Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Imkoniyati cheksizdek, go‘yo yoxud Jeydon Sancho bilan tanishamiz...

Imkoniyati cheksizdek, go‘yo yoxud Jeydon Sancho bilan tanishamiz...

Baho:
+ | -

Xosep Gvardiola bu futbolchini «Manchester Siti» safiga qaytarish masalasida mujmal fikr bildirmoqda. «Bavariya» rahbariyati esa hozirdan uni gollandiyalik faxriy Aryen Robben o‘rnida tassavvur qilmoqda. Bu gaplar Germaniya Bundesligasining joriy mavsumida bosh kashfiyot bo‘lishga jiddiy bel bog‘lagan angliyalik yoshgina yigitcha haqida. Demak, quyida iqtidorlar bulog‘i hisoblangan «Borussiya» (Dortmund)ning navbatdagi topilmasi - Jeydon Sancho bilan tanishamiz. 

KO‘Z O‘NGIMIZDA ULG‘AYMOQDA

Ajoyib davrda yashayapmiz-da. Futbol ayvoniga qarang: Fabian Delf - Angliya terma jamoasi sardori. Belgiyalik Maruan Fellayni esa uzoq vaqt boshida ko‘tarib yurgan «qarg‘a uyasi»dan qutulishni lozim topdi, axiyri. Lekin Yevropa futbol maydonlarida «afro» uslubidagi soch turmagini ko‘z-ko‘z qilgancha javlon urayotgan ajoyib o‘yinchilar hamon yetarlicha topiladi. Deylik, ulardan ikkisi Bundesliganing bugungi peshqadami - «Borussiya» (albatta, Dortmundniki) sharafini himoya qilmoqda. Lyusyen Favr ixtiyorida xushchaqchaq yigitlardan tarkib topgan jamoa borligi hammaga ayon bo‘lib ulgurdi allaqachon. Xitoy safaridan qaytgan Aksel Vitsel - nemis ligasi kashfiyotlaridan biri. Lekin belgiyalik futbolchi Germaniya elit divizioniga yuz burgunga qadar Rossiyada ham o‘ynagan va muxlislar uni yaxshi tanishardi. Ikkinchi kashfiyotni esa mutlaqo kutilmagan qahramon sifatida ta’riflash mumkin. To‘g‘ri, Jeydon Sancho o‘tgan mavsumdayoq futbol olamiga nimanidir ishora qilgandi.  Ya’ni hali 18 yoshga to‘lmagan ingliz yigitchasi Bundesliga-2017|2018da jami 684 daqiqalik o‘yin vaqtiga ega bo‘lib, «Borussiya»ning 5ta golida bevosita ishtirok etdi. Aniqroq aytsak, «Manchester Siti»ning yaqqol xatosi tufayli Germaniyaga yo‘l olgan iqtidor 1ta gol urib, 4tasiga assistentlik qildi. Endi esa yangi mavsum doirasidagi dastlabki 545 daqiqalik vaqtda 10 ochko yig‘ishga ulgurdi: 4ta gol } 6ta samarali uzatma. U shuning barobarida Yevropa Chempionlar Ligasida ham samarali harakatni amalga oshirdi. «Borussiya» qanday topilmaga ega bo‘lganini anglash uchun Jeydonning mutlaq ko‘rsatkichlari emas, balki har 90 daqiqaga to‘g‘ri kelayotgan o‘rtacha statistikasiga e’tibor qaratish kerak. Binobarin, Sancho avvalgi mavsum har yarim soat ichida jamoadoshlarini 2,5 marta samarali zarba yo‘liga chiqargan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 3,3 martani tashkil qilmoqda. Unda zarbalar effekti ham yaqqol oshdi. Oldingi natijasi: har 30 daqiqada 1,3ta urinish, biroq deyarli golsiz, hozirgisi: 1,2ta urinish va 4ta gol! Xullas, Sancho vaqtga nisbatan gollar soni masalasida katta siljishga erishdi. Shuning barobarida 18 yoshli futbolchi himoyaviy harakatlarda ham barqarorlikni saqlab turibdi. Birinchidan, u Bundesliga peshqadamining asosiy tarkibida yuqori bosim va sur’atga javob bermoqda. Ikkinchidan, jamoaviy o‘yin bobida juda foydali ko‘rinmoqda. Muhimi, Jeydon «nosog‘lom» xudbinlik xislatidan xoli. Deylik, vaqtida yosh Rahim Sterling ko‘p vaziyatlarda o‘zini o‘ylashi tufayli rosa tanqidga uchragandi. Sancho esa xuddi Kilian Mbappe kabi jamoaviy manfaatlarni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Umuman, u aynan o‘zidan biroz kattaroq fransuzdan o‘rnak olayotgandek. Bu to‘g‘ri yondashuv, albatta. Har holda, Kilian - jahon chempioni.

