Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yosh Ronaldo shunchalar ajoyib edi (1-qism)

Yosh Ronaldo shunchalar ajoyib edi (1-qism)

Baho:
+ | -1

Ronaldoning iqtidori shu qadar hayratlanarli ediki, “San-Kristovana” jamoasi bosh murabbiyi Roberto Galiaone 1992-yilda shu so‘zlarni aytgan edi: “Biz Kruzeyroga bir bolani berdikki, u Braziliya terma jamoasining keyingi buyuk hujumchisi bo‘ladi. U albatta 1998-yilgi jahon chempionatida o‘ynaydi. Uning ismi Ronaldo”.

Shunday ham bo‘ldi. Hatto undan ham ajoyib. Ronaldo karyerasini shu darajada muvaffaqiyatli boshladiki, 1994-yilgi mundialda ishtirok etdi, 1998-yilda esa dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. 1994-yil AQSHdagi jahon chempionatidan so‘ng u hamyurti Romario tavsiyasiga ko‘ra “PSV Eyndxoven” jamoasiga o‘tdi. O‘sha paytlarni Klarens Zeedorf hayratlangancha eslaydi: “U boshqa sayyoradan edi. Bizning yo‘llarimiz Gollandiyada kesishdi. U soatiga 3000 kilometrga yugurar edi. Faoliyatining so‘ngida va jarohatidan keyin ham maydondagi har qanday o‘yinchidan 10 barobar tezroq yuguradigandek ko‘rinar edi”.

“PSV”dagi eng zo‘r o‘yinini Ronaldo “Bayer Leverkuzen”ga qarshi UYEFA kubogi doirasida o‘tkazgan. O‘yindan so‘ng “Bayer” bosh murabbiyi Rudi Fyoller shok holatida – “men hech qachon 18 yoshli bolaning bunday o‘ynaganini ko‘rmaganman”, — degan edi (keyinroq, Fyoller jahon chempionati 2002 finalida ham Ronaldodan jabr ko‘rganini bilasiz). Yakuniy hisob esa — 5:4. «Bayer» foydasiga. Ronaldo esa bahsda xet-trikka erishgan edi.

«Match Ronaldo uchun yorqin tarzda o‘tdi. U uchta urdi, lekin gap uning gollarida emas. Misol uchun, bir vaziyatda, o‘ng qanot himoyachisi uning ortidan xavfli podkat tashladi. U esa to‘pni chap oyog‘ining tashqi tomoni bilan ko‘tarib himoyachi yaqiniga tashladi, uni quvib o‘tdi va ajoyib “yurish”ni boshladi. O‘ylaymanki, o‘sha paytda Ronaldoning kimligini butun Yevropa bilib oldi». Bu so‘zlar o‘sha paytda “PSV”da texnik direktor bo‘lib ishlagan Frank Arnesenga tegishli edi.

Gollandiyada o‘tkazgan ikki mavsumida “so‘yloq tish” (uning laqabi) jami 58 o‘yinda 54 ta gol urdi. Luis Enrike esa: “Men uning “PSV”dagi o‘yinlarini televizorda kuzatardim va qichqirardim: “Vau!” Keyin esa u “Barsa”ga o‘tdi va biz birgalikda o‘ynadik. Ronaldo – shubhasiz men ko‘rgan o‘yinchilar ichida eng hayratlanarlisi. U ungacha hech kim bajarmagan ishlarni qila oldi”, – degan edi.

1996/97-yilgi mavsumda, balkim, Barselona shahrida juda ko‘p “Vau!”lar quloqqa chalingandir. Ulardan eng asosiylari “Kompostella” darvozasiga urilgan goldan keyin yangragan bo‘lsa kerak. Uni Ronaldoning o‘zi ham faoliyatidagi eng sevimli goli deb ataydi (golga ko‘rsatgan Bobbi Robsonning reaksiyasini ko‘rish uchun ham golni albatta ko‘ring).

«Dunyoning hech qaysi burchagidan bunday gollar uradigan futbolchini topa olmaysiz». Bu so‘zlar o‘sha paytda «Barselona»ni boshqargan Ser Bobbi Robsonga tegishli edi. O‘sha paytda murabbiylar o‘rindig‘ida Robson bilan birgalikda hammamiz biladigan Joze Mourinyo ham bor edi. Balki, u shuning uchun ham haligacha u “o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlari ichida eng zo‘ri”, deb Ronaldoni aytsa kerak. “AS” nashri esa ertasiga “Pele qaytdi”, – deb yozgan edi.

