Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

San’at Sharipov: «O‘FA ham, PFL ham bu masalada «Bunyodkor»ni bir necha marta ogohlantirgan…»

San’at Sharipov: «O‘FA ham, PFL ham bu masalada «Bunyodkor»ni bir necha marta ogohlantirgan…»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

18 noyabr kuni Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida futboldagi funksional va huquqiy masalalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminarda futbolchi va klub o‘rtasidagi mehnat huquqi, klublardagi lisenziyalash masalalari, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish kabi bir qator masalalar bo‘yicha fikrlar almashildi. Turon24 muxbiri ushbu seminar tashkilotchilaridan biri, O‘FA birinchi vise-prezidenti maslahatchisi, xalqaro futbol huquqshunosi San’at Sharipov bilan suhbatlashib, seminar va uning mahalliy soha mutaxassislari uchun ahamiyatiga qiziqdi.  

Turon24: San’at aka, avvalo, seminar haqidagi umumiy fikringizni bildirsangiz.

San’at Sharipov: Bu seminar O‘zbekiston Futbol assosiasiyasi tomonidan birinchi marta tashkillashtirilyapti. Futbolchilarning transferi yoki voyaga yetmagan bolalarni bir mamlakatdan boshqa mamlakatga olib ketish, klub va futbolchilar o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bilan bog‘liq nizolar, bir assosiasiyadan ikkinchisiga o‘tayotgan futbolchilarning mehnat shartnomasi bilan bog‘liq muammolar yoki murabbiylar va assosiasiyalar o‘rtasida yuzaga keladigan mojarolarni qanday hal qilish yoki ularning oldini olishda topiladigan yechimlar har bir huquqshunos uchun kundalik kerak bo‘ladigan bilimlardan biridir. Ushbu seminar o‘zbek klublari huquqshunoslari uchun qaysidir ma’noda malaka oshirish imkoniyati, deyishimiz mumkin.

T24: Seminar uchun rossiyalik mutaxassislarning tanlab olingani nima bilan bog‘liq?

S.SH.: Biz Yevropaning bir qator mamlakatlari, xususan, Shveysariyaga shu masalada murojaat qilganimizda, xizmat haqi sifatida juda katta pul so‘rashdi. Biz esa bunday xarajatga tayyor emasmiz. Rossiya geografik jihatdan dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatning futbol geografiyasi ham juda keng. Shu bilan birga, ko‘pchilikka noma’lum bo‘lishi mumkin, futbolda lisenziyalashtirish dasturi 1990 yillarda aynan Rossiyada ishlab chiqilgan. Keyinchalik UYEFA tomonidan zamonaviylashtirilib, butun mintaqaga joriy etilgan. Xususan, OFKda ham ushbu dastur bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yib kelinmoqda.

Yana shuni unutmaylik, yaqinda Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionati mamlakat futboli, futbol atrofidagi shaxslar, umuman, mamlakat futbol tizimi uchun ulkan tajriba bo‘ldi. O‘ylaymanki, ushbu tajribaning O‘zbekistonda o‘rganilishi biz uchun faxrlansa arzigulik voqea.

T24: Ushbu seminardan so‘ng futbolchi va klub o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi bo‘yicha qoidalarga qandaydir o‘zgartirishlar kiritiladimi?

S.SH.: Bu savolga avvalo O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbariyati batafsil javob berishi mumkin. Chunki bu masalada ushbu tashkilotning vakolatlari kengroq. O‘ylaymanki, bugungi ko‘rilayotgan masalalarni tashkilot rahbariyati yana alohida muhokama qiladi va tegishli chora -tadbirlar ko‘riladi.

T24: Bilamizki, sizda xalqaro futbol huquqshunosligi bo‘yicha ham tegishli diplom mavjud. Shundan kelib chiqqan holda nima deya olasiz, futbolchi aslida klub uchun tovarmi yoki kadr?

S.SH.: Futbol yirik biznesga aylanib ketgan. Istaymizmi, yo‘qmi, biz atletlarni avvalo brend, ya’ni mahsulot sifatida ko‘ramiz. Xoh biznes, xoh transferlar bo‘lsin, bunda futbolchi tovar sifatida namoyon bo‘ladi. Kadrlar esa ma’lum tashkilotda uzoq yillar faoliyat olib boruvchi xodim hisoblanadi. Ular yillar mobaynida bir klubda faoliyat yuritishi mumkin. Tovarlar esa bir jamoadan ikkinchisiga muntazam ravishda o‘tib yuradi. Aynan o‘shalar orqali klublar mo‘maygina daromad topishadi. Shunday ekan, akademiya tomonidan yetishib chiqqan futbolchilargagina kadr sifatida qarashimiz mumkin.

