Londonning «Arsenal» klubi «Renn»ga qarshi safardagi mag‘lubiyatdan (1:3) so‘ng, o‘z uyida g‘alaba qozonib (3:0), Yevropa Ligasi chorak finali yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur bahs qahramonlaridan biri 21 yoshli yarim himoyachi Eynsli Meytlend-Nayls bo‘ldi. Bu futbolchini hozirdanoq jamoaning bo‘lajak yulduzi deb atashmoqda. Aftidan, Enzli «asosiy»dagi debyutidan keyingi faoliyatini Chempionship klublarida davom ettirgan boshqa qahramonlardan farqlanadi.
Uning faoliyatidagi yagona qora dog‘ onasi bilan bog‘liq: volidasi tufayli Meytlend-Nayls va rahbariyat o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Keling, bir-ikki mavsumdan so‘ng «kanonirlar» yetakchisiga aylanishi kutilayotgan yigitchaning taqdiriga nazar solsak.
Meytlend-Nayls «Arsenal»ning barcha yoshdagi jamoalarida o‘ynab, murabbiylar ishonchini qozongan. Londonning bu klubi odatda, iqtidorlarni chetdan izlab, o‘z tarbiyalanuvchilariga kam e’tibor qaratadi. Enzli bu odatga barham berganlar orasida birinchi bo‘lmoqda. U 6 yoshida klub akademiyasiga kelgan, shundan buyon qadrdon jamoasini faqat bir marta tark etgan (2015 yili ijara asosida «Ipsvich»ga borgan, u yerda ham qiziq voqea sababchisiga aylangandi - bu mavzuga ham alohida to‘xtalamiz).
Umuman, Naylsning asosiy tarkibdagi debyuti Arsen Venger davrida ro‘y bergandi. Emeri bosh murabbiylikka tayinlanganidan keyin esa ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Unai uning xususiyatlaridan unumli foydalanmoqda: nafaqat futbolchining sevimli o‘ng qanotida, balki maydon markazida ham o‘ynatmoqda. Emerining Nayls haqida aytganlariga e’tibor qarating: «Menga Eynslining o‘yini yoqadi. Ehtimol, uning jussasi (bo‘yi - 177 santimetr) yakkakurashlarga kirishayotganda ustunlik bermas, lekin u maydondagi boshqa harakatlari evaziga mavjud kamchilikni yopadi. Nayls juda aqlli. O‘ylashimcha, kelajakda undan kuchli ijrochi yetishib chiqadi».
Murabbiyning so‘zlarini faktlar ham tasdiqlaydi. Deylik, Yevropa Ligasi doirasidagi «Renn»ga qarshi bahsda Nayls: a) yakunda zarba bilan yakunlangan 3ta uzatmani amalga oshirdi; b) ikki marta raqib jarima maydonchasiga to‘pni yetkazib berdi; v) to‘rt marta raqib futbolchisini muvaffaqiyatli aldab o‘tdi. Bundan tashqari, 15-daqiqada o‘z vaqtida hujumga qo‘shilib, gol urdi.
Naylsning salohiyati haqida Venger ham bir necha marta gapirgan. O‘tgan mavsum u «Arsenal»ning «Liverpul»ga qarshi o‘yinida tarkibdan joy olgandi. 20 yoshli yigitchaga nima sababdan kuchli raqib bilan bahsda ishonch bildirilgani haqidagi savolga Arsen shunday javob qaytargandi: «Chunki u o‘yinimizni kuchaytira oladi. Endigina 20 yoshga to‘ldi, biroq shunga qaramay, maydonda o‘ylab to‘p surishni o‘rgandi. Bu uning eng katta yutuqlaridan biri».
Darvoqe, Venger qo‘l ostida Nayls jarima zarbalari yo‘llashni mashq qilgandi. Hozircha o‘yinlar payti standart vaziyatlar unga ishonib topshirilmadi - buning uchun «Arsenal»da boshqa futbolchilar bor - ammo ham Emeri, ham Vengerning mashg‘ulotlarida bunga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning ajablanarli joyi yo‘q: 5 yil avval, Tyerri Anri MLSdagi mavsumlar oralig‘idagi tanaffus payti «Arsenal» safida shug‘ullanayotgan kezlari, u yoshlar jamoalari mashg‘ulotlariga tashrif buyurib, Nayls bilan jarima zarbalari bo‘yicha birga ishlagandi. Shundan buyon yosh yarim himoyachi rasmiy o‘yinlar payti standart vaziyatlardan foydalanish ishtiyoqi bilan yonmoqda, go‘yo.
O‘z navbatida, muxlislar ham Eynslini juda yaxshi ko‘rishadi. Ulardan «Arsenal»ning eng yoqimtoy va dilkash futbolchisi kim ekanligini so‘rasangiz, birinchi navbatda Naylsning nomini tilga olishlari shubhasiz. Birinchidan, u bazada ishqibozlarni nazardan chetda qoldirmaydi - birgalikda suratga tushish uchun yarim soat ketsa, aslo erinmaydi. Ikkinchidan, muxlislarga «Instagram» orqali tez-tez javob qaytaradi. «Xaddersfild»ga qarshi bahsdan keyin yarim himoyachini bo‘sh o‘ynaganlikda ayblashgandi. Nayls esa bunga javoban keyingi o‘yinlargacha o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashini aytdi.
