Yaqin o‘tmishda yorqin va sermahsul o‘yinlari bilan barchani o‘ziga rom etgan Yoaxim Lyov rahbarligidagi Germaniya terma jamoasi JCH-2014dagi zafarli yurishdan so‘ng o‘ziga sira o‘xshamay qoldi.
Boshqacha aytganda, bundestimda qandaydir inqiroz davri kuzatilmoqda. Ayniqsa, joriy yilgi omadsizliklar nemis futboli mutasaddilari qatori hattoki, betaraf muxlislarni ham o‘ylantirib qo‘ydi.
«Yoggi» hozir oxirgi 4 yil oralig‘ida qayd etilgan sharmandalikdan qutulish uchun eng baland qoyadan sakrashga ham tayyor turgan bo‘lsa, ajabmas. Axir uning tojdor jamoasi shu yil «bundesmashina» tarixida ilk marta 6ta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi, yangi asrda birinchi bora qatorasiga 2ta o‘yinni boy berdi.
Tabiiyki, izlanuvchan murabbiy vaziyatni tubdan o‘zgartirish, jamoani yana taraqqiyot yo‘liga burish maqsadida qayta qurish jarayonini boshlab yubordi. Lekin ijobiy siljishdan hozircha darak yo‘q. Xo‘sh, qudratli «nemis mashinasi» aynan qaysi omillar tufayli tanazzul ko‘chasiga kirib qoldi?
1. Sxematik o‘zgarishlar. Futbolchilarning safdan chiqishlari tufayli yuzaga keladigan taktik o‘zgarishlarni inobatga olmasak, bundestim hamisha an’anaviy 4-2-3-1 taktik chizmasi asosida to‘p surgan. JCH-2018dan keyin esa nemislar 3 marta uslubni o‘zgartirdilar: Fransiya termasiga qarshi kechgan bahslarda 4-1-4-1 va 3-4-3, Peru va Gollandiya jamoalari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda 4-3-3 sxemalari qo‘llanildi. 4-3-3 variantida maydon markazini bosib o‘tish «mashina»ga katta qiyinchilik tug‘dirishini gollandlar bilan bo‘lgan o‘yin yaqqol ko‘rsatib berdi. Zero, hozirgi tarkibda Miroslav Kloze toifasidagi markaziy hujumchi yo‘q. Har holda, vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi juda pasayib ketdi. Oqibatda Lyov uslubni yana o‘zgartirishdan o‘zga chora topolmadi. Bir tasavvur qiling-a, darvoza tomon naq 25ta zarba yo‘llansayu, ulardan bittasi golga aylansa... Bu «bundesmashina» uchun muvaffaqiyatmi? Mana, 2014 yilgi tojdor jamoaning ayni holati. Shunday sharoitda o‘ta noyob iqtidor sohibi ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydimi?
2. Ajabtovur himoya chizig‘i. Jerom Boateng - Mats Xummels juftligini chiqitga chiqaradigan vaqt keldi, shekilli. Terma jamoa baxtiga yoki aksincha, baxtga qarshi gollandlar bilan o‘yinda Jerom jarohatlanib, «Bavariya» ixtiyoriga qaytdi. Aynan shu zarurat ortidan Myunxen klubidagi ampluadoshidan sira qolishmaydigan Niklas Zyule maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Lyov fransuzlarga qarshi kechgan takroriy bahsda 3 nafar markaziy himoyachi - Mats Xummels, Niklas Zyule va Mattias Ginterga ishonch bildirdi. Tan olish kerak, «Borussiya» M. vakili sheriklaridan ishonchliroq harakatlandi. Qanotlar xususida to‘xtalsak, murabbiy Joshua Kimmixni markazga olgach, o‘ng tarafda muammo vujudga keldi. Avvaliga uning o‘rnini Ginter to‘ldirdi. Ammo oxirgi uchrashuvda Lyov «PSJ»ning yosh himoyachisi Tilo Kererni tushirdi. Xullas, murabbiy bu masalada bir to‘xtamga kelishda qiynalmoqda.
