Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem
26/11 15:00 Ulsan Xyonde 1-3 Shangxay Port
26/11 15:00 Vissel Kobe 3-2 Sentrel Kost
26/11 17:00 Buriram Yunayted 0-3 Kavasaki Frontale
26/11 17:00 Shandong Taishan 1-0 Johor Dorul Ta'zim
26/11 19:00 Sharja 3-1 Istiqlol Dushanbe
26/11 21:00 As-Sadd 1-1 Al-Hilol
26/11 21:00 Ash-Shorta 1-3 Al-Vasl
26/11 21:00 Sepohon 1-1 Al-Vihdat
26/11 22:45 Slovan 2-3 Milan
26/11 22:45 Sparta 0-6 Atletiko
27/11 01:00 Bayer 5-0 Zalsburg
27/11 01:00 Bavariya 1-0 PSJ
27/11 01:00 Yang Boyz 1-0 Atalanta
27/11 01:00 Barselona 3-0 Brest
27/11 01:00 Inter 1-0 RB Leypsig
27/11 01:00 Manchester Siti 3-3 Feyenoord
27/11 01:00 Sporting 1-5 Arsenal

Xavi: «G‘alabaga erishish tobora qiyinlashmoqda»

Xavi: «G‘alabaga erishish tobora qiyinlashmoqda»

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Intervyular

“Barselona”ning sobiq futbolchisi, bugungi kunda Qatarning “Al-Sadd” klubida faoliyat yuritayotgan Xavi yaqinda “Marca" nashriga intervyu berdi. Quyida ana shu suhba bilan tanishasiz...

- Sizningcha, Ispaniya chempionatining joriy mavsumidagi tenglik sun’iymi?

- Yo‘q, albatta. Bu da’vogarlarning muvaffaqiyatga erishishlarini qi-yinlashtiradi. Pep Gvardiola kelgach, murabbiylarning umumiy saviyasi sezilarli o‘sdi. Yaqinda «Espanyol» va «Betis» o‘rtasidagi uchrashuvni ko‘rdim, o‘yin ajoyib bo‘ldi, chunki Rubi ham, Kike Setyen ham g‘alabani xohlashdi. Menga shunaqasi yoqadi. Ammo boshqalar e’tiboridan chetda qolayotgan mayda detalarga ham e’tibor qaratishim kerak. Nazarimda, futbol har taraflama ajoyib sport turi.

- Vaziyatlar yaratish tobora qiyin-lashmoqda. Bu Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida ham sezildi.

- Gap shundaki, mundialda murabbiylar tajribalarni nisbatan ko‘proq qo‘llashadi, zero har qanday xato muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkin. Ularni tushunaman. Ammo men boshqa maktab vakiliman, u yerda bizga to‘pni nazoratga olish, tavakkal qilishni o‘rgatishgan. JCHda 70-80 foiz jamoalar tavakkal qilmay, raqibning xatoga yo‘l qo‘yishini kutishdi. Chunki faqat natija murabbiylarning turli uslublarni qo‘llash imkoniyatini oshiradi. Bunday futbol men uchun emas. Fransiya termasi haqli ravishda chempion bo‘ldi. Ular uyushqoqlikda to‘p surishdi, ehtimol chiroyli o‘yin ko‘rsatishmagandir, ammo baribir, futbolchilarning saviyasi yuqori. Fransuzlar qarshi hujum uslubiga moslashish uchun ko‘p mehnat qilishdi, Antuan Grizmann va Kilian Mbappe esa tezkor bo‘lishlariga qaramay, ortga qaytishga ulgurishdi. Yaxshi futbol, ammo bunday o‘yin bilan faxrlana olmayman.

- Bugungi kunda kim siz aytgan uslubda to‘p suryapti?

- Masalan, Maurisio Sarri boshchiligidagi «Chelsi», garchi har doim ham buni uddalay olmayotgan bo‘lsalarda. Shuningdek, Kike Setyenning «Betis»i, Unai Emerining «Arsenal»i, «Barselona», Luis Enrike boshchiligidagi Ispaniya termasi, Maurisio Pochettinoning «Tottenxem»i ko‘rsatayotgan o‘yin yoqyapti. Bu borada, albatta, Gvardiola birinchi raqamli. Murabbiy sifatida aynan Pepdan namuna olishga intilaman.

