Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Milliy ligalarda gol urgan eng yoshi katta futbolchilar haqida...

Milliy ligalarda gol urgan eng yoshi katta futbolchilar haqida...

Baho:
+ | -

Klaudio Pisarro Bundesliga tarixida 40 yoshidan o‘tib, gol muallifiga aylangan atigi ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Qisqasi, «Verder» faxriysi «Bayer»ga qarshi kechgan alamli bahs (2:6)da jamoasining birinchi golini o‘z nomiga yozib qo‘ydi, ammo rekord hamon boshqa kishiga tegishli. Kimga? Sokker.ru sayti (!!!!!!!!!) shu savolga javob berish barobarida Yevropaning yetakchi milliy chempionatlari rekordchilari - eng «qari» to‘purarlariga zimdan nigoh tashladi.

Bundesliga: Mirko VOTAVA

1996 yili «Verder» uchun 40 yosh 3 oy 30 kunligida gol urgan. Perulik tinim-tinchimas Klaudio Pisarro Bundesligada gol muallifiga aylanganlar orasida eng «qari» maqomini olish uchun yana ozgina sabr qilishi kerak. U «Bayer» darvozasini 40 yoshu 25 kunligida nishonga oldi, biroq «Verder» tennischa hisob (2:6)da yengildi. E’tiborlisi, rekord aynan «Verder» vakiliga tegishli: Mirko Votava 1996 yili «Shtutgart» darvozabonini ranjitgan vaqt 40 yoshdan deyardi 4 oy o‘tgandi. Yana bir qiziq tomoni, asli chex sanalgan germaniyalik yarim himoyachi xuddi Klaudio kabi ilk golini ham «Verder» safida nishonlagandi. Bundesligada gol muallifiga aylangan «qari»lar reytingida uchinchi bo‘lib turgan Manfred Burgsmyuller (u 7 yil rekordchi maqomida yurdi) ham aynan «musiqachilar» tarkibida o‘zini iko‘rsatganiga nima deysiz? Tushunarliki, Klaudioda Votavani 1-o‘rindan mahrum etish uchun real imkoniyat bor. Perulik futbolchi buning uchun 2019 yilning 2 fevralidan keyin Bundesliga o‘yinlarida loaqal 1ta gol ursa, bas. 

APL: Teddi SHERINGEM

2006 yili «Vest Xem» uchun 40 yosh 8 oy 24 kunligida gol urgan. Angliyalik afsonaviy hujumchi - mahalliy Premyer-ligada 40 yillik yubileyidan keyin gol quvonchini tuygan yagona futbolchi. «Ayiq» laqabli Sheringem 1999 yilning may oyida o‘z faoliyatidagi eng muhim gollardan birini nishonlagandi: «Bavariya»ga qarshi kechgan CHL finali oxirgi daqiqalarini eslang. Umuman, Teddi 35 yoshiga qadar «Old Trafford»da o‘ynadi, shundan keyin «Tottenxem», «Portsmut» va «Vest Xem» klublari safida ham o‘zini ko‘rsatdi. Xususan, «bolg‘achilar» uchun urgan oxirgi goli unga APLning eng «qari» to‘purari maqomini taqdim etdi. Sheri o‘shanda sobiq jamoasi - «Portsmut» darvozabonini ranjitgandi. To‘g‘ri, «VX» yakunda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan, ammo Teddi Sheringem eng «qari gol» belgisi bilan APL tarixidan joy oldi. Oradan 13 yil o‘tdiki, rekordni yangilashga qodir faxriy ko‘rinmayapti.

Primero: DONATO

2002 yili «Deportivo» uchun 40 yosh 4 oy 17 kunligida gol urgan. O‘xshashlikni qarang, Germaniya, Ispaniya va Angliya chempionatlarida rekord qayd etilgan o‘yinlarda ularning mualliflari o‘z jamoalari bilan mag‘lubiyatni tan olgan. Hattoki, hisob ham bir xil - 1:2. Xullas, Votava va Sheringem kabi Donato ham omadsiz o‘yinda rekord o‘rnatgandi. Tayanch yarim himoyachisi «Deportivo» safida «Valensiya» darvozasini ishg‘ol etganida, 40 yosh 4 oy 17 kunlik edi. E’tiborlisi, Ispaniya Primerosida ham boshqa hech qaysi futbolchi 40 yosh chegarasidan keyin gol urgan emas. Aytish o‘rinli, Donato Gama da Silva - La-liga afsonasi. Braziliyalik hujumchi 5 mavsum «Atletiko» sharafini himoya qilgan, bu vaqtda «Qirol kubogi»ning 2 karra sohibi bo‘lgan. Keyin naq 10 yil davomida «Deportivo» ravnaqi yo‘lida ter to‘kib, klub bilan chempionlikni tantana qilgan. Donata faoliyatini 2003 yili tugatgan: o‘sha vaqt Ispaniya tashqarisida tug‘ilgan futbolchilar orasida o‘yinlar soni bo‘yicha Primero rekordi aynan unga tegishli edi. Shu joyda aniqlik kirituvchi bitta ma’lumotni keltirish joiz: Donato braziliyalik bo‘lsada, Ispaniya pasportini olgan va o‘tgan asrning 90-yillari «Qizil furiya» safida 12 marta maydonga tushib, 3ta gol urgan.