O‘sha Ronaldoning kuchli ekanligini Robson ko‘rdi, Pele ham tan olgan edi. Xususan, 2007-yili Robson bu haqida shunday deydi: «Men Angliya terma jamoasida Billi Rayt, Jon Xeyns, Bobbi Charlton bilan birgalikda o‘ynaganman. Men Terri Butcher, Brayan Robson, Pol Gaskoyn, Romario, Garri Lineker, Alan Shirer kabi buyuk o‘yinchilarni shug‘ullantirganman. Mening jamoamda yosh Rud van Nistelroy, Luish Figu o‘ynagan. Men Diyego Maradonaning “qo‘li” sabab jahon chempionatidan chiqib ketgan Klaf va Fergyuson bilan doimo tortishganman. Mening ko‘rganlarim ichida eng kuchli futbolchi bo‘yicha pozisiyam aniq. Bu o‘yinchi – braziliyalik Ronaldo».

O‘sha paytdagi “Barsa”da o‘ynagan Oskar Garsiyaning aytishicha, klubdagi jamoadoshlari Ronaldo bilan hazillashishardi: «Hech bo‘lmaganda gol urgandan keyin sal sekinlash».  Bir vaziyatda Ronaldoning golidan keyin unga Garsiya yaqinlashadi-da jiddiy ohangda undan sekinlashishini so‘raydi. Albert Saladesning aytishicha, mashg‘ulot paytida Ronaldo 10 kishini (ba’zilarni bir martadan ortiq) aldab o‘tadi va gol uradi.

“Las-Palmas” bosh murabbiyi Anxel Kappa esa “Barselona” bilan o‘yindan so‘ng Ronaldoni “aqlbovarqilmas iqtidor” va ajoyib karkidon (bu vaziyatda murabbiy uning raqiblarini yiqitib ketishini nazarda tutgan bo‘lsa kerak. U raqiblarini aldab o‘tgan holda, teginmasdan yiqitardi) deb atagan edi. Xorxe Valdano esa “fenomen”ni quyidagicha tariflagandi: “Qachonki Ronaldo hujumga o‘tganida butun stadion hujumga o‘tgandek bo‘ladi”.

O‘sha mavsum La liga eng dahshatlilaridan biri bo‘lgan edi. Tashkilotchilar ”Sevilya” va “Selta”ni moliyaviy sabablar tufayli ikkinchi ligaga tushirib yubormoqchi edilar. Lekin so‘nggi pallada bu qaror bekor bo‘ladi va chempionatda 22 jamoa o‘ynaydigan bo‘ladi. Natijada esa pala-partish kalendar vujudga keladi va chempionat iyunning o‘rtasigacha davom etadi. Terma jamoaga chaqiruv sabab Ronaldo so‘nggi uch turni va kubok finalini o‘tkazib yuboradi. “Barsa” esa haddan tashqari braziliyalikka bog‘lanib qolgan edi va chempionlik poygasida mag‘lub bo‘ladi.

“Agar o‘sha o‘yinlarda ham Ronaldo o‘ynaganida biz so‘zsiz chempionatni yutgan bo‘lar edik”, — degan edi Bobbi Robson. Bu fikrga o‘sha paytda “Barsa”da Ronaldoga raqobatchi bo‘lgan hujumchi Xuan Antonio Pissi ham qo‘shiladi: “Men shunchaki futbolchiman, u esa bizning sayyoradan emas”.

1996/97-yilgi mavsumda Ronaldo 48 o‘yinda 45 ta gol uradi. Albatta, kosmik natijalar. U paytlarda bir o‘yin uchun yarimta gol top natija hisoblanar edi. Bir o‘yinda bitta gol esa erishib bo‘lmas natija edi. FIFA hujumkor yarim himoyachilar foydasiga qoidalarni o‘zgartirayotgan, markaziy himoyachilar kuchli texnikaga ega bo‘lmagan, lekin yaxshi himoyalangan, jamoalar tarkiblari esa nisbatan teng bo‘lgan zamonlar edi. Zamonaviy futbolchilar foydalanayotgan bu kabi bonuslarsiz Ronaldo erishgan bu natijalar esa, albatta, noyob ko‘rsatkich.

Keyingi mavsumni Ronaldo “Inter”da boshladi. O‘sha paytlar Italiya A seriyasi sayyoraning eng kuchli ligasi, ligada esa eng ajoyib va kuchli himoyachilar harakat qilishar edi.

 

Quyida o‘sha paytlar himoyadagi katta figuralar bo‘lgan futbolchilar fikrlari bilan tanishamiz. Ularning so‘zlaridan esa o‘shanda Ronaldoga raqiblik qilgan himoyachilarga naqadar qiyin bo‘lganligini osongina tasavvur qilish mumkin: «Men faoliyatimni Diyego Maradona bilan bitta jamoada boshladim. U menga juda buyuk bo‘lib tuyular edi, lekin Ronaldo undan ham buyukroq», — deb eslaydi Fabio Kannavaro. Marsel Desayi esa hayratlangancha: «Ronaldo maydonda mo‘jiza ko‘rsatar edi. Men to‘pni bunday katta tezlikda nazorat qiladigan futbolchini ko‘rmaganman. Men uchun u futbol tarixida eng kuchlisi», – degan edi. Allesandro Kostakurtaning fikri esa ko‘proq shikoyatga o‘xshab ketadi: «Biz Maldini bilan Maradonaning ko‘p yurishlarini to‘xtatar edik. Lekin Ronaldoga kelganda bu ishni amalga oshirish mushkulroq bo‘lgan. U tarixdagi eng kuchli hujumchi. Hatto Van Basten va Peledan ham. Uni to‘xtatishning shunchaki iloji yo‘q».

