Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Qish chillasida qizishib oling yoki yana Osiyo kubogi haqida...

Qish chillasida qizishib oling yoki yana Osiyo kubogi haqida...

Baho:
+ | -

Ayni kunlarda hammamizni hayajonga solib, BAAda davom etayotgan futbol bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati rossiyalik mutaxassis va muxlislarning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Buni «ru» domenida e’lon qilinayotgan maqolalardan ham bilib olish mumkin. Xususan, yaqinda chop etilgan quyidagi fikrlar egasi Mixail Morozov turnirga o‘zgacha nigoh bilan nazar solib, o‘quvchilarda iliq taassurot uyg‘otdi. Shu bois, uning mulohazalarini sizga ilindik.

Yangi format

Ma’lumki, bu galgi Osiyo kubogi ham xuddi so‘nggi Yevropa chempionatida bo‘lgani kabi, ishtirokchilar sonining oshgani bilan alohida yodda qoladi. Ya’ni, musobaqada qatnashuvchi jamoalar soni 16tadan 24taga oshirildi. Qoidalar ham o‘xshash - to‘rttadan jamoasi bor olti guruh, 1|8 finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki yo‘llanma, ularga eng yaxshi natija ko‘rsatgan yana to‘rtta uchinchi o‘rin sohiblari ham qo‘shiladi. Turnir formatining o‘zgarishi tufayli Qirg‘iziston, Filippin va Yaman termalari ham o‘z tarixlarida ilk bor musobaqada qatnashish huquqiga ega bo‘lishdi.

E’tiborli futbolchilar

Biz turnir davomida turli sabablar tufayli Xonda va Kagava, Okazaki va Xasebe, Yedinak hamda Keyxill, Arzani va Mou kabi mashhur futbolchilarning o‘yinidan bahra ololmaymiz. Shuningdek, Osiyo futbolidagi yetakchi pleymekerlardan biri bo‘lgan Umar Abdulrahmon va penaltilarni qaytarish borasida APLdagi eng yaxshi kiperlardan biri Nil Eterijlar ham musobaqani o‘tkazib yuborishadi. Lekin shunga qaramay, terma jamoalarda diqqat qaratishga arziydigan futbolchilar yetarlicha topiladi.

Avstraliya: o‘tgan safargi Osiyo kubogi qahramonlari Leki va Kruz, shuningdek, turnirning eng yaxshi futbolchisi maqomiga loyiq ko‘rilgan Massimo Luongo. Qizig‘i shundaki, Avstraliyadagi chempionatda hammadan yaxshi deb topilgan Luongo haligacha «KPR» darajasidan yuqoriga chiqolmadi.

Janubiy Koreya: Ki Sun Yon va Son Xyun Minlar bundan avvalgi ikki chempionatda kumush va bronza medallarga ega chiqishgan. Koreyslar mana 50 yildan oshdiki, sira «oltin»ga yeta olishmayapti. Kim biladi deysiz, aynan shu omil joriy musobaqada futbolchilarga qo‘shimcha kuch berar?..

Xitoy: Vu Ley. Bu yigitcha Oskar va Xalk kabi yulduzlar qatori «Shanxay SIPG» uchun ketma-ket gollar urmoqda. Bu yil esa Ley ayniqsa, «ochilib», 27ta gol bilan Xitoy chempionatida to‘purarlik maqomiga erishdi.

BAA: tarkibda Umar Abdulrahmonning yo‘qligi uchun albatta, bor e’tibor Ali Mabhutga qaratilgandi. Ammo ochilish o‘yini ko‘rsatib berdiki, bosh qahramon rolini Ahmad Halil o‘ynab beradi, chog‘i.

Eron: Rossiyadagi so‘nggi JCHda Marokashni yengib, ispanlarning asabini buzib, Portugaliyani sal qolsa, uyiga jo‘natib yuborgan tarkib deyarli o‘zgarmagan holda Osiyo kubogiga yetib kelgan. Demak, yana Azmun va Jahonbaxshlarning o‘yinini kuzatamiz.