«Arsenal» muxlislari haqiqatan ham bu futbolchini ardoqlashadi. «Renn»ga qarshi o‘yindagi goldan so‘ng tribunalardan «Nayls, sen bizning qahramonimizsan», degan qichiqiriqlar eshitildi. «Arsenal» asosiy tarkibida faqat ayrim futbolchilargina bunday sharafga munosib ko‘rilgandilar: Obameyang, Remzi, Lyakazett va Sokratis shular jumlasidan. Endi ular orasiga Nayls ham qo‘shildi.
Nayls bilan bog‘liq noxush ma’lumotlar ham yo‘q emas. Eng og‘riqli jihati, uning onasi ko‘chada tunaydi. Zamonaviy futbolda o‘g‘lining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan agent-onalar yo‘q emas. Bunga yaqqol misol - Rabyoning volidasi. Bu ayol «PSJ» rahbarlari bilan janjallashib, «Barselona» mutasaddilarini Adriyenga katta summaga ega shartnoma imzolashga undagandi. Ishonish qiyin, biroq Naylsning onasi bundan ham battar. Jul Nailsning agentlik faoliyatida kuzatilgan nojo‘ya harakatlarning qisqa ro‘yxati bilan tanishing:
• Dik Lou bilan janjallashdi. Ma’lumot uchun: Lou - «Arsenal»ning sobiq skauti, asosiy transferlar u orqali amalga oshirilgan. Venger klubda ishlagan kezlari Lou shartnomalarni uzaytirish bo‘yicha barcha muzokaralarda qatnashgan.
• Nayls «Roterxem» bilan o‘yinda maydonga tushirilmagani uchun «Ipsvich» bosh murabbiyi Mik Makkartiga haqoratli so‘zlar bitilgan ovozli xabar yo‘llagan. Makkartini bu holat ajablantirgan. Ushbu mojarodan ikki hafta o‘tib, «Ipsvich» Nayls bilan ijara kelishuvini bekor qilgan.
• Jul Nayls «Arsenal»ning ochiq mashg‘ulotini tomosha qilayotgan uch muxlisni o‘g‘lini haqorat qilishgani uchun do‘pposlagandi. Polisiya ayolga nisbatan ish ochmadi, chunki kuzatuv kameralaridan o‘sha voqeaning tasvirini topa olishmagan.
Nayls bilan kuzatilgan hodisalarning eng dahshatlisi maishiy holat bilan bog‘liq. Britaniya OAV Julning Eynsli va uning to‘ng‘ich akasiga qichqirgani haqida tez-tez yozib turadi. Bir safar ro‘y bergan voqeadan keyin o‘g‘illarining ham sabr kosasi to‘lgan ko‘rinadi.
Bir necha oy muqaddam Jul Avstraliyaga sayohat uyushtirgan (xarajatni Eynsli qoplagan), bundan avval Naylslar oilasiga uch xonali xonadonni ijaraga bergan odam bilan janjallashgandi (to‘lov narxini oshirgani uchun). Uy egasi Naylsning oldiga ultimatum qo‘ydi: to‘lang yoki chiqib keting. Futbolchi ijara pulini to‘ladi, ammo bir necha kundan so‘ng akasi bilan boshqa xonadonga ko‘chib o‘tdi.
Jul Avstraliyadan qaytganda, o‘g‘illarining uyda yo‘qligini ko‘rdi. Oy yakunida ijara haqini to‘lamaganligi sababli ko‘ch-ko‘roni bilan ko‘chada qoldi (hozir London g‘arbidagi kichik tashkilotning kamerasida yashamoqda). The Sun nashriga bergan intervyusida Nayls xonim o‘g‘lining xatti-harakatidan qattiq ranjigani, farzand o‘z onasi bilan shunday yo‘l tutishi noto‘g‘ri ekani, Eynslining maoshi miqdori (haftasiga 30 ming funt) hamda futbolda o‘g‘ilni volidasidan ayirishga urinadigan «qora kuchlar» borligini bir necha marta ta’kidlagan. Futbolchi esa bunga javoban muntazam ravishda onasiga pul jo‘natayotgani, lekin u nima sababdan o‘zini bunday tutayotganini tushunmasligi aytgan.
Nayls «Arsenal» asosiy tarkibiga muqim joylashish uchun astoydil intilmoqda. Hozircha o‘yin borasida hammasi yaxshi, xavotirga o‘rin yo‘q. Ammo onasi bilan yuz berayotgan kelishmovchiliklardan Angliya OAV katta mojarolarni yasamoqda. Bu esa, tabiiyki, futbolchining obro‘siga jiddiy putur yetkazishi turgan gap.