Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela - Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Raqiblarimiz: Koreyslardan nima o‘rganamiz?

Raqiblarimiz: Koreyslardan nima o‘rganamiz?

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO

Esingizdami, bundan 10 yilcha muqaddam Bahrayn termasini eng noqulay raqib sifatida bilardik. Keyinroq bu «maqom» Karlush Keyrush tuzgan Eron milliy jamoasiga berildi.

Aslida esa koreyslarni biz uchun eng noqulay va jiddiy raqib o‘rnida ko‘rsatishimiz kerak. Bu fikrimizga hech kim qarshi ham chiqmaydi, albatta. Yo‘q, hozir Janubiy Koreya milliy jamoaga qarshi kechgan naq 15ta o‘yinda atigi 1 marta g‘alaba qozonganimizni eslatmoqchi emasmiz.

Shunchaki, koreyslar bilan uchrashuvlarga bog‘liq qandaydir «stereotip» shakllangandek tuyuladi. Umuman olganda, Koreya futbolidagi barqarorlik ham, avlodlar almashinuvi jarayoni ham Osiyoda istalgan yurt muxlislarida havas uyg‘otadi. Portugaliyalik murabbiy Paulo Bentuni milliy jamoa boshqaruviga tayinlanishi uncha-muncha mutaxassislarni gangiratib qo‘ygan bo‘lsa, ajabmas.

Bizku Ektor Kuperni bir amallab olib keldik, lekin koreyslar nima uchun aynan portugaliyalik murabbiy nomzodini tanlashganini tushunish qiyin, ochig‘i. Xuddi O‘zbekiston termasi kabi Avstraliyaning Brisben shahrida yig‘in olib borayotgan koreyslar zimmasida Osiyo kubogida oltin medal yutishdek murakkab vazifa turibdi. Tabiiyki, jamoa buning uchun hali ko‘p ishlashi, tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Ma’lumot uchun

Janubiy Koreya terma jamoasi

Tashkil topgan yili: 1933

FIFAga a’zo bo‘lgan yili: 1948

Laqablari: «Qizillar», «Qizil iblislar»

Jamoa sardori: Son Xyun Min («Tottenxem», Angliya)

Bosh murabbiyi: Paulo Bentu (Portugaliya), 2018 yilning 17 avgustidan

Uy stadioni: «Seul Vorld Kap», Seul shahri (sig‘imi - 66704)

FIFA reytingidagi o‘rni: 53 (2018 yilning 25 oktyabr holatiga ko‘ra)

Birinchi rasmiy o‘yini: 1948 yil 2 avgust. Gonkong. Meksika - 5:3

Eng yirik g‘alabasi: 2003 yil 29 sentyabr. Inchxon. Guam - 16:0

Eng yirik mag‘lubiyati: 1948 yil 5 avgust. London. Shvesiya - 0:12

JCHdagi ishtiroki: 10 marta (JCH-2002da 4-o‘rin)

Osiyo kubogida ishtiroki: 13 marta (1956 va 1960 yillarda chempion)

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Xon Myung Bo (136ta)

Eng ko‘p gol urgan futbolchi: Bum Kun Cha (58ta)

Fakt. Nike kompaniyasi 1995 yili mazkur jamoaga homiylik qilish uchun 1,5 mln. dollar ajratgandi. Hisob bo‘yicha 5-homiylik shartnomasi (2012-2019 yillar uchun) koreyslarga jami 120 mln. dollar (yiliga 15 mln.) keltiradi. 

