«Inter» (Italiya)ning yangi prezidenti atigi 26 yoshda va u klub tarixidagi eng yosh rahbardir. Xo‘sh, gap kim haqida ketyapti? Stiven Chjan - Suning Holdings Group prezidentining o‘g‘li.
Xitoy korporasiyasi sohibi klubning sobiq xo‘jayini Erik Tohirda qolgan aksiyalarni sotib olgandi. Stiven badavlat va ishi serob otasidan farqli ravishda, aynan Milanda yashab, klub taraqqiyotiga to‘liq javob beradi. «U doimo shu yerda, jamoa yonida.
Deylik, «Roma» prezidenti butun yil davomida Italiyaga ko‘pi bilan bir bora kelardi, xolos», - deya «Inter»ning yosh prezidentini maqtagandi Raja Nainggolan.
Ha, Stiven Chjan tez-tez klub bazasiga tashrif buyurib, futbolchilar hamda muxlislar bilan suhbatlashadi, shuningdek, Milan bo‘ylab sayohatlari chog‘i mahalliy jurnalistlarga ko‘p intervyu beradi. Asosiysi, u ham uy, ham safar o‘yinlarini sira qoldirmaydi.
Misol uchun, «neradzurralar» o‘tgan mavsumning oxirgi turida «Lasio»ni 3:2 hisobida mag‘lub etish asnosida CHLga yo‘l ochishganida, Chjan «Stadio Olimpiko» stadioni maydonida ko‘z yoshlarini tiyib turolmagandi.
Suning korporasiyasi ta’siriga kelsak, «Inter»ning moliyaviy ko‘rsatkichlari keskin yaxshilandi. Klub Suning Group ixtiyoriga o‘tgach, 3 mavsum davomida daromad bobida ancha yuksaldi. Xususan, avvalgisida rekord o‘rnatildi:
Mavsum-2015|2016 — 318,2 mln. yevro
Mavsum-2016|2017 — 241,4 mln. yevro
Mavsum-2017|2018 — 347 mln. yevro
Mana, «Inter» bu yil CHLga qaytdi. Agar klub «pley-off» bosqichiga chiqsa, rahbariyat kelasi kuzda daromad bo‘yicha yangi rekord rasmiylashtirilganini e’lon qiladi. Alohida aytish kerak, «neradzurralar» CHLga chiqishgani uchun Pirelli kompaniyasidan yaxshigina mukofot olib bo‘lishdi.
To‘g‘ri, «Inter» moliyaviy hisobotni minus 17,7 mln. yevro bilan yopdi, ammo bu oxirgi 15 yilda qayd etilgan eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun aytsak, eng yomon ko‘rsatkich minus 140,5 mln. yevroga teng (mavsum-2014|2015).
Birgina Match day (o‘yin kuni tushumi) yo‘nalishida daromad naq 21 foiz oshdi. Joriy mavsumni olsak, «Inter» abonementlar kvotasidan to‘liq foydalandi. 37 ming donadan ko‘p yillik abonement sotildiki, bu avvalgi mavsum natijasi 20 foiz o‘sganini anglatadi.
«Milan»ga qarshi derbi o‘yini (1:0)da esa chiptalar sotuvi tushumi rekord darajaga yetdi. Raqamlarda aytsak, «Inter» jami 78725 tiket sotib, 5 mln. yevro topdi. Umuman, jamoa muxlis to‘plash bobida Italiya mezoni bo‘yicha shunchaki, kosmosda:
«Kalyari» bilan o‘yinda — 55486
«Parma» bilan o‘yinda — 59648
«Torino» bilan o‘yinda — 59135
«Fiorentina» bilan o‘yinda — 55840
Darvoqe, Italiya mediasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Inter» rahbariyati «Yuventus»ning sobiq bosh direktori Beppe Marotta bilan kelishib qo‘yibdi. Aytish kerak, mashhur funksioner «keksa sinyora»ning qatorasiga 7ta skudetto yutishiga katta hissa qo‘shgandi.
Demak, «Inter»ning navbatdagi qadami - top-transferlar. Yozgi savdolar chog‘iyoq shunday xaridlardan biri kuzatilishi hech gap emasdi. Har holda, Suning vakillari avgust oyida Luka Modrich uchun alohida taklif tayyorlashdi: «Inter» bilan 4 yillik shartnoma, keyin avtomatik tarzda Xitoyning «Jiangsu Sunin» klubiga o‘tish, qolaversa, yirik korporasiya «yuz»i bo‘lish.
Hozir Lukaning o‘zi ham bu transfer amalga oshmaganidan xafadir, axir shu darajadagi manfaatli taklif ikkinchi marta yuzaga kelmasa kerak...
Abdulloxon ISROILXONOV tayyorladi