«Pulka», ya’ni «pley-off» o‘yinlarini inobatga olmasak, yurtimizda futbol mavsumi yakunlandi. Albatta, bu bilan PepsiSuperliga hamda mamlakat kubogi nazarda tutilyapti. Joriy yil ilk bor yangicha formatda o‘tkazilgan chempionatning barcha g‘olib va sovrindorlari turnir yakunlanishiga bir tur qolganda aniqlangandi. Shuningdek, Pro-ligaga ravona bo‘lgan jamoa ham muddatidan avval ma’lum bo‘lgandi: «Neftchi» kelasi mavsum quyi ligada ishtirok etadi. So‘nggi turda esa «pley-off»da o‘ynaydigan jamoalar va shu bilan birga juftliklar nomiga oydinlik kiritildi. Quyi oltilik jamoalari orasida 3-o‘rinni egallagan «Qo‘qon-1912» oxirgi 6ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi. No‘’mon Hasanov shogirdlari so‘nggi bor 26-turda safarda «So‘g‘diyona»ga imkoniyatni boy berishgandi. Shundan so‘ng qo‘qonliklar uyda ikkita g‘alaba va bir durang, safarda ham ikkita g‘alaba va bir durang qayd etishdi. Ushbu ijobiy natija evaziga «Qo‘qon-1912» Superligadagi o‘rnini saqlab qoldi. «Pley-off» sinovidan o‘tish vazifasi esa «So‘g‘diyona» va AGMK zimmalarida qoldi. Biz mavsum omadsiziga aylangan «Neftchi»ning yetakchi futbolchilaridan biri Murod Bobojonovdan chempionat yakunlari yuzasidan intervyu oldik.
- Murod, bu yilgi chempionat haqida nima deya olasiz?
- Umumiy olganda, turnir qizg‘in kurashlar ostida o‘tdi, deb bemalol ayta olaman. Chempionlik va qolgan sovrinli o‘rinlar taqdiri mavsum yakunlanishiga bir tur qolganda aniqlandi. Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurash ham qizidi. Albatta, yutuqlar bilan birga o‘ziga yarasha kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi.
- Bu yil chempionatimiz yangicha formatda o‘tkazildi. Oliy liga nomi Superligaga o‘zgartirildi. Futbolchilarga bu ma’qul bo‘ldimi yoki avvalgi tizim yaxshiroqmidi?
- Shaxsiy fikrim, menga avvalgi chempionat formati ma’qulroq edi. Boshqalarga qanday bilmadimu, lekin bu yilgi tizim unchalik yoqmadi. Albatta, bu masalada hammaning o‘z qarashi bor. Balki ayrim futbolchilar va murabbiylarga Superliganing hozirgi formati ma’quldir.
- Qaysi jihatlari yoqmadi?
- Superliga ikki bosqichda o‘tkazildi. Qolaversa, jamoalar soni ham qisqartirilgandi. O‘tgan yillarda 14 va 16tadan klublar ishtirok etardi. Yildan-yilga ishtirokchilar soni qisqarib boryapti. Menga avvalgi klassik format ko‘proq ma’qul kelgandi. Butun dunyoda chempionat ikki davrali formatda o‘tkaziladi.
- Yangi formatning ijobiy tomonlari ham bormi?
- Ha, o‘ziga yarasha yaxshi jihatlari ham yo‘q emas. Ayniqsa, birinchi oltilikka kirish uchun kurash keskin kechar ekan. Quyi oltilikdan joy olganlarda Pro-ligaga tushib ketish xavfi ko‘proq bo‘ladi. Chunki bu yerda deyarli teng kuchli jamoalar qolishadi. Joriy yilgi chempionat ham Superligada qolish uchun kurash qanchalik shiddatli kechganligini ko‘rsatib qo‘ydi. «Pulka», ya’ni «pley-off» o‘yinlarining keskin kechishini oldindan taxmin qilish qiyin emasdi.
- Jamoangizning ishtiroki haqida nima deya olasiz? «Neftchi»dek shonli jamoaga bu yil g‘alabalardan tashqari yana nima yetishmadi?
