U qayerda o‘ynamasin, ajoyib gollar urgan, hamisha dadil va erkin fikr bildirgan. Faoliyati davomida 25ta yirik sovrinni qo‘lga kiritgan, o‘z mamlakati tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lgan. Yaqinda 37 yoshli Zlatan Ibragimovich xorijlik hamkasblarimizga bergan intervyusida o‘z gollari, «MYU»da o‘tgan davri, AQSHdagi hayot tarzi haqida gapirdi.
Gollari haqida
- Dastlab gollar ikkinchi darajali bo‘lgan, eng avvalo, ko‘nikmalar, texnika inobatga olinardi. Qayerga bormay, bu borada muammo kuzatilmagan. Vaqti kelib, menga shunday deyishgan: «Bu juda yuqori saviya va sen unga moslashishing zarur. Hujumchisan, jamoaga gollar berishing kerak, agar raqib darvozasini ishg‘ol qilmasang, bizga kerakmassan». Hammasi «Yuventus»ga o‘tganimda o‘zgardi. Ko‘p narsa men uchun yangilik edi. Atrofga nazar solib, o‘ylanib qolardim: «Yirik klub, kuchli futbolchilar, malakali murabbiy, katta tarix». Oxir-oqibat gol uradigan mashinaga aylandim. Italiyada hujumchi - eng murakkab pozisiya, shu bois barcha futbolchilar taktik jihatdan mukammallikka intilishadi. Paolo Maldini hamda Alessandro Nestaga qarshi o‘ynaganim yodimda, bunday pallada nari borsa, yarimta imkoniyatga ega bo‘lishing mumkin. Ulardan o‘tganingdan keyin ro‘parangdan jahon darajasidagi darvozabon - Dida chiqadi... Mashg‘ulotlarda Janluiji Buffondek sherigim bo‘lgani - mening omadim. Shuningdek, jamoadoshlarim orasida Lilian Tyuram va Fabio Kannavaro bor edi.
Angliyaga ko‘chib o‘tishi haqida
- Ketishimdan avval turli futbolchilar bilan gaplashdim, to‘g‘ri fikr bildirishlariga ishongandim. Hammasi bir xil maslahat berishdi: «Bunday qilma». Ularning fikricha, bu qaror faoliyatimga foyda keltirmasdi, chunki nari borsa, u yerda bir mavsum o‘tkazardim, xolos. Agar o‘sha mavsumni yomon o‘tkazsam, odamlar bunga qadar qilgan ishlarim besamar ekanini aytishar, zero Angliyada hech nimani eplolmaganimni ta’kdlashardi. APLni zabt etishimga ko‘pchilik ishonmagandi. Shunga qaramay, ushbu chaqiruvga «labbay» deb javob berdim. Umumiy fikrlarga qarshi borib, shunday qilishim shart deb bildim. Ular meni juda qari deb hisoblashardi, yoshim 35da edi - men sababli butun Premyer-liga keksaygandek tuyulardi. Barchaga aslida kim ekanligimni isbotlash uchun uch oy kifoya qildi. Bu haqiqiy sinov edi va men bunday chorlovlardan hech qachon voz kechmayman.
Pol Pogba va Premyer-liga haqida
- «MYU»dagilarni sog‘inaman, bu klubda vaqtim ajoyib tarzda o‘tdi. Runi, Kerrik, boshqa yoshlar o‘z o‘yinlari bilan butun dunyoga kim ekanliklarini namoyish etishga urinishardi, xohish yuqori edi. Pol Pogba bilan avvallari birga o‘ynamagandim, shaxsan tanish emasdik. U bilan tanishganimda, fantastik shaxs va fantastik futbolchi ekanligini tushundim. Faqat buning uchun uni kimdir to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib turishi talab etilardi. Pogba professional, har bir bahsda astoydil ishlaydi, mashg‘ulot va o‘yinlarni o‘tkazib yubormaydi. Bularning bari odamlar nazaridan chetda qoladi, hammasiga televizordagi tasvir orqali baho berishadi. Stadiondagi 90 daqiqa - o‘zingni ko‘rsatishing mumkin bo‘lgan jarayondir.
Jarohati haqida
- Bu voqea ro‘y berganida, meni oldinda nimalar kutayotganini tushunmagandim, bunga qadar jiddiy jarohat olmagandim. O‘zimni «Supermen»dek sezardim, Zlatanni faqat Zlatan jarohatlashi mumkin, deb hisoblardim. Faoliyatimni bu tarzda yakunlashni xohlamasdim. Futbol olamiga qanday kirib kelgan bo‘lsam, undan shu tariqa chiqib ketishni istadim. Kutilmagan jarohat men uchun yangi chaqiruv bo‘ldi va o‘zimga-o‘zim yana safga qaytib, avvalgidek o‘ynashga va’da berdim.
Los-Anjelesdagi hayoti haqida
- Bu yerda hamma baxtiyor, stress holati kamroq. Salbiy holatlardan biri sifatida vaqtdagi katta tafovutni ko‘rsatishim mumkin. Oila a’zolarim Shvesiyada, ular bilan bog‘lanish uchun ko‘p fursat bo‘lmaydi.
Tovoni haqida
- Rafiqam devorga suratlarimni ilishimga ruxsat bermaydi. U shunday deydi: «Sen haqingda shundoq ham ko‘p gapirishadi, qo‘shimchasiga muntazam ravishda devorda suratlaringni ham ko‘rishni istamayman. Hayotda ko‘rishib turganimiz yetarli». Tovonim tasvirlagan surat devorga osib qo‘yilgan. Bu oyoqlar bizga ko‘p narsa berdi, mazkur foto oilamizga nimaga ega ekanligimizni eslatib turadi. Mavjud vaziyat, men bilan bog‘liq shov-shuvli voqealar sababchisi ham aynan shu oyoqlardir. Bu mo‘’jizaviy o‘yinni oyoqlarim yordamida o‘ynayman. Barmoqlarim qanchalik xunuk ko‘rinish olmasin, bundan zarracha xafa bo‘lmaymiz. Oyoqlarim suratini devorga ilishdan maqsad shuki, aynan ular tufayli bugun qornimiz to‘q, egnimiz but.
«Zlatan sayyorasi» haqida
- Men hech kim ko‘rmagan sayyoradan kelganman. Ko‘pchilik getto deb hisoblaydigan hududdan chiqqanman. Ular meni o‘zgacha qiyofada ko‘rishadi, ular meni yoqtirishmaydi, ular mening barcha kabi hayot kechirishimga yo‘l qo‘yishmaydi. Ammo o‘zim bilan yana boshqa narsalarni ham olib keldimki, endi barcha unga amal qilmoqda. Men o‘zimning xususiy sayyoram - «Zlatan sayyorasi»dan kelganman.