Futbolchilik davrida «Liverpul» klubi va Angliya termasi afsonasiga aylangan Stiven Jerrard murabbiylik sohasida ham mashhurlikka erishishni maqsad qilgan. Yaqinda Fransiyaning France Football nashri ayni payt Glazgoning «Reynjers» klubini boshqarayotgan Jerrard bilan suhbat uyushtirdi.
- Yarim yildan buyon «Glazgo Reynjers»ni boshqarayapsiz. Bu bosh murabbiy sifatidagi birinchi ishingiz. Ancha o‘zlashtirib oldingizmi?
- Yo‘q, bu birinchisi emas. Bungacha «Liverpul» yoshlar jamoasini boshqarganman. Umuman olganda, kattalar jamoasini nazarda tutsak, shunday. Mutlaqo boshqa daraja, boshqa mas’uliyat. O‘tgan yarim yil ajoyib bo‘ldi. Buni kutmagandim. Bolaligimdan hurmat qiladigan klubni boshqarish imkoniyatiga ega edim. Taklif bilan chiqishganida o‘ylab o‘tirmay rozilik berdim.
- Endigina 38 yoshdasiz. «Amplua»ni o‘zgartirishga hali erta emasmi?
- Aslida bu haqda ko‘pdan beri o‘ylab yurardim. 30-31 yoshligimda, jismoniy holatim talabimga javob bermayotganini tushunganimda, o‘zimni murabbiylikka tayyorlashni boshladim. Jerar Ulye va Rafael Beniteslar «Liverpul»dagi ustozlarim. Ulardan ko‘p narsa o‘rganganman. Har bir mashg‘ulotlardan keyin qaydlar kiritardim. Maxsus daftarga ulardan o‘rganganlarimni yozib qo‘yardim. Bularning qachonlardir qo‘l kelishini o‘shandayoq bilganman.
- «Glazgo Reynjers» sizga qanday taklif bilan chiqdi?
- Ikki tanishim orqali. Birinchisi - Endi Skulding. U bilan «Liverpul»da tanishganmiz. Ayni payt «Reynjers»ning seleksiya bo‘limida ishlaydi. Ikkinchisi - Mark Allen. U bilan «Manchester Siti» akademiyasini boshqarganda tanishganman. O‘shanda «Liverpul» yoshlar jamoasida ishlayotgandim. Ular qo‘ng‘iroq qilib, «Reynjers» murabbiy qidirayotgani, bu borada klub rahbariyati bilan muzokara o‘tkazishim mumkinligini aytishgandi.
- Shubhasiz, siz darhol rozi bo‘ldingiz?
- Bunga qadar 3-4 jamoadan taklif olgandim. Lekin bu ishlar men uchun ekanligiga unchalik ishonchim komil emasdi. «Reynjers» esa shu ondayoq ma’qul keldi. Nomdor klub. O‘zim ham aynan shunday bo‘lishini istagandim.
- Boz ustiga, «Reynjers» ham «Liverpul» singari «xalq jamoasi» sanaladi. Haqiqatan ham kerakli jihat...
- Ha. Bu yerda ham fanatlar harakatiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Ularning bosimini jismonan ham his qilasiz. Lekin ayrim futbolchilarga bu negativ ta’sir o‘tkazishi mumkin. «Reynjers»da muxlislar bosimi ostida yashashni bilish muhim. Bu yerga asabi mustahkam o‘yinchilar kerak. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, ajoyib muhit hukm suradi.
- «Reynjers»dagi maqsadlaringiz qanday?
- Ishni endi boshladim. O‘z uslubimda o‘ynaydigan jamoa tuzishni xohlayman. Muxlislarning ham istaklari yuqori. Lekin loyiha birdaniga amalga oshmaydi. Hammasi bosqichma-bosqich olib boriladi.
- Vazifa - yana «Seltik» bilan raqobatlashishmi?
- Shunday. O‘rtadagi darajani iloji boricha tenglashtirib, yana «oltin» uchun kurashishni boshlashimiz kerak. So‘nggi yillarda «Seltik»ka raqobatchi yo‘q edi.
