O‘zbekiston chempionatining 30-tur bahslari yakuniga yetdi. Ushbu tur natijalari bo‘yicha Superligani tark etgan dastlabki jamoaning nomi aniq bo‘ldi.
Farg‘onaning "Neftchi" klubi o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ni qabul qilib, imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Superligada jon saqlab qolish uchun mazkur o‘yindagi g‘alaba farg‘onaliklar uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Ammo uchrashuvning 89-daqiqasida belgilangan penaltini Nikola Milinkovich aniq amalga oshirdi va jizzaxliklarga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Natijada "So‘g‘diyona" o‘z ochkolarini 23taga yetkazib olgan bo‘lsa, mavsum tugashiga 2 tur qolganida "Neftchi" 17 ochkoga ega bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, AGMK hisobida ham 23 ochko mavjud. Farg‘onaliklar nazariy jihatdan bu jamoalarga yetib olish imkoniyatiga ega, ammo Haydarov jamoasi raqiblarga qarshi o‘zaro o‘yinlarda salbiy ko‘rsatkichga ega:
1) "Neftchi" klubi "So‘g‘diyona"ga qarshi 4ta o‘yinda 3 marta yutqazib, bitta durang o‘ynagan.
2) "Neftchi" AGMK bilan 4ta o‘yinda 1ta g‘alaba, 2ta durang va 1ta mag‘lubiyat natija ko‘rsatgan. To‘plar farqi — 6:5, olmaliqliklar foydasiga.
3) Mabodo, AGMK va "So‘g‘diyona" qolgan ikkita o‘yinda yutqazib, farg‘onaliklar 2ta bahsda g‘alaba qozonsayu, 3ta jamoaning ochkolari teng bo‘lib qolsa-chi? U holda ham "Neftchi" uchta jamoa orasida eng yomon natijaga ega bo‘ladi:
1. "So‘g‘diyona" — 13 ochko
2. AGMK — 12 ochko
3. "Neftchi" — 6 ochko.
Demak, "Neftchi" klubi mavsum tugashiga 2 tur qolganida Superligani tark etdi va kelasi mavsumni Pro-ligada boshlaydi.
Superligada kim jon saqlab qoladi?
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, 10 va 11-o‘rinni egallagan jamoalar Superligada jon saqlab qolish uchun Pro-liga klublari bilan o‘tish bahsida ishtirok etishadi. Quyi oltilikda ishtirok etayotgan "Nasaf" va "Qizilqum" jamoalari qolgan jamoalaridan ilgarilab ketishdi va kelasi mavsumda Superligada qatnashish masalasini o‘zlari uchun kafolatlab bo‘lishdi.
O‘tish bahsida ishtirok etish muammosidan qutulib qolish uchun "Qo‘qon-1912", AGMK va "So‘g‘diyona" klublari kurash olib borishadi. Qo‘qonliklar hisobida 24 ochko mavjud bo‘lib, ularning imkoniyatlar nisbatan yaxshiroq. Ayniqsa, navbatdagi turda bo‘ladigan "Qo‘qon-1912" - "So‘g‘diyona" bahsi ko‘p narsaga oydinlik kiritib beradi.
AGMKni esa qolgan ikkita turda qiyin o‘yinlar kutib turibdi: jamoa Qarshida "Nasaf", Olmaliqda "Qizilqum" bilan to‘qnash keladi.
AGMKning qolgan o‘yinlari:
25.11.2018. 17:00. "Nasaf" - AGMK
29.11.2018. 18:00. AGMK - "Qizilqum"
"So‘g‘diyona"ning qolgani o‘yinlari:
24.11.2018. 15:00. "Qo‘qon-1912" - "So‘g‘diyona"
29.11.2018. 18:00. "So‘g‘diyona" - "Nasaf"
"Qo‘qon-1912"ning qolgan o‘yinlari:
24.11.2018. 15:00. "Qo‘qon-1912" - "So‘g‘diyona"
29.11.2018. 18:00. "Neftchi" - "Qo‘qon-1912"
№ | Jamoa | O‘yin | G‘alaba | Durang | Mag‘lubiyat | T-N | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|---|
1 | Nasaf | 18 | 8 | 6 | 4 | 21-14 | 30 |
2 | Qizilqum | 18 | 9 | 3 | 6 | 25-22 | 30 |
3 | Qo‘qon-1912 | 18 | 6 | 6 | 6 | 19-14 | 24 |
4 | AGMK | 18 | 6 | 5 | 7 | 20-21 | 23 |
5 | So‘g‘diyona | 18 | 6 | 5 | 7 | 18-22 | 23 |
6 | Neftchi | 18 | 4 | 5 | 9 | 13-23 | 17 |