Saudiya Arabistoni: so‘nggi yillarda terma jamoaning o‘yini markaziy yarim himoyachi Abdulloh Otayf atrofida shakllantirilyapti. Lekin JCH-2018da arablar o‘zlari istagan natijani qayd eta olishmadi. Balki, Serxio Busketsni kumir darajasida hurmat qiluvchi Otayf qit’a turnirida maqsadiga yetishar?..

Yaponiya: tajribali Nagatomo va Yoshida, shuningdek, mundialda porlagan Osakolarning harakatlarini kuzatish yoqimli, albatta. Biroq Syoya Nakazima raqiblar uchun kutilmagan «syurpriz» bo‘lishi aniq. Bu futbolchi nimagadir JCHga olib ketilmagan, vaholanki, o‘sha payt u Portugaliyaning «Portimonense» klubida 29 o‘yinda 10ta gol urib, yana shuncha pas berishga ulgurgandi. Nakazimaning hozirgi ko‘rsatkichi esa bundan ham yaxshi - 13 o‘yinda 5}5!

O‘zbekiston: «Anji» va «Krasnodar»dagi o‘yinlari orqali rossiyalik muxlislar yoqimtoyiga aylangan Odil Ahmedov sog‘-omon va ko‘tarinki kayfiyatda. Aytishlaricha, jamoa sardorini bu gal faqat medallargina qoniqtiradi. O‘tgan galgi Osiyo kubogi qahramoni - Sardor Rashidov esa Odilga har tomonlama yordam berishga tayyor.

Afsuski, bu yigitni Rossiya klublari o‘z tarkiblariga qo‘sha olishmadi va Rashidov ma’lum vaqt Qatarda to‘p surdi. Qizig‘i shundaki, harakatlari chindan ham Ronalduni eslatib yuboruvchi futbolchini qatarliklar «CR10» taxallusi bilan siylashgandi. 

TaniQli murabbiylar

Osiyo kubogi-2019da nomdor murabbiylar soni nomdor futbolchilardan ko‘ra ko‘proqqa o‘xshaydi, nazarimizda. Ishonmasangiz, quyidagi ro‘yxatga ko‘z yugurtiring...

BAA - Alberto Zakkeroni: «Inter», «Milan», «Lasio» va «Yuventus» klublarini boshqargan, Italiya chempioni bo‘lgan.

Janubiy Koreya - Paulu Bentu: Yevro-2012 yarim finalchisi.

Xitoy - Marchello Lippi: jahon chempioni.

Filippin - Sven-YOran Eriksson: uchta yevrokubok sohibi, Italiya chempioni.

Eron - Karlush Keyrush: «Real» klubi va Portugaliya terma jamoasi sobiq ustozi.

Iroq - Srechko Katanes: kamtaringina Sloveniya termasini Yevro-2000 va JCH-2002ga olib chiqqan.

Saudiya Arabistoni - Xuan Antonio Pissi: Amerika kubogi-2016 g‘olibi.

O‘zbekiston - Ektor Kuper: YECHL finalining ikki karra qatnashchisi.

Shuningdek, Milovan Rayevas (Tailand), Grem Arnold (Avstraliya), Bernd Shtange (Tailand) va Pim Verbek (Ummon) kabi nomlar ham ko‘pchilikka yaxshi tanish. 

RPL vakillari

Eron termasida «Axmat» himoyachisi Milad Muhammadi va «Rubin» hujumchisi Sardor Azmunlar harakat qilishadi. O‘zbekiston jamoasiga esa «Anji» vakili Dostonbek Hamdamov va «Rostov» a’zosi Eldor Shomurodov yordam berishadi. Qirg‘izistonlik Valeriy Kichin «Enisey»da to‘p suradi. Darvoqe, Qirg‘iziston termasi ustozi, 40 yoshli mutaxassis Aleksandr Krestinin ham Rossiya fuqaroligiga ega. 

Qiziqarli faktlar

Osiyo kubogida FIFA reytingida kuchli 50talikda borayotgan atigi uchtagina terma jamoa mavjud. Eron - 29-o‘rin, Avstraliya - 41, Yaponiya esa ayni chog‘da ayni 50-pog‘onada turibdi.

Janubiy Koreya har doim turnir favoritlari qatorida e’tirof etiladi. Ammo bu terma so‘nggi bor 1960 yilda turnir chempioni bo‘lgan, xolos. Shundan beri koreyslar to‘rt marta finalgacha yetib borishdi-yu, lekin ularning birortasida g‘olib chiqa olishmadi.