3. Uzoq kuttirgan tezlik. Sustkashlik - Rossiya mundiali va undan keyingi o‘yinlarda Germaniya termasini ortga tortayotgan asosiy illat. Yoaxim Lyov deylik, Amsterdamdagi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin boshlang‘ich tarkibga 5ta o‘zgarish kiritdi va o‘yin sur’atini sezilarli darajada oshirdi. Xususan, qanot himoyasida Ginter|Kimmix dueti harakatlandi, shuningdek, Yonas Xektor o‘rniga Kerer va Martin Shuls maydonga tushishdi. Hujum chizig‘ida Leroy Sane hamda Serj Gnabri yosh Timo Vernerga yordam berish vazifasini o‘z zimmalariga olishdi. Shu o‘rinda Lyov malakasi alohida e’tirofga loyiq: nemislar aslida birinchi o‘yinda o‘ta tezkor fransuzlarga qarshi munosib to‘p surishdi. Misol uchun, muntazam qarshi hamla uyushtirib, xavfli vaziyatlar yaratishdi. To‘g‘ri, ular xavfli hujumlardan samara chiqarishda oqsashdi. Shuning barobarida chempion jamoaga ham gol urish imkoniyatini berishmadi. Uchrashuvning yana bir e’tiborli jihati shuki, murabbiy hujumkor yarim himoyachilarga to‘liq erkinlik berdi: Verner, Gnabri va Sanening doimiy ravishda joy almashib to‘p surishlari fransiyalik himoyachilarni ancha shoshirib qo‘ydi. Xullas, «Yoggi» himoya chizig‘ini Boateng va Xummelssiz shakllantirsa, bitta asosiy muammodan qutuladi, shekilli. Chunonchi, bu himoyachilarning Kilian Mbappe saviyasidagi hujumchilarga bas kelishlari juda dushvor.
4. Yetakchining yo‘qligi. Bugungi bundestimda yaqqol yetakchi ko‘rinmayapti. Oldinroq bu missiyani Tomas Myuller, undan avvalroq Bastian Shvaynshtayger talab darajasida uddalashgandi. Endi yuksak mas’uliyatli vazifani bajarishga munosib yigit topilmayapti. Jamoada bosh yetakchi sifatida gavdalanishi kutilgan darvozabon Manuel Noyer uzluksiz jarohatlar oqibatida mavqeini ancha yo‘qotdi. Uning vaqtida sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushganini ayrimlar hattoki, unutishga ulgurishdi. Orada Konfederasiyalar kubogi-2017ning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan Yulian Draksler sardorlikni qo‘lga oldi. Vaholanki, Yulian hujumkor yarim himoyachilar orasida eng kam samara keltiradigan futbolchidir. Yaqin kelajakda Kimmix yoki Leon Goreska yetakchi maqomiga loyiq saviyaga chiqishlari mumkindir. Lekin hozir emas...
5. Yana bir taxmin. Manchesterda xotirjam ishlayotgan Xosep Gvardiolaga alangali salom! Ha, Germaniya terma jamoasi inqirozida kataloniyalik mutaxasisni ayblayotganlar ham bor. Nega, nima uchun? «Gvardiola «Bavariya»ni dabdala qildi» - futbolda keng tarqalgan nuqtai-nazar shunday yangramoqda. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, kataloniyalik murabbiy Myunxen grandiga mutlaqo mos kelmagan. Uning yakkayu-yagona kashfiyoti - bu Filipp Lamni tayanch yarim himoyachisi roliga moslashtirgani. Xullas, nemis futboli «gegemoni» hanuzgacha Gvardiola ta’siridan qutulolmayapti. Bundestim - eng asosiy jabrlanuvchi. Chunki uning o‘zagini aynan «Bavariya» vakillari tashkil etishadi. «Men va Gvardiolaga xos g‘oyalarda mushtarak jihatlar juda ko‘p», - degandi Lyov o‘z intervyularidan birida. Darhaqiqat, ikki hamkasb 2013 yilning oxirida bundestim mashg‘ulotlar bazasida 2 soatdan ko‘proq vaqt davomida qandaydir «maxfiy» masalalar xususida bosh qotirgandi. Pepning terma jamoaga ta’siri Braziliya mundialidayoq yaqqol ko‘zga tashlandi: Lam bir necha o‘yinni tayanch yarim himoyachisi sifatida o‘tkazdi, jamoa esa asosiy e’tiborni to‘p nazoratiga qaratdi. Bundan tashqari, bosh murabbiy an’anaviy sof hujumchi g‘oyasidan voz kechib, Vernerni soxta «9-raqam» rolida o‘ynatdi. Asosiy muammo bitta: Lyov hamon Gvardiola falsafasiga alohida yondashmoqda. Misol uchun, oxirgi uchrashuvlarda Joshua Kimmix markazda Lam effektini berishga urindi. To‘g‘ri, Kimmixning saviyasi shubhadan xoli. Biroq tayanch yarim himoyasi uning pozisiyasi emas. Qisqasi, Joshuaning qanotdagi o‘yiniga gap yo‘q, markazni nazorat qilishga esa, shunchaki, uquvi yetmayapti. Boz ustiga, murabbiy hamon katalon tilini o‘rganish va futbol menejeri rolini bajarish bilan band...