«A» seriyasi: Svend XANSEN

1951 yili «Atalanta» uchun 44 yosh 9 oy 24 kunligida gol urgan. Ispaniya va Angliya rekordlari XXI asrda qayd etilgan. Agar Klaudio Pisarro bo‘shashmasa, Germaniya rekordi ham yaqin orada yangilanadi. Italiya «A» seriyasining eng yuksak natijasi esa, XX asr o‘rtalarida kuzatilgan. Ehtimolki, rekord ko‘rsatkich hali-veri o‘z ahamiyatini yo‘qotmasa kerak. Gap shundaki, uning muallifi qaysidir xizmat ko‘rsatgan «amaki» ham, italyan futboli yoki muayyan bitta klub afsonasi ham emas. Oddiy aytganda, daniyalik yarim himoyachi «A» seriyasiga faxriy yoshda qadam bosgandi. Umumiy aytganda, Xansen «Atalanta» uchun 13ta gol urgan. Qarang, uning oxirgi aniq zarbasi ham mag‘lubiyatli o‘yinga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni Svend «Inter»ga 1:3 hisobida boy berilgan bahsda tarixga kirgandi. Shundan buyon deyarli 70 yil davomida Xansen rekordiga eng yaqin kelgan futbolchi - bu Alessandro Kostakurta. U «Milan» tarkibida 41 yoshu 25 kunligida o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi.

Liga 1: Roje KURTUA

1956 yili «AS Trua San-Saven» uchun 44 yoshu 4 kunligida gol urgan. Yana bir qadimiy va «o‘zgarmas» rekodr. Fransiya chempionatining eng yoshi ulug‘ goleadori yoshlik chog‘i Shveysariyada to‘purarlik mahoratini namoyish etgan va oxiriga qadar mahsuldorlik me’yorini pasaytirgan emas. Umuman olganda, «Real» klubi va Belgiya terma jamoasi darvozaboni familiyadoshining faoliyati naq 25 yilga cho‘zilgan va hujumchi bu vaqt oralig‘ida 300tadan ko‘p gol urgan. Roje shulardan biri tufayli Liga 1 tarixiga kirgan. Darvoqe, shu yil aprel oyida chempionatdagi «umrboqiy» o‘yinchimlardan biri Benjamen Nive «Trua» uchun 41 yosh 3 oy 26 kunligida gol urdi - rekordga yo‘l bo‘lsin...

RPL: Sergey NATALUSHKO

2000 yili «Saturn» uchun 39 yosh 8 oy 4 kunligida gol urgan. Rossiya chempionati shu masalada ham yetakchi ligalar oldiga tusholmaydi. Axir «ko‘hna qit’a»dagi ilg‘or chempionatlarning har birida rekodchilari 40 yoshdan katta, rus diyorida esa... Xullas, Natalushko muhim golni 2000 yilning 17 may kuni nishonlagan. Diqqatga sazovor tomoni, u o‘shada bitr o‘q bilan ikki quyonni nishonga olgandi: shaxsan o‘zi rekordchi bo‘lish barobarida darvozabon Ruslan Nigmatullinga tegishli rekord quruq seriyani uzib qo‘ygan. Aytgancha, Natalushko shundan roppa-rosa 1 oy oldin - 17 aprel kuni Rossiya chempionati tarixida «xet-trik»ka erishgan eng yoshi katta futbolchi bo‘lgandi. Bu natijasi ham hali yangilangani yo‘q, albatta.

Yevropaning kuchli 5ta milliy ligasida gol urgan eng «qari» futbolchilar (tartib bo‘yicha)

TG‘r.     Futbolchi        Liga                Klubi  Yoshi

1. Svend XANSEN «A» seriyasi «Atalanta» 44 yosh 9 oy 24 kun

2. Roje KURTUA Liga 1 «AS Trua San-Saven» 44 yoshu 4 kun

3. Teddi SHERINGEM APL «Vest Xem» 40 yosh 8 oy 24 kun

4. DONATO Primero «Deportivo» uchun 40 yosh 4 oy 17 kun

5. Mirko VOTAVA Bundesliga «Verder» 40 yosh 3 oy 30 kun

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:15, 10.11.2018.
O'qildi: 14908 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.