Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Toni Kroos: «Odatda qarorimni o‘zgartirmayman...»

Toni Kroos: «Odatda qarorimni o‘zgartirmayman...»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum oxirida «Real Madrid» hamda Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Toni Kroosning futbolchilik faoliyatini yakunlash borasidagi qarori ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.

34 yoshli charm to‘p ustasi o‘z faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida La Liga hamda Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish yo‘lida Madrid klubi uchun juda muhim o‘yinchilardan biriga aylandi. Yangi mavsum boshlanganidan bir necha oy o‘tgach, Kroosning yo‘qligi «Real» uchun sezilarli tasirini o‘tkazganday tuyuldi. Chunki, o‘zining zargarona uzatmalari va maydonni ko‘ra olish bo‘yicha zamonamizning intellekti eng yuqori futbolchisini yo‘qotish boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Aslida sobiq futbolchi hali ham Madridda yashaydi. U bu shahardan butunlay uzoqlashib ketgani yo‘q. Tonining bolalari hozir ham o‘sha yerda maktabga borishadi va yashashadi. Qolaversa, uning navbatdagi loyihalaridan biri - Toni Kroos Akademiyasining yangi filiali shu yilning sentyabr oyida o‘z faoliyatini boshladi.

Ushbu hafta Ispaniya poytaxtida modalar namoyishchisi tomonidan uyushtirilgan tadbirda Athletic muxbiri «Real Madrid» afsonasi  bilan suhbatlashishga erishdi. quyida mazkur intervyuni etiboringizga havola etamiz.

- Futbolchilik faoliyatingizni tugatish borasidagi qarorga qachon kelgandingiz va birinchi bo‘lib bu haqda kimga aytdingiz?

 - Avvaliga biz bolalarga aytdik - bu mening qarorim edi, lekin men buni turmush o‘rtog‘im bilan qabul qildim. Shuni aytishim kerakki, bunday qarorga birdaniga kelganim yo‘q. Bu uzoq jarayon edi, biz bu haqda bir necha oy gaplashdik. Xotinim meni eng yaxshi biladigan va tinglaydigan yagona inson. U meni shunchalik yaxshi biladiki, o‘zimni tutishimdan nimani istayotganimni o‘qiy oladi. Bu qo‘shma qaror edi. Faoliyatimni yakunlash bo‘yicha may oyi atrofida bir to‘xtamga kelgandim, ehtimol biroz oldinroqdir. To‘g‘risi, uch-to‘rt oy ikkilandim, lekin odatda qaror qabul qilganimdan so‘ng uni o‘zgartirmayman. Barchasi aniq hal qilingandan so‘ng, biz birinchi navbatda bolalarga bu haqda ommaviy axborot vositalarida o‘qimasliklaridan yoki maktabda kimdir ularga bu haqda aytishidan oldin ma’lum qilishni xohladik. Keyin esa eng yaqin odamlarga aytdim.

- «Real»dan birinchi bo‘lib kimlarni ogohlantirdingiz?

- Birinchisi bosh murabbiy edi, chunki biz u bilan shunday munosabatdamiz. Anchelotti 2014 yilda kelganimda Madriddagi birinchi murabbiyim edi. U bu haqda birinchi bo‘lib bilishga loyiq inson. Ammo o‘sha kuni men klub prezidenti Florentino Peres va Xose Anxel Sanchesga, keyin esa uzoq vaqtdan beri yaqin aloqada bo‘lgan jamoadoshlarimga qo‘ng‘iroq qildim. Men klubdagilar bilan bu masalada bir necha oy gaplashdim va faoliyatimni yakunlashim mumkinligidan hamma xabardor edi. Yakuniy qaror haqida esa avval Karlo Anchelottiga, bir soatdan keyin Florentino Peresga xabar berdim. Bu rasmiy e’londan taxminan uch kun oldin (21 may) ro‘y berdi. Jamoadagilar bu ma’lumotni o‘zim oshkor etmagunimcha sir tutdi va men bundan xursand bo‘ldim. Chunki, bu ularga ishonish mumkinligini ko‘rsatadi. Ma’lumotni oshkor qilmaslik juda qiyin va mazkur alohida hodisa men uchun muhim edi. Sababi, bu mening butun faoliyatim haqidagi gap edi. Jamoadoshlarim har doim mazkur qarorni o‘zim e’lon qilishim mumkinligini aniq aytib kelishdi.