Mavsum o‘rtalariga kelib «Ronaldo dunyoda tengsizmi?», — degan savolni berishga hojat qolmagan edi. Bu savol esa WorldSoccer jurnalida Ronaldoning surati ostida biroz boshqacharoq tarzda joylashdi: «Futbol tarixida tengsizmi?»

Ronaldoning ajoyib o‘yinlaridan biri UYEFA kubogi finalida “Lasio”ga qarshi o‘yinda yuz berdi. Ronaldoga qarshi Nesta turar edi. “Ronaldoga qarshi o‘sha final – faoliyatimdagi eng yomoni. U katta o‘yinchi. Men o‘sha o‘yinni xatolarimni ko‘rib chiqish uchun ko‘p marta qayta tomosha qilganman. Biz 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lganmiz, lekin bunga mening xatolarim sabab emas edi. Shunchaki Ronaldoni to‘xtatishning umuman iloji yo‘q edi. U shunchalar tez ediki, maydondagi qolgan futbolchilar shunchaki yurayotgandek edilar”, — eslaydi Nesta.

Zayniddin Zidan o‘sha finalni televizor orqali tomosha qilgan edi va bir vaziyatni hech qachon esdan chiqarmasligini tabassum bilan ta’kidlaydi: “Men Ronaldoni juda hurmat qilaman, lekin bitta vaziyatni alohida e’tibor bilan kuzatganman. 1998-yilgi UYEFA kubogi finali. Uning chap qanotda Nestaga ishlatgan finti. Men aytayotgan fint uning noyob iqtidorga ega ekanligini ko‘rsatadi. Ba’zilar, albatta, bu fintni ijro eta olishi mumkin. Lekin Ronaldodan tashqari hech kim buni bunday tezlikda amalga oshira olmaydi. Va u buni Nestaga qarshi amalga oshirgandi! Mening buvimga qarshi emas! “Inter” murabbiyi Luidji Simeone esa sekin-asta bunday harakatlarga o‘rganib ketganini aytadi: «Ronaldo – ajoyib talant. U mashina kabi edi. Mashg‘ulotlarda esa yanada kuchliroq edi. Ba’zida shunday vaziyatlar bo‘lar ediki, men ko‘zlarimga ishonmas edim. U uchun esa bu odat edi. Faqat u uchun!»

1998-yilgi mundial paytida Xorxe Valdano yozgan edi: “Ronaldo Fransiyaga o‘z davrining futbolchilariga raqiblik qilish uchun emas, ming yillik va yana keyingi ikki ming yillikdagi eng kuchli futbolchisi unvoni uchun kurashishga keldi. Finaldan oldin fransuzlar agar Ronaldo bilan hammasi joyida bo‘lsa, ularga hech narsa yordam bera olmasligi haqida mashg‘ulotda baland ovozlarda suhbat uyushtirishgan edi.

Mana sizga o‘sha mashg‘ulotdagi suhbatdan parcha: «U menga qarshi “Milan” o‘ynaganimda shunday qilgan. Men hatto to‘pni ko‘rmaganman. Uning qayerga harakatlanayotgani muhim emas. Sen hatto to‘pni ko‘rmaysan. Qani to‘p? To‘p yo‘q. Bu – sehr», — degan edi Desayi. Tyuram esa unga qo‘shib qo‘yadi: «Sen uning yonida ekanligingda sen pastga qarashga ulgurmaysan. Chunki ungacha yo to‘p yo‘q bo‘ladi yoki u».

Fransuzlarning baxtiga Ronaldo bilan finalda hammasi joyida bo‘lmadi. Uning finaldagi ishtiroki futbol tarixidagi eng maxfiy masalalardan biri sifatida qoldi. Bu hatto Braziliya parlamentida ham muhokama etilgan edi. O‘shanda bosh murabbiy Mario Zagallo shunday degan edi: «Tasavvur qiling, agar u bilan haqiqatdan ham hammasi joyida bo‘lmaganda, tabiiyki men uni maydonga tushirmas edim. Natijada Braziliya yutqazar edi. Agar Ronaldo mening qarorim sabab maydonga tushmaganda, men hamma narsalarimni yig‘ishtirib Shimoliy Qutbga ketishimga to‘g‘ri kelar edi».

Davomi bor.

Sports.ru nashridan olindi
Tarjimon: Mamurjon Ibragimov
So‘x tumani

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 21:48, 24.01.2019.
O'qildi: 11443 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.