- «Real»ning o‘yini haqida nima deysiz?

- Bu klub boshqacha o‘ynaydi, ammo aynan ular qatorasiga uch marta YECHLda zafar quchishdi. Jamoa to‘psiz harakatlanayotganda katta mas’uliyatni his etmaydi. «Real» o‘yinchilari jamoaviylikdan ko‘ra, asosan individual harakatlarga urg‘u berishadi. Bu jamoaning o‘yini tartibsiz ko‘rinadi va bunday tanqid qilishga arziydigan jihatni ko‘rmayapman. Odatda, ular sifatga qarab muvaffaqiyat qozonishadi.

- Lopetegi hamda Solari jamoalari o‘rtasida tafovut bormi?

- O‘ylashimcha, Xulen «Real» o‘yinini tartibga solishni xohladi. Ammo muammo shundaki, mazkur jamoa o‘yini 15-20 yil davomida shunday qolayotgandi. Lopetegi metodik qarashlari bilan mashhur, uning qo‘l ostidagi futbolchilar chiziqlar bo‘ylab harakatlanishadi, yuqori pressing ishlatishadi. «Real» shunchaki, uning talablariga moslasha olmadi. Boz ustiga, Xulenga yetarlicha vaqt berishmadi.

- Messi borasida nima deysiz?

- Nima deyishim mumkin? Leo - o‘zga sayyoralik. Menga qo‘yib berishsa, har yil «Oltin to‘p»ni unga topshirardim.

- «Barselona» avvalgi uslubidan voz kechayotgani to‘g‘rimi?

- Bunday deb o‘ylamayman. «Barsa» avvalgidek to‘pni o‘zida saqlab turibdi. Kuchli pressing ishlatyapti. Hamma gap nyuanslarda. Misol uchun, Luis Enrikega himoyadan hujumga tezda o‘tish yoqardi. Ernesto Valverdening 4-4-2 sxemasida esa jamoa raqib bosim o‘tkazganda ham uyushqoqlikni yo‘qotmayapti. Va albatta, Artur Melo ham o‘yinni kuchaytirdi, u to‘pni yo‘qotmayapti.

- Biroq hadeganda tavakkal qilavermaydi.

- Bunaqasi menda ham bo‘lgan. 21 yoshimda ehtiyotkorlikka urg‘u berganman, raqib himoyasini yorib o‘tishga kamroq intilardim. Bu ishonch masalasi. Arturga esa to‘liq ishonishadi.

- Diyego Simeone bilan nima haqida suhbatlashgan bo‘lardingiz?

- Uning uslubi menga yoqish-yoqmasligi alohida mavzu, fakt shuki, Simeone qo‘l ostidagi o‘yinchilar raketa misoli uchishmoqda. Diyego jamoasini ajoyib tarzda boshqarmoqda. U shogirdlarini qanday ruhlantirishni biladi. Na «Barselona», na «Real» «Atletiko»ning uslubida o‘ynashga jur’at topadi. Agar Simeone «Barsa»da ishlasa, uni tushunmasliklari mumkin. Yoxan Kruiff bizga yo‘nalish topib bergan, Diyego esa bularning barini yo‘qqa chiqarishi mumkin. El Choloning uslubi boshqacha, shunga qaramay, u ajoyib murabbiyligicha qolaveradi.

- Odamlar «Atletiko»ning o‘yinidan zavq olmasliklarini aytishadi.

- Ular «Atletiko» Simeone kelgunga qadar qayerda bo‘lgani-yu, u kelganidan so‘ng qayerga chiqqanini ko‘rishsin. Ammo mening jamoam boshqacha o‘ynardi - buni murabbiy bo‘lganimda ko‘rsatishga urinib ko‘raman. Haqiqat shundaki, futbolni turlicha o‘ynash mumkin. Albatta, sportning bu turida yaratishdan ko‘ra, buzish osonroq. Kombinasiyalar tashkil etish, pressingdan chiqib, bo‘sh hududlar yaratish eng qiyini. Shunga qaramay, raqib ustidan yaqqol ustunlikka erishgan holda qo‘lga kiritilgan g‘alaba hammasidan yaxshiroqdir.

