Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv 0-2 OKMK
14/05 22:30 Osasuna 1-1 Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ
16/05 01:00 Selta - Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe - Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis

Taqdir: Tutqich bermas kichkintoy

Taqdir: Tutqich bermas kichkintoy

Baho:
+ | -

Asr boshlarida «Barselona» o‘smirlar jamoasi vakillari biror marta «Espanyol» o‘smirlarini mag‘lubiyatga uchratolmagandilar. «Ko‘k-anorranglilar»ga doimo o‘zlaridan jismoniy jihatdan quvvatliroq va tajribaliroq bo‘lgan shunday raqiblarni yutish tajribasi yetishmasdi. Biroq barchasi Lionel Messi «Barselona» futbol akademiyasida paydo bo‘lganidan so‘ng o‘zgardi. O‘shanda 2002 yil edi va argentinalik vunderkind ham endigina 14 yoshga kirgandi.

«Biz ularning maydoniga keldik va 3ta to‘p kiritdik, - deb xotirlaydi Belgiyaning «Eypen» jamoasi himoyachisi va o‘sha tarkibning sardorlaridan biri Mark Valiyente. Asli rosariolik bo‘lgan Messi «Barselona» akademiyasiga ikki yil oldin kelgan va 12 yoshida jamoaning o‘smirlar tarkibidan o‘rin olgandi. Himoyachi Robert Franchning ta’kidlashicha, Messi hatto o‘zini yangi jamoadoshlariga ham yaxshiroq tanishtirmay, tarkibga yorib kirdi. «Barselona» akademiyasiga yangi kelganlardan doim bir narsani so‘rashadi: «Qaysi pozisiyada o‘ynaysan?». 2002 yilning fevralida ham Rodolf Borrell Messiga shunday savol bilan murojaat qilib, buni bilmoqchi bo‘ldi. Leo esa boshini ko‘tarmagan holda javob qaytardi: «Men forvardman».

«U meni qoyil qoldirdi, - deydi Messi bilan bir kunda «Barselona»da paydo bo‘lgan Roxer Xiribet. - Lionel jismoniy jihatlari bilangina klubda paydo bo‘lmaganini yaxshi tushunardim. Chunki 12 yoshimda mening bo‘yim 1,70 sm. bo‘lgan bo‘lsa, u bir yarim metrdan baland emasdi». Borrell jamoaga Messi darvozaning yuqori «to‘qqizligi»ni aniq nishonga olishda benazir ekanligini tushuntirdi. Valiyentening aytishicha, o‘shanda La-Masiyaga uzoq yurtlardan kam odam tashrif buyurar, Messi ham shulardan biri edi. Ilk mashg‘ulotlardayoq u barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi va o‘zgacha qobiliyatga ega ekanligini isbotladi. Ko‘p vaqt o‘tmay, u maydonda chindanam «benazir»ligini namoyish etdi. Uni Sesk Fabregas - jamoaning bosh yulduzlaridan biri hisoblangan futbolchi bilan hujumga qo‘yishdi. «Seskda iqtidor bor edi. U o‘yinni o‘qiy olardi. «Kvadrat» vaqtida hech qachon to‘g‘ri pozisiyani tanlamasdi-yu, lekin doim to‘pni boshqalardan olib qo‘yardi», - deya eslaydi Messi.

Biroq o‘shanda Fabregas hammani lol qoldirolmadi. Boisi, Messining iqtidori chindanam kuchli edi. Bu haqda ispaniyalik yarim himoyachi shunday eslaydi: «Bizni doim to‘pga bir-ikki teginish bilan o‘ynashga o‘rgatishardi. O‘smirligimizdanoq nazorat, to‘p oshirishlar va to‘pning tez harakatlanishiga odatlangandik. Va kutilmaganda bir bola paydo bo‘lib, 4-5 teginishda ham to‘pni o‘zida saqlab qolishni uddalay boshladi - bunga ketadigan vaqt bizning to‘p oshirishga ketadigan muddat bilan teng edi».