Ta’rif

Janubiy Koreya termasining OFK vakillariga qarshi o‘yinlariga nazar solib, amin bo‘ldikki, bu jamoa Eron va avstraliyaliklardan boshqa hech kim bilan hisob-kitobda manfiy balansga ega emas. Paulo Bentu tuzgan tarkib Avstraliya termasiga qarshi kechgan oxirgi o‘yin (1:1)da 4-2-3-1 sxema asosida harakatlandi. Koreyslar 17 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan bu uchrashuvda tashabbusni biroz «sokkeruz»ga berib qo‘ygan bo‘lishsada, raqibni «ofsayd»da yaxshi «ushlashdi». Aniqrog‘i, avstraliyalik futbolchilar 3 marta o‘yindan tashqari holatda qolishdi. Umuman, Paulu Bentu «yashil qit’a»dagi yig‘inga atigi 2 nafar sof   hujumchini jalb etdi, xolos. Bular - Xvang Ui Jo («Gamba Osaka») va Suk Xyun Jun («Reyms»).

Janubiy Koreya termasining asosiy xususiyatlaridan biri shuki, u doimo raqobatbardosh va kurashlarga tayyor. Ya’ni hech qachon bo‘shashmaydi. Bordiyu, tarkibda qandaydir muammo yuzaga kelsa, hamma bir yoqadan bosh chiqarib, kamchilikni bartaraf etishga kirishadi. Aytish joiz, Avstraliyaga borgan 24 nafar futbolchidan 9 nafari milliy jamoa libosini hali 10 marta ham kiygan emas. 

Umumiy xulosa. Paulo Bentu koreyalik darvozabonlar uchun odatiy sanalgan mas’uliyatni olish bobidagi oqsoqlikni yo‘qotish ustida ko‘proq ishlashi kerak. Jamoaning yarim himoya va hujumi o‘rtasidagi bog‘liqlik borasida hech qanday muammo yo‘q. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda koreyalik yosh iqtidorlarning porlashi ancha kamaydi. Ayni payt bunga yechim topish o‘ta murakkab ish bo‘lib turibdi.

2018 yilgi o‘yinlari

Janubiy Koreya termasi joriy yil hisobidan 12ta o‘yinda qatnashib, 4tadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Jamoaning Rossiya mundialidan keyingi uchrashuvlari:

7 sentyabr. J.Koreya - Kosta-Rika - 2:0. O‘rtoqlik bahsi. Gollar: Li Jaye Sung (35), Nam Taye Xvi (78).

11 sentyabr. J.Koreya - Chili - 0:0. O‘rtoqlik bahsi.

12 oktyabr. J.Koreya - Urugvay - 2:1. O‘rtoqlik bahsi. Gollar: Xvang Jo (66), Jung Vo Yong (79).

16 oktyabr. J.Koreya - Panama - 2:2. O‘rtoqlik bahsi. Gollar: Park Ju Xo (6), Xvang In Beom (33)

17 noyabr. Avstraliya - J.Koreya - 1:1. O‘rtoqlik bahsi. Gol: Xvang Jo (22).

Bosh murabbiy

Paulo Bentu. 1969 yilning 20 iyunida Portugaliya poytaxti - Lissabonda tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatida «Vitoriya Gimarayesh», «Benfika» M., «Ovyedo» va «Sporting» L. klublarida yarim himoyachi sifatida o‘ynagan. 2004 yili butsalarini mixga ilgach, «Sporting» yoshlar jamoasini boshqarishga kirishdi. 2005-2009 yillar oralig‘ida esa Lissabonning asosiy jamoasi bilan ishladi. 2010 yilning 21 sentyabrida Portugaliya terma jamoasi boshqaruvini qo‘lga olgan Paulo Bentu o‘ta iqtidorli futbolchilarga borligiga qaramay, katta natijalarga erisholmadi. To‘g‘ri, portugallar 2012 yilgi Yevropa chempionatida yarim finalga chiqishdi, ammo JCH-2014da guruhdan ham chiqolmadilar. 2016 yilning 1 may kuni Pauloni «Kruzeyro» klubiga taklif etishdi. Biroq murabbiyning Braziliyadagi faoliyati 3 oyga ham cho‘zilmadi. Umuman, Bentu Janubiy Koreya terma jamoasi boshqaruviga tayinlangunga qadar Xitoy Superligasi vakili - «Chongking Lifan» klubiga ham ustozlik qildi. Uning Janubiy Koreya termasi bilan qayd etgan statistikasi: 2ta g‘alaba, 3ta durang, to‘plar nisbati - 7:4. Koreyslar oxirgi 3ta o‘yinda o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qololmaganlarini alohida aytish joiz.