Musobaqaning eng sovrindor termasi - Yaponiya. «Kunchiqar yurt» vakillari jami to‘rt marta finalga chiqishgan va biror marta raqibga imkoniyat berishmagan.

OK tarixida jami 8ta g‘olib jamoa bo‘lib, ularning ikkitasi - Isroil (hozirgi paytda UYEFA a’zosi) va Avstraliya (avvalgi musobaqa g‘olibi) haqiqiy «osiyolik» hisoblanmaydi. 

Xavotir

Bir nechta sabablar tufayli turnirga bo‘lgan qiziqish yo‘qolish xavfi ham mavjud.

1. BAAda stadionlar to‘lmasligidan xavotir olishmoqda. Bir tomondan, bu ishtirokchilarning soni oshishi va o‘tkinchi o‘yinlarning ko‘paygani bilan bog‘liq.

2. Tashkilotchilarni tashvishga solayotgan yana bir omil - Angliya Premyer-ligasi. Gap shundaki, amirliklarda yashovchi ko‘plab futbol muxlislari qit’a musobaqasini «jonli» tomosha qilishdan ko‘ra, APL o‘yinlarini o‘z uylarida televizor orqali ko‘rishni yoqtirishadi.

3. Turnirning chorak finalidan boshlab VAR tizimi ishga tushiriladi. Biroq fakt shuki, bu tizimni Osiyo musobaqalarida sinash unchalik foyda keltirmayapti. Chunonchi, imkon qadar kam vaqt sarflab, to‘g‘ri qarorga kelish hatto JCH-2018dayam oson bo‘lgani yo‘q. 

Avstraliya xotiralari

Kengurular diyoridagi so‘nggi chempionatda ham qiziqarli holatlar ko‘p uchragan. Ularning ayrimlari bilan quyida tanishib oling:

* Avstraliyaliklarning jami 10 nafar futbolchisi qisqa turnir davomida raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Bu «kengurular»ga kuchsiz raqiblar to‘qnash kelganini anglatmaydi, aslo. Gap shundaki, ular musobaqada xilma-xil o‘yin ko‘rsatib, sermahsullikka erishish barobarida, yakunda chempion bo‘lishgandi.

* KXDR himoyachisi 13-sonidayoq sariq kartochka bilan jazolangan (Vinni Jonsga havas).

* Bahrayn va BAA termalari o‘rtasidagi uchrashuvni tomoshabinlar soyabon ostida tomosha qilishgan. Vaholanki, o‘sha kuni osmonda bir parcha ham bulut yo‘q edi. Sezgandirsiz, quyoshning qaynoq tafti muxlislarga boshqa chora qoldirmagan.

* «Tehrondagi, yo‘g‘-e, Sidneydagi o‘yinning 22-daqiqasida hamon 0:0 hisobi saqlanib turibdi!». Bu xabar «Tvitter»ni larzaga keltirgan. Qatar va Eron to‘qnashgan mazkur o‘yinni stadionda 22 ming (!) eronlik tomoshabin kuzatgan. Stadion esa... Sidneyda joylashgandi.

* Avstraliyaliklar qit’a chempionatida g‘olib chiqishgach, taqdirlash marosimida termaning barcha a’zolariga kubokning kichik nusxasi sovg‘a qilingan. Shu paytgacha bunday voqea kuzatilmagandi.

* Kichkina bolakay bilan bog‘liq hodisa: Xitoy termasining Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinida penalti belgilanadi. Bolakay esa xitoylik kiperga to‘p qayerga tepilishini aytadi va chindan ham, o‘sha yo‘nalishdagi zarba darvozabon tomonidan qaytariladi. Bolakay shu o‘yindan keyin mamlakatda tanilib ketadi va Xitoyning O‘zbekiston termasiga qarshi o‘yinini ham tribunadan tomosha qildi. Afsuski, o‘sha o‘yinda Qosimov shogirdlari xitoyliklarga bas kela olishmagan.

A.HAMIDOV tayyorladi. 

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 02:06, 13.01.2019.
O'qildi: 4589 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.