- Eng asosiy sabablardan biri - bu mavsum boshida jamoamizda yuz bergan o‘zgarishlar. Keyin tarkib deyarli butunlay yangilangani uchun futbolchilarning bir-birini tushunib harakat qilishi qiyin kechdi. Jamoaviy o‘yinni shakllantirib olguncha mavsumning katta qismi o‘tib ketdi. Buning natijasida keragidan ortiq ochko yo‘qotdik. Ikkinchi davrani yomon boshlamagandik. Lekin qaysidir o‘yinlarda omad ochiqchasiga bizdan yuz o‘girdi. Yuzaga keltirilgan xavfli vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Futbolchilar, xususan, hujumchilar uchun juda muhim bo‘lgan sovuqqonlik yetishmadi. Bu omadsiz ishtirokning o‘ziga yarasha sabablari ko‘p. Men asosiylarini sanab o‘tdim. Nima ham derdik, futbolda shunday holatlar ham uchrab turadi. O‘ylaymanki, bu yilgi qoniqarsiz ishtirokdan o‘zimizga kerakli xulosalarni chiqarib olamiz. Jamoa Pro-ligada munosib tarzda qatnashib, kelasi yilning o‘zida yana Superligaga qaytishga astoydil harakat qiladi.
- «Neftchi» elitani tark etdi. Muvaffaqiyatsizlikning boshqa sabablari ham bormi?
- Aytaman desam, sabablar ko‘p. Lekin asosiy omillardan biri - bu futbolchilarning maydonda bir-birini tushunib harakat qila olmagani, deb hisoblayman. Yaxlit jamoaning shakllanishi uchun bir yil kamlik qiladi. Jamoa endi o‘z o‘yinini topib olgan bir paytda chempionat yakuniga yetib qoldi.
- Klubda ichki muhit yaxshimidi?
- Hammasi ajoyib edi. Bu borada shaxsan men muammo ko‘rmadim. Yigitlar bir-birlari bilan ahil munosabatda bo‘lishdi, buni tashqaridan ko‘rganlar ham e’tirof etishdi. Lekin baribir, nimadir yetishmadi. «Neftchi»ning bu yilgi qismati shu ekan. Albatta, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan tegishli xulosalar chiqariladi. Xato qilishdan emas, uni takrorlashdan qo‘rqish kerak. Shaxsan men shunday deb o‘ylayman.
- Klubda moliyaviy muammolar bormidi? Maoshlar vaqtida berib borildimi?
- Bu mavzuda gapirgim yo‘q.
- «Neftchi»dek shonli tarixga ega jamoaning quyi ligaga tushib ketishi achinarli hol, albatta. Shunday emasmi?
- Albatta, achinarli. Lekin har doim ham siz o‘ylagan narsalar bo‘lavermas ekan. Dunyoning grand jamoalarida ham shunday pasayish holatlari uchrab turadi. Balki futbol shunisi bilan ham qiziqdir. Muxlislar shuning uchun ham millionlar o‘yinini yaxshi ko‘rishar. Yuqorida aytganimdek, bu yilgi mavsumdan tezroq xulosa chiqarib, xatolarni to‘g‘rilash kerak. Kelasi yili jamoamiz muxlislarini o‘z g‘alabalarimiz bilan xushnud etib, mavsum so‘ngida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi shart. Aks holda, jamoa muxlislari bizni kechirishmaydi.
- Klub rahbariyati bu yilgi ishtirok yuzasidan qanday munosabat bildirdi? Yig‘ilish o‘tkazildimi?
- Hali mavsum rasman yakunlanmagani uchun yig‘ilish bo‘lmadi. Tez orada o‘tkazilsa kerak, deb o‘ylayman. Tabiiyki, klub rahbariyati iliq fikrda emas. Hozirgi holatni hammamiz birdek tushunib turibmiz.
- Jamoaning Pro-ligaga tushib ketishi futbolchilarning, xususan, sizning keyingi rejalaringizga o‘zgartirish kiritdimi?
- Hozircha bir narsa deya olmayman. Har bir futbolchining o‘z rejasi bor.
- Demak, jamoani tark etishingiz aniq, shundaymi?
- Bunisi yil yakunida ma’lum bo‘ladi. Chunki hali «Neftchi» bilan amalda shartnomam bor.