JEYDON SANCHO - NOYOB IQTIDOR

Angliya milliy jamoasi murabbiylari boshqa mamlakat ligalarida o‘ynayotgan hamyurtlariga kamdan-kam holatlarda e’tibor qaratishadi. Har holda, «uch sherlar» hayotida legionerlar katta rol o‘ynamaydilar. Deylik, Sancho oxirgi 10 yil badaliga Angliya terma jamoasi boshlang‘ich tarkibida maydonga tushgan birinchi legioner futbolchi bo‘ldi. Demakki, u Devid Bekxem yo‘lini davom ettirdi. Boshqacha aytganda, inglizlar oxirgi marta xorijdagi futbolchilardan aynan Beksni asosiy tarkibga qo‘shishgan. O‘shanda Devid milliy jamoa ixtiyoriga uzoq AQSHdan kelgandi. Jeydon shuningdek, Ueyn Runining nodir ko‘rsatkichini takrorladi - atigi 18 yoshida angliya futbolidagi eng sara ijrochilar davrasiga qo‘shildi. Darvoqe, bu vaqtda Ueyn milliy jamoada oxirgi marta ko‘rinish berdi. Hozircha yosh vingerning «Gamburg» safida to‘p surib, ikki bora «Oltin to‘p» yutgan Kevin Kigan natijasiga intilishi haqida gapirish ortiqcha, albatta. Lekin u afsonaviy «Qudratli sichqoncha» bilan ham qandaydir umumiy bog‘liqlikni yuzaga keltirishga ulgurdi. Ya’ni Sanchoni Bundesliganing oktyabrdagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishdi. Alohida aytish kerak, yosh vingerga yuqori baho berishgani bejiz emas. Dortmund klubi tarixidagi angliyalik birinchi futbolchi avvaliga «Augsburg»ga qarshi o‘yinda samarali uzatmasi bilan dramatik g‘alaba (4:3)ga katta hissa qo‘shdi, keyin safarda «Shtutgart» darvozasini o‘zi ishg‘ol qildi, «Gerta» bilan o‘yinda esa «dubl» qayd etib, jamoasiga muhim ochko keltirdi. Qolaversa, «Bavariya»ga qarshi bahsda garchi gol urmagan bo‘lsada, qarshi hujumlarda faollik ko‘rsatib, myunxenliklarga sira tinchlik bergani yo‘q. Xullas, Jeydonning endi 18 yoshni qarshi olganini nazarda tutsak, dastlabki 545 daqiqa ichida 4ta gol urib, yana 6tasiga assistentlik qilgani - noyob ko‘rsatkich. Vaholanki, qanot xavbeki yaqindagina «Manchester Siti» bilan janjalga borgan va klub tomonidan «yaroqsiz»ga chiqarilgandi.