- Jamoani Yevropa Ligasi guruh bosqichiga olib chiqdingiz. Bu ham o‘ziga yarasha natijami?
- Ha, bu yaxshi qo‘ng‘iroq. Guruh bosqichiga chiqishimiz moliyaviy tarafdan ham, klub obro‘si uchun ham muhim edi. Bu professional tomonlama katta yutuq. Shogirdlarimga shunday turnirlardagi tajriba kerak. Chunki ular hali ancha yosh.
- Qachonlardir «Reynjers» Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Shu davrlar qaytadi, deb o‘ylaysizmi?
- Muhimi, «reynjercha» o‘ynashimizda. Klubning jahon bo‘ylab millionlab muxlislari bor. Yevropa Ligasida qayerga bormaylik, o‘sha yerda fanatlarimiz topiladi. Bu ajoyib. «Reynjers» hamisha g‘alaba uchun o‘ynagan. Hozir ham shunday qilishga intilyapmiz. Futbolchilarim barchasiga mas’uliyat bilan qarashlarini istayman. Raqiblar kimga qarshi o‘ynayotganlarini bilishsin. So‘nggi yillarda klub imijini yo‘qotgan. Biz yana o‘z kuchimizga ishonishimiz kerak. Buning uchun Chempionlar Ligasiga chiqishimiz juda muhim. YECHLning «Aybroks» («Glazgo Reynjers» stadioni)ga qaytishini xohlayman. Bu ishni uddalagan murabbiy bo‘lmoqchiman.
- Yozda bir qator yoshlarni xarid qildingiz. Ammo vazifani bajarish uchun tajribali futbolchilar kerak...
- Yosh masalasi muammo emas. Ishtiyoq bo‘lsa, kifoya. Menga brend uchun keladiganlarning keragi yo‘q. Avvaliga asosiy maqsadimiz futbolchilarning ruhiyatini o‘zgartirish edi. (Yordamchisi Gregori Vinyalga yuzlanib) Greg nima demoqchi ekanligimni tushunadi. U men bilan «Liverpul»da birga to‘p surgan. Endi «Reynjers»damiz. Bu jamoalarda futbolchilar qanday bo‘lishi kerakligini u yaxshi biladi. Aynan shuning uchun kurashsangiz, ko‘pinchi g‘alaba qozonasiz. Odatdagidek, futbolkani kiyib, maydonga tushib, g‘alaba qozonishni ko‘pchilik eplaydi. Ammo eng avvalo, shunday klub libosida yurish, uning ramzi, emblemasini taqishga munosib bo‘lish talab etiladi.
- Sizdek nomi chiqqan inson futbolchilar bilan transfer borasida osonroq gaplashsa kerak?
- Ha. Ba’zida go‘shakni qo‘yib qo‘yishmasmikan, deb cho‘chiyman. Klubning moliyaviy holati o‘ta barqaror emas. Bu jihat ham seleksiya ishlarida qiyinchilik tug‘diradi. Imkoni bo‘lganlarni oldik. Qaysidir ma’noda, eksperimental tarkib. Lekin barchalari g‘alabalarga chanqoq futbolchilar. Boshqa jamoalar zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib zerikkanlarni chaqirdik. Ularning kurashga chanqoqligi ish bermoqda. «Reynjers»da hamma o‘zini ko‘rsatishga qodir. Buning uchun klubda barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin men uchun asosiysi, mazkur jamoa sharafini himoya qilish istagidir. Bu borada tarkibimizdagi yangi futbolchilar bilan ham ishlar olib boryapmiz.
- Shotlandiya chempionatining saviyasi qanday?
- Turli jamoalar, turfa uslublar. Uzun paslar juda ko‘p. Bunday vertikal futbolda standartlarga katta e’tibor qaratiladi. Yakkakurashlar tez-tez kuzatiladi. Ba’zi jamoalar biror kishi yugurib, gol urib keladi, degan maqsadda to‘pni uzoqlashtirishadi. Jamoaning ko‘proq Yevropacha futbol o‘ynashini ta’minlashga intilyapman. Paslar orqali to‘pni imkon qadar o‘zimizda saqlab turishimiz lozim. Yana bir jihat, misol uchun, Moskvada «Spartak»ka qarshi o‘ynayapsiz. O‘yinni ko‘rish uchun 50 ming ishqiboz kelgan, raqib tarkibidagi har bir futbolchining narxi kamida 20 million. Keyin Shotlandiyaga qaytasiz va barcha o‘yinchilari bahosi bir million yevroga yetmaydigan klub bilan maydonda kuch sinashasiz. Moslashish qiyin. «Seltik», «Xarts» va «Kilmarnok» jamoalarida nimadir bor. Qolganlarda o‘yin yo‘q.
