Bugun o‘zbek sportining nomdor namoyondalaridan biri, proffesional boksda g‘alabali odimlayotgan qahramonimiz, «Rio -2016» olimpiyadasida g‘olib bo‘lganida unga qo‘shilib butun O‘zbekiston to‘lqinlanib yig‘lagan vatanparvar er o‘g‘lon bilan suhbatlashamiz. Sezganingizdek, bugungi mehmonimiz «Rio -2016» oltin medali sohibi, samimiy inson – Fazliddin G‘oyibnazarov!
Assalomu alaykum Fazliddin aka, vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Saytimiz ixlosmandlarining talab va takliflariga yo‘q demay, biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun, tashakkur. Bilamiz, havaskor boksda ham, proffesional boksda ham katta tajribangiz bor. Sizningicha, boksdagi bu ikki yo‘nalishning bir-biriga o‘xshamaydigan jihatlari nimada?
- Avvalambor, assalomu alaykum. Savolga keladigan bo‘lsak, professional boks qo‘lqoplari anchagina kichikroq hajmda bo‘ladi va zarbani qattiqroq his qilasiz. Shuningdek, vazn o‘lchash marosimi jangdan 1, yo bir yarim sutka avval amalga oshiriladi. Marosimdan so‘ng janggacha ovqatlanib, vitaminlar iste’mol qilib yo‘qotilgan kuchni tiklab olish uchun imkon bo‘ladi. Havaskor boksda esa aksincha, ringga chiqadigan kuningizda vazningizni o‘lchashadi. O‘ylashimcha, havaskor boksda faoliyat olib borgan sportchi uchun professional boksga o‘tish ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Doimo ringga milliy libosda chiqasiz. Hatto qo‘lqoplaringizgacha milliy ko‘rinishda. Bu imidjni o‘zingiz tanlaganmisiz?
- To‘g‘risi, men faqat qo‘lqopni shunday ranglarda bo‘lishini istaganman. Dizaynerlarim esa, aynan qo‘lqopga mos tarzda liboslarimni tanlab berishdi. Endilikda imidjimni yanada chiroyli qilish ustida ishlayapmiz
Bundan avval ham bizda kuchli bokschilar bo‘lgan. Muhammad Qodir Abdullayevning Olimpiyada g‘olibi bo‘lganligi so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Shunga qaramasdan, birdaniga o‘zbek boksiga «oltin avlod» kirib keldi. Ketma-ket chempionliklar, Olimpiyada, Jahon chempionatlari, Osiyo chempionatlaridagi g‘alabalar… Umuman olganda «Oltin avlod» ning boksimizda paydo bo‘lishini siri nimada?
- Gapingizda jon bor, lekin, bizdan oldingi akalarimizni bizdan kuchsizroq demagan bo‘lar edim. Ular o‘z vaqtida bizdanda kuchli bo‘lishgan. Oltin avlodga keladigan bo‘lsak, falakning gardishi bilan bir vaqtda iqtidorli sportchilar yig‘ilib qoldi. Buyog‘iga esa, ustozlarimiz o‘gitlari, ota-onamizning bizga bergan tarbiyasi va duolari bilan shu darajaga yetishdik deb hisoblayman. Oltin avlodning siri menimcha bizning ahilligimizda bo‘lsa kerak. Nafaqat 10 ta vazndagi yigitlar, hatto har bir vazndagi ikkinchi va uchinchi raqamli bokschilarimiz ham ahillik bilan birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishmoqda
Bugun muxlislar nazarida havaskor boksdagi tezkor Fazliddin G‘oyibnazarovning o‘rnini professional boksda zarba kuchiga ko‘proq e’tibor qaratadigan Fazliddin G‘oyibnazarov egallagandek taassurot uyg‘onmoqda, yoki professional boksda tezlik muhim emasmi?
- To‘g‘risi, bilmadim. Balki tashqaridan shunday ko‘rinayotgan bo‘lsa kerak. Tezkor boks, albatta foyda keltiradi, ammo professional boksda jismoniy holatga ham katta e’tibor qaratishingiz kerak. Bu yerda janglar 3 raund emas. Balki shu sabab tezligim pasaygandek ko‘rinayotgan bo‘lsa kerak.
Faoliyatingizni AQSHda o‘tkazayotganingiz sababli ko‘pincha uydan uzoqda bo‘lishingizga tog‘ri keladi. Jangdan oldin, jangdan keyin tiklanish vaqtida yurt sog‘inchi qiynaydimi?
