Florentino Peres so‘nggi vaqtlarda "Real Madrid"dagi muhit yomonlashgani haqidagi fikrlarga qo‘shilmasligini bildirdi.
7 may kuni mashg‘ulotlar davomida yarim himoyachilar Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasida og‘zaki tortishuv kelib chiqqan va keyinchalik u kiyinish xonasida janjalga aylangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida Valverde boshidan jarohat olgan va shifoxonaga yetkazilgan. Har ikki futbolchiga 500 ming yevro miqdorida jarima solingan.
— Kiyinish xonasidagi muhit avvalgidek sog‘lom emasligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu borada fikringiz qanday?
— Muhit mutlaqo sog‘lom. Bular siz yaxshi taniydigan o‘sha yigitlar va ularning barchasi do‘st. Mashg‘ulot paytida kimdir boshqasining oyog‘ini bosib ketib, asabiylashsa, buni katta muammoga aylantirmaslik kerak. Agar kimdir bunday qilishni istasa, demak, u ma’lumotni tashqariga sizdiryapti.
Ayrimlar: «Muammo ularning janjallashganida», deyishadi. Yo‘q, muammo — ma’lumotni sizdirayotgan odamlarda. Jamoadagi muhit a’lo darajada. Faqat bir nechta g‘alamis odamlar biz haqimizda ma’lumot tarqatib yurishgan edi, biz ularni aniqlab bo‘ldik.
— Tchuameni va Valverde jamoada qoladimi?
— Mening fikrimcha, ha, — dedi Peres El Pais nashriga bergan intervyusida.