GVARDIOLA KLUBI BILAN MOJARO

Yaqinda Xosep Gvardiolani so‘roqqa tutishdi: «Sancho «Siti»ga qaytishi mumkinmi?» Ispan mutaxassisi bunga oddiygina javob berdi: «Hayotda hech qachon «Hech qachon» iborasini ishlatmaslik kerak...»  Gap shundaki, «shaharliklar» o‘tgan mavsum yosh iqtidor bilan sovuq holda xayrlashishgandi. Shu o‘rinda qo‘shimcha ma’lumot: Jeydon Londonda tug‘ilgan va «Uotford» maktabida tahsil olgan. Xullas, u «Siti» safiga klubga nisbatan muhabbati emas, balki to‘langan pul tufayli qo‘shilgan. Garchi «shaharliklar» Sanchoni tarkibdagi Foden va Dias kabi yoshlar bilan teng ko‘rgan bo‘lsalarda, klubdagi hayot tarzi vingerning o‘ziga aslo yoqmadi. Qolaversa, u 2017 yili asosiy tarkibdan naqadar uzoqligini tushundi, chog‘i, ketish haqida o‘ylay boshladi. To‘g‘rirog‘i, atigi 2 yilga mo‘ljallangan yangi shartnoma ostiga imzo chekishdan bosh tortdi. Hammasi ancha jiddiy tus olib, Sancho hattoki, mashg‘ulotlarga chiqmaydigan holatgacha keldi, o‘ziga yangi jamoa topishga urindi, deylik, ijara kelishuvi asosida bo‘lsada, boshqa klubga ketishni istadi. Natijada istiqboli baland Jeydon uchun ko‘plab grandlar o‘rtasida haqiqiy «ov» avj oldi. Xususan, «Bavariya» sport direktori Hasan Salixamijich keyinroq myunxenliklar ham kurash olib borishganini tasdiqladi. Aslida futbolchilar oldida Myunxen yoki Dortmund jamoasini tanlash imkoniyati tug‘ilsa, ular ko‘pincha birinchisida o‘ynashni ma’qul ko‘rishadi. Qarangki, Jeydon boshqacha yo‘l tutdi. Ehtimolki, Mixael Sork boshchiligidagi «Borussiya» vakillari yosh futbolchiga «sariq-qoralar» safiga qo‘shilishning plyus tomonlarini yaxshi tushuntirishgandir, ammo oxirgi so‘z uning o‘zida qolgandi, baribir. Xullas, Sancho jamoa tanlash bobida mantiqan to‘g‘ri qaror chiqardi, deyish mumkin. Har holda, «Bavariya»da raqobat va talab boshqacha, Dortmundda esa yoshlar ko‘p va ular qatori asosiy tarkibda maydonga tushish imkoniyati balandroq. Birgina misol - Usmon Dembele qisqa fursatda ko‘zga tashlanib, «Barselona» e’tiboriga tushdi, Kataloniyaga yo‘l oldi. Albatta, Sancho APLning boshqa klublaridan ham aniq takliflar olgandi, lekin u «Borussiya»da o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish ehtimoli yuqoriligi bois, Bundesligaga oshiqdi. Shu tariqa dortmundliklar mojaro bilan ketgan Usmon Dembele o‘rnini Jeydon hisobiga to‘ldirishdi.

UOLKOTT VA RUNI O‘RTASIDA

Faqat Angliya emas, butun dunyoda futbol vunderkindlarining bir necha guruhi bor. Ayrimlar xuddi Ueyn Runi kabi juda erta va omadli boshlab, afsonalar qatoriga qo‘shiladilar. Yana bir toifaga mansub iqtidorlar aksincha, ulkan imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqarolmaydilar. Misol uchun, Teo Uolkott kutilgan maqomga erishgani yo‘q. Sanchoni ham oldinda turli qiyinchiliklar, ehtimolki, jarohatlar, ruhiy bosim va boshqa muammolar qarshi olishi hech gap emas. Gap ularni yengib o‘tishda. Jeydon Angliya termasi tarixidagi eng yosh debyutant bo‘lgani yo‘q, lekin u hozirgi sur’ati bilan alohida ajralib turibdi. Demakki, futbol bobida hali ancha o‘sishiga ishonish mumkin. Deylik, gohida qoyilmaqom darajada o‘ynaydigan o‘sha Rahim Sterling har doim ham hujumda to‘g‘ri harakatlanavermaydi. Jeydon Sancho esa to‘pni sira qizg‘anmaydi. Yo‘q, u ayyorona yo‘l tutishga moyil emas, ammo ko‘pincha hujumga to‘g‘ri yo‘nalish beradi, bitta uzatma bilan tezlikni oshiradi. Shuning barobarida yigitcha maydonda hali ko‘p ter to‘kishi kerak - xuddi yosh Runi vaqtida tinmagani kabi. Ha, Ueynning yuksaklikka ko‘tarilishi uchun bitta transfer («Everton»dan «MYU»ga) kifoya qilgandi, lekin Sancho «Borussiya»dan ham kuchliroq klubni ko‘zlashi shart. U agar hozirgidek o‘ynashda davom etsa, takliflar uzoq kuttirib qo‘ymaydi. Nemislar angliyalik futbolchini chamasi 8-10 mln. yevroga sotib olishgan, endi uning transferidan xuddi Usmon Dembeleniki singari katta foyda olishni istashlari aniq. Darvoqe, Sancho yana bir afsona yo‘lini takrorlash imkoniyatiga ega. Gap APLda dovrug‘ qozongan «MYU» yulduzi Duayt York haqida ketyapti. Chunonchi, o‘tmish goleadori hamda kelajak yulduzining ajdodlari bir joy - Trinidad va Tobagodan.

***Jeydon Sancho - g‘aroyib personaj. U Bundesliganing dastlabki 9ta turida «Gol } pas» tizimida 10 ochko to‘pladi (4ta gol, 6ta samarali uzatma). Vaholanki, 18 yoshli yarim himoyachi bu oraliqda atigi 2ta o‘yinda to‘liq vaqt to‘p surdi, xolos. Sancho shuningdek, Germaniya kubogida ham o‘z hisobiga samarali uzatma yozib qo‘ydi, CHLda gol urish barobarida assistentlik rolini bajardi. Qizig‘i, angliyalik yigit joriy mavsumning dastlabki 2 oyida asosan assistentlik qilgandi - 8ta samarali uzatma (barcha turnirlarda) va 1ta gol. Keyin 20-27 oktyabr oralig‘idagi 3ta o‘yinda 4ta gol urdi.

***Jeydon Sancho - Bundesliga tarixida «dubl»ga erishgan eng yosh xorijlik futbolchilardan biri. Undan bu borada birgina Janubiy koreyalik Son Xyun Min oldinda (81 kunlik farq bilan).

***Jeydon Sancho - g‘alati jahon chempioni. Aslida «Borussiya» rahbariyati o‘tgan yilning oktyabrida uni U-17 toifasidagi o‘smirlar mundialiga qo‘yib yuborishni istamagandi. Lekin inglizlar yakunda Sanchoni guruh bosqichidan keyin Dortmundga qaytarish haqida va’da berib, klubni ko‘ndirishdi. Angliya termasi JCH guruh raundida 3ta o‘yinni umumiy 11:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi, xususan, 2ta gol Sancho hisobiga yozildi. Angliyaliklar keyinchalik Jeydonsiz yaponlarni penaltilar seriyasi bo‘yicha yengishdi, AQSH, Braziliya va Ispaniya termalari darvozasiga jami 12ta gol urib, bosh sovrin sohibiga aylanishdi. Darvoqe, o‘sha turnirdan oldin Sancho o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida ham qatnashgan, biroq Angliya termasi finalda ispanlarga yutqazgandi (penaltilar  bo‘yicha). Muhimi, Jeydon Yevropa birinchiligida 5ta gol urib, eng yaxshi futbolchiga atalgan sovrinni o‘ziniki qilgandi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:53, 17.12.2018.
O'qildi: 3995 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.