Poytaxtimizda yangi «Ice City» majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, loyiha ta’sischilari va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etishdi.
Qish tarovatini bag‘ishlovchi ushbu yangi majmua haqidagi ma’lumotlarni siz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.
Yilning istalgan vaqtida qish
16 000 kv.m maydonda qad rostlagan ushbu «shaharcha»da qor o‘ynash, snoubordda uchish va xokkey o‘ynash mumkin. Muz saroyida muxlislar uchun alohida tribuna ham tashkil etilgan. Hududda +18 daraja iliqlik ushlab turiladi.
Xokkey endi yanada yaqinroq
Siz muz ustida o‘zingizni figurali uchuvchi yoki xokkeychi sifatida tasavvur qilishingiz mumkin. Yorituvchi moslamalar, qulaylik va tribunalarning borligi bu yerda musobaqalar tashkil qilish imkoniyatini ham beradi. Yangi muz maydoni zamonaviy o‘zbek xokkeyi tarixidagi yana bir muhim voqelikka mezbonlik qildi. Ramziy tugmani bosish orqali xokkey bo‘yicha 2019 yilgi O‘zbekiston chempionatiga qancha vaqt qolganini ko‘rsatuvchi teskari hisob boshlandi. Ushbu tadbirda MOQ vise-prezidenti Ahmadjon Rahimov, O‘zbekiston xokkey federasiyasi bosh kotibi Shukrullo Mahmudov va sport federasiyalari vakillari qatnashishdi. Shundan so‘ng muzda yosh xokkeychilar ishtirokida ko‘rgazmali chiqish namoyish etildi. Keyin esa «Binokor» va «Toshkent», shuningdek, «Humo» va «Semurg‘» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
8 fevral kuni «Ice City» majmuasida start oladigan musobaqa haqida xokkey federasiyasining O‘zbekiston chempionatini tashkil etish departamenti direktori Vladimir Ivanovich Storonkin gapirib berdi.
«8 fevral kuni boshlanadigan O‘zbekiston chempionatida poytaxtimizning to‘rtta jamoasi ishtirok etadi: «Binokor», «Toshkent», «Humo» va «Semurg‘». Musobaqa 17 va undan katta yoshdagi xokkeychilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Barcha o‘yinlar «Ice City» majmuasida tashkil qilinadi.
Chempionat davomida 24 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bahslar 17 mart kuni nihoyasiga yetadi. 20 martdan boshlab esa pley-off uchrashuvlari boshlanadi. Unda jamoalar uchta g‘alabagacha kurash olib boradilar. Shuni qayd etish lozimki, ushbu muz arenasi ayni paytda mamlakatimizda barcha xalqaro standartlarga javob beradigan (darvoza, o‘lchamlar, yoritish tizimi va kiyim almashtirish xonasi) birinchi va yagona majmua hisoblanadi. Biz bundan juda xursandmiz. Agar ushbu arena bo‘lmaganida biz chempionat boshlanishini va «Humo» muz arenasi bitishini yana kutib qolardik», – dedi mutaxassis.