- Amerikadan zerikib ketgan odamlardan biri men bo‘lsam kerak (Kuladi) To‘g‘risi yurtimni, oilamni juda sog‘inaman. Uyimdagilarni, ayniqsa farzandlarimni ko‘rgim keladi… Kelajagim, yaqinlarimni o‘ylaymanda o‘zimga-o‘zim : «Kel, endi ozgina chiday, bir narsaga erishish uchun bir narsadan voz kechishim kerakku» , - deymanda o‘zimni ovutaman. To‘y, tug‘ilgan kunlarda uyga ketgim keladi, lekin…Tartib va Intizomsiz hech narsaga erishib bo‘lmasligini bilib, o‘zimni qo‘lga olaman. Hayotda ba’zi narsalar bo‘ladi, ular uchun ayrim narsalarni qurbon qilsang arziydi. Menga qo‘yib bersa, hoziroq uyga ketar edim (Kuladi)
Qaysi bokschilarni jangini tomosha qilib katta bo‘lgansiz? Yoqtirgan bokschingiz kim?
- Yoshligimdan dadam rahmatli bilan birgalikda haftaning har yakshanba kuni Rossiya kanallarida beriladigan bokslarni muntazam ko‘rib borardik. Dadam yotib ko‘rsam, «o‘tirib tomosha qil, bu senga kerak bo‘ladi»,- deya jiddiy yondashar edilar. Boks bo‘ladigan kuni tunda ham men dadam va oyim - uchalamiz birgalikda boks tomosha qilardik. Yoshligimdagi eng shirin xotiralardan biri sifatida doimo yodimda saqlanib qolgan… Menga Taysonning boks uslubi yoqardi. Hozir ham uning janglarini miriqib tomosha qilaman
Har qanday sportchining kariyerasida pasayish, mag‘lubiyatlar, ruhiy tushkunlik xolati kuzatiladi. Aynan shunday pallalarda ko‘pchilik sportga qo‘l siltab ketadi. Sizning faoliyatingizda shunday vaziyatlar bo‘lganmi?
- Ayrim bokschilar boksdan zerikmaganman desa, demak u boks bilan shug‘illanmagan. Istalagan bokschidan so‘rang, albatta, gaplarimni ma’qullaydi. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, boks qo‘lqopini ko‘rganingizda yuragingiz bezillaydi, mashg‘ulot zaliga kirgingiz kelmay qoladi, boksdan zerikasiz… Yoshligimdan g‘alabaning ham , mag‘lubiyatning ham ta’mini ko‘p bor totib ko‘rganman. Yoshlik paytlarimda mashg‘ulot zalimizdagi katta bolalar mag‘lubiyatga uchrasa, yoki zeriksa bo‘ldi hammasini tashladim derdida, 2 kundan so‘ng yana hech narsa bo‘lmagandek zalga kirib kelishardi. Balki, akalarimizni ko‘rib, yoki g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlik sababli boksni tashlash haqida biron marotaba o‘ylamaganman.
Sizningizcha yaxshi inson qanday bo‘ladi?
- Hali yoshmiz (o‘ylanib), lekin shaxsiy fikrim – yaxshi inson to‘g‘ri so‘z va halol bo‘lishi kerak. Hammamiz musulmonmiz , ibodatni o‘z vaqtida bajarib, oilasini, Vatanini sevishi kerak.
Vatanni sevish deganda nimani tushunasiz? Oddiy misol bilan tushuntiring?
- Ha… Vatanini sevadigan inson ko‘chada muzqaymoq yesa, uni qog‘ozini ko‘chaga tashlamaydi! Biladiki , ko‘chalarimiz ozodaligini saqlash uchun qanchadan-qancha insonlar mehnat qilishadi. Vatandoshlarini hurmat qilgan inson, albatta, Vatanini ham sevadi. Shu kichik ko‘ringan muammoni to‘g‘ri hal qilgan inson esa, ertaga katta muammolarga duch kelmaydi.
Rio olimpiyadasiga qaytamiz. Oltin medalni qo‘lga kiritgan kuningiz tunni qanday o‘tgazgansiz? Uyg‘onganingizda siz O‘zbekiston faxriga aylangan edingiz. Ichingizdan qanday hislar o‘tgan?