- «Atletiko»ning tayanch yarim himoyachisi Rodrigo Ernandes sizga yoqadimi?

- U ajoyib o‘yinchi. Ammo Rodrigo «Barselona» safida bo‘lganida, yanada yaxshiroq o‘ynardi. Unda hamma narsa bor. Ernandes «Atletiko»da to‘p surishga munosib, to‘pni olib qo‘yish, pressing ishlatish, bo‘sh hududlarni yopishda faol. Shubhasiz, bu sifatlari «Barselona»ga ham foyda keltirishi turgan gap. Uzatmalar berishdan avval u boshini ko‘taradi, xuddi Serxio Buskets singari. «Barsa» uni o‘z safiga qo‘shib olishi kerak.

- «Real»da Rodrigoga o‘xshash futbolchi bormi? Balki bu Markos Lyorentedir?

- Lyorenteni «Alaves»da o‘ynab yurgan paytidayoq kuzatganman. Menimcha, uning o‘yini ko‘proq «Real»ga mos tushadi. Xuddi Kazemiro singari u ham pozision harakatlarda oqsaydi. Ko‘plab futbolchilarning o‘yinini ko‘rib, shunday deyman: «Bu «Barselona» uchun yaralgan, bunisi esa «Real»ga o‘tadi». Santi Kasorla va David Silvaning nima sababdan hozirgacha «Barsa»da to‘p surishmaganini tushunolmayman. Luka Modrich «Barselona»ga ham, «Real»ga ham mos. Xuddi Rodrigo Ernandes kabi. Modrich maydon bo‘ylab tez harakatlanadi, shuningdek, buldozer vazifasini ham o‘tashi mumkin. Ehtimol, u o‘z pozisiyasidagi eng yaxshi o‘yinchi bo‘lsa kerak.

- Krishtianu Ronaldu ketgach, «Real»ning inqirozga uchraganidan ajablandingizmi?

- Ha, albatta. Ammo «Real» Ronaldusiz jamoaviy yaxshi o‘yin ko‘rsatadi, deb o‘ylagandim. Krishtianu individual jihatdan yetuk edi: masalan, bir mavsumda urilgan 50ta golni olaylik. Ammo jamoa sifatida «Real» yanada yaxshiroq o‘ynay oladi. Lopetegi bilan bu klub «Roma»ni tor-mor etib, SSKAga yutqazishi mumkin. Shunga qaramay, Xulenga vaqt kerak edi.

- Mabodo, Messi ketsa, «Barselona» ham shunday holga tusharmikan?

- Nimadir bo‘lishi ehtimol yo‘q emas. Messi shunchaki to‘purarmas, u pleymeyker, so‘nggi uzatmalarni yo‘llaydi. U «Barselona» o‘yini qanday bo‘lishini aniqlaydi. Leo jarohat olib safdan chiqqanda, jamoa boshqacha o‘yin ko‘rsatgandi. Messi raqib himoyasini yorib o‘tadi, dribling ishlatib, hujumning farqlanishini ta’minlaydi. Lioneldan keyin Filippe Koutinyo, Usmon Dembele, Serxi Roberto, Samuel Yumtiti va Mark-Andre ter Shtegen singari futbolchilarning yetakchilikni o‘z qo‘llariga olishlariga umid bog‘lanadi.

- Messi davrida «Real» so‘nggi besh yil ichida to‘rt marta YECHL bosh sovrinini qo‘lga kiritgani «Barselona» ishqibozlarini ranjitmayaptimikan?

- Yo‘q, chunki Messi davri hali yakunlanmadi. Agar ular umumiy vaziyatni to‘liq tahlil etishsa, bu davr hamon yorqin ekanligini ko‘rishadi. «Barselona» Messisiz Chempionlar Ligasida faqat bir marta zafar quchishi mumkin edi, u bilan esa jamoada beshta sovrin bor. «Real» Ronaldu kelgunicha to‘qqiz marta YECHLda g‘olib chiqqan. Messi esa «Barselona» tarixini o‘zgartirib yubordi. Lionel ham, Krishtianu ham so‘nggi o‘n besh yil ichida futbolda qo‘shhokimlik o‘rnatishdi.