Germaniya terma jamoasi:
2018 yilgi natijalar
O‘rtoqlik uchrashuvlari
Germaniya - Ispaniya - 1:1
Gol: Myuller (35).
Germaniya - Braziliya - 0:1
Avstriya - Germaniya - 2:1
Gol: Ozil (11).
Germaniya - Saudiya Arabistoni - 2:1
Gollar: Verner (8), Havsaviy (43-avt.).
Germaniya - Peru - 2:1
Gollar: Brandt (25), Shuls (85).
JCH-2018
Germaniya - Meksika - 0:1
Germaniya - Shvesiya - 2:1
Gollar: Roys (48), Kroos (90).
Janubiy Koreya - Germaniya - 2:0
Yevropa Millatlar ligasi
Germaniya - Fransiya - 0:0
Gollandiya - Germaniya - 3:0
Fransiya - Germaniya - 2:1
Gol: Kroos (14-pen.).
Yoaxim Lyov o‘rnini kim egallaydi? Germaniya matbuoti bir qator muxaxassislar nomzodini ilgari surmoqda. Ular orasida terma jamoaning sobiq ustozi Yurgen Klinsmann ham, sobiq goleadori Miroslav Kloze ham bor.
1. Yurgen Klinsmann (54 yosh)
Germaniyalik mutaxassis 2004-2006 yillarda terma jamoani boshqarib, bir qator yangiliklar joriy etgan va yakunda boshqaruvni o‘z yordamchisi - Yoaxim Lyovga topshirgandi.
2. Xorst Xrubesh (67 yosh)
Bu murabbiy - yosh futbolchilar hukmdori. Xrubesh xususan, 2008 yili 19 yoshli yigitlar termasi bilan Yevropa chempionatida zafar quchdi, keyingi mavsum U-21 toifasidagi turnirda muvaffaqiyatni takrorladi. 2016 yilga kelib, Germaniya olimpiya termasi Xrubesh qo‘l ostida Olimpiada kumush medalini qo‘lga kiritdi. Murabbiy ayni payt ayollar terma jamoasini boshqarmoqda.
3. Markus Zorg (52 yosh)
Zorg 19 yosh toifasidagi termani Yevro-2014da shohsupaga olib chiqdi, yana 2 yildan keyin bosh jamoa murabbiylar shtabidan o‘rin oldi. Hozir Lyovning asosiy assistentlaridan biri rolini bajarmoqda.
4. Shtefan Kuns (55 yosh)
Kuns o‘tgan yili U-21 termasi bilan tarkibiga Marko Asensio, Fernando Lyorente va Ektor Belyerindek noyob iqtidor sohiblarini jamlagan Ispaniya jamoasini tor-mor etgan holda, qit’a chempioni bo‘ldi. Umuman, u Germaniya futbolidagi kelajagi porloq murabbiylar safida.
5. Miroslav Kloze (40 yosh)
Sobiq hujumchi JCH-2018 yakuniga qadar Yoaxim Lyov shtabida faoliyat olib bordi. Hozir esa «Bavariya»ning 17 yosh toifasidagi jamoasiga ustozlik qilmoqda. E’tiborlisi, ayni payt «Bavariya» yoshlari natijasi asosiy jamoanikiga nisbatan ancha yaxshi. Asosiy jihat - Miroslav muvaffaqiyat qadri nechog‘li baland ekanligini teran anglaydi.
P.S. UYEFA Millatlar ligasi guruh bosqichida Gollandiya termasi Fransiya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu esa Germaniya milliy jamoasining 1-guruhda so‘nggi o‘rinni egallashini anglatadi. Endi nemislar ushbu musobaqaning “V” divizionida qatnashadigan bo‘lishdi. Uchta uchrashuvda atigi 1 ochko to‘plagan Germaniya termasi endi Gollandiya (6) va Fransiya (7) jamoalarini quvib yetolmaydi.
So‘nggi turda Germaniya o‘z maydonida birinchi o‘rinni egallash uchun yaxshigina imkoniyatga ega bo‘lib turgan Gollandiya termasini qabul qiladi. Mazkur uchrashuv 19 noyabr kuni Gelzenkirxendagi «Feltins-Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash joizki, bu “bundestim”ning 2018 yildagi dastlabki muvaffaqiyatsizligi emas. Avvalroq Germaniya termasi JCH-2018da o‘z guruhida so‘nggi o‘rinni olib, turnirning “pley-off” bosqichiga chiqolmagandi.