan sportchimiz Dmitriy Shokin oltin medal uchun kechgan bahsda jahon reytingida kuchli elliktalikka ham kirmaydigan eronlik raqibiga mag‘lub bo‘lganiga e’tibor qaratildi. Finalda u raqibi tomon hujum uyushtirmagani alohida qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, gimnastika, o‘q otish, karate, qilichbozlik, yengil atletika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda o‘zbekistonlik sportchilarning ishtiroki ham tahlil qilindi. Osiyo o‘yinlarida oltita oltin medal qo‘lga kiritgan kurashchilarimizga esa alohida minnatdorchilik bildirildi. Shuningdek, bokschilarimizning natijalari ham alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilish davomida erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmaslik lozimligi qayd etib o‘tildi. Endilikda Milliy olimpiya qo‘mitasi viloyatlar bo‘ylab seleksiya ishlarini keng miqyosida olib boradi. Mahalliy hokimiyatlar bilan birgalikda turli musobaqalar tashkil qilinadi va terma jamoa murabbiylari u yerda iqtidorli sportchilarni saralab oladilar.
Bundan buyon O‘zbekiston musobaqalarda «muhimi g‘alaba emas, ishtirok» shiori ostida ishtirok etmaydi va Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida munosib qatnashishni rejalashtirgan. Buning uchun esa albatta hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqargan holda ish olib borish lozimligi alohida qayd etib o‘tildi.