Ammo mashg‘ulot - to‘laqonli o‘yin emas va argentinalik vunderkinddan amalda o‘zini ko‘rsatish talab qilinardi. Albert Benayges, ya’ni «kantera»ning 20 yillik afsonaviy yetakchisidan tezkorlik talab qilinardi. Boisi, Messi bo‘lg‘usi ikki uchrashuvda maydonga tushmasa, u holda 18 yoshga to‘lgunicha, bu imkoniyatdan mahrum bo‘lishi tayin edi-da. Birinchi o‘yin 2001 yilning 7 mart sanasiga to‘g‘ri keldi. O‘sha bahsda Messi to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo mazkur omadli debyut mehmonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda olingan jarohat sababli amalga oshmasligi ham ehtimoldan xoli emasdi. Argentinalik vunderkind bunday jarohatga qayta yo‘liqmadi. Ammo o‘shanda «Barselona»da bu haqda hech kim bilmasdi. Klubdagilar tashvishga tushib qolishdi - axir Leoning bo‘yi past ekanligi yetmaganidek, ozg‘in ham edi-da. Shu tariqa uning uchun Infantil B jamoasiga yo‘l yopildi.

Messi jarohatlardan forig‘ bo‘lgach, Inftantil A uchun maydonga tusha boshladi. Uning o‘yinida oldin olgan jarohatning izi ham ko‘rinmasdi, ammo keng quloch yozib to‘p surishiga yana imkon berishmadi - Borrell Benayges bilan birga futbolchini darhol 16 yoshgacha bo‘lgan jamoaga qaytarib yuborishdi. Bu 2002 yili yuz berdi. Ammo aynan shu yerda u hammaning e’tiborini chinakamiga o‘ziga qarata boshladi. «Shu paytgacha kiyim almashtirish xonasida hech kim unga e’tibor bermasdi. Biz ahil jamoa edik, u esa o‘z burchagiga tiqilib olgancha ortiqcha bir so‘z aytmasdi», - deya xotirlaydi Robertning ukasi Roxer Franch. Ammo maydonda hammasi boshqacha edi. Lionel barchaning jahlini chiqarardi, unga qarshi o‘ynash juda noqulay edi. Robert Franch qo‘shimcha qiladi: «U bizdan ancha yaxshi o‘ynashini tushunardik, shu bois, og‘ir vaziyatlarda o‘zini qanday tutishini ko‘rishni istardik. Ammo unga baribir edi. Shu darajada tezkor ediki, ortidan quvib yetolmasdik».

Robert uni yo‘ldan olib tashlashga har qancha urinmasin, bari befoyda edi: «Unga yetib olishga urinasan va endi yetib olay deganingda... allaqachon ko‘zdan yo‘qolgan - boshqa himoyachi bilan kurashayotgan bo‘ladi. U haqiqiy mashina edi».

Robert va boshqalar u bilan yakkama-yakka kurashishdan cho‘chishardi. «Hatto to‘pga oyog‘imiz tegmasligini bilardik». Pau Torras (o‘sha paytdagi «Kadet B» jamoasi darvozaboni, hozirda «Kartaxena» klubi sharafini himoya qilmoqda) esa hatto ko‘zlariga ishonmasdi: «U jim turgancha mashg‘ulotlarda qatnashardi, undan keyin esa biz churq etolmay qolardik. Uning uchun esa bu mo‘’jiza oddiy holatdek edi, - deydi u. - Ba’zida uni to‘xtatishning yagona yo‘li - to‘pponchani qo‘lga olib, uni otib tashlashday ko‘rinardi. Ammo shunda ham u to‘p bilan o‘qdan qochishga ulgursa kerak».

Bularning barchasi o‘sha paytda 13 yoshli bolakay bo‘lgan Lionel Messi haqidagi fikrlar edi. Leo faqatgina to‘pni o‘ynatishda mohir edi, qolgan paytda esa og‘zini ochmasdi ham. Bolalar Venesiyadagi musobaqada ishtirok etish uchun yo‘l olishgandagina, u asta-sekin ochila boshladi. «U hazillasha boshladi. Bungacha esa shu darajada uyatchan ediki, hatto ovozini ham eshitmasdik», - de eslaydi Valiyente. Messi La-Masiyaning yana bir dahosi va Argentina yoshlar terma jamoasidagi hamkori Viktor Vaskes sababli o‘zgargandi. Ular hattoki, bir maktabda o‘qishdi. Aynan Venesiyada Messi ilk bor enano - «kichkintoy» degan laqab oldi. «Faqat o‘sha safardan keyin - o‘rtamizda o‘zaro tushunish paydo bo‘lgandan so‘nggina Messini shu nom bilan atay boshladik. Bu laqab boqiy bo‘lib qoldi: Messi asosiy tarkibda debyutini o‘tkazganda ham va La-Masiyaga tashrif buyurganida ham, biz darhol: «Xo‘sh, kichkintoy, katta bolalar bilan chiqisholyapsanmi?» deb so‘rardik va o‘z hazilimizdan o‘zimiz qah-qah urib kulardik, - deb xotirlaydi Roxer Xiribet. - Balki uning jahlini ham chiqargandirmiz, ammo Messi buni bildirmasdi. U bilan ishlash doimo yoqimli edi. Menimcha, ertaga ko‘rishib qolsak, oradan 15 yil o‘tmaganday, yana quchoqlashamiz va gaplashib ketaveramiz».