T24: Tajribali futbol agenti sifatida O‘zbekistondagi transfer tizimiga qanday baho bergan bo‘lardingiz? Tizimdagi shaffoflikni yo‘lga qo‘yish uchun qanday choralar ko‘rilishi lozim deb o‘ylaysiz?

S.SH.: Men o‘ylaymanki, Professional futbol ligasi O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bilan birgalikda yangi reglament ustida ish olib bormoqda. Unda futbolchilar huquqini himoya qilish, klublar huquqini himoya qilish maslalari ham bor.

Shaffoflik haqida gap ochdingiz, avvalo klublar shaffoflik nima ekanligini o‘zlari uchun bilib olishlari kerak. Yaqinda Jahon chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Belgiyada ham kelishilgan o‘yinlar sabab, bir nechta klub mutasaddilari qo‘lga olindi. Demoqchi bo‘lganim, bu kabi muammolar nafaqat O‘zbekiston, balki futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasida ham mavjudligi sir emas.

Menga "Futbolchilarimiz nega xorijga sotilmayapti?" deb murojaat qilishadi. Mana, seminarda ko‘rganingizdek, bizda futbolchiga qo‘yilgan aniq narx yo‘q. Bu haqda bozor yoki birjada kelishilmaydi. O‘zbekistonda ba’zi bir futbol klublari rahbariyati o‘z futbolchilarini juda yuqori narxlarda baholab olishadi. Natijada biz juda ko‘p iqtidorlarni muddatidan oldin yo‘qotamiz. Vaholanki, 2015 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatidagi ishtirokimizdan so‘ng boshqa Jahon chempionatlarida qatnasha olganimizcha yo‘q. O‘yinchilarni yaxshi futbol ligalariga olib chiqish uchun ham narxlar arzon bo‘lishi kerak. Oddiy misol, biznesda ham bozorga kirish uchun oldin tovarni arzonroq narxda sotishingizga to‘g‘ri keladi. Xaridorlar o‘sha tovarga o‘rganganidan keyingina narxlar oshiriladi. Bizda ham xuddi shunday. O‘zbekistonda Yevropa darajasidagi mahoratli futbolchilar u qadar ko‘p emas. Shuning uchun o‘ylaymanki, futbolchilarimizni xorijning yetakchi jamoalariga arzonroq narxlarga yoki ijara asosida berishimiz lozim.

T24: O‘zbek futbol klublari asosan davlat kompaniyalari tomonidan moliyalashtiradi. Misol uchun, Nasaf, Buxoro, Bunyodkor, Neftchi... Ayni holat mamlakat futboli rivojiga salbiy ta’sir o‘tkazmayaptimi?

S.SH.: O‘zbekistonda futbol klublariga davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar to‘xtatilsa, jamoalar juda og‘ir ahvolda qolib ketadi. Bu o‘rinda klublar ham jim turmasliklari lozim. E’tibor bergan bo‘lsangiz, futbol klublarining marketing bo‘yicha menejerlari shu kunga qadar Yaponiya, Gollandiya kabi mamlakatlarga jo‘natildi. Aynan ular O‘zbekistonga qaytgach, o‘sha yerda o‘rganilgan tajribalarini jamoalarida qo‘llashadi. Yaqqol misol, Navbahor. Ushbu jamoa marketing yo‘nalishida ancha-muncha ishlarni amalga oshirdi. Boshqalar esa yo‘q. Xuddi shu yo‘nalishda OAV bilan ishlashni ham aytib o‘tgan bo‘lardim. Chunki so‘nggi paytlarda turli xabarlar tarqalyapti. Masalan, qaysidir uchrashuvning matbuot anjumaniga hech kim kelgani yo‘q (Superliga doirasidagi Lokomotiv – Metallurg uchrashuvidan keyin o‘tkazilmagan matbuot anjumaniga ishora – tahririyat izohi). Bu haqda bir qancha xabarlar tarqatildi ham. Endi bu – top-toza ig‘vo. Birinchidan, o‘yindan keyingi matbuot anjumaniga jurnalistlar kelmagani uchun PFL rahbariyatini ayblash – ahmoqlik. PFL hech qachon jurnalistlarning matbuot anjumaniga kelishini ta’minlamaydi. Buning uchun klub matbuot xizmati vakillari bor. Matbuot xizmati vakillarining vazifasi uchrashuvdan oldin va keyin mikrofonga chiqib gapirish emas.

