Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kapadze – multichempion, Ibragimovich, Robben va Giggz ham

Kapadze – multichempion, Ibragimovich, Robben va Giggz ham

Baho:
+ | -

Qaysi futbolchilar milliy chempionatlarda eng ko‘p oltin medal yutishgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Kimlar turli mamlakatlar va turli klublarda shunday muvaffaqiyat qozonishganini bilasizmi? Jurnalistlar shu savollarni o‘rtaga tashlab, tegishli javoblar izlashdi. E’tiborlisi, jahon futbolidagi multichempionlar orasida hamyurtimiz Temur Kapadze ham bor. Umuman, milliy jamoamiz sobiq yarim himoyachisi bu borada oldingi o‘rinlardan birida!

JAMI UNVONLAR SONI BO‘YICHA

Hattoki, ba’zi yaxshi va juda yaxshi saviyadagi futbolchilarga ham butun faoliyatlari davomida milliy chempionatlarda loaqal bir bora g‘alaba qozonish nasib etmasligi mumkin. Eng yorqin misol - Stiven Jerrard. Ha, angliyalik xavbek Yevropa CHLda zafar nashidasini surgan, APLda 3 marta vise-chempion maqomiga erishgan, ammo liganing oltin medaliga yetolmagan, baribir. Gollandiyalik Robin van Persining Stivga nisbatan hazilnamo murojaatini eslang: «To‘xta, APLdagi g‘oliblik uchun olgan medaling qayerda?» Shuning barobarida futbolda yana bir toifa o‘yinchilar borki, ularga chempionlik bobida omad shunchaki, «yopishib» oladi! Bunda yulduz yoki chinakam kuchli ijrochi bo‘lish ham shart emas. Deylik, Rossiyada chempionlik unvoni bo‘yicha Dmitriy Ananko mutlaq rekordchi sanaladi. Qarang, «Spartak» safida naq 9 marta mamlakat chempioni bo‘lgan bu himoyachi Rossiya termasi safida atigi 1 bora maydonga tushgan. Chunki Ananko eng yaxshi himoyachilar qatoriga kirmasdi. Umuman, jahon miq­yo­­sida olsak, 9ta chempionlik unvoni u qadar yuqori natija sanalmaydi. Ananko bu borada ikkinchi yuztalik orasida. Misol uchun, 58 nafar futbolchi milliy chempionatlarda 10 marta yoki ko‘proq zafar quchgan.

24 nafar futbolchi - 10 karra chempion. Bu guruhda «Ayaks» va «Feyenoord» bilan Gollandiya Eredivizioni hamda «Barselona» safida Ispaniya La-Ligasida g‘alaba nashidasini surgan Yoxan Kroyff bor. «Real» afsonasi Xose Martines Pirri esa 10ta chempionlik medalini ham «Qirollik klubi»da yutgan. Shuningdek, Valter Samuel, Peter Shmeyxel, Juninyo Pernambukanova Devid Bekxem kabi mashhur futbolchilar ham faoliyatlari davomida 10 karra chempion bo‘lishgan.

15 nafar futbolchi - 11 karra chempion. Pol Skoulz barcha unvonlarini «MYU» bilan qo‘lga kiritgan. Bu guruhda Portugaliya futboli afsonasi Eysebio, faoliyatini hamon davom ettirayotgan xorvat Dario Srna, sobiq darvozabon Vitor Bayya, yana Aryen Robben, Zlatan Ibragimovich hamda uning yaqin do‘sti Maksvellni ko‘rish mumkin.

12 nafar futbolchi - 12 karra chempionGari Nevill 12ta «oltin» uchun «MYU»dan minnatdor bo‘lishi kerak. BATEning ikki vakili - Vitaliy Rodionov va Dmitriy Lixtarovich, shuningdek, Sergey Rebrov va Valentin Belkevich («Dinamo» K.) shu guruhda. «Madrid» tarixidagi ikki yorqin yulduz ham bor: Ferens Pushkash va Pako Xento.

4 nafar futbolchi - 13 karra chempion. Hamyurtimiz Temur Kapadze vengriyalik Imre Shlosser, Misrfutboli afsonasi Hussam Hassan hamda Uels faxri Rayan Giggz qatorida. Temur o‘z hisobidagi aksariyat oltin medallarni O‘zbekistonda rasmiylashtirgan bo‘lsa, Ra­yan faqat Angliyada zafar quchgan. Top-ligalardagi chempionlik soni bo‘yicha rekord aynan «MYU» afsonasiga tegishli.

2 nafar futbolchi - 14 karra chempion. Aleksandr Shovkov­s­kiy Kiyev «Dinamo»si safida Ukrainaning 14 karra chempioni maqomiga erishdi. Futbol tarixidagi eng kuchli hujumchilardan biri Alfredo di Stefano esa 14ta oltin medalni 3ta mamlakatda yutgan - Ispaniya, Argentina va Kolumbiyada.