1987 yildagi sinf 2002-2003 yillar mavsumidagi «Kadet A» toifasiga o‘tdi. Aynan shu yigitlar balki, La-Masiyadagi eng yaxshi bitiruvchilar sifatida dong chiqarishgandir ham. Ular Tito Vilanova va Aleks Garsiya bilan birga ishlashdi, ammo barchalarini uzoq vaqt birga ushlab turishning imkoni bo‘lmadi. Sesk «Arsenal»ga yo‘l oldi, Jerar Pike esa - «Manchester Yunayted»ga. Messi bo‘lsa, «Barselona» akademiyasida yanada uzoqqa bordi. Dastlab 19 yoshgacha bo‘lgan tarkibda, so‘ng «Barselona S»ga (hozirda bu jamoa mavjud emas), keyin «Barselona B»ga. Barchasida bir yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt to‘p surdi. 16 yoshida kattalar jamoasida debyutini o‘tkazdi, 17 yoshida esa - o‘sha payt­ning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Ronaldinyo bilan birga maydonga chiqib, jamoaning teng huquqli a’zosiga aylandi.

Ayni payt «Balagera» klubining texnik direktori sifatida faoliyat yuritayotgan Xiribet shunday xotirlaydi: «Uni bilgan va birga o‘ynaganlarning barchasi Messining texnikasi va har qanday vaziyatga tez moslashib ketishiga hayron bo‘lmay qoladigan darajaga kelib ulgurishgandi. 10 yil avval Messi to‘pni yo‘qotmagan holda tezlikni oshirish imkoniga ega edi, ammo vaqt o‘tgani sari boshqa qobiliyatlari ham yuzaga chiqa boshladi - masalan, hujumni nihoyalash yoki samarali to‘p oshirish. Faoliyatining har bir bosqichida u qaysi fazilati jamoaga yordam berishi to‘g‘risidagi savolga to‘g‘ri javob topishi bilan mana o‘n yildirki eng yaxshilar ichida eng yaxshi bo‘lib kelmoqda. O‘smirlar jamoasidan hozirgi kungacha - u eng yaxshi bo‘ldi».

Xiribet shuningdek, Messi bosh­qalarda bosimni aslo sezmasligi bilan ajralib turishini ham alohida ta’kidlaydi: «U «bosim» degan so‘zni bilmaydi. Iqtidorlar juda ham ko‘p bo‘lgan, ammo ularning aksariyati bosimni yengib o‘tolmaganliklari bois uzoqqa borisholmagan. Men 1500 nafar muxlis oldida to‘p surganimda tizzalarim titrardi. U esa hatto CHL finalida ham o‘zini yo‘qotmagan holda o‘ynaydi». Valiyente buni tasdiqlaydi: «Hech birimizni u asosiydan bunchalik tez o‘rin olgani ajablantirmadi. Hayratlantiradigani, u karyerasining har bir bos­qichida o‘zgarganidir».

«U doim to‘xtatib bo‘lmas bo‘lgan. Unga qarshi to‘p surishning imkoni yo‘q», - qo‘shib qo‘yadi Torras. Oradan shuncha yil o‘tdi va butun Yevropa yuqoridagi so‘zlar naqadar to‘g‘riligini bildi. U avval ham tutqich bermas edi, hozir ham shunday. U «Barselona» tarixini o‘zgartirdi, ammo Messi haqidagi afsona hali tugagani yo‘q.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 13:34, 17.03.2019.
O'qildi: 2741 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.