Xulen Lopetegi: «Menda bir vaqtda ikki megajamoani boshqarish imkoniyati bor edi, afsuski...». «Real Madrid» boshqaruvida ishni omadsiz boshlashi oqibatida mavsum yarmiga kelmasdanoq iste’foga chiqarilgan Ispaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi oldinlari matbuotda tez-tez chiqish qilib turardi. Biroq «Qirollik klubi»dagi ishi o‘xshamaganidan keyin bu borada mutlaqo o‘zgardi. Ya’ni Lopetegi endilikda juda kam intervyu bermoqda. Lekin El Partidazo jurnalistlari alamzada mutaxassisni suhbatlashishga ko‘ndirish yo‘lini topishdi va u hozirgi holatiga to‘xtalish barobarida Ispaniya terma jamoasi va «Real»ga bog‘liq gap-so‘zlarga izoh berdi.
Murakkab holat
- O‘zi murabbiylik kasbi hamisha har qanday vaziyatga tayyor turishni talab etadi. Chunonchi, bir zumda barchasi mutlaqo o‘zgarib ketishi hech gap emas. Mana, men bilan ro‘y bergan voqealarga qarang: aslida bir vaqtning o‘zida ikki ekstraordinar jamoani shug‘ullantirish imkoniyatiga ega edim, biroq kutilmagan qaror tufayli bundan mahrum bo‘ldim. Boz ustiga, «Madrid»da ham barchasi zararimga ishladi. Bu endi vaziyat taqozosi. Xullas, murabbiylikni tanlagan kishi har damda ishi misli ko‘rilmagan darajada orqaga ketishi mumkinligini sira unutmasligi kerak. Omadsizlik - murabbiy hayotining bir qismi.
Terma jamoa va«Madrid» tajribasi
- Bu ikki jamoadagi ish men uchun murabbiylik bobida katta maktab bo‘ldi, albatta. To‘g‘ri, bitta alam qiladigan tomoni, milliy jamoada qandaydir shafqatsizlikka duch keldim. Axir biz Rossiya mundialiga juda yaxshi tayyorlangan jamoa sifatida yo‘l olgandik. Biroq boshlangan ishni oxiriga yetkazib qo‘yish imkonini berishgani yo‘q. «Madrid»dagi faoliyatimga kelsak, bunisi men uchun «qora» sahifa. Aslida «Qirollik klubi»ni uzoq muddat boshqarishni rejalashtirgandim, ammo... Asosiysi, ayni shunday muvaffaqiyatsizliklar odamni yanada kuchli bo‘lishga undaydi. Shaxsan men esankirab qolganim yo‘q, chunki har qanday murabbiy shunday qismatga yuz tutishi mumkinligini juda yaxshi bilaman.
«Qizil furiya»dan ketish...
- Krasnodarda ro‘y bergan voqealarni eslagim ham yo‘q. G‘alatilikning eng yuqori nuqtasi... Har holda, jamoani JCHga uzoq vaqt mukammal tarzda tayyorlagan murabbiyning turnir starti arafasida ketishga majbur bo‘lishi aqlga sig‘maydi. Buni izohlashga til ojiz.
«Madrid»da ish boshlash bayonoti
- Tushunaman, barchasini sir saqlashim, ya’ni «Madrid» bilan shartnoma tuzganimni oshkor qilmay turishim ham mumkin edi. Biroq nimanidir yashirishni istamadim, qolaversa, ro‘y-rost bayonot berish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligiga shubhalanmadim. Eng asosiy fakt bitta - o‘sha payt Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi edim va bor e’tiborim mundialda muvaffaqiyatli ishtirok etishga qaratilgandi. Zero, butun Ispaniya bizdan natija kutayotganini teran anglab turgandik.
«Madrid» rahbariyatiga tashakkur
- To‘g‘risi, garchi ko‘zlaganimdan ancha erta iste’foga chiqarilgan bo‘lsamda, «Madrid» va klubning rahbariyatidan bag‘oyat minnatdorman. Har holda, menga shunday ekstraordinar jamoani shug‘ullantirish imkoniyati taqdim etildi. Umuman, «Real»da natijaga erisholmaganim tufayli kimnidir ayblamayman. Deylik, futbolchilarga nisbatan munosabatim hamon zo‘r va ularga faqat yaxshilikni ravo ko‘raman.
Vinisius iQtidori
- Mening davrimda Vinisius moslashuv jarayonini boshdan o‘tkazayotgandi. Vaqt faktori muhim ekanligini unutmaslik kerak. Ha, ehtimolki, u birdaniga o‘ynab ketishni ham uddalardi, biroq mavsum 1-2 emas, naq 9 oy davom etadi. Umuman, o‘shandayoq Vinisius tarkibdan joy olishini sezganman. Deylik, boshida «Kastilya» safida to‘p surgan bo‘lsada, asosiy jamoa mashg‘ulotlarida qattiq ishlardi. O‘ylaymanki, yigitchani yorqin kelajak kutmoqda.
Serxio Ramos - chin yetakchi
- Serxio bilan o‘zaro munosabatimiz juda iliq. Hamisha nafaqat Ramos, balki boshqa futbolchilar bilan ham til topishishga harakat qilganman va buning uddasidan chiqqanman.
Florentino Peres tabiati
- Rostini aytsam, boshida «Real» vakillaridan birgina Xose Anxel Sanches men bilan aloqaga chiqqandi. Jamoadan ketish vaqtida ham aynan u kuzatib qo‘ydi. Qisqasi, klub prezidenti Florentino Peres bilan gaplashmaganman. Bunda ajablanadigan tomoni yo‘q - uning yo‘li boshqa, meniki boshqa...
Ronaldu roli
- Krishtianu o‘rnini bosadigan futbolchi bormidi? Bu borada dangal gapirishim qiyin, lekin ixtiyorimda yig‘ilgan tarkib barcha sovrinlar uchun kurasha olishiga ishonchim komil edi...