Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

No‘’mon Hasanov: «Javohir Sidiqovga Osiyoning eng kuchli klublari qiziqyapti»

No‘’mon Hasanov: «Javohir Sidiqovga Osiyoning eng kuchli klublari qiziqyapti»

Baho:
+ | -

«Qo‘qon-1912» jamoasi o‘tgan yili maksimal darajada o‘yin ko‘rsata oldi deyish qiyin. Turli muammo va qiyinchiliklar tufayli qo‘qonliklar 2018 yilgi mavsumda muxlislar kutgan natijani ko‘rsata olishmadi. Shundan kelib chiqqan holda qo‘qonliklardan yangi mavsumda yanada yangi marralarni kutishyotgani ham haqiqat. Yangi yil arafasida «Qo‘qon-1912» jamoasi bayram dasturxonini yozdi. Shu fursatdan foydalangan holda jamoa bosh murabbiyi No‘’mon Hasanovni suhbatga tortdik.

– Avvalambor mavsum-2018 haqida taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Chempionat yangicha formatda o‘tdi. O‘yinlar esa qiziqarliroq kechdi. Avvallari o‘tkinchi uchrashuvlar ko‘p bo‘lardi, bu safar shunday uchrashuvlar kamaydi. Har qanday raqib bilan o‘yin biz uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Quvonarlisi, kuchli jamoalarga qarshi yaxshi natijalar ko‘rsatdik.

Ayniqsa, dastlabki 12 turdagi natijalarimiz ham qoniqarli bo‘ldi. 9 ta uchrashuvda o‘z darvozamizdan bor yo‘g‘i ikkita gol o‘tkazib yubordik, ko‘proq gollar urdik. O‘z oldiga kuchli oltilikka kiraman degan jamoa baribir davralar oralig‘ida tarkibini kuchaytirishi kerak. To‘g‘ri, bunday vaziyatda hamma klubda bo‘lmasa ham ayrimlarida qiyinchiliklar bo‘ladi. Davralar oralig‘ida zaxirada qolib ketayotgan va asosiy tarkibga kira olmayotgan futbolchilar bilan xayrlashishimizga to‘g‘ri keldi. Bizda «Paxtakor» yoki «Lokomotiv»ga o‘xshagan katta mablag‘larimiz yo‘q.

Mening shunday xarakterim borki, sira futbolchilarni aldagim kelmaydi. Ertaga No‘’mon aka pul bermadi, degan gap-so‘zlar menga kerak emas. Shuning uchun ular bilan gaplashayotganda doim ochiqchasiga aytaman. Bizda katta pul yo‘q, agar qolib yordam beraman deydiganlar bo‘lsa, birga ishlashga tayyormiz deb aytaman. Iloji boricha yozda jamoamizdan ketgan o‘yinchilarga klublar topib berdim. O‘sha paytda bizda 11 nafardan ziyod o‘yinchilar qolgandi xolos. Zaxira o‘rindig‘imiz esa deyarli bo‘shab qolgandi. Yozda Firdavs Asadov, Behruz Sa’dilloyev kabi o‘yinchilarni xoldik xolos. Keyin yetakchimiz Javohir Sidiqov terma jamoamizga chaqirilib turildi va u o‘yindan bir kun oldin yetib kelardi. Bunday omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Mablag‘siz kuchli oltilikka kirib bo‘lmaydi, buni rahbariyat ham biladi. Kuchli jamoalar orasiga kirishga kirib olib, keyin «Buxoro»ga o‘xshab pulsiz hamma o‘yinlarni yutqazish ham noto‘g‘ri.

Kimdir o‘z oldiga aniq vazifa qo‘yilgani haqida gapirishadi. Ammo bizda qandaydir aniq maqsad qo‘yilmagandi. Agarda maqsad qo‘yiladigan bo‘lsa, futbolchilarga qandaydir miqdorda mukofot pullarini topib berish kerak bo‘ladi. Aytaylik, jamoa kuchli oltilikka kirsa, bonuslar orqali rag‘batlantirilishi aytiladi. Lekin biz shunchaki o‘z mehnatimiz orqali oltitalikka kirishga harakat qildik. Baribir yozda tarkibimiz kuchsizlanib qolgandi. Bu esa bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Hattoki, bizda uchlikka kirish uchun ham imkoniyat bor edi. Agarda yuqori oltilikdan joy olganimizda 2-o‘rin bilan chempionatni davom ettirardik. Chunki yetakchilarga qarshi o‘yinlarda ko‘p ochkolarni qo‘lga kiritgandik. Masalan, «Bunyodkor»ni uyda ham, o‘zimizda ham yutdik. «Paxtakor» va «Lokomotiv» bilan durang o‘ynadik. «Navbahor»ni ham mag‘lubiyatga uchratdik. Ammo baribir quyi oltilikda qolib ketdik va futbolchilar biroz tushkunlikka tushib qolishdi.

