Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Uyda muxlis qo‘llayaptimi?

Uyda muxlis qo‘llayaptimi?

Baho:
+ | -

Ko‘pchilikka ma’lumki, www.soccerway.com internet portalida Osiyoning ayrim milliy birinchiliklari qatori O‘zbekiston Superligasi haqida ham ma’lumotlar berib boriladi. Ularning aksariyati statistik ko‘rinishda bo‘lib, futbol mutaxassislari har birini alohida tanishgan holda tahlil qiladilar.

Joriy yilgi o‘sish sifatida har bir klubning o‘yinlarni o‘ziga tegishli (huquqiy jihatdan bo‘lmasa ham) stadionlardagina o‘tkazganini keltirish mumkin. Superligaga o‘tish bahslari esa boshqa arenalarda o‘tkazilgan bo‘lsa ham, elitadagi uchrashuvlarni qabul qilgan stadionlar soni keskin o‘zgarmagan. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2015 va 2016 yillarda Oliy ligada 16ta klub o‘z muxlislari va mehmonlarini jami 21ta (o‘tgan yili ham shuncha) stadionda kutib olgandi.

Bizningcha, ayrim klublar (misol uchun, «Neftchi» va «Qo‘qon-1912» yoki «Nasaf» va «Mash’al») bir stadionni olib, qayta rekonstruksiya qilib, unda navbatma-navbat muxlislarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yishi kerak. Xuddiki, Milandagi «San-Siro» yoki Myunxendagi «Alyans Arena» kabi. Bizning sharoitda bunday tejamkorlik faqat plyus demakdir.

«Navbahor» arenasida 17 mart kuni o‘tgan ochilish marosimi Superliganing haqiqiy bezagiga aylandi. Shu o‘yinda shaxsan ishtirok etgan inson sifatida aytishim kerakki, Namanganda futbol ahli haqiqatan shinavanda. Shu fidoyi muxlislar uchun futbol maydoni yanada yaxshilansa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

«Buxoro» klubi so‘nggi mavsumning final qismida o‘ta kuchsiz o‘yin namoyish qilgan bo‘lsada, jamoaning uy arenasida o‘tkazilgan o‘yinlar Superligadagi istalgan klub uchun o‘rnak bo‘lishi kerak. Nega boshqa joylarda bunday bo‘lmayapti? Chunki hamma ham o‘z ishini professional darajada bajarmayapti. Stadionlarga tomoshabin jalb etishning yo‘llari ko‘p. Lekin baribir, klub sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi lozim. «Navbahor», «Buxoro», «Metallurg» va «So‘g‘diyona» arenalaridan boshqa hech qayerda 30 foizdan ortiq (paradoks joyi shundaki, mavsumning eng so‘nggi qismini inobatga olganda) o‘sishni ko‘rmaymiz. Poytaxtning uch yetakchisi, chempionlik uchun kurashadigan klublar («Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv») arenalari ko‘p hollarda muxlislarsiz huvillab qolayotganiga guvoh bo‘ldik. To‘g‘ri, joriy yil poytaxtda bu boradagi ko‘rsatkichlar birmuncha ijobiy tus oldi.

«Neftchi» 2015 yili yangi stadionga ega bo‘lgandi. Lekin jamoa ko‘rsatayotgan saviyasi past o‘yin tufayli ko‘p hollarda tomoshabinlar soni 7 ming nafarga ham yetmayapti. Nursiz o‘yinlar va yuksak xohish tanqisligi muxlislarni aldab bo‘lmasligini isbotlayapti.

Chempionimiz «Lokomotiv» arenasiga o‘rtacha 4264 nafar muxlis kelgan. Xo‘sh, amaldagi chempionga tomoshabinlarni stadionga jalb qilish borasida nima yetishmayapti? Vaholanki, «temiryo‘lchilar» OCHL guruh bosqichi ishtirokchisi hisoblanishadi. Tarkibi terma jamoa a’zolaridan iborat bo‘lsa, faqat stadion joylashuvi masalasida muxlislarda o‘ychanlik bor. «Paxtakor» ishqibozlari esa 2018 yilgi mavsumda avvalgi yillarga nisbatan faolroq bo‘lishdi. Bu esa Toshkentda ham futbolni sevadiganlar ko‘p ekanligiga ishora.