- «Seltik» bilan bo‘lgan dastlabki derbi haqida nima deysiz?
- Juda muhim o‘yin edi. Afsuski, mag‘lubiyatga uchradik. Maydonga ishonch bilan tushgandik. Lekin ayrim futbolchilarda bu kabi prinsipial derbidagi dastlabki ishtirok hayajoni sezilib qoldi.
- Stadiondagi muhit «Liverpul» - «Everton» derbisiga o‘xshaydimi?
- O‘xshash, lekin baribir boshqa. Bu yerda derbilarga nafaqat sport, balki boshqa masalalar ham qo‘shiladi. Shu bois ham muhit o‘zgacha tus oladi. O‘sha kuni Glazgoda hayot to‘xtab qoladigandek, go‘yo. Hamma o‘yin haqida gapiradi.
- Nimaga Angliyada xorijlik murabbiylar - Gvardiola, Klopp, Mourinyo, Sarri, Pochettino, Emerilarga ishonch bildirishmoqda?
- Haqiqatan ham, siz aytgan xorijlik murabbiylar kuchli mutaxassislar. APLda katta pullar aylanadi. Shunday ekan, klublarda faqat eng yaxshilarni chorlashga imkoniyat bor. Vaziyatga real baho berish kerak. Jahonda inglizlardan kuchli bo‘lgan mutaxassislar talaygina. Patrik Viyeyra va Tyerri Anrilar hozir mening holatimdalar. Murabbiylik tajribasiga ega bo‘lish uchun ular kuchli klub topishlari lozim. Raqobat esa juda katta. Lekin Didye Desham, Zayniddin Zidan yoki Loran Blan kabilar birinchi urinishdayoq hammasini yaxshi bajarishgan. Buyuk futbolchidan buyuk murabbiyga aylanishdi.
- Jerar Ulye bilan munosabatlaringiz qanday bo‘lgan?
- Hozirgacha aloqalarimiz yaxshi. Ushbu mutaxassis menga ko‘p narsa o‘rgatgan. U futbolchi sifatidagi ruhiyatimni o‘zgartirgan. Mendan umuman boshqacha o‘yinchini yuzaga chiqargan. Jerar Ulyening qo‘l ostida haqiqiy professionalizm qanday ekanligini tushunganman. Maykl Ouen va Jeymi Karragerlar ham xuddi shunday deyishgan bo‘lardi.
- Qachonlardir «Liverpul»ni boshqarishni orzu qilasizmi?
- Hozir Glazgoda baxtliman. Lekin keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Liverpul men uchun o‘zgacha shahar. Balki qachonlardir u yerda ishlarman. Balki ishlamasman.
- 2005 yili «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishingiz uchun ozgina ochko yetmagan. Natijada so‘rovda uchinchi o‘rinni olgansiz. Eng yaxshi bo‘lolmaganingizdan afsuslanasizmi?
- Yo‘q. O‘shanda Ronaldinyo va Lempardlar ko‘proq ovoz to‘plashgan. Ular bilan minbarga birga chiqqanimdan xursandman. Men Liverpulning ishchi kvartalidan chiqqan oddiy yigitman. Orzuim «Liverpul»da o‘ynash bo‘lgan. Agar bu ish yuz bermaganida afsuslangan bo‘lardim. Afsuski, Angliya chempioni bo‘lish nasib etmadi.
- Bu yil «Oltin to‘p»ni kim oladi, deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, jahon chempionlaridan biri. Grizmann yoki Mbappe. Lekin Ronaldu va Messini ham yoddan chiqarmaslik kerak