Bundan tashqari, klubga qarashli “Temiryo‘lchi” gazetasining muxbiri ham matbuot anjumaniga kelishni lozim bilmagan. Tizimda ishlayotgan har bir xodim o‘z vakolati nimalardan iborat ekanligini bilish kerak.

Yana bir misol, O‘FA Bunyodkordan 6 ochko olib tashlanishi borasida Ijroqo‘m yig‘ilishiini o‘tkazmadi, degan xabarlarni ham uchratyapmiz. Bir narsani to‘g‘ri tushunib olaylik, eng yuqori instansiyada turuvchi tashkilot yillar davomida voqeani o‘rganib, 2014 yildagi “Simonenko ishi” borasida bir necha marotaba klubni ogohlantirgan. O‘FA ham, PFL ham bu masalada klubni bir necha marta ogohlantirgan. Bu ichki ish va buni ko‘pchilik bilmaydi. Ammo FIFA yakuniy qarorini e’lon qilgach, uni hech qaysi tashkilot o‘zgartira olmaydi. O‘FA ijroqo‘mi yig‘ilib, bu masalani muhokama qilgani bilan ham o‘sha 6 ochko olinadi. Ya’ni ushbu qoidaga binoan 6 ochkoni olib tashlash to‘g‘risidagi ma’lumot klubga yetkaziladi.

T24: So‘nggi savol, futbol huquqshunoslari uchun bu kabi seminarlar yana tashkil etiladimi?

S.SH.: Bilasizmi, men birinchi marta bu kabi seminarlarni o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishim. Bu ishga kirishgan vaqtimda menga ayni seminarlarga chaqirilgan 80 ta kishidan 40 tasi kelsa ham, katta gap, deyishgandi. Ba’zi klublardagi huquqshunoslar tomonidan "biz dam olish kunida hordiq chiqarishimiz kerak, kelib yana qaytib ketishimiz kerak" degan fikrlar ham bildirildi. 

Bu yerda birinchi o‘rinda bir narsani to‘g‘ri anglab olishimiz lozimki, huquqshunoslar uchun tashkillashtiriladigan bunday seminarlar hech qachon ko‘ngil yozish uchun o‘tkazilmagan. Bu kabi seminarlar kuchli bilim va e’tiborni talab qiladi.

Oxirgi yillarda Sho‘rtanni aytamizmi yo Bunyodkornimi, xullas, doim legionerlar bilan qandaydir muammolarimiz bo‘lgan. Achinarlisi, bu kabi nizolarning 99,9 foizida biz mag‘lub bo‘lamiz. Goh u, goh bu klub qaysidir legionerga qanchadir miqdorda pul to‘lashga majbur bo‘ladi. Oqibatda futbolimiz bir joyda depsinib qolyapti. Bu seminar shu kabi muammolarga barham berish maqsadida o‘tkazilgandi.

Ikkinchidan, ko‘pchilik klublardan kelgan vakillar uchun bu mavzu yo qiziq emas yoki bu yerda nima voqealar bo‘layotganini to‘la anglab yetganicha yo‘q. Men o‘zim ham FIFA va boshqa yirik tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda qatnashganman, ammo hech qayerda bu yerdagi kabi kimningdir turli bahonalar bilan tadbir oxiriga yetishini kutmasdan ketganini uchratmaganman. Bu bir tomondan achinarli. Biror mojaro bo‘yicha klub rahbarlari O‘FA rahbariyatini ayblaydi-yu lekin mana shunday seminarlarda o‘z kasbiga noprofessional yondashmagach, PFL yoki O‘FAdan nimadir talab qilishga ularning haqlari yo‘q, deb o‘ylayman. Bu, albatta, shaxsiy fikrim va bu O‘FA pozisiyasidan farq qilishi mumkin. To‘g‘ri, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yo boshqa sabablarni tushunish mumkin. Lekin o‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, hatto ichkarida o‘tirganlarning aksariyati nima uchun kelganini tushunolganicha yo‘q.  Shundan ham bilishingiz mumkinki, bu kabilarning ko‘pchiligi futbolga boshqa sohada kelib qolishgan.

Manba: Turon24.com
Kiritildi: 20:03, 21.11.2018.
O'qildi: 3199 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.