Angliyada shunday ertak bor: agar Aaron Remzi gol ursa, biror mashhur shaxs hayotdan ko‘z yumadi. Albatta, bunda zarracha mantiq yo‘q, lekin The Prodigy guruhi solistining o‘limidan keyin yana shu bo‘lmag‘ur tasodifiy holat haqida gapira boshlashdi. Chunonchi, «Arsenal»ning uelslik futbolchisi 2 mart kuni «Uembli»da «Tottenxem» darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan 2 kun o‘tib, OAVda The Prodigy guruhi vokalchisi Kit Flintning hayot bilan vidolashgani ma’lum qilindi. Gap avvalgi asrning 90-yillari afsona darajasiga chiqqan va bugungi kunda ham muvaffaqiyatli gastrollarni amalga oshirayotgan mashhur musiqiy jamoaning ilg‘or vakillaridan biri haqida ketmoqda.
Remzining goli va mashhur shaxslarning o‘limi... Ushbu g‘alati «vobastalik» tarixi anchadan buyon muhokama qilinadi. Gap shundaki, bechora Remzining goli ko‘pincha qaysidir mashhur kishining hayotdan ko‘z yumish vaqtiga to‘g‘ri kelar emish. Mana, joriy mavsum yakunida «Yuventus» safiga qo‘shiladigan uelslik «shporlar»ga qarshi muhim o‘yinda o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi va Angliya mediasi bu safar uning omadli zarbasini taniqli solist Kit Flint o‘limi bilan «bog‘ladi». Xususan, Express nashri zamirida zarracha haqiqat parchasi yo‘q gap-so‘zlarni yana bir bora esga oldi. Bo‘lmag‘ur afsona ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol tarzda muhokama qilinmoqda. Hammasi 2009 yili boshlangan: o‘shanda Uels futboli yulduzi «Portsmut» darvozasini nishonga olgan va 3 kundan keyin AQSHda katta obro‘ga ega senatordan biri Ted Kennedi (sobiq prezident Jon Kennedining ukasi) hayot bilan vidolashgandi. Oradan 2 yil o‘tib, «Arsenal» aynan Remzining yagona goli evaziga «MYU»ni «tiz cho‘ktirdi» - 1:0. Ertasiga sayyoramizning bosh terrorchisi Usama Ben Laden o‘ldirilgani e’lon qilindi. Keyin futbolchi «Tottenxem»ga gol «tortiq» etdi va 3 kundan so‘ng Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs hayotdan ko‘z yumdi. O‘sha yili Remzi CHLda «Marsel»ga qarshi kechgan uchrashuvda ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, ertasiga mashhur siyosatchi Muammar Kaddafi o‘ldirildi. 2012 yili esa Uitni Xyustonning o‘limi va Remzining «Sanderlend» darvozasini nishonga olishi bir kunga to‘g‘ri keldi. Qarangki, fantastik tasodif Aaronning Uels terma jamoasi libosida urgan goliga ham daxldor. Deylik, futbolchi 2013 yili Shotlandiya termasi darvozabonini ranjitdi, ayni o‘sha kuni basketbol yulduzi Rey Uilyams yorug‘ olam bilan xayrlashdi, shuningdek, milliarder Boris Berezovskiy o‘z joniga qasd qildi.
Qolgan «qurbonlar» - mashhur musiqachilar va aktyorlar: Devid Boui, Pol Uoker, Robin Uilyams, Alan Rikman, Bryus Forsayt,Ken Dodd va Yuriy Yakovlev. Yana AQSHning 40-prezidenti Ronald Reygan bevasi Nensi, argentinalik diktator Xorxe Videla, darts bo‘yicha afsonaviy o‘yinchi Erik Bristou va olim Stiven Xoking ham bor. Qolaversa, sayyoramizdagi eng keksa kishining o‘limi ham Remzi gol urgan kunga to‘g‘ri kelgan. Xullas, Kit Flintni qo‘shsak, «qora ro‘yxat»dagi familiyalar 20taga yetdi.
Yo‘q, buni qandaydir la’natga bog‘lash bema’nilik. Oddiy aytganda, Remzi goli atrofida shakllangan afsona - oddiy vaziyat taqozosi. Har holda, Remzi gol ursa, qaysidir mashhur shaxsning o‘lishi haqidagi gap-so‘zlarni inkor etuvchi dalillar ham juda ko‘p. Ulardan atigi 2tasi aslida afsona real kartinaga muvofiq emasligini ko‘rsatib turibdi. Oddiygina 2ta fakt:
1). Remzi futbolchilik faoliyati davomida 20ta emas, ancha ko‘p gol urgan. Deylik, «Tottenxem»ga qarshi kechgan «London derbisi»da klub miqyosidagi 79-golini nishonladi. Terma jamoa safidagi 4ta golidan 3tasi esa hech qanday o‘lim holatiga «ulanmagan».
2). Sayyora darajasidagi mashhurlar o‘limi Remzi gol urishidan ancha ko‘p qayd etiladi. Har holda, taniqli kishilar Remzi raqib darvozasini ishg‘ol qilmagan, maydonga tushmagan va mavsumlar oralig‘ida ta’tilga chiqqan kunlarda ham hayot bilan vidolashadilar.
Eng elementar va soddagina faktcha ham bor: Remzi «Totenxem» darvozasini nishonga olishiga qadar oxirgi marta joriy yilning 1 yanvar kuni gol urgandi. Agarda yilning birinchi sanasi hayotdan ko‘z yumgan mashhurlar ro‘yxatiga qarasak, ular orasida butun dunyoga tanilgan biror kishi yo‘q. Bu faktchani boshqacha talqin qilish ham mumkin: yanvar oyining keyingi 30 kunining deyarli har birida qaysidir sohada tanilgan biror mashhur shaxs omonatini topshirgan, Remzi esa bu orada gol urmadi. Shunday ekan, fantastik tasodif o‘z yo‘liga, ertaknamo gaplar - sof safsata.
Munosabat
Tushunarliki, Aaron Remzining o‘zi bu kabi ertaknamo gap-so‘zlardan juda-juda zerikkan. U 2 yilcha oldin ESPNga bergan intervyusida e’tiroz bildirish barobarida barchasini hazilga yo‘ygandi: «Bu hayotim davomida qulog‘imga chalingan eng kulguli gap. Axir gol urganimda, har safar qaysidir mashhur kishi o‘lmagan-ku. To‘xtang, bu borada biroz maqtanishim ham mumkin. Qarang, bir necha yovuz odamlarni ham «o‘ldirgan» ekanman. Ulardan eng asosiysi - Ben Laden...».