- O‘z o‘yiningizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Yo‘q, unchalik to‘lmadi. Bu yil jamoam qatori shaxsan o‘zim uchun ham omadsiz keldi. Surunkali jarohatlar qiynadi. Buning natijasida ko‘p o‘yinlarda jamoadoshlarimga yordam bera olmadim. Futbolchi uchun eng yomoni - o‘yinni zaxira o‘rindig‘i yoki tribunadan kuzatish bo‘lsa kerak. Endi nima ham qila olamiz, jarohatlar sport, xususan, futbolning ajralmas bir bo‘lagi. Maydon tashqarisidan o‘yinni kuzatish, jamoadoshlaringizga yordam bera olmaslikni hamma ham tushunavermaydi. Buni faqat ana shu holatni boshidan o‘tkazgan insongina anglab yetadi.
- Murod, endi milliy jamoamiz bo‘yicha fikringizni bilish istagidaman. Termamizning Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yinini ko‘rdingizmi?
- Afsuski, ayrim sabablarga ko‘ra bu uchrashuvni tomosha qilolmadim. Livan va Janubiy Koreya termalariga qarshi kechgan bahslar Avstraliyada o‘tkazilganidan xabarim bor edi. O‘yinlar natijasini internet orqali bilib oldim. O‘sha bellashuv o‘tkazilgan vaqt bizning mashg‘ulot o‘tkazadigan paytimizga to‘g‘ri kelib qoldi. Bilasizmi, nazorat bahslarida asosiy e’tibor natijaga qaratilmaydi. To‘g‘ri, natija ham bo‘lishi kerak. Lekin murabbiylar aynan o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘z rejalarini amaliyotga tatbiq etib olishadi. Ya’ni, yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazishadi, yangi taktikalarni sinab ko‘rishadi. Albatta, bunday holatda natija birinchi darajaga chiqmaydi. O‘ylashimcha, o‘yin natijasidan fojia yasamaslik kerak. Murabbiylar kuchli raqibga qarshi o‘yinda ko‘zga tashlangan kamchiliklarni o‘zlari uchun aniqlashdi. Keyingi yig‘in va o‘yinlarda nimalar ustida ishlash kerakligini bilib olishdi.
- Milliy jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper haqida nima deysiz?
- Argentinalik mutaxassis qisqa muddatda qo‘lidan kelganicha tarkibni shakllantirishga e’tibor qaratyapti. Kuper hali-hamon o‘zbek futboli bilan tanishish jarayonini boshdan kechirmoqda. Unga vaqt kerak. Oldinda bizni kutayotgan yirik musobaqa - Osiyo kubogi-2019 u va termamiz uchun haqiqiy sinov bo‘ladi. Rasmiy o‘yinlarda jamoa kuchini ko‘rishimiz mumkin.
- Ko‘pchilik murabbiyning himoyaviy taktika asosida ishlashiga salbiy munosabat bildiryapti. Sizning bu boradagi qarashlaringiz qanday?
- Har bir insonning o‘z fikr va uslubi bo‘ladi. Xuddi shunday Ektor Kuperda ham. Jamoada natijaga bosh murabbiy javob beradi. Fursatdan foydalanib, milliy termamizga yanvar oyida BAAda o‘tkaziladigan Osiyo kubogida omad tilab qolaman. Hozircha eng yaxshi natijamiz yarim final bo‘lib turibdi. Bu galgi qit’a chempionatida futbolchilarimizga ana shu o‘ziga xos rekordni yangilashlarida kuch-quvvat tilayman.
- Pepsi Superligadagi hakamlik haqida qanday fikrdasiz? Hammasi halol, risoladagidekmi?
- Menimcha, hakamlik yomon bo‘lmadi. Shaxsiy kuzatuvlarim asosida aytadigan bo‘lsam, uchrashuv natijasiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan holatlar deyarli kuzatilmadi. To‘g‘ri, kichik xatolar hammada bo‘ladi. Hakamlar ham inson, ular ham yanglishishadi. Ko‘ryapsiz, futbol qanchalik tezlashib ketdi. Buning natijasida golni, qoida buzilishini aniqlaydigan VAR tizimidan ham foydalanilyapti. Hakam bir-ikki soniya ichida vaziyatga o‘z munosabatini bildirishi kerak. Lekin bu hamma o‘ylaganchalik oson ish emas. O‘yinni televizorda ko‘rish mutlaqo boshqa narsa. Maydonda, minglab muxlislar ko‘z o‘ngida to‘g‘ri qaror chiqarish oson emas. Bunday vaziyatlarda hakamlarni ham tushunish kerak.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi