Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Yakunlangan mavsum «Navbahor» uchun oson o‘yin bo‘lgani yo‘q» – Mirzohid G‘ofurov

«Yakunlangan mavsum «Navbahor» uchun oson o‘yin bo‘lgani yo‘q» – Mirzohid G‘ofurov

Baho:
+ | -

Namanganning “Navbahor” klubi yakuniga yetgan mavsumda 14 yillik tanaffusdan keyin yana sovrindorlar safidan o‘rin olib, bronza medali sohibiga aylandi.

Albatta, ushbu muvaffaqiyatda jamoa yetakchilaridan biri bo‘lgan yarim himoyachi Mirzohid G‘ofurovning ham munosib hissasi bor. Bu yilgi Superliga bahslarida G‘ofurov 29ta o‘yinda maydonga tushib, 2576 daqiqa harakatlandi hamda 1ta gol urdi.

O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, aynan Mirzohidning mazkur yagona goli evaziga   “Navbahor” 10-tur doirasida safarda “Buxoro” ustidan g‘alaba qozondi (1:0). Biz yakunlangan mavsum borasida tajribali xavbek bilan suhbat uyushtirib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat etdik.          

Mirzohid, yakuniga yetgan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi? Ajoyib va o‘zgacha taassurot qoldirdi.  Bu yil Superliga bahslari oldingi yillardagidan ko‘ra, keskin hamda kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, jamoamizning 14 yillik tanaffusdan keyin 3-o‘rinni qo‘lga kiritganligi barchamizga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Bu yil jamoangiz va o‘zingizning namoyish etgan o‘yiningiz borasida nima deya olasiz? Bundan qoniqish hosil qildingizmi? “Navbahor”ning qayd etgan natijasi ijobiy bo‘lganligi bois, bundan ko‘nglim to‘ldi.

Ammo o‘z o‘yinim borasida bunday deya olmayman. Boisi, o‘z ustimda yanada yaxshiroq ishlashim, maydonda bundan-da ijobiyroq harakat qilishim ham ehtimoldan xoli emasdi. Menimcha, futbolchining hech qachon o‘z o‘yinidan ko‘ngli to‘lmasligi lozim. Shunday bo‘lsa, u o‘sishdan to‘xtab qolgan bo‘ladi.

Bundan tashqari, mening bu yil namoyish etgan o‘yinimga mutaxassislar va muxlislarning baho berishsa, yaxshiroq bo‘lardi.

Superliganing bu yilgi formatiga munosabatingiz qanday? Klublarning 2ta guruh, ya’ni kuchli va quyi oltilikka ajratilganligi bahslarning yanada keskin hamda qiziqarli, kurashlarga boy tarzda o‘tishini ta’minladi. Umuman olganda, mazkur format to‘g‘risida fikrim ijobiy. Lekin ushbu format bu yil ilk marta qo‘llanilganligi uchun ayrim kamchiliklardan ham xoli bo‘lmadi, menimcha. Mazkur kamchiliklar borasida O‘FA va PFL mutaxassislari bamaslahat ish olib borib, formatni yanada isloh qilib, o‘tkinchi o‘yinlarning bo‘lmasligiga erishishadi, degan umiddaman. Yakuniga yetgan mavsumda muxlislar uchun yaratilgan sharoitlar va uchrashuvlarning televideniya orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishiga munosabatingiz? Muxlislar to‘la stadionda to‘p surishning gashti va zavqi o‘zgacha bo‘ladi, albatta. Maydonda o‘zingni boshqacha his qilasan. Bundan tashqari, Superliga bahslarining televideniya orqali jonli tarzda namoyish etilishi futbolchidan o‘zgacha mas’uliyat talab qiladi hamda futbolimiz rivojiga ham ulkan hissa qo‘shadi.

Bu yilgi mavsumda “Navbahor” ishtirokidagi barcha o‘yinlar televideniya orqali namoyish etildi va biz ham buni anglagan holda maydonda o‘zgacha ishtiyoqda to‘p surdik.

Bu yilgi Superliga bahslarida jamoangiz uchun qaysi bahs eng qiyin kechdi? Menimcha, yakunlangan mavsumda “Navbahor” uchun oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. Barcha uchrashuvlar keskin kurashlar ostida o‘tdi va qiyin kechdi. Ayniqsa, mag‘lubiyatga uchragan bahslarimizda ancha qiyinchilikka uchradik. Bu yil “Navbahor” safida ko‘plab xorijlik futbolchilar to‘p surishdi. Nenad Inas, Tomislav Payovich, Darko Stanoyevich, Igor Golban va Darko Nikach. O‘zingizga ma’lum, legioner mahalliy futbolchidan bir pog‘ona yuqori bo‘lishi lozim. Sizningcha, ulardan qaysi biri legioner nomini oqladi? Men ham futbolchiman va jamoadoshlarim haqida faqatgina iliq fikrlar bildirishim mumkin. Shuning uchun legionerlar haqidagi mazkur savolga murabbiylarimiz javob berishsa yaxshi bo‘lardi. Boisi, ta’kidlaganimdek, men ham ular singari o‘yinchiman.