Joriy yil o‘yinlar vaqti tartibga solindi, marketing tadbirlari kuchaytirildi. Superliga o‘zining rasmiy hamkoriga ega bo‘ldi. Vaholanki, poytaxt klublari futbol kim uchun o‘ynalishini unutib qo‘ygan davralarni ham ko‘rdik. O‘tkaziladigan uchrashuvlar keng jamoatchilik orasida reklama qilinmayotgan holatlar ham bor. O‘zbekiston kubogi finali klublar o‘yinlarni tashkillashtirishga qanday yondashishi kerakligi borasida o‘ziga xos namuna bo‘lishi kerak. Bizning klublar lotereya kabi vositalar yordamida muxlislarni jalb etishga harakat qilishdi, lekin bu foyda bermadi. Yangi reklama usullarini ishlab chiqish darkor. Buning uchun kerak bo‘lsa, xorijdan marketingga ixtisoslashgan yaxshi konsalting markazlari yoki taniqli futbol arenalari menejerlarini jalb etish lozim.

«Buxoro»ning natijasi va ko‘rsatayotgan o‘yini, jamoa o‘yinini tomosha qilish uchun kelayotgan muxlislar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushuntira olmaymiz - haqiqiy paradoks! Biri birini inkor qilib turaveradi. Vaholanki, Ulug‘bek Baqoyev boshchiligadagi jamoa moliyaviy muammolar tufayli final bosqichida 6-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmadi. Lekin fidoyi muxlislar natijalar tushib ketaversa ham, oylab g‘alabalar kelmasa ham, stadionga kelaverishdi. Aslida, buxorolik ishqibozlar bundan ko‘prog‘iga loyiqlar. Ular uchun sevimli jamoasi yuqori o‘rinda bo‘lmasa ham, uydagi bahslarda muxlislar uchun jon kuydirib, mas’uliyatni his qilib o‘ynashi kifoya.

Solishtirish deymizmi yoki chin dildan havas qilishmi, Eron Pro-ligasiga o‘zimizning Superligamizni bog‘lab o‘tsak. Yangi boshlangan mavsumda Eron oliy divizionida 5ta klubning o‘yinlarida 100-500 nafardan tomoshabin kelgan hollar ham uchradi, lekin umumiy hisobda muxlislar tashrifi bo‘yicha 12 foiz o‘sishga erishildi. Bitta o‘yinga o‘rtacha 12021 ishqiboz kelmoqda. Chempion «Persepolis» (Tehron) o‘yinlariga 15 mingdan 50 minggacha tomoshabin tashrif buyurmoqda. Bu klubning o‘rtacha ko‘rsatkichi 31938 nafarni tashkil etdi. «Paykon» esa o‘yinlarda hattoki, 1,5 ming muxlis yig‘a olmayapti. Saudiya Arabistoni Professional ligasida esa bu ko‘rsatkich 8702 nafarni, Koreya Key-ligasida 5381ni, Xitoy Superligasida 24107ni, Yaponiya Jey 1-ligasida 19064ni, Indoneziya Liga 1da 10162ni tashkil etmoqda.

Pepsi Superliga-2018 ishtirokchilari uy uchrashuvidagi muxlislar soni

Jamoa

O‘yinlar

soni

Tomoshabin

O‘rtacha

«Navbahor»

16

247117

15445

«Buxoro»

16

209649

13103

«Paxtakor»

16

174293

10893

«Bunyodkor»

16

137993

8625

«Neftchi»

16

125565

7848

«Qizilqum»

16

118130

7383

«Qo‘qon-1912»

16

101359

6335

«Metallurg»

16

98482

6155

«So‘g‘diyona»

16

92951

5809

«Nasaf»

16

89726

5608

AGMK

16

84256

5266

«Lokomotiv»

16

68231

4264

 

Muxlislar ko‘ngil ochadigan joylar ko‘p bo‘lsa, futbol ular uchun birinchi tanlov bo‘lmay qolishi ham mumkin. Lekin Angliya va Germaniyadagi arenalarga qarab, bu fikr unchalik to‘g‘ri emasdek tuyuladi. Stadionlar muxlislar chin dildan maza qiladigan, kun bo‘yi jismoniy va aqliy mehnat bilan band bo‘lganlar uchun ishdan so‘ng o‘zidagi negativlarini chiqarib tashlaydigan, chin ko‘ngildan rohat oladigan maskan bo‘lishi kerak!