1 nafar futbolchi - 16 karra chempion. Gap norvegiyalik Roar Strann haqida ketmoqda. Uning kolleksiyasidagi 16ta «oltin»ning barchasida «Rusenborg» muhri bor. Roar ilk yutug‘ini 1990 yili, oxirgisini esa mavsum-2010da nishonlagan. «Rusenborg» - Norvegiyaning eng sovrindor klubi (26 karra chempion), uning bu boradagi eng yaqin ta’qibchisi - «Fredrikstad» atigi 9 bora zafar quchgan. Xullas, Strann chempionlik masalasida birgina «Rusenborg»ni inobatga olmaganda, Norvegiyaning har qanday klubidan ham oldinda.

MILLIY CHEMPIONATLAR XILMA-XILLIGI BO‘YICHA

Navbat turli mamlakatlarda eng ko‘p zafar quchgan futbolchilarga keldi. Bu boradagi statistikada ham qiziqarli jihatlar ko‘p. Umumiy olganda, naq 24 nafar futbolchi 4ta yoki ko‘proq mamlakatning bosh ligasida oltin medal yutgan.

23 nafar futbolchi - 4ta milliy chempionat g‘olibi. Avvalo, top-birinchiliklarda g‘alaba qozongan futbolchilarni e’tirof etish kerak. Bular - Gabriel Xaynse, Uesli Sneyder, Xames Rodriges, Tyerri Anri, Robinyo, Deku, Aleks, Mark van Bommel, Rivaldo, Karlos Teves va yana o‘sha Devid Bekxem, Zlatan Ibragimovich, Aryen Robben, Maks­vell. Devid Angliyada «MYU», Ispaniyada «Real», AQSHda «Los-Anjeles Geleksi» hamda Fransiyada «PSJ» bilan shohsupaga ko‘tarildi. Ibragimovich va Maksvell parallel yo‘nalishda harakatlanishdi: Gollandiya, Italiya, Ispaniya va Fransiya. Robben ham avvaliga Gollandiya chempionatida zafar quchdi, keyin APL, La-liga va Bundesligani zabt etdi. Lukas Barrios «Spartak»da Rossiya chempioni maqomiga erishmagan bo‘lsada, Germaniya, Xitoy, Braziliya va Chilida maqsadga erishdi.

1 nafar futbolchi - 6ta milliy chempionat g‘olibi. Mutlaq rekordchi ham ma’lum vaqt Rossiyada o‘ynagan va Lukas Barrios kabi chempion bo‘lmay ketgan. Bu yigit - Matey Kejman. Serb hujumchisi sobiq Yugoslaviya, Gollandiya, Angliya, Turkiya, Belarus va Gonkong chempionidir. Vaholanki, u vaqtida «Zenit», «Atletiko» va «PSJ» kabi kuchli jamoalarda ham chakki to‘p surmagan. Faqat o‘ynagan vaqti shu klublarning chempionsizlik davriga to‘g‘ri kelgandi.

 

KLUBLAR XILMA-XILLIGI BO‘YICHA

 

Jami 20 nafar futbolchiga 4ta yoki ko‘proq klub safida milliy chempionat g‘olibi bo‘lish nasib etgan. Xususan, Temur Kapadze naq 5ta klub bilan zafar bayrog‘ini ko‘targan.

5ta klub safida chempion bo‘lgan futbolchilar

Temur Kapadze (O‘zbekiston): «Neftchi», «Paxtakor», «Bunyodkor», «Lokomotiv» (barchasi O‘zbekiston), «Astana» (Qozog‘iston)

Edu Drasena (Braziliya): «Kruzeyro», «Korintians», «Palmeyras» (barchasi Braziliya), «Fenerbaxche» (Turkiya), «Olimpiakos» (Gresiya)

Antonio Karlos Zago (Braziliya): «Santos», «Palmeyras», «San-Paulu» (barchasi Braziliya), «Beshiktosh» (Turkiya), «Roma» (Italiya)

Kolin Kozim-Richards (Turkiya): «Galatasaroy», «Fenerbaxche» (ikkisi Turkiya), «Olimpia­kos» (Gresiya), «Seltik» (Shotlandiya), «Korintians» (Braziliya)

Karlos Teves (Argentina): «Korintians» (Braziliya), «MYU», «Manchester Siti» (ikkisi Angliya), «Yuventus» (Italiya), «Boka Xuniors» (Argentina)

Zlatan Ibragimovich (Shvesiya): «Ayaks» (Gollandiya), «Inter», «Milan» (ikkisi Italiya), «Barselona» (Ispaniya), «PSJ» (Fransiya)

6ta klub safida chempion bo‘lgan futbolchi

Matey Kejman (Serbiya): «Partizan» (sobiq Yugoslaviya), PSV (Gollandiya), «Chelsi» (Angliya), «Fenerbaxche» (Turkii), BATE (Belarus), «Saut Chayna» (Gonkong)

Izoh: Zlatan Ibragimovich ham aslida 6ta klub safida chempionlikka erishgan, lekin «Yuventus»dagi yutug‘i hisobga kiritilmagan. Chunki turinliklarning o‘sha g‘alabalari «kalchopoli» mojarosi tufayli bekor qilingan.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 23:21, 05.12.2018.
O'qildi: 5981 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.