photo_2018-11-30_13-04-53

Bunday paytda ularning ruhiyatini ko‘tarish kerak edi. Oxirgi uchrashuvlarda o‘zlarini o‘nglab olishdi. Natijada so‘nggi oltita uchrashuvning to‘rttasida yutdik va ikkitasida durang qayd etdik. Umumiy ma’noda, yigitlarimizning o‘yinidan ko‘nglim to‘ldi. Qachon jamoamiz a’zolari milliy terma jamoadan joy olishgan? «Qo‘qon-1912» qachon «Bunyodkor»ni Toshkentda ham, Qo‘qonda ham yutgan? «Paxtakor» va «Lokomotiv» bilan tengma-teng o‘ynadik. Baribir o‘sish bo‘ldi. Hozirda ko‘plab futbolchilarimizga takliflar bo‘lyapti. Ularni olib qolish oson bo‘lmaydi. Har qanday o‘yinchi ham qisqa faoliyati davomida ko‘proq pul ishlab olgisi keladi.

– Qo‘l ostingizda bir qator futbolchilarning yangi qirralari ochildi. Shu bois boshqa jamoalarning e’tiborlarini tortishyapti. Aynan kimlarga qiziqishlar ko‘proq bo‘lyapti?

– Ularni chaqirganimda boshqa jamoalar tanimasdi. Ular Qo‘qonda futbolchi sifatida shakllanishdi. 2017 yilda ham biz yaxshi o‘yinlar ko‘rsatgandik va o‘shanda futbolchilarni bir so‘z bilan: yana jamoamiz uchun o‘ynab beringlar deya olib qolgandim. Lekin o‘shanda ularga «Qo‘qon-1912»dan ham ko‘ra yaxshiroq takliflar bo‘lgandi. Ammo men kimnidir majburlab o‘ynatmayman. Qo‘qon futboli uchun borimni berib o‘ynayman degan futbolchilar bilan ishlashni xohlayman. Jamoamizga kelgan paytlarda ularning ko‘zi yonib turardi. Hamma narsa futbolchining o‘ziga bog‘liq. Mashg‘ulotlarda berilib ishlashgani o‘zlariga foyda keltirdi. Hozir kimning qayerga ketishi hali aniq emas. O‘zim esa «Pro» lisenziyasi uchun o‘qishda bo‘ldim, har kuni ertalab 9 dan kechki 7 gacha o‘tirish ham oson emas. 4 yanvar kuni Toshkentda yig‘ilamiz.

DSC_6749 kopiya

– Javohir Sidiqov haqida ko‘p gapirilyapti. Menimcha, bu safar uni saqlab qolish qiyin bo‘lsa kerak…

– O‘zining maqsadi chetga ketish. Javohir ancha ulg‘aydi va yaxshi futbolchi bo‘lib yetishdi. U pulni birinchi o‘ringa qo‘yadiganlardan emas. Javohir faqat futbolchi sifatida yanada o‘sishni xohlayapti. Terma jamoaga ham ko‘proq foydagi tegishini istayapti. Unga Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarning eng kuchli klublari jiddiy taklif bilan chiqishyapti. O‘zi ham intervyu berganida odob saqlagan holda chiroyli gaplarni aytyapti. U ketsa ham biz bilan maslahatlashib keyin ketmoqchi. Shuning o‘zi ham uning tarbiyasidan darak beradi.

– 2019 yilda sizning boshchiligingizda qanaqa jamoani ko‘ramiz?

– Mening ishim Qo‘qon futbolini ko‘tarish va jamoani chempionatga tayyorlash. Shuningdek, stadionga yana muxlislarni qaytarish edi va buni uddalay oldik. Agar ixtiyorimda yaxshi o‘yinchilar bo‘lsa albatta menga oson. Agarda hozirgi futbolchilar jamoamizda qolsa bu menga ham yaxshi. Chunki ular bilan bir-birimizni yaxshi bilamiz.

photo_2018-11-03_19-04-46
– Qishki rejalar qanday?
– Stadionimizda qurilish boshlangan. Ko‘proq Toshkentda bo‘lamiz. Fevralda esa Turkiyada yig‘in o‘tkazmoqchimiz. Qanchalik kuchli jamoalar bilan o‘ynasak, futbolchi o‘sib boraveradi. Ba’zi rahbarlar jamoani Turkiyaga faqat dam olgani borishadi deb o‘ylashadi. Lekin biz u yerga faqat ishlash uchun boramiz.

– Shuningdek, chempionat oxirlarida sizning klubdan ketishingiz haqida ham gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Chunki matbuot anjumanlarida shunga o‘xshash gaplarni aytgandingiz…

– Ha, to‘g‘ri. Ayrim uchrashuvlarda muxlislarimizning jamoamizga bo‘lgan munosabati biroz o‘zgarib qolganini, ularning xafa bo‘lishayotganini sezgandim. Men jamoani yarim yo‘lda tashlab ketish uchun emas, shunchaki, yaxshi bo‘lishi uchun rahbariyatga ketaman deb aytgandim. Ammo ular va futbolchilar jamoani o‘zim yiqqanimni va birga ishlashni istashayotganliklarini aytishgach, yana qolishga qaror qildim.

Manba: www.kokand1912.uz
Kiritildi: 08:07, 08.01.2019.
O'qildi: 13049 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.