«Milan»ning gruziyalik sobiq himoyachisi Kaxi Kaladze yaqinda Italiyada bo‘lib, yangilangan «rossonerlar»ning «Empoli»ga qarshi kechgan o‘yinini bevosita stadionda kuzatdi. Bundan foydalangan La Gazzetta dello Sport nashri sportdagi samarali faoliyatidan keyin siyosatga bosh suqqan sobiq futbolchini suhbatga chorladi. Shu tariqa Kaledze «Milan»ning shiddatli taraqqiyoti, Jennaro Gattuzoning murabbiylik faoliyati va Kshishtof Pentekning ulkan salohiyati xususida to‘xtalish barobarida o‘zining kundalik yumushlari xususida ma’lumot berdi.
- «Milan» - «Empoli» o‘yinini «San Siro»da tomosha qildingiz. Ko‘rsatilgan futbol sizga ma’qul bo‘ldimi?
- Juda yoqdi, «Milan» ajoyib o‘yin namoyish etdi. O‘zi joriy mavsum «rossonerlar» o‘yinini stadionda ilk marta kuzatdim. Lekin jamoa ishtirokidagi deyarli barcha uchrashuvlarni TV orqali tomosha qilaman. O‘yin saviyasi tobora oshib borayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi va bu quvonarli hol.
- Xo‘sh, hozirgi «Milan»ning aynan qaysi jihati ko‘proq hayron qoldirmoqda?
- Jamoadagi ishonch va qat’iyat tahsinga loyiq. «Rossonerlar» bu safar ham yaxshi himoyalanish barobarida oldingi chiziqda samarali to‘p surishdi. Qoyil.
- Sizningcha, ijobiy o‘zgarishlarda Jennaro Gattuzoning hissasi qay darajada baland?
- Ko‘rinib turibdi, Gattuzo o‘z jamoasida puxta o‘ylangan hujumkor uslubni yo‘lga qo‘ymoqda. Boshqacha aytganda, Jennaro shunchaki oddiy emas, o‘ta ahil jamoani shakllantirishga ulgurdi. Kiyinish xonasida hech qanday muammo yo‘qligi - bugungi «Milan»ning asosiy ustunligi. O‘zi futbolda o‘yinchilar hamisha bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari, yagona maqsad sari yelib-yugurishlari shart. Shundagina qandaydir natijaga umid bog‘lash mumkin. O‘ylashimcha, «Milan» aynan shunday yondashuv asosida o‘smoqda. O‘yin uslubi ham chakki emas: hujumchilar yarim himoyaga, markaziy chiziq vakillari o‘z navbatida, himoyaga katta ko‘mak berishmoqda.
- Qiziq, shaxsan siz Rinoning murabbiylik sohasida muvaffaqiyatli ish yuritishini kutganmidingiz?
- Vaqtida buni hattoki, o‘ylab ham ko‘rmagandim. O‘zaro uchrashganimizda, yangi sohadagi faoliyatni muhokama ham qilmaganmiz. Bu yo‘lni Rinoning o‘zi tanladi va ko‘rib turganingizdek, nomdor jamoalardan birini risoladagidek boshqarmoqda. Jennaro amalga oshirayotgan ishlardan mamnunman, albatta, uning tinmay izlanayotgani, jamoa uchun jon koyitayotganini ko‘rib turibman. Taxminimcha, Gattuzo «Milan»ni sovrindorlar qatoriga qo‘sha oladi. Xullas, jamoaning keyingi mavsum CHLda o‘ynashiga ishonch katta. Shuningdek, Italiya kubogi ham «rossonerlar»ga nasib etishidan umidvorman.
- Leonardo va Maldini direktor lavozimida ishlashyapti. Bunisini tasavvur qilganmidingiz?
- Ular jamoaga anchadan buyon yetishmayotgan barqarorlikni olib kirishshdi. Bosh homiy - Elliott «Milan»ni imkon qadar tezroq yetakchilar safiga qaytarish uchun yetarli darajada sarmoya ajratishga tayyorligidan ham xabarim bor.
- Deylik, Kshishtof Pentek transferi shu sarmoya mahsulimi?
- Shunday. Kshishtof benazir iqtidorga ega ajoyib hujumchi. Uning «Jenoa»dagi o‘yinlarini ham diqqat bilan kuzatganman, «Milan» safiga qo‘shilgach, e’tiborim yanada oshdi. Quvontiradigan tomoni - yosh hujumchi mahorati tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Umuman, Pentekning yanada sermahsul o‘yin ko‘rsata olishiga shubham yo‘q. Aslida xorijlik futbolchilar, ayniqsa, oldingi chiziq vakillarining «A» seriya ritmiga moslashishlari oson emas. Birinchidan, himoya kuchli, ikkinchidan, tiffozilar har qanday hujumchidan yuksak samaradorlikni kutishadi. Polshalik iste’dod esa shu murakkab vazifani uddalamoqda, demak, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini baralla aytish mumkin. Unutmaylik, Kshishtof hali juda yosh, xullas, unda ko‘plab cho‘qqilarni zabt etish imkoniyati katta. To‘g‘ri, balki Ronaldo darajasiga chiqolmas, ammo yuksak saviya sohiblari safidan munosib joy olishiga ishonaman.
- Xo‘sh, Gattuzoni qo‘llash uchun «San Siro»ga endi yana qachon kelasiz?
- Rino bilan muntazam aloqadaman, misol uchun, doimiy ravishda SMS-xabarlar yo‘llab turaman. Savolingizga kelsak, imkoniyat tug‘ilishi bilan Milanga qaytaman, albatta. To‘g‘ri, hozir ishlarim juda ko‘p. Axir Tbilisi meriman va bo‘sh vaqt topishim qiyin masala.
- Bevosita maydonga tushib, to‘p ortidan yugurishni qo‘msagandirsiz...
- Hozirda 1,5 million kishi taqdiriga mas’ulman. Umuman, Gruziya poytaxtida o‘z yechimini kutayotgan muammolar yetarli. Xalqimiz baxtli hayot kechirishi uchun tinmay izlanishimiz, yeng shimarib ishlashimiz talab etiladi. Xullas, maydonga tushish uchun vaqt yo‘q.
- Sir bo‘lmasa, ayni payt qaysi yirik loyihalar ustida ish olib boryapsiz?
- Ijtimoiy rivojlanish dasturimiz turli sohalarni qamrab olgan. Yangi yo‘llar, portlar bunyod etyapmiz, infratuzilmani yaxshilashga katta e’tibor qaratyapmiz. Deylik, jamoat transportining yangi turini amalga tatbiq etish harakatidamiz. Bu loyiha birgina Tbilisi emas, butun mamlakatga taalluqli. Chunonchi, Yevropa hamjamiyati e’tiborini Gruziyaga qaratmoqchimiz