- Matteys de Ligt va Frenki de Yongning o‘yini yoqadimi?

- Bu futbolchilar ajoyiblar. Ular to‘pni yo‘qotishmaydi, tez o‘sishga erishmoqdalar. De Ligtda ham, de Yongda ham «Barselona» qoni bor, garchi ular «Ayaks»da ulg‘aygan bo‘lsalarda. Amsterdam jamoasida qoyilmaqom futbol maktabi bor.

- Vinisius Junior-chi?

- U haqda ko‘p narsa bilmayman, ammo yuksak iqtidor sohibi ekani bilinib turibdi, o‘ziga ishonch yuqori. Vinisius Neymarni eslatadi: unga qarab, portlashga shaylanayotgan bomba ko‘z o‘ngimga keladi. Ammo Junior hali juda yosh. Neymar hamon o‘rganmoqda, u g‘oyat aqlli. Yoki Kilian Mbappeni olaylik. Ammo hozircha Ronaldu va Messiga voris topish osonmas. Uzoq vaqt mobaynida futbolda hokimlik o‘rnatadigan boshqa futbolchilar bor, deb o‘ylamayman. Kim bir mavsumda 50ta gol urishga qodir? Masalan, Luis Suares. Uni «Barselona» tarixidagi eng yaxshi markaziy hujumchi deb bilaman. Ammo Suares ham 50ta emas, 30ta gol uryapti. «Oltin to‘p» uchun kurash hozirdan boshlandi. Mbappe g‘aroyib jismoniy sifatlarga ega, unda yangi fintlarni o‘ylab topishga ehtiyoj yo‘q. Kilian to‘pni oldinga tashlab, doimo unga o‘zi yetib oladi. Bu borada u Tyerri Anrini eslatib yuboradi.

- Isko haqida nima deysiz?

- Uni hamisha ajoyib o‘yinchi deb bilganman. Ammo bilasizmi, nima ro‘y berdi? Futbolni yaxshi bilmaydiganlar Iskoning harakatlarini tushunishmayapti. O‘z vaqtida ular Inyestani ham tushunishmagan. U maydon markazidagi chiroyli fintlar bilan muxlislar olqishini olishga intilmay, natijalarga sezilarli ta’sir o‘tkazishi kerak. Isko ham Inyesta, Silva va Modrich kabi katta salohiyatga ega. Bunday futbolchilar zarur pallada o‘yin taqdirini yakka holda hal qila olishlari lozim. Isko oldinga qadam tashlashi mumkin va buni Lopetegi boshchiligidagi Ispaniya termasida amalga oshirdi. «Santyago Bernabeu» stadionida kechgan Italiyaga qarshi bahsni eslang. Isko doimo shunday o‘ynashi kerak. Ishqibozlarni ajablantirishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, ularni gollar va samarali uzatmalar bilan xushnud etish darkor. Isko bu borada Marko Asensio yoki Filippe Koutinyodan o‘rnak olsa bo‘ladi.

- Ispaniya termasi yo‘nalishni yo‘qotib qo‘ydimi?

- Yo‘q, ammo g‘alaba qozonish qiyin-lashdi. Bizning omadimiz kelgan. Ishonchim komilki, bizning davrda bo‘lganida, Rossiyani penaltilar seriyasida ham mag‘lubiyatga uchratardik. Ammo bularning bari o‘tmishda qoldi. Qachonlardir Inyesta va Xavi, hozir Asensio va Iskodagi bo‘lgani kabi tanqidlarga uchrashgan. Bizning muvaffaqiyatlar tarixga kirdi. Ammo hali yana qaytamiz.

- Luis Enrike va Jordi Alba o‘rtasidagi mojarolarni qanday izohlaysiz?

- Ularning ikkisini ham yaxshi bilaman, ikkisi ham kuchli xarakterga ega. Futbolchi va murabbiy o‘rtasida muammolar bo‘lgani rost, biroq sog‘lom fikr ustun keldi. Alba o‘z pozisiyasida dunyoda eng yaxshilardan biri. Uning termaga qaytishi vaqt masalasi edi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 03:01, 19.01.2019.
O'qildi: 3757 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.