- To‘g‘risi men o‘sha kuni uxlamaganman( kuladi), uxlolmaganman! Professional boksda ham jang oldidan negadir tunda uyqim kelmaydi. Bilaman, bu yaxshi odat emas, lekin qancha harakat qilsam ham uxlay olmadim. O‘sha kunni ham aniq eslayman, mijja qoqmadim. Tun bo‘yi yaqinlarim bilan telefon orqali suhbatlashib chiqqanman. Keyin ertasi kuni tushda yurtimizga qarab uchdik. Samoliyotda ham uxlay olmadim. Toshkentda bizni qanday kutib olishganidan xabaringiz bor. Bayramni ko‘rib hamma charchoqlarim esimdan chiqib ketgandi, o‘shanda… Oradan ancha vaqt o‘tgach, tongda uyg‘onib yuragim shirin hislar bilan to‘la boshladi. Siz aytganingizdek, yoqimli his… Balki oruzusiga erishgan insonlar shunday yoqimli hisni tuyushar, yana kim biladi deysiz?!
Hozirgi kunda O‘zbeksitondagi eng kuchli texnika egasi kim?
- Shaxsan men uchun ularning har birini o‘z texnikasi va jang uslubi bor! Hech birini texnikasini alohida ko‘rsata olmayman. Sababi, hammasi kuchli sportchilar. Hozirda tarkib yana yangilanmoqda. Yangi bokschilarimiz ham avvalgilaridan sira qolishmaydi deb bemalol ayta olaman.
Shohjahon Ergashev bilan Shaxram G‘iyosov ringga ko‘tarilsa o‘zbek bo‘ksi uchun foyda bo‘ladimi? Yoki zarar?
-To‘g‘risi faqat zarar bo‘ladi. Meni fikrimcha ikkalasi bor e’tiborini o‘z vaznidagi raqiblarni o‘rganishga sarflasa, ko‘proq foyda bo‘lar edi. Agar ikkalasi do‘stona tajriba almashmoqchi bo‘lsa marhamat, zalga kirishsinda hohlaganicha sparing tushishsin ammo, ringda emas!
So‘nggi savol. So‘nggi yillarda o‘zbek futbolidagi omadsizliklar, har safar JCHga chiqa olmayotganimiz, alamli mag‘lubiyatlarlar muxlislarimizning kayfiyatlarini tushurgan bo‘lsada, bokschilarimiz tomonidan erishilayotgan g‘alabalar kishini quvontiradi. Hozirda asta-sekinlik bilan O‘zbekistondagi 1-raqamli sport turi sanalgan futbol boksga o‘z o‘rnini bo‘shatib berayotgandek tuyulmayaptimi?!
- Bu gapingizga qo‘shilmagan bo‘lardim. O‘zim ham so‘nggi yillarda terma jamoamiz o‘yinlarini muntazam ko‘rib boraman. Ba’zida nahot, yutishning iloji bo‘lmasa deb, o‘ylab qolaman. To‘g‘risi, O‘zbekistonda futbol doim 1-raqamli sport turi sanaladi va doim shunday bo‘ladi. Qolgan hamma sport turi bizda 2-raqamli. Bu holat hech qachon o‘zgarmaydi. Avvalari bizda tennis va gimnastika 2-raqamli edi hozir esa, boks… Terma jamoaga kelsak, to‘grisi, aql o‘rgatmoqchi emasman. Ularni necha yillardan beri tanqid qilib kelishmoqda va bu faqat ziyonimizga ishlamoqda. O‘ylashimcha, ularning ruhiy holatlarini yaxshilash kerak. O‘zlariga bo‘lgan ishonchni ortga qaytarish lozim. Futbol va boksni solishtirishning iloji yo‘q. Futbol jamoaviy sport. Unda bir kishi yaxshi o‘ynasada qolganlar jon kuydirmasa, natija bo‘lmaydi. Rahmatli Xojiboy akaning gaplari bor ediku: «Bitta Mirjalol o‘ynagani bilan qolganlar o‘ynamasa, chatoqda!»
Terma jamoamiz natija ko‘rsatishi uchun ulardagi ahillikni, jamoaning ichki muhitini yaxshilash zarur. Agar o‘z ustilarida qattiq ishlashsa, bir kun, albatta, yorug‘ kunlarga chiqishlariga ishonaman.
Fazliddin aka, vaqt ajratib biz bilan suhbat qurganingiz uchun rahmat. Stadion.uz muxlislari uchun tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat
- Avvalombor, hammaga Assalomu alaykum! Hammangizga sog‘lik-salomatlik , oilaviy baxt va ishlaringizga rivoj tilab qolaman.
O‘zbekiston faxri, yurtimizning bayroqdor sportichisi, haqiqiy o‘zbekning er o‘g‘loni - Fazliddin G‘oyibnazarovga suhbat uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev suhbatlashdi