O‘zaro raqobat

O‘zbekiston termasi raqiblariga nazar solsak, biz bilan eng ko‘p uchrashgan jamoalar - BAA (16 marta), Janubiy Koreya (15 marta), Qatar (14 marta), Xitoy va Iordaniya (12 marta). koreyslarga qarshi o‘yinlarda 1994 yilning 13 oktyabr kuni qayd etilgan g‘alaba biz uchun hamon yagonaligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Ko‘rsatkichlar Janubiy Koreya

94 FIFA reytingidagi o‘rni

 

53

15 O‘yinlar soni

 

15

  1  G‘alaba

 

10

 4 Durang

 

4

 10 Mag‘lubiyat

 

1

 14 Urilgan gollar soni

 

30

30 Qo‘yib yuborilgan gollar soni

 

14

-16 Gollar nisbati

 

Q16

1:0 Eng yirik g‘alaba

 

5:1

1:5 Eng yirik mag‘lubiyat

 

0:1

 2:4, 1:5 Eng sermahsul o‘yinlar

 

4:2, 5:1

 2:2 Eng jangovar durang

 

2:2

 

 

 

Alohida ramkada berish uchun 

O‘zbekiston - Janubiy Koreya: mundial yo‘lida

O‘zbekiston va J.Koreya termalari mundial saralashi (JCH-98, JCH-2006, JCH-2014 va JCH-2018)da o‘zaro 8 marta uchrashgan. Koreyslar 6 marta g‘alabani tantana qilgan bo‘lishsa, 2ta o‘yinda durang qayd etilgan. Koreyslar 15ta, biznikilar 7ta gol urishgan. Darvoqe, oxirgi o‘rtoqlik o‘yinida kuchlar teng kelgandi:

Janubiy Koreya -  Izbekiston - 1:1(1:1)

2015 yil 27 mart. Tejon. «Tejon Vorld Kap» stadioni. 38680 tomoshabin.

Hakam: Ryuji Sato (YAponiya).

Gollar: Ku Ja Chol (15) - Zohir Qo‘ziboyev (31).

O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Anzur Ismoilov, Akmal Shorahmedov, Shavkat Mullajanov (Artyom Filiposyan, 46), Aziz Haydarov, Server Jeparov (SHahzod Nurmatov, 87), Odil Ahmedov (Islom To‘xtaxo‘jayev, 80), Sardor Rashidov (Sardor Mirzayev, 75), Farrux Sayfiyev, Shavkat Salomov (Lutfulla To‘rayev, 46), Zohir Qo‘ziboyev (Vohid Shodiyev, 72).

Ogohlantirish: Shavkat Mullajanov (19, O‘.).

Bosh murabbiy: Mirjalol Qosimov. 

DosYE. Janubiy Koreya yoxud Koreya Respublikasi (koreyschada Texan Minguk) - Sharqiy Osiyodagi davlat. Yer maydoni - 100.363 kilometr.kvadrat (jahonda 107-o‘rin). Aholisi - 51 446 201 kishi (jahonda 27-o‘rin). Poytaxti - Seul shahri (aholisi - 9,8 mln.). Davlat boshqaruvi - prezidentlik respublikasi. 1945 yilning 15 avgustida Birinchi respublika sifatida e’lon qilingan. 1991 yilning 17 sentyabrdan BMT a’zosi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi - 32275 dollar (jahonda 29-o‘rin). Prezidenti - Mun Chje In (2017 yilning 10 mayidan buyon). Mamlakatda badminton, beysbol, bouling, golf kabi sport turlari futbol kabi ommalashgan.

Farrux FAYZIYEV, "InterFUTBOL" nashri

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 19:41, 21.11.2018.
O'qildi: 3450 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.