Umuman olganda, bu yil “Navbahor”da o‘ynagan barcha xorijlik futbolchilar bilan munosabatlarimiz yaxshi edi.

“Navbahor”ning ayni paytdagi ustozi Andrey Kanchelskis boshqa mutaxassislardan mashg‘ulotlar olib borish, g‘alabaga ruhlantirish borasida qanday sifatlari bilan ajralib turadi? Har bir murabbiyning o‘z dunyoqarashi va uslubi bo‘ladi. Albatta, Andrey Kanchelskis ham bundan mustasno emas. U Yevropa futbolidan bahramand bo‘lgan tajribali mutaxassis. Shu bois, “Navbahor”ga ham  “qo‘hna qit’a” havosini olib kirishga harakat qilmoqda.

Andrey Antanasovichning mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayoni, o‘yinlarga ruhlantirishi boshqa murabbiylarnikidan o‘zgacharoq. U bizni bahslarga boshqacha ruhda tayyorlab, jamoaga g‘oliblik ruhini singdira oladi.

“Navbahor” bu yil bronza medali sohibiga aylandi. Mazkur muvaffaqiyat sizningcha, qoniqarlimi yoki jamoa bundan ham yuqoriroq o‘rinni egallashga qodirmidi? Qodir bo‘lsa, sizningcha, buning uchun bunga nima yetishmadi? Menimcha, bu yilgi natija qoniqarli bo‘ldi. Boisi, bronza medali uzoq tanaffusdan keyin qo‘lga kiritildi. Zinaga ham birdaniga emas, pog‘onama-pog‘ona chiqiladi. O‘tgan yili  jamoamiz 5-o‘rinni egallagandi, bu yil esa 3-pog‘onani band etdi.

“Navbahor” bundan ham yuqoriroq natijani qayd etishga qodir va kelasi mavsumda Xudo xohlasa, chempionlik unvonini qo‘lga kiritish uchun kurash olib boramiz hamda ushbu niyatimizga erishamiz.

Akangiz Rashid G‘ofurovning sizning futbolchilik faoliyatingizda qanchalik hissasi bor? Futbolchi bo‘lishim va shu darajaga yetishimda albatta, Rashid akamning hissasi katta. Aynan akam tufayli futbolga kelganligimni ham e’tirof etish joiz. Hozir ham Rashid akam o‘yinlarimni kuzatib, o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda, maslahatlarini berib turadi. Uning maslahatlariga amal qilib kam bo‘lmadim. Fursatdan foydalanib, buning uchun Rashid akamga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ayni paytda Rashid G‘ofurov nima bilan mashg‘ul, ya’ni qayerda faoliyat yurityapti? Ayni paytda Rashid akam futbol sohasidan chetda, ya’ni biznes sohasida faoliyat yuritmoqda. Uning bu boradagi faoliyatida ham futboldagi kabi omad yor bo‘lishini tilayman. Sizningcha, “Navbahor” tarkibida bu yil kim yaxshi o‘yin namoyish etdi? Klubimizning bronza medalini qo‘lga kiritishida barcha futbolchilarning munosib ulushlari bor. Boisi, maydonda 11 nafar futbolchi harakat qiladi va barcha jamoadoshlarim bu yil yaxshi o‘yin namoyish etib, o‘z mehnatlari bilan “Navbahor”ning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shishdi.

Shuning uchun jamoadoshlarimdan hech qaysinisini alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Bronza medali butun jamoaning mehnatlari.

Kelasi mavsumda ham “Navbahor”dagi faoliyatingizni davom ettirasizmi? Albatta. 2019 yili ham “Navbahor”dagi faoliyatimni davom ettirib, jamoamiz bilan birga uzoq kutilgan chempionlik unvonini qo‘lga kiritaman, degan umiddaman.

Ma’lumot uchun

Mirzohid G‘ofurov – 1988 yil, 22 avgustda Namangan viloyati, Chortoq shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 6 yoshidan shug‘ullana boshlagan

Birinchi murabbiyi: Abdullo Jo‘raboyev.

Namangandagi futbol maktab-internatini tamomlagan.

Ampluasi: yarim himoyachi.

O‘ynagan jamoalari: “Navbahor” (Namangan) – 2006 yilning 2-davrasi – 2007 yillar, 2009 yil,  “UzDongJu” (Andijon) – 2008 yil, “NBU- Osiyo” (Toshkent) – 2010 yil, “Mash’al” (Muborak) – 2011 – 2014 yillar, 2016 yil, “Bunyodkor” (Toshkent) – 2015 yil.

2017 yildan yana “Navbahor”da.  

Oilali, 2 nafar o‘g‘ilning otasi.

Manba: Navbahor
Kiritildi: 09:52, 24.12.2018.
O'qildi: 1579 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.