- Biror narsa sizning qaroringizni o‘zgartirishi mumkinmidi? Ehtimol, Chempionlar Ligasida «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuv yoki Dortmundning «Borussiya»siga qarshi kechgan final natijasi boshqacha yakunlanishi?

- Yo‘q, yo‘q. Shunchaki, bu qaror o‘yinlar yoki natijalar bilan bog‘liq emas edi. Hech kim ketishimdan mamnun emasdi. Ayrim odamlar bunga ishonolmadilar. Xatto ular hozir vaqti emasligini aytishdi. Chunki eng yuqori darajada o‘ynayotgan paytim shunday qarorga keldim. Hali yuqori saviyada to‘p surishda davom etishimga ishontirmoqchi bo‘lganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo, ular urinishlarning barchasi foydasiz ekanini bilishardi.

- Hozirda oddiy bir kuningiz qanday o‘tmoqda?

- Hammasi keskin o‘zgardi. Rejalarimni o‘zim xohlagandek aniqroq tashkil qila olayotganimdan juda xursandman. Men faoliyatimni yakunlaganim bilan futboldan mutloq uzoqlashib ketmaganman. Madridda va Germaniyada akademiya ochganman. Shuningdek akam bilan 4 yildan buyon yuritib kelayotgan loyihamiz bor... va uch nafar farzandlarim. Hozir shular bilan bandman.

- Xoselu va Nacho o‘tgan mavsum oxirida «Real»ni tark etib, Saudiya Arabistoni va Qatar klublariga o‘tishdi. O‘tgan yili siz Gabri Veyganing Saudiyaga o‘tishini «sharmandalik» deb yozgandingiz va yanvarda aynan Saudiyada o‘tkazilgan Ispaniya Superkubogida muxlislar sizni hushtakbozlik bilan kutib olishgandi... Vaholanki, siz Nacho yoki Xoselu haqida hech narsa demagandingiz...

- Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan va faoliyatini yakunlashga yaqin bo‘lgan Nacho bilan 21 yoshida nisbatan kuchsiz chempionatga ketib, yuqori darajaga ko‘tarilishni istagan futbolchi o‘rtasida farq juda katta (Veyga «Selta»dan «Al-Ahli»ga o‘tgan). Bunday yoshda kuchli ligalarga raqobat tug‘dira olmaydigan chempionatga o‘tish sizni yaxshi o‘yinchi bo‘lish va unvonlarni qo‘lga kiritish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bu katta farq. Men u yerga borganlarni qo‘llab-quvvatlamayman. Ammo faoliyatingizning oxirida Nacho yoki Krishtianu Ronaldu kabi «Madrid» va Yevropaning afsonasiga aylanib, hamma narsaga erishgan holda borsangiz bu butunlay boshqa narsa.

Kelajakda murabbiylik bilan shug‘ullanish rejalaringiz bormi?

- Yo‘q, men murabbiy bo‘lmayman.

Hatto o‘ylab ham ko‘rmaysizmi?

- Yo‘q.

- Murabbiylar haqida gapirganda, Tomas Tuxelning Angliya bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishidan hayron bo‘ldingizmi?

- Yo‘q hayron bo‘lmadim. U buni xohlaydimi yoki yo‘qligini bilmasdim. Tomas juda yaxshi murabbiy. Menga bu mutaxassisning Angliyadagi faoliyati juda yoqardi.  Tuxel ingliz tilini yaxshi biladi. «Chelsi» bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi va Ang­liyada juda yaxshi imidjga ega.

 - Kelajakda  Sport direktori sifatida ishlashingiz mumkinmi?

 - Ehtimol, sport direktori sifatida siz biroz erkinroqsiz. Uyali telefon bilan ko‘proq ishlaysiz va hokazo. Murabbiylarda esa unday emas. Hozir men ham murabbiyman, lekin sal bosh­qachoroq ma’noda - faqat bolalar uchun.

Xurshid YUSUPOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:00, 17.11.2024.
O'qildi: 4393 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.