Yevropa arenalarida muxlislarning stadionga kelishi uchun bepul avtoturargohlar tashkil etiladi, klub ekipirovkalari arzon narxda sotiladi, safar o‘yinlariga klub prezidentlari chipta olishga ko‘mak berishadi, chiptalar narxi qimmat bo‘lib ketgan taqdirda muxlislar bilan hisoblashiladi, klubning keksa va fidoyi ishqibozlariga ehtirom ko‘rsatiladi va hokazo. Yana davom ettirishimiz ham mumkin, agar xohlasangiz.

So‘nggi paytlarda bir tendensiya kuzatilyapti. Ommaviylik borasida futbolga raqobat tug‘dirishga urinayotgan sport turlari o‘zlarining markazlashuvini Osiyoga ko‘chirishmoqda. Albatta, bu yerda marketing ko‘lami asosiy rol o‘ynamoqda. Shunday sharoitda ham Osiyo jamoalari futbolning mavqeini ushlab qolish uchun kurashmoqdalar. Yaponiya va Janubiy Koreyada futbol sport musobaqalari orasida birinchi o‘rinda turmaydi. «Kunchiqar yurt»da so‘nggi paytda figurali uchish ko‘plab muxlislarni jalb etayotgan bo‘lsa, koreyslarda golf, BAAda Formula-1 bahslari ommalashib bormoqda. Lekin shunday bo‘lsada, millionlar o‘yiniga ishqibozlar tashrifi bir maromda.

Superligamizda ham shunday vaziyat yuzaga kelishi uchun klublar raqobatbardosh va sifatli, eng muhimi, kutilmagan (natijasi pastga qarab yo‘naltirilmagan) o‘yin namoyish qilishlari kerak. «№1» yoki «№2» klub muxlislari o‘yin qanday hisob bilan yakunlanishi va nechta gol urishini hatto taxmin qila olmasliklari kerak.

2019 yilda yangidan kuch yig‘adigan Superliga muxlislarni maydonga qaytarishi lozim. Buning uchun o‘yinlar soni ortishidan tashqari, ularning ahamiyati ham oshishi maqsadga muvofiq. Buni avvalo, klublarning o‘zlari chuqur his etishlari darkor. Shu bois futbol rahbariyati musobaqa formati haqida oldindan bir qarorga kelishi kerak.

Kelgusi mavsum o‘ylari. Ayni damda, o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, faqat «Nasaf», «Paxtakor» va «Lokomotiv» klublarining arenalari talab darajasida va ular uy uchrashuvlarini o‘z stadionlarida boshlashi mumkin. Superligada qolgan barcha arenalara talabga javob bermaydi va ushbu stadionlarda kelgusi mavsum startiga qadar ijobiy holat kuzatilmasa, uy uchrashuvlarini boshqa hududda o‘tkazishlari mumkin. Muxlislarni ham o‘ylash kerak, menimcha!

P.S. Fakt o‘rnida. 2019 yilda ochiladigan stadion - «Tottenxem Xotspur Stedium» (London, Angliya). Qaysi jamoa o‘ynaydi: «Tottenxem». Sig‘imi: 62062 tomoshabin. Taxminiy narxi: 750 mln. funt-sterling.

«Tottenxem»ning eski stadioni «Uayt Xart Leyn» XIX asrda qurilgan bo‘lib, o‘z bag‘riga 36 ming muxlisni sig‘dirardi. Ammo jamoaga ishqibozlik qiluvchilar soni ortgach, odamlar eski arenaga sig‘may qolishdi. So‘nggi 5-6 yil ichida «shporlar» APL chempionligi uchun jiddiy kurashishga qodir raqobatbardosh jamoaga aylandi. Shu bois hozir yangi stadionni barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ushbu arena keyingi yil foydalanishga topshiriladi. Maurisio Pochettino balkim yangilikdan bahra olgan birinchi murabbiy bo‘lish maqsadida boshqa jamoalarga ketmayotgandir?!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:31, 30.12.2018.
O'qildi: 2010 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.